Mas'ul muharrir nimaga mas'ul? Yoxud kitob “nogiron” bo'lsa, mas'ullar soxta bo'ladi

Kutubxonalarga kirib, bundan sakson-to'qson yil avval nashr etilgan kitoblarni ko'zdan kechirsangiz, sarvarag'ida “Ushbu kitobning siyosiy mas'ul redaktori — o'rtoq N.Safarov” kabi qayd­larga ko'zingiz tushadi. Chunki o'sha inqilobiy yillarda oddiy qog'ozga ham siyosiy hujjat deb qaralgan, ommaga yetkaziladigan axborot siyo­sat elagidan o'tkazilgan. Kitobda olg'a surilayotgan g'oya­larga muallifdan avval shu sohaning biron mutaxassisi ham javob berishi talab etilgan. Sharafli, ayni paytda javobgarligi bo'lgan mas'ul muharrirlik har kimga topshirilavermagan…

Keyinchalik “Uzlit” deb ataladigan, nashrning “g'oyaviy-siyosiy” jihatlariga qaraydigan butun boshli mahkama ochildi. Ammo mustaqillik yillarida ham jiddiy nashrlarga mas'ul muharrir jalb etish an'anasi saqlanib qoldi. “Uzlit” — siyo­sat g'alviri hisoblansa, ilmiy jihatdan bo'lmag'ur, hur qarashlar yo'lini to'sish uchun mas'ul muharrir juda zarur edi.

Bugun dunyo miqyosida manzara o'zgacha. Istalgan kimsa maydonga chiqib, nafaqat molini, balki o'z shaxsini, hatto badanini ham reklama qiladi, raqibini tuhmat gaplar bilan haqoratlaydi, har turli axborotni ko'chirib oladi-da, o'zimniki, deb e'lon qiladi. Axborot tarqatish — “bemalol”-da endi.

Ammo sal ko'lamli, biroz ko'rkam kitob borki, “mas'ul muharrir”siz emas. Mas'ul muharriri bor kitob salobatli tuyuladi, muallif “asarimga falonchi mas'ul muharrir”, deb g'ururlansa, unisi o'zining shunday sharafga loyiq ko'rilganidan mamnun.

Aslida, bu unvon faqat kitob mavqeini ta'kidlash uchun qo'yilmasligi lozim. Hamonki bo'yinga oldingizmi, marhamat, qo'lyozma ustida ishlang.

Ammo ko'p mas'ul muharrirlar o'zining “mas'ul”ligidan kitob chop etilgach xabar topadi. Yana bir toifa olim-fozillar bu “martaba”ga injiqlanibgina rozi bo'ladi-da, keyin nima bo'ldi, nima qo'ydi — ishi yo'q.

Mana, Shodmon Vohidov bilan Alisher Qodirovlar yozgan “Sharqning mashhur sulolalari” kitobi. Uning mas'ul muharriri tarix fanlari nomzodi D.Sangirova ekan. Avvalo, shu kitob­ga mas'ul muharrir kerakmi? Axir bu asar ilmiy yangilikka da'vo qilmaydi, tadqiqot ham emas — har turli manbalardan shu mavzudagi ma'lumotlar olib to'plangan. Buning ustiga, joy va kishi nomlari ko'pincha xato yozilgan, usluban g'aliz jumlalar, imloviy xatolar g'ij-g'ij. Bir emas, ikki muallif, qolmishiga bir mas'ul muharriru bir nashriyot muharriri “ter to'kkan”, ammo kitobning ahvoli bu…

Falsafa fanlari doktori Bo'ri Ziyamuhamedovning “Baxt­­li va farovon hayot bilan ruh xotirjamligini ta'minlovchi fazilatlar”   degan uzundan-uzoq sarlavhali, o'ziyam 472 betlik kitobini-ku, qo'yavering. Zokirxon hoji Shokirxon o'g'li Afzalov degan professor — mas'ul muharrir, ma'qullab taqriz yozganlar — falsafa fanlari doktori Ziyod Davronov, pedagogika fanlari doktori Mamarajab Tojiyev, falsafa fanlari nomzodi Gulsanam Tillayevaday unvondor olimlar.

Ammo asarni o'qib, ajablanib qoldim. Mas'ul muharrir ham, uni ma'qullab taqriz yozgan allomalar ham zimmadagi mas'uliyatni sezmabdilar. Ular muallif “Injilni o'qimagan odam Qur'oni Karimni to'liq tushunib yetmaydi”, deya Injilni Qur'ondan ustun qo'yganini, Alloh “Men insonni obid emas, balki olim qilib yaratdim, bilim izlagan Meni topadi”, deb marhamat qilgan”, deb Qur'onda ham, Hadislarda ham yo'q gaplarni yozishday g'ayriislomiy “kashfiyot”larga jazm etayotganini nahot payqashmagan bo'lsa? Ajab, masalan, imom Buxoriy Injilni o'qimagan bo'lsa, u Qur'oni Karimni injilxon B.Ziyomuhamedovchalik “to'liq tushunib yetmagan” bo'lib chiqadimi?

Buyam holva. Muallif “Kurraviy dinlar bo'lib hisoblangan yahudiy, nasroniy va islom dinlarini o'zaro yaqinlashtirishni ham ko'ngilga tugib qo'yganmiz”, deb ko'krak keradi. Xo'sh, “o'zaro yaqinlashtirish” uchun Bo'ri og'a nima qilarkin — islomning biron arkoni yo jihatini rad etib, o'rniga yahudiylik yoki xristianlikdagi biror tartibotni joriy etmoqchimikin? Boshqa din vakillari-chi, bu “yangi chiqqan reformator”ning qaysi islohotlariga ko'z tikib turishibdiykin?

Bizningcha, bunga sabab — muallifning-ku, saviyasi haminqadar, ammo mas'ul muharrir ham, taqrizchilar ham kitob qo'lyozmasini o'qimagan, uning mazmunidan, hatto u bosilib chiqqach ham, xabardor emas.

Yoki… ularning ilm-bilimi ham muallifnikidan afzal emas. Bu ahvolda mas'ul muharrir bo'laverishning nima ma'nisi bor?

Bo'ri Ziyamuhamedov kitobda “bo'lajak jamiyat qomusi tamo­yillari”ni belgilab berishni niyat qilibdi (bu, eng kamida, yangi Konstitutsiya degani). Va uning bir yerida bizga ibrat qilib “Tinchlik o'rnatuvchilar baxtlidir, chunki ular Xudo o'g'illari deyilur”, deya Injildan parcha ham beribdi. Bir musulmon sifatida, men “Xudoning o'g'li” deyilishdan hazor-hazor istig'for qilaman, uning bandasi — quliman, alhamdulilloh.

…Ayrim kishilar, yoshi o'tgach, o'z bilimini mukammal deb tasavvur etadi, hammaga saboq berishga chog'lanib qoladi. Aslida, buning uncha zarari yo'q. Ammo o'shanday gaplarni kitob qilib nashr etmaslik uchun esa insof kerak, bilimu saviya kerak. Saviyasi past, diniy, falsafiy, ilmiy yo ma'rifiy jihatdan xato yoki goho zararli bo'lgan bunday kitoblar, afsuski, chiqib yotibdi. Nimaga desangiz, vallomat muallif nashriyotga pulni opkelib tashlaydi, puli borning nima g'ami bor — kitobi chiqadi-da!

Ayrim nashriyotda ishlayotganlarga ham qoyil qolmay ilojing yo'q, pulni deb dinidan ham kechvorish… oh, naqadar dahshat! Bunga yuqoridagi kitob guvoh!

Keyingi gap Alisher Navoiy, Bobur kabi buyuk siymolar asarlarining nashriga mas'ul muharrirlik haqida. Mas'ul bo'ladimi, mas'ul emasmi, muharrir — tahrir qiluvchi degani. Tavba, Navoiyni, Boburni, Mashrab yo Munisni kim, yoki kimlar “tahrir” qiladi? Navoiyning ijodi mahsuliga kim “mas'ul” bo'ladi? Mumtoz adiblarning bir necha jildlik tanlangan asarlari chop etiladigan bo'lsa-ku, Xudo beradi — mas'ul muharrir ham kamday tuyulib, kazo-kazolardan iborat “Tahrir hay'ati” tuziladi. Ya'ni, qo'pol aytganda, hashar qilib “tahrir” etishadi. Bu… mumtoz adiblarni tahqirlash emasmi? Undan ko'ra “nashr hay'ati”, “nashr uchun mas'ul guruh” deb belgilansa bo'lmaydimi? Holbuki, bunday hollarda barcha ishni “nashrga tayyorlovchi” deb kamtarona ko'rsatiladigan “qora ishchi”lar — unvon-darajasi pastroq, shuning uchun tahrir hay'atidagi nomdorlar safiga loyiq ko'rilmaydigan, ammo saviya­si balandroq zahmatkash olimlar bajarishadi.

Yana shunisi qiziqki, olimu mutaxassislarning hammasi ham mas'ul muharrir yo tahrir hay'ati a'zosi bo'la olmaydi. Unga salobat, sipolik, “alohida odam” deganday vajohat kerak…

Buning dalili uchun boshimdan o'tgan bir voqeani aytay. Ancha bo'ldi, bir shoir qo'shni xalq adibi asarlarini tarjima qilganini aytib, tarjimaga mas'ul muharrir bo'lishimni so'radi. Voh, dedim, bizga ham shunaqa ishlar loyiq ko'riladigan kunlar kelarkan-ku! Biron oy qo'lyozmani tahrir qildim, yuzlab xatolarini tuzatdim, adib ijodining boshqa jihatlarini aks ettiradigan asarlarini ham qo'shishni maslahat berdim, nafaqat mas'ul muharrir, balki nashriyot muharriri va hatto… musahhihning ishlarini ham bajarib, ichki bir mamnuniyat bilan egasiga topshirdim.

Ammo… “kambag'alni tuyaning ustida ham it qopadi” yo bo'lmasa “og'zi oshga yetganda burni qonaydi”, degan maqollarni ona xalqim bejiz aytmagan ekan! Oradan biron hafta o'tib, shoir-tarjimon yana telefon qildi, bu kitobga allaqaysi katta odam mas'ul muharrir bo'lmasa bo'lmas ekan, oddiy muharrirlik esa nashriyot muharriridan (ya'ni bosma tobog'iga qalam haqi oladigan, pulni begona qilmaydi-da) ortmaskan. Men faqat “taqrizchi” bo'lishim mumkin ekan, buning uchun, shuncha mehnatim kamday, tarjimani nashrga tavsiya etib, bitta taqriz ham yozib bersam bo'laverarkan…

Qandaydir bir doimiy ro'yxat borday: o'sha doiraga kirmagan kishi chuchvarani xom sanab yura beradi. Biroq “mas'ul muharrir” bo'ladigan “shavkat”li odamlarning ko'pi esa tahrir sohasida “andak badxat”, ular, nari borsa, (agar kitobni o'qib chiqsa) asarni ijtimoiy jihatdan baholashga yaraydilar, xolos. Lekin ular — hamisha navqiron, mangu “mas'ul muharrir”lar.

Kitobat san'ati, texnikasi shiddat bilan yuksalyapti. Yodingizda bo'lsa, yigirma-o'ttiz yil ilgari “rotaprint” degan kitob bosish usuli bo'lar — sahifalar mashinkalangan varaqning fotonusxasi singari xira, bo'yoq chaplanib chiqar edi. Bugungi avlodga ular almisoqdan qolganday bo'lib tuyilsa, ajab emas. Endigi nashrlarimiz xalqaro ko'rgazmalarda ham yuqori baholan­yapti, sovrinlar olib qaytyapti. Bundan mamnunmiz, albatta.

Ammo baribir, kitobning bosh fazilati — mazmunida, jumladan, tahrir saviyasida. Unga tashqi ko'rinishi, qog'ozi sifatiga ko'ra emas, ilmiy va ma'naviy saviyasiga, ravon uslubi, to'g'ri imlosiga qarab baho beriladi pirovardida. Afsuski, bugungi kitob tahriri ellik yil avvalgi tahrir saviyasidan chandon orqada, imloviy va uslubiy xatolarni-ku, aytmay qo'ya qolaylik. O'rganib ham ketdik. Bunga esa chorak asrcha avval hamma soha (hatto nashr ishi ham) bozor iqtisodiyoti talablariga bo'ysundirilib, kitobga faqat “tovar” deb qarashga o'tilgani sabab bo'ldi. Muharrirlar soni ayovsiz qisqartirildi va oxirida nashriyotlar bosmaxonalarga qo'shib yuborildi. Ilgari nashriyot yuksak martabali madaniy, ilmiy-ma'rifiy tashkilot edi, u bosmaxonaga buyurtma berar, bosmaxona esa bor-yo'g'i shu buyurtmani bajaruvchi texnik ishxona sanalar edi, xolos. Endi bosmaxona — pultopar muassasa, nashriyot esa uning bir bo'limi qatori sanaladi, bosmaxonaning buyrug'ini bajaradi. Va bu yangi chiqqan “nashriyot-bosmaxona” qorishmasiga noshirlar emas, kitobning ilmiy-ma'rifiy, badiiy saviyasini tushunmaydigan bosmaxona mutaxassislari rahbar. Ular uchun muhimi — “tovar”ni vaqtida chiqarib-sotish. Shoshmasdan tahrir qiladigan sinchkov muharrirlar, bironta xatoga yo'l qo'ymaslik uchun qo'lyozmani takror-takror ko'zdan kechiradigan musahhihlar kamaytirilib, “zakaz” topadigan menejerlar, obuna uyushtiradigan xodimlar ishga olindi.

Bu ishlar vaqtinchalik bir tadbir, o'tmish bo'lib qolsa, qaniydi. Iqtisod yuksalib, madaniyat va ma'rifat sohalariga e'tibor kuchaygan endigi davr­­da nashriyotlar bir amallab pul topib xodimlarini boqish, ishqilib daromad qilish tashvishida, ish ko'rsatkichi to'lagan soliq summasiga qarab belgilangan. Aslida pirovard maqsad — ilmiy-ma'rifiy saviyasi baland, milliy mafkura ruhiga muvofiq kitoblarni ko'proq adadda, yuksak saviyada chop etib, o'quvchiga arzonroq narxda sotib, ko'pchilikka yetkazish bo'lishi kerak-ku!

Shunday ekan, matbuot va matbaa ishini bozor iqtisodiyotining qashqirlariga talatib qo'ymasligimiz lozim.

Zuhriddin

ISOMIDDINOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 − four =