“To'rtinchi to'lqin” bolalarga xavf solmoqda…mi?
Ming afsuski, koronavirus pandemiyasi 2019 yil dekabrdan buyon Yer shari aholisini vahimada ushlab turibdi. Chunki shu kungacha yaratilgan tibbiy emlash vositalari bu baloni daf qilishda kamlik qilayotgani sezilib qoldi. Bundan tashqari, Yevropada qo'llanilayotgan emlash dozalari yoshi keksa kishilar orasida o'lim darajasini kamaytirgan bo'lsa, bolalarda uchrayotgan virus yuqtirish holatlariga unchalik ta'siri sezilmayapti. Kasallikning ayrim simptomlari mutatsiya holatida saqlanib qolayapti.
— Yo men bugungi holatni aqlimga singdirolmayapman yo odamlar o'ta aqlli bo'lib ketishgan. Ular bu baloning davosini bilishadi. Butun boshli avtobusda birgina men niqob taqibman, qolgan birorta odam niqob taqmagan. O'zimga noqulay bo'ldi. Tushadigan bekatimga yetib borgunimcha avtobus oynasidan tashqariga qarab ketdim, — deydi bir tanishim…
Xotirjamlikka berilish yaxshilik alomati emas
Aslida, bu yangilik emas. Kundalik hayotda barchamiz duch kelayotgan vaziyat. Ammo bu ofatning oyog'iyu qanoti bo'lmasa-da, qit'adan qit'aga ma'lum soniyalarda yetib borayapti. Bunga “britaniya shtammi” yoki “janubiy afrikacha xavf”ni yo bo'lmasa, “braziliyacha mutanti”ni misol qilib keltirish mumkin. Mamlaktimizda ham bu baloi ofat hali to'liq daf etilgani yo'q. Shunday ekan, xotirjamlikka berilish aslo mumkin emas!
Vaholanki, “Euronews” axborot tarmog'i ma'lumotlariga qaraganda, Fransiya hukumati “Astra Zeneca’” emlash dorisining ta'sir doirasi sezilarli emasligi bois, uni qo'llashni yana bir bor tahlil qilib ko'rish kerakligini aytmoqda. Ayniqsa, bundan avvalroq dunyoning ko'pgina mamlakatlarida “britaniya shtammi” aniqlanganligi haqida xabar tarqalgandi. Endilikda “Afrika xavfi”, “braziliyacha mutanti” yer yuzini kezib yurgani, koronavirusga qarshi yaratilgan vaksinalar mutatsiya holatidagi dardi bedavoga muolaja vositasi bo'lolmasligi haqida Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti mutasaddilari ham aytishayapti. Bu hozirgi kunda hatto olimlarni ham tashvishga solib qo'ygan.
Bundan shu narsa ma'lum bo'ladiki, yurtdoshlarimiz yuzga taqadigan niqoblarini bir chetga yig'ishtirib qo'yishlariga hali vaqt bor ekan.
Jons Xopkins universiteti ma'lumotiga ko'ra, o'tgan pandemiya davrida dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 120 millionga yaqinlashgan, halok bo'lganlar soni 2,5 milliondan oshgan. Eng yomoni, ana shunday og'ir vaziyatdan foydalanib qoluvchi “boyvachcha”lar ham paydo bo'lgani achinarli holat. Ayniqsa, “Twitter” va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez ko'zga chalinayotgan koronavirus pandemiyasi xavfi va oldini olishda ishlatilishi mumkin bo'lgan dori-darmonlar haqida tekshirilmagan, odamni chalg'ituvchi xabarlar tarqalayapti. Jahon tibbiyoti olimlari bunday postlarni “shubhali”, deb baholadi.
Bugungi globallashuv davrida har qanday axborot soniyalarda Yer sharining bir burchidan ikkinchi burchiga yetib borayapti. Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda pandemiyaga qarshi muolaja sifatida tavsiya etilayotgan har qanday dori vositalaridan ehtiyot bo'lgan yaxshi. Eng muhimi, Respublika Sog'liqni saqlash vazirligi tizimidagi ishonchli manbalarda faoliyat yuritayotgan mutasaddilar maslahatiga quloq tutgan ma'qul.
Chunki bu chalg'ituvchi xabarlar odamlarni yanada tushkunlikka tushirishdan tashqari, ayrim foydasiz dori-darmonlar uchun ortiqcha sarf-xarajatlar qilishiga ham zamin yaratayapti. Qaniydi bu dorilarning narxi cho'ntakbop bo'lsa…
Bu holat dunyoning ko'plab mamlakatlarini qamrab olganligi, kasallikka qarshi emlash vositalari to'g'risidagi yolg'on ma'lumotlar keng tarqalayotgani katta muammoga aylanib borayapti. Albatta, oldini olish maqsadida dunyo davlatlari yolg'on postlar uchun katta jarimalar va boshqa jazo turlari belgilashga majbur bo'lishmoqda. Ammo boyish ilinjidagi ayrim korchalonlar hamon “yashrin kasbi”dan voz kechganlari yo'q.
Titragan vujudda katta quvvat bormi?
Buyuk Britaniya jamoat sog'lig'ini muhofaza qilish xizmati (PHE)ning bildirishicha, “Pfizer” va “Astra Zeneca” vaksinalarining ilk dozasini qabul qilgan 80 yoshdan oshgan britaniyaliklarning shifoxonaga tushish darajasi 80 foizga kamaygan.
Dunyo statistik ma'lumotlari ham shuni isbotlayapti. Ya'ni, 70 yoshdan oshgan keksalar qabul qilgan “Pfizer” vaksinasi kasallikning og'ir shakli kechayotgan bemorlarning 60 foizini, “Astra Zeneca” esa 60-73 foizgacha himoyalar ekan.
Ammo shunga qaramay, “Astra Zeneca”dan foydalanishni olimlar ma'qullagan bo'lsa-da, Yevropaning ko'pgina davlatlari, klinik sinovlar yetarli bo'lmagani, vaksinalar kamligi uchun, uni 65 yoshdan oshganlarga qo'llashni lozim topmayapti. Buning ustiga, Yevropa Ittifoqi mutasaddilari hozirda odamlarning birdan-bir ilinji bo'lib turgan “Pfizer” va “Astra Zeneca” singari emlash vositalarini yetkazib berishda taqchilliklar vujudga kelganini, bunga sabab, ayrim kompaniyalar sun'iy ravishda taqchillikni yuzaga keltirayotganini aytishmoqda.
Bu ham yetmaganidek, dunyo mutaxassislari fikriga ko'ra, virus bilan kasallanganlar orasida koronavirusning yangi shtammlari aniqlanmoqda ekan. Bu holat vaksina ishlab chiqarayotgan kompaniyalarning keyingi faoliyatiga jiddiy xavf solishi tabiiy. Chunki, yangi shtammlarga eski vaksinalar yaramay qolishi ehtimoli bor.
So'nggi ma'lumotlarga qaraganda, AQShda koronavirusning yangi turi bilan kasallanish ko'rsatkichlari bir qadar o'sgan. Hafta ichida ularning soni kuniga o'rtacha 70 mingga ortgan, kasallik qurbonlari soni 2 mingdan oshgan. Bu borada, AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari direktori Roshel Valenski: “Bu statistika, ayniqsa, yangi shtammning shitob bilan keng tarqalishi natijasida biz virusga qarshi kurashda erishgan katta yutuqlarimizni yo'qotib qo'yishimiz mumkin”, degan.
Shu kungacha virus bir necha marta mutatsiyaga uchragan bo'lsa-da, “britaniya shtammi”dan ko'ra, janubiy afrikacha va brazilcha yangi turlari eng xavflisi bo'lib qolmoqda. Hatto AQSh mutasaddilari qit'ada epidemiyaning “to'rtinchi to'lqini” boshlanishi mumkinligini aytishmoqda. Hali “birinchi”, “ikkinchi” va “uchinchi”sidan qutulmay turib “to'rtinchi to'lqin” xavfi rahna solayotganini o'ylab: “insoniyatning boshida yana qanday ko'rgiliklar bor ekan”, degan mulohazaga boradi kishi.
Jahon Sog'liqni saqlash tashkilotining favqulodda vaziyatlar departamenti rahbari Maykl Rayan: “Hozirda ishlab chiqarilayotgan vaksinalar va emlash jarayonlari ko'p narsani va'da qilayotgan bo'lsa-da, bu virus ustidan uzil-kesil g'alaba degani emas. Butunlay sog'ayishni yil oxirigacha kutmaslik kerak”, demoqda.
Shuningdek, “Insoniyat aql bilan harakat qilsa, o'z sog'ligini (sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilib) muhofaza qilishda davom etsa, biz mavjud shifoxonalarga ortiqcha yuklamalarni, eng muhimi, pandemiya bilan bog'liq o'limlar va fojialarni kamaytirishga erishishimiz mumkin”, degan u.
Baribir AQSh dunyoda pandemiyadan eng ko'p zarar ko'rgan mamlakat bo'lib qolayapti. Shu kungacha 28 million 500 mingdan ortiq kasallanish holatlari kuzatilgan bo'lsa (bu statistik ma'lumot), yarim milliondan ortiq o'lim holatlari kuzatilgan. Bu butun dunyo ahli orasida koronavirus sabab qurbon bo'lganlarning beshdan bir qismini tashkil etadi.
Aqlbovar qilmas hodisa
Dunyo olimlari tibbiyot xodimlarini bolalarda uchrayotgan koronavirus simptomlarini chuqurroq o'rganib chiqishga chaqirayotgani bejiz emas. Pandemiya tarqalgan dastlabki davrda bolalarda ushbu bedavo dardni yuqtirish ehtimoli juda past bo'lgani ma'lum, hatto bolalar kasallikning og'ir shakliga chalinmaydi va yuqtiruvchi bo'lib qolmaydi, deyilgandi. Ammo ming afsuski, o'tgan davr bu aytilgan gaplar isbotini topmadi.
Britaniya milliy statistika agentligining ma'lumotlariga ko'ra, 11 yoshdan kichik bolalarning 13 foizi, 12-16 yoshlar oralig'idagilarning 15 foizida “Covid-19” aniqlanganidan so'ng, oradan 35-40 kun o'tib, ushbu baloning kamida bitta simptomi saqlanib qolayotgan ekan.
Bu shuni anglatadiki, dunyo olimlari ta'biri bilan aytganda, bu ofat “uzoq davom etuvchi “Covid-19” bolalarga ham xosdir.
Hatto Shvetsiya mamlakatida homila davrida virus yuqtirib olgan chaqaloqda virus qanday mutatsiya bo'lgani haligacha olimlarni hayron qoldirmoqda. Shifokorlar uchun bu noyob hodisa. Mamlakat genekologiya muassasasiga homilador ayol murojaat qilganda, bachadondagi homilada yurak urishi sekinlashgani va unga kislorod yetishmayotgani aniqlangan. Shundan so'ng, chaqaloq hayotini saqlab qolish uchun bachadon jarrohligi amaliyoti o'tkazilgan. Garchi koronavirusga chalingan ona virusni chaqaloqqa ham yuqtirgan bo'lsa-da, eng dahshatlisi, homila onasidan virus yuqtirishidan tashqari, u “A107G” nomini olgan yangi shtammni qaerdan yuqtirgan? Ana shunisi shifokorlarni hayron qoldirayapti.
Aslida ham, shu paytgacha koronavirus onadan chaqaloqqa o'tish holatlari juda kam uchragan. Pandemiya homilada kislorod yetishmovchiligini keltirib chiqarishi holatlari esa deyarli kuzatilmagan. Lekin endilikda mutaxassislar homilador ayollarga yondashuvni qayta ko'rib chiqish zarurligini aytishmoqda. Chunki ular yanada yuqori xavf guruhiga aylanib qolishi mumkin.
Internet ma'lumotlari asosida Yusuf JO'RAYEV
tayyorladi.

Ushbu maqola O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan ajratilgan davlat granti “Inson manfaati — taraqqiyot poydevori” loyihasi asosida chop etilmoqda. (S/15)
