Kitobdan o'zga najot yo'q!

Bittasi Navoiy haykaliga qarab so'kinib baqirsa, yana bittasi ul Hazratning haykaliga tuflasa, yana biri Motamsaro ona haykalining ustiga chiqib tomosha ko'rsatsa, ikki shaytonsifat nusxalar esa poytaxtimizdagi Amir Temur haykali poyida bir-birining ustiga mingashib qiyshanglasa…

Bu maynavozchiliklarning oxiri bormi o'zi? Buning asosiy sababi oqsab, qator muammolar ichra qadam tashlayotgan — ta'lim tizimi va bugungi yoshlarning kitob, matbuot, ya'ni gazeta-jurnal o'qishdan uzoqlashganida, bo'lsa, ne ajab! Mutolaa va ma'naviyatga allergiyasi bor avlod yana ne qilg'iliqlarni namoyon etadi — Xudo biladi.

E'tibor bersangiz, yoshlarning anchagina qismi omma e'tiboriga muhtoj. Nima ish qilmasin, oqibati qanday yakun topmasin, buning farqi yo'q. Hatto jarima to'lash u yoqda tursin, qamalib ketsa ham mayli. Muhimi, u haqida hamma gapirsa, yaxshi yoki yomon xotira bilan bo'lsa ham odamlar ongida muhrlansa, go'yo uni xalq tanisa, bo'ldi… Qolaversa, ana shu yo'l bilan uch-to'rt tanga topsa, kuni o'tsa, olam guliston! Yana kim biladi, xayolida ne o'y, kallasida qanday reja? Bizningcha undaylarning o'zi ham bilmaydi. Bo'm-bo'sh idishga, xumga o'xshaydi ularning boshi. Xuddi g'ovlagan, garang, qandaydir og'uning ta'sirida yurgan paj­murda kaslarga kabi.

Bir qarasang aft-angori tuzuk, qo'l-oyog'i butun, ko'zi, og'zi bor. Gapiradi. Lekin odam emas! Qanchalik og'ir fojia bo'lmasin, shunday: joni boru ma'naviy joni yo'q…

Uzoq tarixdan ayonki, Gerastrat dunyoning yetti mo''jizasi hisoblanmish Artemida ibodatxonasini yoqib yuborgan. Kimlardir uning bu qilmishini ham tarixda nom qoldirish uchun qilingan, deyishadi. Agar shunday bo'lsa, u niyatiga yetgan. Aks holda ehtimol hozir uni eslamagan bo'lardik.

Aytishlaricha, qadimgi yunon fuqarosi Gerostratning xo'rozlar jangi uchun tayyorlangan xo'rozi bo'lardi. Egasi uchun bu xo'roz juda qadrli bo'lib, uni yeru ko'kka ishonmasdi. Bu xo'roz barcha janglarda yengib chiqib, Gerostratning obro'siga obro', shuhratiga shuhrat qo'shishda davom etardi. Kunlarning birida odatdagidek xo'roz jangi bormoqda edi. Har doimgidek Gerostratning xo'rozi peshqadam. Kutilmaganda raqib xo'rozning egasi Gerostratning yoniga keldi va xo'rozim yengilayapti, agar ruxsat bersang, men xo'rozimga g'alaba duosini o'rgatardim, deydi. Gerostrat rozi bo'ldi. Shu tariqa raqib tomon ketma-ket 3 marta tanaffuslar chog'ida xo'roziga turli duolar o'rgatdi va uning xo'rozi g'alaba qozondi. Hamma hayron, hatto Xudoga ishonmaydigan Gerostrat ham mag'lubiyat oldida aqli ojiz qolib, xudoga ishonadigan bo'ldi. Biroz vaqtdan so'ng Geros­tratning oldiga bir kishi kelib, “Seni aldashdi, chunki xo'rozlar jangida raqibing xo'roziga g'alaba duosini o'qimadi, balki u uch marta tanaffusda xuddi xo'roziga o'xshash xo'rozlarni nayrang bilan maydonga tushirdi. Sening xo'rozing esa navbat bilan chiqarilgan 4 ta xo'roz bilan olishdi va yengildi”, dedi. Bu gaplarni eshitgan Gerostartning g'azabi qaynab, ko'ziga butun olam qorong'i ko'rinib ketdi. Chunki uni aldashgandi. Chuv tushgan Gerostrat tinmay bir gapni takrorlardi: “Nahotki Xudoni ham aldash mumkin bo'lsa”. Birmuncha muddat diniy an'analar va qadriyatlar ko'ziga yaxshi ko'ringan bo'lsa, endi u bu qadriyatlar bilan bog'liq jamiiyki narsalarga nisbatan nafrat hissini tuydi. Hatto dunyoning yetti mo''jizasi sifatida e'tirof etilayotgan Artemida ibodatxonasi ham uning ko'ziga yolg'onchi va olchoq kimsalarning makoni bo'lib ko'rinadi. Shuning uchun u Artemida ibodatxonasiga o't qo'ydi…

Albatta, bu hikoya bilan Gerostratni oqlamoqchi emasmiz. Ustiga-ustak, bu voqea bo'lgan-bo'lmaganligiga ham hech kim kafolat bermaydi. E'tiboringizni asosiy bir jihatga qaratmoqchimiz, xolos. Gerostrat qaysidir ma'noda o'z davrining terrorchisi, insonlar ongini zaharlovchisi edi. Har qanday yo'l bilan ham shon-shuhratga intiluvchi shuhratparast kimsa edi. Xuddi hozirgi tiktoker yoki nima qilayotganini bilmaydigan ayrim manqurt yoshlar singari. O'sha paytda ham, bugun ham insoniyat bu kabi toifalarga qarshi kurashib keladi. Afsuski, bu kurash aksar hollarda bir tomonlama amalga oshiriladi. Ya'ni, mavjud muammoni bartaraf etish kurashning asosiy qismi, ammo muammoning kelib chiqish sabablari, “Gerostratlar”ni yuzaga chiqaradigan omillar bilan deyarli ishimiz yo'q. Jinoyatchimi, uning ustidan hukm o'qiladi, jarima undiriladi yoki ozodlikdan mahrum etiladi. Hech bo'lmaganda, kamida “jinoyatchi” va uning ota-onasi OAV orqali izza bo'lgani, afsusdaligi, qaytib tak­rorlamasligini “izhor etadi”, uzr so'rab, tavba-tazarru qiladi. Holat shu ketishda davom etarkan, ko'zimiz faqat Gerostratlarni ko'raveradi va biz muammoni yenga olmasdan, faqat uning soyalariga qarshi kurashib yuraveramiz…

Bugungi globallashuv davri, yengil yashashga intilish va ijtimoiy tarmoqlar maniyasi butun insoniyat, ayniqsa, yoshlarni salkam aqldan ozdirmoqda. Balki bu erkinlik, zamonga moslashuv, davr bilan hamnafas yurish, dersiz. Kechirasizu, bu aslo sho'xlik yoki boshqa narsa emas. Shunchaki debilizm!

Bu “oltin avlod”, ertamiz egalari shunchalik e'tiborga muhtojki, layk uchun hatto… tayyor turadi, o'z ajdodlarining siymolarini oyoqosti qilishgacha va hokazo.

Eng yomoni, o'zini donolar donosi deb biluvchi bu avlodga sizning gaplaringiz zarracha qiziq emas. Kuyunib, uning foydasini o'ylab gapirsangiz, ensasi qotib eshitishi mumkin, lekin ishonavering, uning ko'ziga kamida zamondan orqada qolgan va yoshlarni tushunmaydigan “qariya” bo'lib ko'rinasiz, xolos.

Bunday avlod deyarli shakllanib bo'ldi, endi bu ularning o'zidan keyingilarga ta'sirini kamaytirish uchun ta'lim tizimini qaytadan isloh qilish va kitob targ'ibotini, mutolaa targ'ibotini kuchaytirish shart va zarur!

Ogoh bo'laylik, uyg'onaylik azizlar. Axir Prezidentimiz ham bot-bot farzandlarimiz tarbiyasi haqida jon kuydirib: “Bolalarimizni telefon tarbiya qilyapti”, deb bejiz kuyinib gapirmayapti. Kitobga, ilmu ma'rifatga, matbuotga qaytishdan o'zga najot yo'q.

To'g'ri, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni ham taqiqlab bo'lmaydi. Shunchaki undan foydalanish madaniyati va me'yorlarini farzandlarga tushuntirishimiz, singdirishimiz kerak. Zero, hali umid bor. Lekin beparvolik va loqaydlikning badali yanada og'ir, yanada fojiali bo'lishi mumkin. Zero, donishmand bobolarimizdan biri “Ilmdan o'zga najot yo'q”, deya ogoh etgan edi. Ilm esa kitobdadir.

Shaxboz ABDURAIMOV,

pedagog

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × three =