Men qachon UYlanaman?!

Qanday ajoyib! So'nggi yillarda poytaxtimiz va yurtimizning deyarli barcha katta-kichik shaharlari, tumanlarida ko'plab turar-joylar barpo etilmoqda. Jumladan, Toshkent shahrining deyarli har bir tumanida qurilayotgan yangi, zamonaviy va ko'rkam uylarni ko'rib, beixtiyor shirin o'y-xayollarga berilasan, ulardan birini sotib olging keladi. Lekin, lekin… ming afsuslar bo'lsinkim, xonadonlarning narxini eshitib, kapalaging uchib ketadi.

Ma'lumotlarga ko'ra, Toshkent shahrida aholining talabini qondirish maqsadida 2020 yil jami 8 ming 444 xonadondan iborat 125 ta ko'p qavatli uy qurilib, foydalanishga topshirilgan. Nahot, ulardan birortasini sotib ololmasam?

 

Har qanday uzoq yo'l — birinchi qadamdan boshlanadi. Mana, bir necha yillar mobaynida Toshkentda ijarama-ijara yuribman. Hademay o'qishni ham bitiraman. Ishim bor, maoshim ham. Endi sekin uy olishga, oila qurishga harakat qilsam bo'ladi.

Orzuga ayb yo'q, deydilar. Kamina o'ta kamsuqum va kamtar bo'lishimga qaramay, g'ururli hamdirman. Shu bois, hech kimdan, hatto banklardan uzoq muddatli va imtiyozli bo'lsa-da qarz olmay, ikki xonalikkina bo'lsa ham, uy sotib olishni anchadan buyon o'ylab yuribman…

Shu sabab oylik daromadimni xomcho't qilib, poytaxtda uy qurish va turar-joy majmualarini sotish bilan shug'ullanadigan kompaniya hamda developerlarga sim qoqa boshladim. Internetda raqamlari bor, qani, bir ko'raylik-chi, bu orzuimni qachon amalga oshirarkanman?

Lekin olganga yarasha zo'r xonadon tanlash kerak deb, tunov kuni ovozimga sal jiddiy tus berdim-da, tavakkal “Golden House”ga qo'ng'iroq qildim.

Go'shakni xushro'ygina qiz ko'tardi (xushro'yligini mayin va ingichka ovozidan taxmin qildim). Xullas, yoqimli ovozli qiz narx-navolar haqida ma'lumot bera bosh­ladi: “Yarim tayyor uylarimiz bor. Xohlasangiz, Yakkasaroy tumanida 2 xonali 67 kvadrat metrli xonadonni chegirma bilan 800 million so'mga olasiz. Mirobod tumanida esa jihozlangan yarim tayyor 2 xonali uy bor, 52 kvad­rat metr. Narxi — 514 million so'm. Xohlasangiz…”

Bu narx-navolardan birdan boshimga og'riq kirdi. E, bo'ldi, bo'ldi, tushundim! Miyam g'ovlab, hisoblay boshladim: uyning narxi agar 800 million so'm bo'lsa va uni 2,5 million so'm maoshimga bo'lsam, agar yemay-ichmay, oyligimning bir tiyinini ham sarflamay yig'sam, 320 oy bo'larkan. Bu — 26 yil degani-ku! Lekin bir so'm ham sarflamay qanday yig'aman, unaqada qanday yashayman?

Ochig'i, do'stlarim bilan ko'pchilik bo'lib, ijarada turaman, ijara uchun oyiga 500 ming so'm berishim kerak. Yana kunlik yeb-ichishim, yo'l xarajatlarimga har kuni “kambag'al bo'lmay” 5600 so'mdan sarflaganimda ham, bu bir oyda 168.000 so'm degani. Ammo o'zimni ham, boshqalarni ham aldamay qo'ya qolay: bu mablag'ga aslo yashab bo'lmaydi. Keling, juda “hotamtoy” bo'lib, yeganim oldimda, yemaganim ketimda bo'lsin, o'rtacha 500 ming so'mni “boyvuchchalardek yashashim” uchun ajratay. Xullas, shu sarf-xarajatlarim hisobiga, mayli, 1 million ketsin. Demak, maoshimdan 1 million 500 ming so'm qolar ekan. Chatoq tarafi, uyli-joyli bo'lishim uchun 320 oy emas, 533 oy, 26 yil emas, 44 yil kerak ekan-da…

Natijani hozirgi yoshimga qo'shamiz, shunda Xudo umr bersa, bor-yo'g'i 65-66 yoshga yetarkanman! Yo'q, akasi, bunaqasi ketmaydi. Qachon uy olsam, uylanaman, deb niyat qilgandim, nahotki kelin bo'lmish meni naq 26 yil, yo'g'e, 44 yil kutsa, sabri yetarmikan-a? Yo'g'-a, bo'lmaydi, bu ahvolda umr bo'yi so'qqabosh o'taman-ku!

Bundan chiqdi, maoshimdan orttirib, pul yig'ib, birovdan qarz, banklardan kredit olmasdan, yangi uyli bo'lolmaymanmi? Axir, davlatdan million-million qarzlarni qo'ya turing, oddiy tushlik qilish uchun kursdoshingdan arzimagan pul so'rasang, stipendiya tushgunicha qovog'ini uyib, chehrasi ochilmay, qarzingni yuzingga solaverib, qulo­g'ingni qoqib, qo'lingga beradi. Uzoq yilga ipoteka kreditlari berilayotgani yaxshi, albatta. Lekin bu ham qarz degani emasmi? 20-25 yillab har oyning oxirida bankdan qo'ng'iroq qilmasin deb, yura­gingni hovuchlab yashashning o'zi bo'ladimi? Nahotki, bizda oylikdan orttirib, peshona teridan yig'inib, hech kimdan qarz bo'lmasdan, ha, kredit ham olmasdan, uyli bo'lishning imkoni bo'lmasa?!

“Murad Buildings” kompaniyasining nomini juda ko'p eshitganman. Uning reklama-roliklarida xuddi menga o'xshab qiynalgan, kambag'al bir personajning muvaffaqiyatga erishib, peshtoqiga “Baxt darvozasi” deb yozilgan shinamgina uy olganini ko'rgandim. Bu kompaniya ko'zimga yagona “najot shu'lasi” bo'lib ko'rindi, ishonsangiz. Beixtiyor Murod akamning savdo ofisi telefon raqamini tera boshladim.

“Murad Buildings” xonadonlari 1 kvad­rat metrining narxi 12 million 500 ming so'm turarkan. Agar Toshkent shahrining o'zimga qulay joyidan, eng ixchamidan 2 xonali, ya'ni 50 kvadrat metrli uy sotib olmoqchi bo'lsam, 416 oy, bor yo'g'i 34 yil kutishimga to'g'ri keladi. Bu vaqtda yosh qurg'ur 55 ga kirarkan. Aslo. Buyam to'g'ri kelmaydi…

A, labbay? “Tashkent City” deysizmi? Yo'q, yo'q, hatto orzu ham qilolmayman! Uni aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi, aka! Agar “Tashkent City”dan xonadon oladigan bo'lsam, hisob-kitob qilib ko'rdim, 100 yoshdayam bo'ydoq yurarkanman. Na iloj, ikkilamchi bozordagi narxlar bilan qiziqa boshladim. Kambag'alga palov ham ovqat, deganlaridek, bizga eski uylar ham bo'laveradi.

Ikkilamchi uy bozorida shahar markazidan sal chetroqda, lekin barcha transport vositasi muntazam qatnaydigan joylardagi 2 xonali, 50-54 kvadrat metrli xonadonlar narxi o'rtacha 30 ming AQSh dollari(300-350 million so'm) turarkan. Ko'rdingizmi, ikkilamchi, ya'ni eski uylar baribir biroz arzon-da. Ham ko'pchilikdan eshitganim, avval qurilgan uylar pishiq, mustahkam. Xudo ko'rsatmasin, yaqinda Jizzaxda hali bitmay turib qulab tushadigan uylardan sotib olishdan! Shunday o'ylar ila o'zni ovutib, o'zimga mos va xos, narx-navosi hamyonbop uy izlashga tushdim. Kalkulyator (kal kulayotir)imni oldim-da, to'y kunimni tag'in hisoblay ketdim. Agar oyligimning bir tiyiniga ham “xiyonat qilmasdan”, 300 million so'mlik uy olgani yig'sam, “koshona” menga naq 10 yilda nasib etarkan. Boya aytganimdek, oylik maoshimning yarmisini yig'ib turganimda esa, 20 yilda! Rostini aytsam, bu ko'rsatkichdan xursand bo'lib ketdim! Mana, haqiqat bor ekan-ku, adolat bor ekan-ku! Uy bozoridagi ob-havoning yildan-yilga o'zgarishi, narx-navolar oshishini ham hisobga olsak, o'rtacha 22-23 yilda uyli bo'larkanman! Bu vaqtda esa kamina e-e-e-n­­­di 45 ga kirgan bo'laman! “Nichevo!”

Og'zim qulog'imda, shirin orzular og'ushida o'tirsam, ijtimoiy tarmoqlarda “Iste'mol savatchasi” e'lon qilindi. Unda aytilishicha, bir o'zbekistonlikning bir oylik tirikchiligi uchun 2 million 157 ming 70 so'm yoki kuniga 71 ming 902 so'm kerak bo'larkan. Obbo, axir oylik-maoshimdan bu mablag'ni ayirib tashlasam, bor-yo'g'i 343 ming so'm qol­yaptimi, yo'-o'q, bu haqda o'ylashga endi miyam dosh bermaydi. Bu ketishda dunyoga ikki marta kelganimda ham qarzsiz uy ololmayman-ku! Tinchgina, “savatcha”ga amal qilmasdan, ust-bosh va yangi kiyim olmasdan, bir oyda 1600 so'mlik buxanka nondan 10-15 ta yeb, nafsimni tiyib yashayveraman chog'i.

Yana bir gap: eng qizig'i, bir sinf­doshimning aytishicha, qishloqda ota-­onam to'yga harakatni boshlab yuborganmish. Yashirmayman, bu xabardan yuragim bir hap­qirdi-yu, darrov o'z-o'zimga bergan ahdim esimga tushdi. Axir uy… nima bo'ladi?!

To'g'risi boshim “voobщe” ishlamay qoldi. Yana uydagilardan yordam so'raymanmi? Axir ukalarim bor. Oddiy dehqon otam, oddiygina uy bekasi bechora onam… Ularni sira qiynab qo'ygim yo'q. Lekin uyat bo'lsa ham aytaman, aybsitmang faqat, bir umr so'qqabosh o'tish niyatim yo'q. Faqat… uy. Ey-y, hayot!

Aziz mushtariylar, nima bo'lsa bo'lar, to'yga o'tish esdan chiqmasin-a!

Abdulaziz AHMEDOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + fourteen =