Muallim va muharrir millatning ikki közidir yoxud eski mavzuda yangi gap

Tahririyatdan: Xabaringiz bor, gazetamizning 2021 yil 13 yanvar (№2(1218)) sonida “Matbuotdan bezor millat emasmiz” sarlavhali maqola eʼlon qilingan edi. Unda bugungi matbuotimizning ahvoli, uning joylarga yetib boriş masalalari va aholining matbuotga munosabati doirasida fikr-mulohazalar bildirilgan edi. Yoş jurnalist Otabek Isroilov ham quyida bugungi matbuotimizga daxldor muammolar ildiziga eʼtibor qaratadi.

 

Behbudiy hazratlari “Muallim va muharrir – millatning ikki közidir”, deya naql qilgan edi. Nadomatki, bu kun millat bir közidan ajraş arafasida turibdi. Köriş – haqiqatni, istiqbolni, adolatni köriş qobiliyatini yöqotayozgan qaysi “köz” ekanligi hammaga ham barobar maʼlumdir.

Bundan, çamasi, ikki-uç yillar avval luğatimizga “majburiy obuna” degan söz birikmasi kirib kel(tiril)di. Begona uylarni majburan tozalaş, köçalarni majburan supuriş, moyanasidan majburan yiğiş va majburan bajarilgan boşqa işlar sirasiga obuna ham qöşildi-qoldi. Şu paytlari majburiylikdan bezigan muallimlar va ularning peşvolari matbuotga oçiqçasiga jang eʼlon qildi – millatga töğri yölini körsatib turuvçi ikki közning biri boşqasini öya boşladi.

Xöp, mayli, öqişga arzigulik gazeta yo jurnal kam ekan. Unda öqişga arzigulik, özingiz maʼnaviy ozuqa olib, öquvçilaringiz xat-savodini, dunyo­qaraşini östiradigan, yangilik va axborotlarning sifatlisini xolis yetkazadigan gazeta yo jurnallarga nima uçun obuna bölmaysiz, deydigan mard qani? Demakki, siz va siz kabilarga “majburiy obuna” bir bahona böldi, xolos. Öylamaysizki, bugun birini tejab, ertaga törtiga kuyib qolişingizni.

2020 yil 11 dekabr kuni “facebook” ijtimoiy tarmoği foydalanuvçisi Fatima Jurayeva “Xalq bilan muloqot/Dialog s narodom” guruhida bir izoh qoldirdi. Unda aytilişiça, Andijon viloyati, Asaka tumani Maktabgaça taʼlim bölimi mudiri tumandagi maktabgaça taʼlim taşkilotlari xodimlaridan “Asaka hayoti” gazetasiga obunani taşkil etişni söragan. Uşbu “facebook” foydalanuvçisi esa buning uçun Maktabgaça taʼlim boşqarmasi boşliği va uning matbuot kotibidan izoh talab qilgan. Qiziiq, qaçondan buyon obuna bölişimiz töğrisida kimlargadir izoh beradigan bölib qoldik?

Izohlarda qoldirilgan munosabatlarda Fatima Jurayevaga boğça tarbiyaçilari murojaat qilgan va şuning uçun u uşbu izohni tarmoqda qoldirgan. Munosabatlardan yana maʼlum böladiki, “facebook” foydalanuvçisi yaqin biror yilda biror gazeta yo jurnalni, aqalli öşa öz tumaniga tegişli “Asaka hayoti”ni, hatto, uşlab ham körmagan. Xöp, mayli, tarbiyaçilarning “Asaka hayoti”ga obuna bölgisi kelmas ekan, qaysi naşrga obuna bölişni istaydi? Tanganing bu tarafini ham eʼtiborga oliş kerakmi, axir? Heç qaysisiga! Töğri, angladikmi?

Tağin bir hangoma-da. “Telegram” ijtimoiy tarmoğidagi guruhlarning birida ikki kişi özaro suhbatlaşgan. Ularning biri gazetani eskilik sarqiti, deya yomonotliq qilayotgan paytida savol keldi:

– “Tafakkur” degan naşrni eşitganmisiz?

– Eşitgandekman.

– Biror sonini körganmisiz?

– Yöq. Demak, yaxşi gazeta, (?!) şunaqami?

Masalan, kamina jurnalist sifatida biror fermer bilan gaplaşmoqçi bölsam, albatta, soha asrorlarini örganaman va şunga yaraşa tadorigimni köraman. Quruvçi yo biror soha amaldori bilan uçraşmoqçi bölsam ham xuddi şunday. Aslida bunday yöl tutiş uçun, albatta, jurnalist böliş şart emas. Şunçaki fahm-farosatli kişi böliş kifoya.

Şu örinda asosli mulohaza: nima uçun bosma ommaviy axborot vositalari kuzatilmay, ular tahlil qilinmay turib, talqin çappasiga burib yuborilayapti va şu kaltabinlik bilan çeklanilyapti? Matbuotning istiqboli töğrisida hukm çiqarmoqqa kimlar doxil: tarmoq foydalanuvçilarimi yo bosma OAV mutaxassislarimi?

Muallimlar oyoq tirab obuna bölmayotgan gazetalar şu ustozlarning haqini talab qilişgaça borayapti-ku, aslida. Masalan, “Taraqqiyot va strategiya” gazetasining 2021 yil 14 yanvardagi 1-sonida “Taʼlimdagi taʼmagirlik” felyetoni eʼlon qilindi. Unda yozilişiça, Surxondaryo viloyatining Qumqörğon tumanidagi 59-umumiy örta taʼlim maktabida işga joylaşiş uçun pora talab qilinadi. Hattoki, öqituvçilar orasidagi darslar taqsimoti ham öqituvçining pedagogik mahoratiga emas, bevosita “himmat”iga boğliq. Masalan, “Taʼlimdagi taʼmagirlik” felyetonida uşbu maktab öqituvçisi Baxtiyor Mennorovning 2 million söm evaziga 20 soat darsli bölgani aytiladi.

Oçiği, birgina felyeton xalq taʼlimi tizimi muassasalari kirdikorliklarini foş etgandek, göyo.

Kitoblarni gulxanga taşlagan, maʼrifatdan bebahra faşistlar Germaniyasining taqdiri maʼlum. Fantast yozuvçi Rey Bredberining “Farengeyt böyiça 451 daraja”sidagi kitobyoqar Monteg qismati ham mavhum emas. Masalan, men gazetaning bir sahifasida bosilgan hi­koyani öqimagan kişining kitob varaqlaşiga mutlaqo işonmayman. Kitobxonlik gazeta öqişdan, ha, avvalo, gazetxonlikdan boşlanadi. Qarangki, kitobxon, aqalli, gazetxon bölmagan muallim qölida kitobxon yo gazetxon bola kamol topa oladimi?

Maktabda öqigan paytlarim har juma kungi darslar “Axborot soati” bilan boşlanardi. “Axborot soati”da öquvçilar yangiliklarni töplar va darslarda baham körardi, turli mavzularda bahslar, tahlillar qilinardi. Sinf rahbarimiz yangiliklarni xalqaro, res­publika, viloyat va tuman miqyosida töplaşni tayinlardi. Men hamişa tumandagi yangiliklardan jamlab borardim. Çunki bobom gazetaga obuna bölgandi-da.

Yana bir gapki, hozirgi yoşlar nutqidagi nuqsonlarga ham gazeta yo kitob öqimaslikning oqibati, deb qaraş mumkin. Turiş-turmuşimizning özi majburiyliklardan iborat bölganidan keyin gazeta öqişga ham, albatta, majburlaş kerak-da! Axir, taʼlimning özi ham majburiy-ku! Qani, majburiy taʼlim bekor qilinsa, neça bola maktabga borar ekan? Taʼlimsizlikning oqibati maʼlum bölganidek, matbuotsiz jamiyatning ham ahvolini tan olişga majburmiz!

Masalan, betob bölsak, biror dori içişimiz kerak. Tuzaliş uçun şunga majburmiz. Maʼnaviy xastaliklarimizga darmon topmoq uçun ham obuna bölişimiz, öqişimiz şart!

Jadid bobolarimiz erk va istiqlol, adolat va haqiqat yölini, unga erişiş söqmoğini taʼlim va matbuotdagina körganlar va şu asosda harakat qilganlar. Jadidlar taʼlim orqali aholini xat-savodli qiliş hamda matbuot orqali erkka eriştirişni niyat qilganliklari bejiz emas edi!

Bolani tarbiyalaş, ulğaytiriş oson emas. Ayniqsa, ayni globallaşuv zamonida. Kimdir dunyoning qaysidir burçagida murğak qalbli, hali olamni töliq tuşunib ulgurmagan qoraköz bolalarni poylab turmaganiga kafolat bormi? Bolaga mufassal tarbiya bermoqqa yolğiz muallimning kuçi yetişi duşvor emasmi? Barkamol insonlarni kamol toptirişda muallim va muharrir birgalikda harakat qilişlari, eşkakni birga eşişlari töğri bölmaydimi? Ammo buni tuşungan bor, tuşunmagan bor; mohiyat va şaroitni bilib-bilmay Ğarbga kör-körona ergaşgan bor, öz pozi­siyasini yaratayotgan bor.

Nazarimda, bolalarning, demakki, jamiyatning ertasi bugun qaysi gazeta yo kitobni öqiyotgani yoki öqimayotganiga bevosita boğliqdek körinadi menga. Axir, ota-onalarimiz gazeta va jurnallar hamda kitoblarni qoldirmay öqigan, kitob dökonlari oçilmasidan navbatga turgan edilar va bugun jamiyatda özgarişlar böldi. Agarki, jadidlarimiz faqat maktab oçib yo gazeta çop etib erk­­ka erişmoqçi bölganlarida, bugungi kunimiz haqida biror ne deyiş söroq ostida qolardi. Dutorning bir torisiz kuy yangramaganidek, irmoq boşqasiga qöşilmasdan daryo bölmay irmoqligiça qolganidek, quş bir qanoti bilan parvoz qila olmaganidek, maktabning özi bilangina,   yo faqat gazeta bilan millat bolalarini tarbiya qilib bölmaydi.

Millatning ikki közi bölgan muallim va muharrirlarga eski mavzuda aytmoqçi bölgan özimça yangi deb öylagan gaplarim şular edi.

Otabek ISROILOV,

jurnalist

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan