Matbuot — ziyo minorasi yoki gazetani dazmollagan qishloq ayoli

Bolalik xayollari – kichik jussadagi noyob olmosga   o'xshaydi.Uning har bir qirrasidan taralayotgan nurga termulsang, ming hikmat bo'y ko'rsatib chiqaveradi. Nurning o'lchami qarichga sig'maganidek, tasavvur xayol bilan nihoyalanmaydi. Odamzot gohida nimadir izlaydi, nimadir kerak bo'ladi unga. Nimaligini o'zi bilmaydi, izlayveradi. Topdim, deganda yo'qotib, yo'qotdim, deganda topganlarini anglamaydi. Gohida bir jumla ha, bir jumla olamjahon xotiralarni dengizday ko'z oldingga quyib qo'yadi.

Men “Hurriyat”ning 2021 yil, 13 yanvar, 2-sonida e'lon qilingan “Matbuotdan bezor millat emasmiz!” maqolasini o'qib shunday holatga tushdim. Pochtachini mendek yaxshi ko'radigan, mendek kutadigan tanish manzara! Tanish xotiralar, hatto qor-yomg'irgacha tanish! Mahallamizda hammaning uyiga gazeta yo jurnal tashlanardi. Juda bo'lmasa tuman gazetasi. Bizlarnikiga esa gazeta-jurnallarga qo'shilib xat ham kelardi. Albatta, menga! “Saodat”, “Yosh leninchi”, “Lenin uchquni”, “Gulxan”, “G'uncha” tahririyatlaridan yo'llangan javob xatlari. Ular hozirgacha kitoblarimning   qavatlarida eng aziz   kunlarimning – yoshligimning   betakror damlarini yodimga solib turadi. To'rt qatorgina yozilgan maktub orzularimning bo'y cho'zishiga umid berardi. Izlanardim, ketma-ket tahririyatlarga hikoyalar, maqolalar jo'natardim. Gohida gonorar – qalam haqi kvitansiyasi kelsa, maktabda   ovoza bo'lardi. Pochtaga oshiqardim. Katya opa degan basavlat ayol, “Kak priyatno”, deb qo'limga pul tutqazardi. Men katta imkoniyat egasiga aylanardim o'sha damda. Oilaning kam-ko'stiga hissa qo'shgim kelardi…

Rus tilini yaxshi bilmasak-da, “Komsomolskaya pravda”, “Ogonyok” nashrlarini ham olardik. Temirchi   otam bir oylik ish haqini to'qqiz nafar bolasining obunasiga ajratardi. Men sizlarga katta uy-joy, mashina va'da qilolmayman, — derdi otam. —   Lekin kitob-daftaringga keragini topib beraman… Olim bo'lishdan oldin, odam bo'lish kerak… O'ylab qarasam, deyarli hammamiz, avvalo, yaxshi odam bo'lish uchun yashagandekmiz. Matbuot bilan muntazam bog'liqlik – ezgulik bilan, umid bilan, orzu bilan yorug' bir olamga   olib kirishini bola ko'nglimiz his qilgan ekan, deyman.   Aksariyat qo'shnilarimiz bitta sumkani ikki kishi tutardi, bitta galstukni taqish uchun aka ukasini, singil opasini kutib o'tirardi. Bir o'zimga, degan gap ahyon-ahyonda eshitilardi. Lekin kitob olmaslikni, gazeta-jurnalga obuna bo'lmaslikni xayoliga ham keltirishmasdi. O'ylab qarasam, mahallamizdagi ota-onalar hunarmand, kosib, dehqon, bog'bon, kasalxona farroshi, haydovchi, hamshira.. bitta o'qituvchi va bitta feldsher edi. Ular farzandlarining katta odam bo'lishi uchun hamma narsaga tayyor edi, maktabda aytilgan topshiriqni hech kim muhokama qilganini eslolmayman. “Biz allaqachon obuna bo'lganmiz” deb faxrlanib qo'yishardi muhim topshiriqni bajargandek… Mana shu samimiylik dunyoning ustuniga aylangan edi. Gazeta-jurnaldan iqtibos keltirish — oddiy ko'ngil kechinmalarining   izhori ularning chehrasiga tabassum yoyardi. Mana shu kayfiyat ularni dadil qilardi, ota-ona bo'lsa-da o'qib-o'rganishga chorlardi. Gazeta-jurnal taxlamlari ularning non qo'yiladigan tokchalaridan yonma-yon joy olardi. Navbat bilan, qo'lma-qo'l o'qilgan nashrlar xazinadek   saqlanardi. Hamon ularning uyiga   kirsangiz, o'sha kunlarning iforini tuya­siz! Uringan bo'lsa-da, muqovalari yelimlangan bo'lsa-da sahifalariga ko'z yoshlari, quvonchlari tomgan   mulkini   asrab-avaylaydi.

Maqola muallifi — Go'zal, maqolani juda chiroyli yozibdi. Maza qildim. Bolaligim bilan uchrashgandek bo'ldim. Xotiralar yelkang osha orqaga qaraganingda yodingga tushadi, deydi. Men ko'nglim bilan uning ichiga kirdim. Hozir sumkasida quvonch olib yuradigan pochtachi Dilbar opa, Mashkura opalarni ko'rgim, ularga   “rahmat” aytgim keldi. Qor-yomg'irlarda ivigan ro'mollari ustidan   salafan — yelimqog'oz tortgan, kalishlari namiqib ketsa-da, nashrlarni kechikmay tarqatadigan bu opalarni sog'inibman. Eslayman… poch­ta keladigan payti, ayniqsa, qor-yomg'irli kunlarda eshik oldida yo men, yo onam turardik. Pochta qutimiz yo'q edi. Gazeta – jurnallar yoriq eshikning burchiga qo'yib ketilsa, ho'l bo'lardi.

O'sha kuni erta bahor edi.   Onam qarindoshlarnikiga yig'inga ketdi, men maktabga. Yomg'ir aralash qor   yog'ardi. Dars kech tugadi. Shoshib uyga keldim. Eshik tirqishida hech narsa yo'q! Romli ayvonga qadam qo'ydim. Qo'liga hech qachon dazmol ushlamaydigan onamning qo'lida dazmol. Hayron bo'ldim. Qarasam, oq chit ro'molning o'rtasiga gazetani qo'yib dazmollab quritayapti. Meni xafa bo'lmasligim uchun kelgunimcha ulgurmoqchi bo'lganini sezdim. Burnim achishdi, nima deyishni bilmayman. Kelganimni sezgan onam, salgina ho'l bo'libdi gazetang, dedi. Dunyoning barcha qor-yomg'iri ustimga to'kilsa ham endi men ivimas edim!..

Yillar o'tdi, “Sog'lom avlod” gazetasida muharrirlik paytim sakson yoshdagi onam hech kimning to'y – ma'rakasini chorshanbaga qo'ydirmas edi: chorshanba kuni Dilfuzaning   gazetasi chiqadi, derdi. O'zi aytganidek, maktab ko'rmagan onam mening gazeta-jurnallarimni shunday e'zozlardi.

Bugun-chi? Yangi asr, yangi zamon. Odamlar zamonaviy, o'qigan. Lekin ziyoli deb ayta olamizmi? Agar   uyiga bitta ham nashr bormasa?! Hozir   pochtachilarni ko'rgan odam, pensiya keldi shekilli, deydi. Chunki bitta mahallada nechta obunachi bor? Barmoq ham ortib qoladi… to'g'risi…

Hurmatli Prezidentimiz minbardan matbuot nashrlarining ahamiyati va yoshlar tarbiyasidagi o'rni   haqida takror-takror nutq so'zladilar. Ammo shunga qaramay bolalar   nashrining obunasi achinarli ahvolda – bor-yo'g'i 1000, 2000 adadda! 37 million aholisi, 6 milliondan ortiq oilalari bo'lgan millat uchun bu uyatli hol emasmi?! Yana o'n yo yigirma ming deb o'qimang!

Biz mustaqillik yillarida yuz mingdan ziyod nusxadagi nashrimizni nahotki o'n ming deb o'qisak, adashibmiz MINGta ekan! O'n mingdan ziyod maktab! Unda qancha boshlang'ich sinf o'quvchilari bor. Mingtaga bittadan to'g'ri kelarmikin? Odamning yuzi issiq, deydi. Kitobning, gazeta-jurnallarning yuzi olovli, yuragimizni, umrimizni isitadi, taft beradi. O'ziga tortadi. Ammo bu nashrlarni ko'rmagan, qo'liga tutmagan, ta'mini totmagan bola, agar shu nashr unga tavsiya qilinmasa, qanday yo'l tutadi, uni qanday qilib o'qiydi? Qolaversa, salla olib kel desa, kalla olib kelayotgan viloyat hokimlari maktab direktorlariga “majburiy obuna taqiqlanadi” deb xat chiqarib o'tirsa. Axir, ilm-ma'rifat hamisha majburiy yo'l bilan olib borilgan-ku: majburiy ta'lim deymiz, majburiy xizmat deymiz, majburiy obunaga kelganda esa cho'ntaklarimizga qo'shilib yuragimiz ham achishadi.

Bolalar nashrlari kichkintoylar qalbida kitobga mehr uyg'otadigan ilk ko'prik. Bugun mana shu zumrad ko'prikning mustahkamlanishiga   har birimiz o'zimizning amaliy hissamizni   qo'shsak, shu millat, shu xalq uchun bitmas-­tuganmas savobli ishga qo'l urgan bo'lamiz. Unutmang, o'qigan millatning farzandlari er bo'ladi! Zero, matbuot ichimizdagi ustunni quvvatlantiradigan — ziyo minbaridir, ziyo minorasidir!

Dilfuza ShOMALIKOVA,

“G'uncha” jurnali bosh muharriri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 5 =