Ta'limdagi “varaja”

Ta'lim millatning jarga qulamasligi uchun tirgak bo'lib, uni ustida ko'tarib turadigan ko'p­rik vazifasini o'taydi. Davlat ustunlarini tayyorlab beradi va kelgusida barcha tizim bu kadrlarga suyanadi. Lekin, bugungi ta'limimizni biz o'ylaganchalik mustahkam tirgakka meng­zay olamizmi?

Esingizda bo'lsa, gazetamizning shu yil 17 fevraldagi №7 sonida “Qoyil, janob Shermatov!” sarlavhali maqola chop etilgan, unda vazirlik o'zi muassis bo'lgan bolalar nashrlarining bugungi achinarli ahvoli ko'tarilgandi. Obuna emas, birinchi galda ma'naviyat, farzandlarimizni mutolaaga, ma'rifatga qaytarish haqida so'z ketgandi. Afsuski, tahririyatimiz hanuzgacha mutasaddilardan   ushbu maqolaga umuman javob olmadi. Hech qanday munosabat yo'q! Ta'lim tizimi va bugunu ertamizdan azbaroyi xavotir olib, vazirlik eshigini yana takroran qoqmoqdamiz. Bu gal ham munosabat bildiriladimi, yo'qmi — bizga qorong'i!

Xalq ta'limi vazirligining rasmiy saytida keltirilishicha, 2020 yilda xalq ta'limi tizimiga jami 22,5 trillion so'm (2019 yilga nisbatan 99.3 foiz) mablag' ajratilgan. Bu puldan, o'rgangan ko'ngil-da, 190 milliard so'mdan ziyodi talon-toroj qilinibdi. Qolgan mablag'lar esa umumta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, pandemiya sharoitida tizimni zarur jihoz va himoya vositalari bilan ta'minlash, o'qituvchilar maoshiyu boshqa ko'zda tutilgan xarajatlarni qoplash uchun sarflanibdi. Nafaqat 2020 yil, balki har yili bu sohaning rivojiga byudjetdan milliardlab mablag'lar ajratiladi aslida. Zero, bu jadal islohotlarga o'quvchilar ham jim qarab turgani yo'q. Albatta, yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlarga “labbay!” deya javob qaytarayotgan iqtidorli ming­lab yoshlar topiladi. Lekin…

Qarshi shahridagi 1-sonli o'rta maktab. Million-million mablag'lar sarflangan ta'lim muassasalaridan biri. Xullas, ijtimoiy tarmoqlarda shu maktabning bir o'quvchisi sinfda turgan farrosh chelagiga peshob qilish orqali yaratib berilgan shart-sharoitlarga kattakon “rahmat aytib” chiqdi. Bu sharmandali “tomosha”ni bolalar, hatto qiz bolalarning hiringlagan ovozlari “bezab turibdi”. Ma'lumotga aniqlik kiritish uchun maktab o'qituvchisi Baxtigul opa bilan bog'langanimizda, ustoz:

— Men hech narsani bilmayman. Umuman, bu masalada men bilan bog'lanishga nima haqqingiz bor? U voqea hech qanaqasiga 1-maktabda bo'lmagan. Video lavhadagi bolani ham tanimayman, meni qaytib bezov­ta qilmang, — deya jahl qildi.

Mayli, voqea qaysi maktabda bo'lmasin, O'zbekiston hududida sodir bo'ldi. Tagi teshilgan kemaning butun tomoniga o'tib, men tomonga suv chiqmayapti, bu masalaning menga aloqasi yo'q deya kema cho'kishini kuzatib turishga hech birimizning haqqimiz yo'q! Chelakka bovul qilayotgan o'quvchi esa ta'lim tizimidagi talon-torojlik­larning mevasi, bolalarga gapi o'tmaydigan, 4 yil karidorda “o'qib”, dip­lom olgan o'qituvchilarning berayotgan “tarbiya”si natijasi emasmi?! Bugungi o'quvchilarimiz shu darajaga kelib qoldimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan bu video lavhada sinf devorlari va xonadagi jihozlarning yaqinda ta'mirdan chiqqani ko'rinib turibdi. Yosh bolalarning qo'lida telefon ushlab, bemalol tasvirga olib yurganidan esa voqea anchagina zamonaviy maktabda bo'lganiga isbotdir. Maktablarga ma'naviyat va ma'rifatni qaytarib, bolalarda mutolaaga muhabbat uyg'otishga amaliy ishlar bilan harakat qilishning hali ham vaqti kelmadi desangiz, yuqoridagi video ostiga izoh qoldirgan birgina tarmoq foydalanuvchisi Anvar Xolmurodov fikriga quloq tuting:

— Shu maktab(Qarshi shahridagi 1-maktab)ga yaqinda borgan edim. Katta tanaffus vaqti 8-9-sinf qizlari telefonda behayo videolar ko'rib o'tirganiga ko'zim tushdi. O'qituvchisiga aytishga ham uyalib, tilimni tishladim. Juda betarbiya bolalar ko'p ekan…

So'nggi yillarda o'qituvchilar o'quvchilarni hatto chertishga ham qo'rqib qolishdi. Ota-onalar farzandining tarafini olib, maktabga ha deganda yugurib boraverdi, eti sizga, suyagi bizga naqli kitoblarda qolib ketdi. Xo'sh, tepadagi holatda ham bolaning ota-onasi: “Bu mening o'g'lim, uning nima gunohi bor?”, deb yugurib chiqsin, o'qituvchining yoqasidan olib, maktabda janjal qilsin-chi! Ha, shunday bo'lishiyam mumkin!

Shu yerda yana bir og'riqli masala ko'zga tashlanadi. Ustoz mehnati, ta'lim va ilmning qadriga yetmagan ko'pchilik ota-onalar hamkorlikdan bo'yin tovlab, farzandi bilan shug'ullanishga tirikchilik tashvishlaridan ortmasligi, bo'sh vaqti yo'qligini ro'kach qiladi. Hatto bolasini kiyintirib, to'ydirib qo'yganini iddao qilib, “Ta'lim va tarbiya sizning — maktabning vazifasi”, demoqchi bo'ladi. Ota-onasining muallimiga bunday munosabatini ko'rib ulg'ayayotgan bola o'qituvchisini qanday hurmat qilsin?! Uning ortidan qanday ergashadi?

Bir paytlar maktab va madrasa­larni masjid sifatida e'zozlagan ota-bobolarimiz. Unda o'tgan har bir soniyani muqaddas bilishgan. Bu dargohda bemalol atrofga peshob sachratayotgan odamsifat boladan ertaga nima ham kutish mumkin? Faqat senga shunday “tarbiya” bergan ota-onangga “rahmat!” deysan, xolos…

Davlatning kelajagi yoshlarning olgan ta'lim-tarbiyasiga bog'liq, dey­dilar. Aslida, holat bu darajaga kelishiga jamiyat, maktab, ota-ona, qo'yingki, barchamiz aybdor: “Onalarimiz bilim va tarbiya o'rnig'a erlari ila urushub-talashub, qizlarig'a mol qilmakni yaxshi ko'rurlar.

Otalarimiz bolalarig'a o'qutmak va ta'lim bermak o'rnig'a “O'g'lum, emdi kattakon yigit bo'lding, shuncha o'quganing yetar, pul top!” — deb yuk “tashishka” — hammollik qildirishni yaxshi ko'rurlar…”

(Abdulla Avloniy)

Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi 1-maktabning “qahramon”ini butun o'zbek maktablaridagi bemaqsad, darsga nima uchun kelayotganini bilmaydigan o'quvchilarimizning prototip obrazidir deyish mumkin. Yoshlarning ma'naviyatdan uzoqlashishi, kitob o'qimasligi, o'n bir yil davomida qo'liga gazeta-jurnal ushlamasligining natijasi ham bu! Mutasaddilar bu boradagi maqola va murojaatlarga javob bermasdan, kasalni yashirib, ko'rmaganga olsa olar, ammo aksariyat o'quvchilarning allaqachon “isitma”si chiqib bo'lgan, ta'limimiz istasa-istamasa ham shunday o'z-o'zini oshkor qilaveradi…

Abdulaziz AHMEDOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 8 =