Farg'onada jinoyatlar ko'paydimi?
2020 yilda Farg'ona viloyatida jinoyatlarning oshib ketishi, ayniqsa, xotin-qizlarni zo'ravonliklardan asrash, huquqlarini himoya qilish, ularni jinoyatga yetaklayotgan omillar, murojaatlar taqdiri, jinoyat haqida xabar berish xususidagi munozaralarga oid savollarimizga javob olish maqsadida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i, polkovnik Doniyor Toshxo'jayev bilan suhbat qildik.
— Davlatimiz rahbarining Farg'ona viloyatiga tashrifi doirasida o'tkazilgan uchrashuvda mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, fosh etilgan jinoyatlarni har o'n besh kunda “Farg'ona tajribasi” sifatida televidenie va matbuotda e'lon qilib borish tizimini joriy etish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi. Ayting-chi, ommaviy axborot vositalarining ta'siri sizning faoliyatingizda sezilarlimi?
— Ommaviy axborot vositalarisiz ishimiz deyarli oldinga siljimaydi. Ular bilan hamkorlik jinoyatning oqibatlari, har qanday jinoyatga jazo muqarrarligi va bundan hech kim qutula olmasligini xalqqa tushuntirishda nihoyatda qo'l keladi. O'zim ko'p bor guvoh bo'lganman, tergov jarayonlarida voyaga yetmaganlar u yoqda tursin, kattalarning ham ko'pchiligi sodir etgan xatti-harakatining jinoyat ekanini bilmaydi. Bu ahvolni o'zgartirish, aholining huquqiy bilimini oshirishga ko'maklashishda ommaviy axborot vositalarining xizmati beqiyos. Chunki biz yakka tartibda, ba'zan 50-100 nafar fuqaroga tushuntirish ishlari olib borishimiz mumkin, lekin aholining katta qismini qamrab ololmaymiz.
Shuningdek, biz xodimlarimizning noo'rin xatti-harakatlarini ham ommaviy axborot vositalari orqali ko'rib, bilib turibmiz. Jurnalistlar nafaqat xalqqa, balki bizga ham ko'zgu tutmoqda.
“Farg'ona tajribasi”ga kelsak, jinoyatga jazo muqarrar, qing'ir ishlarning oxiri voy ekanidan odamlar har doim voqif bo'lib tursin degan maqsadda amalga oshirilmoqda. Davlat rahbarining viloyatga tashrifidan 15 kun o'tib, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ilk qadamni qo'ydik. Shu kunlarda ikkinchi bor omma oldida hisobot berishga tayyorlanmoqdamiz.
— O'tgan 2020 yilda respublika bo'yicha qotillik, o'zgalarga qasddan shikast yetkazish, bosqinchilik, o'g'rilik kabi jinoyatlar sodir etilishi afsuski, eng ko'p Farg'ona viloyatida qayd etilgan. Jinoyatlarning 50 foizi firibgarlik bilan bog'liq. Kriminogen hodisalarning bu darajaga yetganini qanday izohlaysiz?
— “Farg'ona viloyatida 2020 yilda jinoyatlar soni oshdi” yoki “2021 yilda firibgarlik, o'g'rilik ko'paymoqda” kabi fikrlarga qo'shilmayman. Viloyatda oxirgi paytlarda bitta xatolikka yo'l qo'yildi: yarashtiruv instituti amaliyotga noto'g'ri tatbiq etildi. Ya'ni, o'g'ri ham, to'g'ri ham yarashtirib qo'yaverildi. O'zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 36-moddasiga muvofiq, kam ahamiyatli qilmishlar jinoyat deb topilmay, jinoyat ishlari qo'zg'atilishi rad etildi. Natijada, jinoyatlar soni hujjatlarga ko'ra “kamaygan”, amalda aybdor javobgarlikka tortilmagan, jabrlanuvchining esa dodini hech kim eshitmagan. Alaloqibat, qonunga, organ xodimlariga nisbatan ishonch susaydi. Jinoyatchi “qutulish oson ekan”, degan o'yga borib qoldi, jabrlanuvchi esa “haqiqat yo'q”, deya alamini ichiga yutdi.
Endi jinoyatlarning real soni keltirilmoqda. Bu holda statistikaga ko'ra, jinoyatlar soni ko'paygan bo'lib chiqishi tabiiy. Hozir har qanday darajadagi huquqbuzarlik va jinoyatlarga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Maqsadimiz qonun ustuvor, jazo muqarrar ekanligini amalda ko'rsatish, fuqarolarning ishonchini qozonishdir.
— Yoshlar va xotin-qizlar masalasiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilayotgan bir paytda, ayollar tomonidan ham ko'pgina jinoyatlar sodir etilmoqda. Sizningcha, buning asl sabablari nimada?
— Moddiy yetishmovchilik, ishsizlik, qolaversa, ayrim oilalarda mas'uliyatni his qilmaydigan erkaklarning borligi muammoning ildizi deb o'ylayman. Shuningdek, oiladagi nosog'lom muhit voyaga yetmagan qizlarga sezilarli salbiy ta'sir ko'rsatyapti. E'tibor bering, 2021 yilning ikki oyi ichida viloyatimizda ayollar tomonidan sodir etilgan 197 ta jinoyat ro'yxatga olingan bo'lsa, ulardan 67 tasi firibgarlik, 41 tasi o'g'rilik bilan bog'liq. Jinoyatchilarning ijtimoiy ahvoli tahlil etilganda, ularning 13 nafari ishsizlar, 51 nafari uy bekasi, 88 nafari ish bilan band turli soha vakillari, 7 nafari nafaqadagilar, 7 nafari maktab o'quvchisi. Ko'rinib turibdiki, ayollar o'rtasida firibgarlik bilan bog'liq jinoyatlar ko'proq uchrayapti.
Bunga qarshi kurashish maqsadida joriy yilning fevral oyi davomida hamkor tashkilotlar bilan birga xonadonma-xonadon yurib, 3085 ta xonadonning yashash sharoiti o'rganildi. Bu xonadonlarda yashovchi 2105 nafar xotin-qiz bilan suhbatlar o'tkazilib, ularda aniqlangan 314 ta muammoning 96 tasi hal etildi, qolganlarini hal etish uchun tegishli soha mas'ullariga ko'rsatma, taqdimnoma hamda aloqa xatlari yuborilishi ta'minlandi.
— Tazyiq va zo'ravonlikka uchragan ayollar huquqlari qanday himoya qilinmoqda?
— Farg'ona viloyatida jami 19 ta “Zo'rlik ishlatishdan jabr ko'rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o'z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari” tashkil etilgan bo'lib, oilada ma'naviy, ruhiy zo'ravonlikka uchragan 854 nafar ayolga ushbu markazlar xodimlari tomonidan psixologik yordam ko'rsatildi.
Shuningdek, oila — turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarlik yoki jinoyatning oldini olish maqsadida himoya orderi berish yo'lga qo'yilgan. Ayollarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish maqsadida ishonch telefonlari ham joriy etilgan bo'lib, bu o'z navbatida najot istab murojaat qilgan ayollarga tezkorlik bilan yordam berish imkonini yaratdi.
Viloyat IIBda 2020 yil oktyabr oyida “102” tizimining ishga tushirilishi ko'plab salbiy holatlarning tezkorlik bilan oldini olishga xizmat qilmoqda. Farg'ona viloyatining barcha hududlarida xotin-qizlar masalalari bo'yicha katta inspektorlarning ish kunini “102” ishonch telefoniga tushgan ayollar murojaatlaridan boshlash tizimi yo'lga qo'yildi.
— “102” markazlashgan tarmog'iga kuniga nechta murojaat kelib tushadi? Bunday murojaatlar bilan ishlash qanday kechmoqda?
— Tizimga bir kunda o'rtacha 50-60 ta jinoyat to'g'risidagi xabar kelib tushadi. Navbatchilik qismidagi 6 nafar xodim xabarni qabul qilgach, maxsus anketani to'ldiradi va hudud ichki ishlar bo'limi hamda markaziy boshqarmaga ma'lum qiladi. Tezkor yordamchi guruh tuzilib, kerakli manzilga jo'natiladi va ish ochiladi. Muammo imkon qadar tezlik bilan hal etiladi. O'ta jiddiy jinoyatlar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bir oy, yengilrog'i uzog'i bilan 10 kun muddatda bartaraf qilinmoqda. Ko'proq oilaviy janjal, o'g'rilik va firibgarlik haqidagi xabarlar kelib tushadi.
— Avvalgi “102” bilan hozirgisining farqi nimada?
— Tan olib aytish kerak, avvalgi tizimda tumanlarda aksar jinoyatlar ro'yxatga kiritilmay qolib ketardi, to'liq nazorat qilish imkonsiz edi. Jinoyatchi yoki huquqbuzar navbatchi xodim bilan kelishib, ishlar bosdi-bosdi bo'lgan holatlar ham uchragani sir emas. Ilgari “102” tarmog'i shahar-tumanlarda mavjud bo'lgan bo'lsa, endilikda butun viloyat bo'ylab yagona markazga aylangan. Yangi tizimning afzalligi shundaki, bu yerga kelib tushgan har qanday xabar katta-kichikligidan qat'i nazar e'tibordan chetda qolmaydi. Ro'yxatga olinadi, demak, nazoratga olinadi va tegishli ijrosi ta'minlanadi.
— Jinoyat haqida xabar bergan kishilarga nisbatan turli qarashlar mavjud. Ularni chaqimchi, sotqinga chiqarib qo'yadiganlar ham ko'plab topiladi. Sizning bunga munosabatingiz qanday?
— Bir hayotiy misol keltirsam: fevral oyida Belorussiyaga bordik. Soat tungi 3 edi. Svetoforning qizil chirog'i yonib turibdi. Ko'chada birorta mashina yo'q. Sheriklarimizdan biri “Ketdik, mashina yo'q-ku”, deb piyodalar o'tish chizig'iga qadam qo'ygandi, orqamizdagi bir belorussiyalik kishi “To'xtang! Qayoqqa ketyapsiz? Yashil chiroq yonsin, keyin o'tasiz”, deb to'xtatdi. Yevropa davlatlarining deyarli hammasida jamoatchilik nazorati kuchli. Fuqaro qonunni biladi, hurmat qiladi, bo'ysunadi. Biz hozir yo'lning boshidamiz. Hammasi iziga tushib, bu borada ko'nikma, ong shakllanishiga, har bir odam qonunga so'zsiz va anglagan holda amal qilishni o'rganishi kerak. Ishni, avvalo, o'zimizni tuzatishdan boshlashimiz kerak.
“Hurriyat” muxbiri
Sevara ALIJONOVA
suhbatlashdi.