“Cho'l archasi” asrab qolinadimi?

Yigirma birinchi asr insoniyatni qator muammolarga giriftor etdi. Xususan, iqlim o'zgarishi, o'rtacha haroratning ko'tarilishi, suv tanqisligi, qurg'oqchilik, yashil maydonlarning qisqarib borishi, sho'rlanish, yaylovlarning degradatsiyasi, cho'llanishga moyil yer maydonlarining ortishi hamda boshqa talay oqibatlarni ko'rsatish mumkin. Dunyoning boshqa mintaqalarida bo'lgani singari, mamlakatimizda ham ekologik vaziyat barqaror emas. Tabiatda bioxilma-xillikni saqlab qolish va kamayib borayotgan o'simlik, buta va daraxtlarni asrash, ularning butunlay yo'q bo'lib ketishining oldini olishni paysalga solib bo'lmaydi.

Yaqinda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o'tkazilgan nufuzli anjumanda Prezidentimiz bugungi kunda siyosiy, savdo-iqtisodiy, suv-energetika qatorida ekologiya, tabiatni asrab-avaylash, daraxtzorlarni ko'paytirish dolzarb vazifalardan biri ekanligini aytdi. Yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yashil qoplamalar barpo etilayotgan bir paytda, cho'l archasiga ayrim kimsalarning nopisand munosabatda bo'layotgani qo'limga qalam tutqazdi.

…Qizilqum sahrosi bag'ridagi ovulda umrguzaronlik qilib, suruv ortidan yurgan cho'pon do'stim bor. Yaqinda u shaharga tushgan ekan. Gap orasida u-bu yerda siqilib, qisinib ketganini, erta tong otishi asnosida cho'lga, qadrdon manzili tomon qanot chiqarib uchishini aytdi.

— Qo'ysang-chi, nahotki shunday go'zal, katta shaharda ham zerikish mumkin bo'lsa? Cho'lga buncha oshiqmasang, qol, ikki-uch kun dam olib qaytarsan, — dedim.

— Do'stim, har kimga o'z kindik qoni tomgan oshyoni aziz. Meni baribir sahro bag'riga chorlayveradi. Uning bag'rida o'sgan saksovulzorlar xuddi qalin o'rmonni eslatadi. Ular menga qadrli. Aslida, bilsang, cho'l — qo'shiq. Men ana shu qo'shiqning shaydosiman.

Chindan ham, cho'pon do'stim aytganidek, sahroning sehri, sir-sinoati, mo''jizasi, ajoyib hodisalari talay.

Aslida, sahro bag'rida ham hayot qaynab turadi. Uning bizu sizga noma'lum siru sinoati, g'aroyibotlari serob. Bularda quyoshning o'tli nafasi, qahratonning qahri, bahorning sertashvish kunlari, hayot uchun astoydil kurash manzaralari, odamlar taqdiri aks etganday go'yo.

Asriy Qizilqum va Qoraqum cho'llari nabotot, hayvonot olamiga boyligi bilan ajralib turadi. O'lkamizda o'rmon bilan qoplangan maydonlarning kattagina qismi ana shu cho'l hududlari hissasiga to'g'ri keladi. Bu yerlarda saksovul, cherkez, quyonsuyak, qandim, shuvoq, no'xatak, yantoq, iloq va boshqa o'simliklar o'sadi. Bu o'simliklar yil mobaynida chorvani to'yimli ozuqa bilan ta'minlaydi.

Yurtimizning Navoiy, Buxoro, Qoraqalpog'iston singari mintaqalarida bo'lsangiz, katta-katta maydonlarda xuddi o'rmondek bo'lib o'sib yotgan saksovulzorlar ko'zga tashlanadi. Saksovulning gullashini ko'rsangiz, tabiatning naqadar mo''jizakor ekanligini ilg'aganday bo'lasiz. Qora va oq rangli saksovulzorlar orasida yuz minglab hasharotlar makon qurgan. Million yillardan buyon saksovulzorlarda sudralib yuruvchilar, kemiruvchilar, qo'yingki, barcha jonzotlar umrguzaronlik qilib keladi. Saksovul faqatgina cho'l, yarim cho'l, adirliklardagina o'sadi. Qaysidir ma'noda bu o'simlik ko'chma qumlarni kuchli shamol ta'siridan to'sishi mumkin. Qumlarni mixlaydi. Qolaversa, cho'l hayvonlari jazirama issiq paytida uning panasida soyalaydilar. Cho'l yaylovlarida ko'karib, qad rostlagan saksovulzorlar birinchidan, havoni tozalayotgan bo'lsa, ikkinchidan, uning ildizlari qum barxanlarining ko'chib yurishi hamda paydo bo'lishiga barham bermoqda.

Toshkent-Qo'ng'irot poezdida Qoraqalpog'iston Respublikasiga ketayotgandim. Vagon oynasidan ochiq cho'lga qaradim. Shunda katta-katta maydonlarni egallaganicha o'sib yotgan saksovul daraxtlariga ko'zim tushdi. Bu o'simlikni mahalliy aholi “cho'l archasi” deb atashadi. Ko'pchilik biladimi, yo'qmi, cho'lda istiqomat qilayotgan aholining aksariyati ana shu saksovul daraxtiga qirg'in keltirayapti. Ular aksar ko'mir, gaz yo'qligi uchun har yili daraxtlarni qirqib, qishga yetadigan miqdorda o'tin tayyorlashadi. Negaki, aholi vaqtida ko'mir bilan ta'minlanmas ekan, ahvol doimgiday “eski tos, eski hammom”ligicha qolaveradi. Ko'plab fuqarolar ekologiya bilan bog'liq qonunlarni yaxshi bilmaydilar. Achinarlisi, sahrodagi saksovulzorlarning qirqilishi oqibatida tabiat ziyon ko'rayapti, chorva ozuqasiz qolayapti.

— Yo'lda kelayotib, ko'zingiz tushgandir. Xo'jaligimizning barcha yaylovlarida saksovul daraxtlari xuddi o'rmondagidek bo'lib o'sib yotibdi. Bo'yi 1,5-2 metr, tanasining diametri 1 metrgacha keladigan ushbu o'simlikning yashil novdalari organik modda to'planishiga xizmat qiladi, — degandi bundan ancha yil muqaddam Navoiy viloyati, Konimex tumanidagi, Abay qorako'lchilik naslchilik xo'jaligini uzoq yillar boshqargan, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan qishloq xo'jaligi xodimi, qishloq xo'jalik fanlari nomzodi Mustafo Egamqulov. — Ochig'ini aytay, cho'lda saksovulning ahamiyati, o'rni katta. U aholi uchun o'tin, chorva uchun to'yimli ozuqadir. Lekin ayrim loqayd, befarq kimsalarning oxirini o'ylamasdan tashlayotgan qadamlari qimmatga tushayapti. Ular ko'pincha yozda yo'lda keta turib, chekkan sigaretasi qoldig'ini tashqariga uloqtirishadi. Oqibatda jaziramada qizib turgan o't-o'lan birdan lov etib olov oladi. Yozda ana shunday hol ikki-uch marotaba ro'y berdi. Bir amallab, ovuldagi odamlar ko'magida olovni o'chirib oldik. Axir saksovulzor bizning boyligimiz-ku?!

Mustafo Egamqulov kuyinchaklik bilan ta'kidlaganidek, cho'l, yarim cho'l hududlaridagi yaylovlar, ularning hayotimizda tutgan o'rni, mavqei, ahamiyati borasida jamoatchilik dunyoqarashini oshirish zarur.

Bir gal Yaylovxo'ja Usenov degan bir tanishimiz bilan Ellikqal'a hududidagi Qirqqiz qal'a qoldiqlarini tomosha qildik. Qal'adan chiqqach, qiziq bir holatga guvoh bo'ldik. Gap shundaki, qal'a yaqinidagi yo'l bo'yida to'rt-besh yuk mashinalari turardi. Mashinalar ustiga baland qilib saksovul shoxlari ortilgan ekan. Ochig'i, yosh nihollarni ko'rib, ularga achinib ketdik. O'sha kuni nazoratchilar saksovulni noqonuniy ortgan yettita mashina haydovchisini ushlagan edilar.

— Bilmadim, ona-tabiatga mehr-muhabbati bor inson bunday noma'qul ishga qo'l urmaydi. Negaki, tabiat bizning onamiz. Aslida, tabiat bir turni yaratish uchun necha million yil sarflaganligini o'ylab ko'rish kerak. Shunday ekan, bunday noma'qul ishga qo'l urgan kimsalarni aslo kechirib bo'lmaydi, — deydi chorvadorlar sardori Yaylovxo'ja Usenov. — Yana tabiat qonuni nihoyatda shafqatsiz ekanligini ham aslo yoddan chiqarmaslik kerak.

Afsuski, keyingi yillarda ayrim kimsalarning dalaga o't qo'yib yuborishi natijasida bu o'simlikka ham jiddiy ziyon yetayapti. O't-o'langa qo'shilib, saksovulzorlar ham yonib, chor-atrofni fayzsiz holga keltirib qo'ymoqda. Oqibatda ana shu atrofdagi hayvonot dunyosiga ham katta zarar yetayapti. Bu daraxtga qushlar in qurishadi, o'nlab turdagi jonivorlarga makon bo'lib xizmat qiladi. Shunday ekan, saksovul daraxtlarining yo'qolib ketishiga aslo yo'l qo'yib bo'lmaydi. Negaki, bu daraxt yo'qolgudek bo'lsa, flora va faunaga, jonzotlarga jiddiy ziyon yetishi mumkin.

Orolning qurigan tubida turibmiz. Yer taram-taram bo'lib yorilib ketgan. Sal narida tuyalar uyuri o'tlab yuribdi. Qurigan joylarda ko'rganlarimni aytay. Orol dengizining qurishi oqibatida ekologik noxush vaziyat yuz bergan katta hududdagi tabiatni saqlash, dengiz chekinishi oqibatida paydo bo'lgan maydonlarga iqlimbop daraxt va butalar ekib, qum ko'chishi, zaharli chang-to'zonlarning havoga ko'tarilishining oldini olishdek muhim ishlarni o'rmonchilar uddalab kelayaptilar. Uch million gektarni egallagan Orolqumning naqd ikki million gektari mamlakatimiz hududiga to'g'ri keladi. Demak, bu ulkan maydondagi qum ko'chishi, chang-to'zonlarning osmonga ko'tarilishining oldini olish zarur. Qoraqalpog'iston Respublikasi O'rmon qo'mitasi sa'y-harakatlari asnosida barpo etilgan saksovul, cherkez, tamarikszorlar bir necha o'n ming gektarni tashkil etayapti. Saksovul urug'i sepilgan va qadalgan maydonlardagi ko'chatlar tezda amal olib, ko'kka bo'y cho'za boshladi. Ko'chma qumloqqa saksovul ko'chati o'tqazilayotgani ko'ngildagi ish bo'layotir. Orol dengizining qurigan qismida bir kunda to'rt faslni eslatuvchi, o'zgaruvchan havo hukmronlik qiladi. Ana shunday murakkab sharoitda ham qoraqalpog'istonlik o'rmonchilar xalqimizning “Bittasini kessang, o'ntasini ek” degan maqolga amal qilgan holda ter to'kishayapti. Lekin bu daraxtlarni kesib ketish holatlari ham uchraydi.

Qadimda odamlar saksovul urug'i sepib, ortidan qo'y suruvini haydashar ekan. Suruv oyog'iga ilashgan urug'larni uzoq-uzoq manzillargacha yetkazsin deb. Natijada u yerlarda o'sib chiqqan saksovul daraxti chorvani to'yimli ozuqa bilan ta'minlarkan. Shu o'rinda Navoiy viloyati hududiy jihatdan to'lig'icha cho'l zonasiga kirishini eslatib o'tmoqchimiz. Qolaversa, cho'l ekotizimi juda nozik, u tashqi ta'sirlarga chidamsiz bo'ladi. O'z-o'zini tiklash imkoniyati esa cheklangan. Shu sababli cho'l resurslaridan foydalanishda omilkorlik, ehtiyotkorlik zarur.

Navoiy shahri markazidan Saribel qorako'lchilik xo'jaligigacha bir yuz o'ttiz chaqirimcha masofa bor. Ana shu xo'jalikdan o'tib, Aydarko'lga yaqinlashsangiz — qalin o'rmonni eslatuvchi saksovulzorlar boshlanadi. Saksovul, ayniqsa, Boymurod, Uchtepa, Utemerod, Keregetov singari hududlarda juda qalin o'sgan. Shu boisdan mahalliy aholi saksovul daraxtini asrab-avaylaydi.

Cho'lning ko'z ochirmas izg'irinlariga ko'krak tutib turgan bu daraxtlarga, ko'z ilg'amas, intihosiz kengliklarga ko'z tikib, ana shu zaminning bir parchasi ekanini ta'kidlayotganday mahzun chayqalayotgan, shokilalari osilib turgan qirq yillik saksovullarni quchib, uning dardini dunyoga baralla aytging keladi. Saksovullarning taqdiriga befarq qaramaslik kerak. Buni anglab yetgan buxoroliklar yo'l chetlariga saksovul butalarini ekishni boshlab yuborganliklariga ancha bo'ldi.

Lekin o'rmonchilarni anchadan beri og'riqli masala qiynab kelmoqda. Bepoyon sahro bag'ridagi o'rmonzorlar chekinib, saksovulzorlar qirqilib bormoqda. “Cho'l archasi” vujudiga bolta ko'targan inson bolasi tig' urmoqda. Qolaversa, keyingi yillarda cho'l o'tloqlarining o'zlashtirilishi, saksovul, cherkez, qandim, tamariks, shuvoq turlari va boshqa o'simliklar aholi, cho'pon-cho'liqlar tomonidan yoqilg'i sifatida ishlatilmoqda. Bu o'ta dolzarb muammoning mohiyatini, sababini, cho'ldagi oddiy odamdan tortib, idorada o'tirgan mutaxassisgacha tushunmog'i, chopilayotgan, yoqib yuborilayotgan daraxtlarni saqlab qolish uchun oyoqqa turmog'i kerak. Birgina o'rmonchilarning bu ulkan va ayni paytda dolzarb muammoni hal etishi mushkul. Qizilqum cho'l yaylovlarining deyarli o'n million gektari inson yordamiga muhtoj. Ahvol shu zaylda ketaversa, armonda qolamiz. Mana, azizlar, safarlar chog'ida ko'rgan-kechirganlarimni, taassurotlarimni so'zlab berdim. Xulosa chiqarish siz tan.

…Qizilqum saksovulzorlari… Ochig'i, u siru sinoatga, hayratga, mo''jizaga va ayni pallada achchiq-achchiq muammolarga to'la. Cho'l bag'riga atay ekilgan million-million gektarlik “cho'l archalari”ni ko'rib, hayratdan lol qolasiz. Afsuslar bo'lsinkim, tabiat yaratgan saksovul daraxtini kesib, uni pullayotgan, boylik orttirayotgan kimsalar hozir ham uchrab turadi. Ularning bu harakatlarini jilovlash shart. Bundaylar betakror nabotot olamini qadrlash lozimligini unutgan ko'rinishadi. Bu holni aslo kechirib bo'lmaydi. Qolaversa, sahrodagi million-million gektardagi “cho'l archasi” asrab qolinsa, ekologik fojialar qisman bo'lsa ham kamayarmidi?

Ulug'bek JUMAYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 7 =