Jing'ilzorlarni qanday asrab qolamiz?
Yobonlarni aylanib bo'lib, Mirzacho'l tumani markazi Gagarin shahridan Jizzax shahriga qaytib kelmoqda edik. “Mirzacho'l — Jizzax” katta asfalt yo'lining chap va o'ng tomonidagi ariq va yo'l yoqalarida son-sanoqsiz saf tortgan jing'il butalariga ko'zimiz tushdi. Oftob tig'iga bardosh berib ko'kka bo'y cho'zayotgan butalar chor-atrofga o'zgacha ko'rk-tarovat bag'ishlab turardi. Shu bilan birga ushbu butazor ichi uzoq vaqtdan beri qanchadan-qancha sudralib yuruvchilar, kemiruvchilar, qo'yingki, barcha jonzotlarga muqim va ishonchli boshpana, ozuqa va yemish topishning asosiy manbai bo'lib kelgan.
Yuzlab turdagi hasharotlar ham bu o'simlik bo'lgan joydan ko'ngil uzib ketolmaydi. Kerak paytda jing'il ularni xavf-xatardan, muqarrar ko'ngilsizlikdan asrab qoladi. Ayniqsa, uni kuzda rango-rang gullaganida ko'rsangiz, yonidan ketolmay qolasiz. Jing'il nafaqat cho'l o'simligi, balki tog'u adirliklarda ham bemalol tomir otib ketaveradi. Mirzacho'lning haqiqiy ko'rki bo'lgan bu butasimon daraxt hozirgi kunda zovurlarning qirg'oqlarida ham topiladi. Keyingi yillarga kelib g'alladan bo'shagan ekinlarga o't qo'yib yuborilishi natijasida bu o'simlikka ham jiddiy ziyon yetmoqda. Ba'zida esa zovurlarning himoya zonalariga ataylabdan o't qo'yib yuborilayapti. O't-o'langa qo'shilib jing'illar ham yonib, zovur atrofini fayzsiz holatga keltirmoqda. Oqibatda shu atrofdagi hayvonot dunyosiga ham zarar yetayapti.
Odatda, qushlar jing'ilga uy qurmaydi. Sababi bo'yi daraxtlardan ancha past. Ammo qanotli do'stlarimiz uning ustida polaponlari bilan uchib-qo'nib o'ynashni xush ko'radilar. Sirasini aytganda, jing'il Mirzacho'lga xol bo'lib tushgan. Jing'ilzorlar ichidagi jonivorlarning migratsiyasi qanday kechayapti? Ular mazkur jarayon chog'ida boshqalarini qisib qo'ymaydimi? Yoki boshqa joyda ko'payadimi? Shu singari talay savollar ko'p-u, ammo jo'yali javob yo'q.
Negadir so'nggi vaqtlarga kelib, tilsiz, zabonsiz, bechora jing'illarning holi battar xaroblasha boshladi. To'g'rirog'i, qo'liga bolta ushlagan odam yo'l va zovur bo'ylarini yashnatib, chiroyli bag'ishlab turgan ming-minglab jing'il butalarini ostidan kesib ketishning zap hadisini oldi. Oqibatda bir-biriga qo'l berib, yaqin o'sgan o'simlik yo'qlik sari zavol tutmoqda. Uning soni yildan-yilga kamayib, yo'qolib bormoqda. Alhol, dastlab qish kunlari aholi noilojlikdan, uyini isitish uchun bu ishga qo'l urayotgandir degan fikrda edim. Men yanglishgan ekanman. Ma'lum bo'lishicha, ekinlarga xalaqit beradi deb uni ostidan chopib tashlar ekanlar.
Tut, gujum, turong'il, saksovul, savr, chinor, qandim, jing'il kabi manzarali, nashvati, anor, bodom, o'rik, yong'oq, xurmo, gilos singari mevali daraxt va butalar jannatmakon o'lkamiz ekotizimi uchun nihoyatda muhim o'rin tutadi. Shunday bo'lgach, bunday ko'chatlarning tur va navlari ko'paytirilsa, foydadan xoli bo'lmaydi. Ayni kezda bu jabhada yurtimizda faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot institutlarida ilmiy faoliyat asnosida shug'ullanayotgan olimlar, fermer-dehqon xo'jaliklari rahbarlari, mirishkorlar, bog'dorchilik orqasidan tirikchilik qilayotgan xususiy jamoalar, shu asnoda usta, tajribakor ishbilarmonlar ham tashabbus ko'rsatishlari lozim. Bu gaplarni nega kuyinib, achinib yozayapman? Axir yashil hududlar nafaqat insonlarning sog'lom va to'g'ri hayot kechirishi uchun, ehtimol, o'simlik va hayvonot dunyosi, tuproq va suv resurslari, iqlim o'zgarishlariga ham jiddiy va sezilarli, ijobiy ta'sir etishi sir emas. Qolaversa, O'zbekiston hududida, yanada aniqroq aytganda, zovur va yo'l bo'ylarida ko'p yillardan beri o'sib, gurkirab kelayotgan, ammo buta sifatida ancha-muncha kamyoblashib, noyoblashib qolgan daraxt va butalarning seleksiyasi masalasiga ham alohida e'tibor qaratilsa tuzuk bo'larmidi, degan o'y kechdi ko'nglimdan.
Aslida, cho'l hududlarida yashil maydonlarni tashkil etish, borlarini esa asl holicha saqlab qolish, asrab-avaylash o'sha joydagi ekologik barqarorlikni tiklash uchun muhim ahamiyat kasb etishini eslatib o'tmoqchiman.
Engil yelvizakdan chayqalayotgan zovur bo'yidagi jing'illar yupqa shoxlari chodirini yoyib, yon-atrofni har tarafdan qurshab turardi. Manzaraga mahliyo bo'lib ancha turib qolibman. Bir mahal oldimda uzun bo'yli, qoruvli bir otaxon paydo bo'ldi. Tanishdik. Ismi Olimjon Esirgapov ekan. Otaxonning fikrlari menga ma'qul keldi. Shu boisdan uni aynan keltirmoqchiman: «Mushtdayligimdan ishqim dehqonchilik va bog'dorchilikka tushgan, desam, mubolag'a bo'lmas. Natijada otamdan daraxt ekish sirlarini o'rganib, go'zal bog'lar yaratdim. Hozirda bu chorbog'lardan farzandlarim, nabiralarim va qo'ni-qo'shnilarim bahramand bo'lishmoqda. Afsuski, yurtimizda “Yashil makon” loyihasi keng quloch yoygan bir kezda jing'ilzorlar yo'qotib yuborilayotgani achinarli holatdir. Ayniqsa, havoning tozaligi va musaffoligini saqlab qolishda muhim o'rin tutgan daraxt va butalar sonini ko'paytirish ham asosiy vazifalardandir. Uyim “Mirzacho'l — Jizzax” katta yo'li yaqinida. Yo'l bo'ylaridagi jing'il butalari yashnab, ko'zni quvontiradi. Ammo bu go'zal va jozibador butaning umriga zomin bo'linayotgani xunuk voqeadir. “Yashil do'st”larimiz umrini qisqartirayotganlarga tanbeh ham berib ko'rdim. Ular oldimda: “Xo'p, bunday hol boshqa takrorlanmaydi”, —deydi-da, birozdan so'ng bilganidan qolmaydi. Aslida, mazkur noma'qulchilik, beshafqatlik tanbeh berishning o'zi bilangina ijobiy yechim topmasligi besh barmoqdek hammaga ayon. Umuman olganda, mavjud jing'ilzorlarning keyingi taqdiri, holati ayrim vaqtlarda e'tiborsiz qolib ketayotgani ko'pchilikning jiddiy noroziligiga sabab bo'lmoqda. Taklifim: yashil borliq masalasi chuqur tahlil etilib, qonun yo'li bilan jing'il kushandalarining tanobini tortib qo'yish darkor. To'g'ri, O'zbekiston Respublikasi “O'simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to'g'risida”gi qonunning 47-moddasida, davlat o'rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni faqat sanitariya maqsadlarida kesish hamda binolarni, inshootlarni va kommunikatsiyalarni qurish hamda rekonstruksiya qilish bilan bog'liq holda kesish tartiboti belgilangan bo'lib, bunga mahalliy davlat hokimiyati organlarining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari bilan kelishilgan qaroriga ko'ra yo'l qo'yilishi aniq-tiniq, ko'rga hassadek ko'rsatib qo'yilgan-ku axir. Afsuski, bu haqli talablarni nazar-pisand etmasdan, qimmatbaho jing'il butalariga qiron keltirilayapti. Bu qilmish jinoyatday gap. Uni kechirib, xaspo'shlashning imkoni yo'q. Buni o'z nomi bilan ona tabiatga xiyonat deb atash lozimdir. Darvoqe, qonunbuzarlar tegishli jarimaga tortilayotgan va qonunda belgilangan jazo qo'llanilayotgan bo'lsa-da, ona tabiatga yetkazilgan zarar bu bilan joyiga tushmaydi”.
Darhaqiqat, fuqaroning kuyinchaklik bilan aytgan fikrlarida jon bor. Boisi ekologik masalalar orasida atrof-muhitga o'simlik dunyosining ta'siri va ahamiyati beqiyosdir. Bunga nafaqat O'zbekistonda, balki dunyoning aksariyat davlatlarida jiddiy masala sifatida e'tibor beriladi. Har nechuk, o'simlik dunyosini asrab qolish va ko'paytirish eng asosiy jabhalardan biri bo'lib qolmoqda. Uning yechimini topish uchun dadil harakatlar boshlab yuborilgan. Prezidentimiz tashabbusi asnosida boshlangan “Yashil makon” umumiy loyihasi doirasida kuz va bahor mavsumida yetarlicha ko'chat ekish maqsad qilingandi. Ahamiyatlisi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi ekologik muammolar yechimiga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi. Negaki, iqlim o'zgarishi dunyo davlatlarini tashvishga, xavotirga solayotir. Daraxt va butalar sonini ko'paytirish ham asosiy vazifaga aylangan. Uning yechimini topishga astoydil kirishilgan.
Sirasini aytganda, Jizzax vohasini kelajak nasimlarga toza havo, noz-ne'mat beradigan, ulashadigan, ko'zni quvontiradigan yashil libosli mintaqaga aylantirish aholining yuraklari tubidagi niyatdir. Agar bu niyatlar ijobat topsa, Jizzax vohasi zamini latif qiyosga kirgan bo'larmidi?
To'g'ri, har yili qishda aholi orasida jing'il va boshqa o'simliklarni kesmaslik, uni nobud etmaslik masalasi ko'tariladi. Chunki tabiatda har bir turning o'rni, vazifasi mavjud. Bordi-yu, nimadir bo'lib o'sha muvozanat buzilgudek bo'lsa, uning jabrini odamzod tortishga mahkum bo'lib qoladi. Afsuski, oramizda tabiatga mislsiz ziyon-zahmat yetkazishdan toymaydigan, quloqsiz insonlar oz bo'lsa-da uchrab turadi. Mabodo siz ularga: “Og'ayni, siz, noto'g'ri yo'l tutayapsiz”, deb aytgudek bo'lsangiz, darhol: “Bittagina buta kesilgani bilan osmon uzilib yerga tusharmidi?” deb jirtakilik qiladi. Hattoki siz bilan yoqa bo'g'ishishgachayam borishdan tap tortmaydi. Qolaversa, ochiq, yaydoq dalada o'sgan jing'illarga ko'z-quloq bo'lishning iloji yo'q. Har kimning o'ziga insof bersin. Aslida, biz uchun kichik, mayda masalaning o'zi yo'q. Shunday bo'lgach, yo'l va ariq yoqalariga ajib bir joziba, uyg'unlik baxsh etib turgan jing'ilni yo'qotishga zo'r bermaylik. Zero, bugun biz asragan o'simlik ertangi avlodning ko'zini quvontiradi. Ommaviy axborot vositalari tabiatni muhofaza qilish, uning boyliklaridan tejab-tergab foydalanish haqida tez-tez bong urayotganiga qaramay, bu narsa keng jamoatchilikka sezilarli ta'sir ko'rsata olmayapti. Faqat so'z bilan, tushuntirish bilan biror-bir natijaga erishish qiyin. Ko'pchilik biladimi, yo'qmi, Jizzax, Paxtakor, Do'stlik, Mirzacho'l katta asfalt yo'li bo'yi yaqinidagi aholining ba'zilari jing'ilga qiron keltirayapti. Uni tag-tomiri bilan chopib olib ketayapti. Shu vajdan quyidagi takliflarni bayon qilmoqchiman:
Birinchi galda, aholi o'z vaqtida gaz va ko'mir bilan ta'minlanishi lozim. Shuningdek, fuqarolar ekologiyaga oid qonunlarni shunchaki, yuzaki bilishadi. Shu bois maktab, litsey, kollej, hunar-texnika bilim yurti, oliy o'quv yurtlarida ekologiya ilmidan chuqurlashtirilgan saboqlar berilsa, respublikamizning barcha viloyatlari, tumanlarning o'z “Qizil kitobi” bo'lsa? Bordi-yu, bu taklifim e'tiborga olingudek bo'lsa, ekologik qaltis vaziyatning ildiziga bolta urilib, u qisman bo'lsa-da kamayarmidi?
Ulug'bek JUMAYEV,
jurnalist.
