Olmon ta'lim tizimi: har kimning mustaqil o'z fikri bo'lsin!

Ha, Germaniya ta'lim tizimida o'quvchilarning mustaqil fikrlashi hamda keng dunyoqarashi shakl­lanishiga alohida e'tibor qaratiladi. Ta'lim tizimiga tatbiq etilayotgan yangilanayotgan axborot texnologiyalaridan unumli foydalanganlarga tizimni o'rganish oson kechadi. Bu yurtda bilimsiz odamning jamiyatda o'z o'rniga ega bo'lishi amrimahol. Darvoqe, olmonlarga xos temir intizom — “nemis mashinasi”, birso'zlilik aynan ta'lim dargohlarida shakllanadi.

Germaniyada maktabgacha ta'lim muassasalari davlat tizimiga kirmaydi. Bolalar bog'chasi xayriya jamg'armalari, mahalliy hokimiyat hamda cherkov vasiyligida faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, korxona va tashkilotlar ham o'z bog'chasiga ega bo'lishi mumkin. Maktab­gacha ta'lim tizimi 3 yoshdan 6 yoshgacha bolalarni qamrab oladi. Bolalarda o'z fikrini ifodalash, tengdoshlari va kattalar bilan muloqot qilish qobiliyatini shakllantirish, ularni bosh­lang'ich ta'limga tayyorlashda bog'chalarning o'rni katta. Shu bois, olmonlar bog'chalarni “tafakkur ustaxonasi” deb atashadi.

Germaniya Konstitutsiyasiga muvofiq, maktab ta'limi davlat nazoratidadir. Mamlakatda 16 ta federal hududlar mavjud bo'lsa, ularning har biri o'zining ta'lim to'g'risidagi qonuniga ega.   Masalan, aksariyat hududlarda bosh­lang'ich ta'lim 4 yil (birinchi sinf­dan to'rtinchi sinfga qadar), mamlakat poytaxti Berlinda esa — 6 yil. Mamlakatda maktab ta'limi majburiy va bepul hisoblanadi. 6 yoshdan 18 yoshgacha fuqarolar majburiy tartibda ta'lim olishi shart. Shunday qilib, maktab ta'lim tizimi boshlang'ich, o'rta va yuqori bosqichlarga bo'linadi.

Bolalar 5-6 yoshdan boshlang'ich maktabga qatnaydi. Maktablarda birinchi, ikkinchi sinf o'quvchilariga baho qo'yilmaydi. O'qituvchilar baho o'rniga bolaning individual, psixologik holatining rivojlanishi xususida hisobot tayyorlaydi. Bu maktablarda 6 ballik baholash tizimi qabul qilingan bo'lib, o'quvchilarga 3-sinfdan boshlab baho qo'yiladi. Bunga ko'ra, 1 – “a'lo”, 2 – “yaxshi”, 3 – “qoniqarli”, 4 – “etarli”, 5 – “etarli emas”, 6 – “qoniqarsiz”. O'quvchilar fanlarni eng kamida “4” ga o'zlashtirishi kerak. Boshlang'ich bosqichda bolalarga nemis tili, matematika, tabiatshunoslik, musiqa, estetika fanlari o'tiladi.

Olmon ta'lim tizimining o'ziga xos xususiyati shundaki, o'quvchilar bosh­lang'ich sinfni tugatgandayoq kelajakdagi hayot yo'lini aniqlab olishi zarur. Ana shunga asoslanib, u tegishli maktab­lardan birida o'qishini davom ettiradi.

Oliy ta'lim muassasalarida o'qish niyati yo'q bo'lgan, biror-bir kasb etagidan tutishni ko'zlagan yoshlar esa to'qqizinchi sinfgacha o'qitiladi. Bu maktab­larda bazaviy bilimlar beriladi va asosiy e'tibor amaliy mashg'ulotlarga qaratiladi. Maktabni tugatgan o'smirlar tugallanmagan o'rta ta'lim haqida shahodatnoma oladi. Ushbu hujjat bilan kasb-hunar maktablariga kirish mumkin.

Germaniyada yana shunday maktablar borki, u maktablarda matematika va tabiiy fanlarga moyil, kelajakda oliy ma'lumotli mutaxassis bo'lishni niyat qilgan bolalar o'qiydi. O'qish 5-sinf­dan 10-sinfgacha davom etadi. Mazkur muddat mobaynida yoshlarga turli fan sohalari bo'yicha kengaytirilgan bilim beriladi. Bu maktabni tugatgan o'smir-yoshlar o'qishni gimnaziyada davom ettirishadi.

Bundan tashqari, o'quvchilar uchun o'rta ta'limning eng muhim bo'g'ini bo'lgan bilim maskanlari ham bor. U yerda o'qish to'qqiz yil, ya'ni – 5-sinf­dan 13-sinf­gacha. Mazkur ta'lim dargohida gumanitar, tabiiy fanlar va xorijiy tillar chuqur o'rgatiladi. O'quvchilar o'n birinchi sinfdan tanlagan yo'nalishidan kelib chiqib, asosiy vaqtini bir necha fanni chuqur o'rganishga sarflaydi.

Gimnaziyani tugatganlik to'g'risidagi imtiyozli shahodatnoma   universitetga imtihonsiz kirish huquqini beradi. Ammo imtiyozli shahodatnomani olish oson emas. O'quvchiga ushbu hujjatni berishdan oldin uning o'n uch yil davomida erishgan natijalari hamda to'rtta fan bo'yicha yakuniy imtihon baholari inobatga olinadi. Olmoniyada talaba bo'lish uchun maktabda o'n uch yil yaxshi natija bilan o'qish kerak. Ana shundan keyingina oliy o'quv yurtiga yo'llar ochiladi.

Bu mamlakatda davlatga qarashli maktablar bilan birga xususiy ta'lim maskanlari ham rivojlangan. Xususiy maktablar o'rta ta'lim maskanlarining 2 foizini tashkil etadi. O'quv dasturlari an'anaviy maktablardan farq qiladi. Ularni Federal ta'lim va madaniyat vazirligi nazorat qiladi. Bu maktablarda sanoat, til, kosmetika, gimnastika, uy xo'jaligi kabi ixtisos­lashgan yo'nalishlarda ta'lim beriladi. Nodavlat ta'lim maskanlari bir-birini qo'llab-quvvatlash uchun xususiy maktablar uyushmasiga birlashgan. Shuningdek, nogiron va aqliy qobiliyati cheklangan bolalar uchun ham maxsus maktablar bor.

Nemis pedagoglari “iste'dodsiz o'quvchi bo'lmaydi”, deb hisoblashadi. Shunga ko'ra, ular o'quvchi ongidagi hali ochilmagan qirralarni kashf etish, ularni yangilik va ixtirolar ruhida tarbiyalashga intiladi. Masalan, “Fikrlayapmanmi, demak, yashayapman!” — degan edi faylasuf Rene Dekart. Olmon maktablarida ana shu naql oltin qoida sifatida qabul qilingan. Pedagoglar birinchi navbatda o'quvchining, hatto xato bo'lsa-da, mustaqil fikri bo'lishiga erishishni maqsad qiladi. Ta'lim jarayoni esa ota-ona va o'qituvchi o'rtasidagi uzviy hamkorlikka tayanadi.

Evropada faqat Germaniyadagina bepul oliy ta'lim olish imkoniyati ko'proq. Nodavlat jamg'armalar hamda hukumat grantlari asosida xorijlik­lar ham nemis universitetlarida tahsil olishi mumkin. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, mahalliy gimnaziyalarni bitirib, imtiyozli shahodatnomani olgan yoshlar universitetlarga imtihonsiz kiradi. Chet elliklar esa o'qishga kirish uchun nemis tili bo'yicha imtihondan o'tadi. Universitetlarda bakalavr bosqichi to'rt yarim yilgacha, magistratura bir yildan to'rt yilgacha, doktorantura ikki yildan besh yilgacha davom etadi. Odatda, bakalavriat va magistratura talabalari o'qish yakunida davlat imtihoni topshiradi va dissertatsiya himoya qiladi. Talaba o'qish uchun qishki yoki yozgi o'quv mavsumini tanlash huquqiga ega. Yozgi mavsum aprel-sentyabr, qishkisi esa oktyabr-mart oylarini o'z ichiga oladi.

Germaniya Geydelberg, Kyoln, Frayburg, Tyubingen kabi qadimiy universitetlar vatani hisoblanadi. 1386 yilda asos solingan Geydelberg universiteti ko'hna qit'aning eng nufuzli oliy ta'lim dargohlaridandir. O'rta asrlardayoq ushbu universitetga kirish yevropalik aslzodalarning orzusi bo'lgan. Germaniyaning mo''jazgina Geydelberg shahrida joylashgan mazkur universitetning nufuzi hozir ham baland. Bu yerdan Gegel, Yaspers kabi jahon tanigan olimlar, o'nga yaqin Nobel mukofoti sohiblari yetishib chiqqan. Universitet yurisprudensiya, biologiya, kimyo, tibbiyot yo'nalishlarida kadrlar tayyorlaydi. Bu yerda o'qiydigan 25 ming talabaning 12 foizi xorijliklardir.

Myunxendagi Lyudvig-Maksimilli­an universiteti esa Yevropani tibbiyot bo'yicha yetuk mutaxassislar bilan ta'minlaydi. Besh asrlik tarixga ega bo'lgan mazkur ta'lim maskanida ayni payt­­da 45 ming talaba tahsil oladi. Kasbiy oliy maktablar yoki institutlar   nemis ta'lim tizimining o'ziga xos bo'g'ini sifatida muhandis, iqtisodchi, dizayner, mashinasozlik, ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari va sog'liqni saqlash yo'nalishlarida mutaxassislar yetkazib beradi. Ma'lumotlarga ko'ra, Germaniya­ning 370 dan ortiq oliy ta'lim muassasalarida 2 millionga yaqin talaba, jumladan, 246 ming xorijlik yoshlar tahsil olmoqda. Olmon yurti chet ellik talabalar soni bo'yicha dunyoda AQSh va Buyuk Britaniyadan keyingi o'rinda turishi bilan ham ahamiyatlidir.

Islom ASILBEKOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 3 =