“Nima bizga Afrika!” yoki tuyaqushchilik bizning iqlim sharoitimizda serdaromad sohaga aylanadimi?

Ota-bobolarimiz: “Qalovini topsang qor ham yonadi”, deb bejiz aytishmagan. Bugun mamlakatimizning tarmoq va tizimlarida eng zamonaviy innovatsion texnologiyalar joriy etilmoqda. Natijada tadbirkorlarimiz, fermerlarimiz mutlaqo notanish bo'lgan sohalarda ham o'z omadlarini sinab ko'rishmoqda.

Tajriba sifatida avval qo'l urilmagan ishlarni sinab ko'rishdan cho'chimaydigan tadbirkorlar Surxon vohasida ham topiladi. Angor tumani “Karvon” mahallasidagi “Azizbek Sherobod eksport” ko'p tarmoqli fermer xo'jaligi jamoasi parrandachilikda yangi yo'nalishga qo'l urdi. Bank krediti asosida Afrika qit'asidan tuyaqushlar olib kelib, parvarishlashga qaror qilishdi. “Bu tavakkalchilikdan boshqa narsa emas. Ayrimlar tovuq boqishni eplay olmayotgan bir paytda, tuyaqushga balo bormi”, deganlar ham bo'ldi.

— Biz tuyaqush boqish va parvarish­lash texnologiyasini soha mutaxassislaridan so'rab-surishtirib, keladigan daromadni obdon hisoblab chiqdik. O'ttiz bosh tuyaqush jo'jalari olib kelinganda kattaroq tovuqday kelardi. Oradan ikki yil o'tib parrandalar ko'paya boshladi. Bu orada ishchilarimiz tuyaqushlarni boqish, parvarishlash sir-asrorlarini yaxshi o'zlashtirib oldi. Eng muhim jihati, o'tgan vaqt mobaynida tuyaqushlar Angorning iqlim sharoitiga to'liq moslashdi, — deydi “Azizbek Sherobod eksport” ko'p tarmoqli fermer xo'jaligi ish yurituvchisi Sirojiddin Murodov.

Soha mutaxassislarining aytishiga qaraganda, yem va ozuqa ratsioniga to'liq amal qilinsa, tuyaqushlar, chorvachilikdan ko'ra, serdaromad ekan. Afrika nar tuyaqushining bo'yi 2,7 metr, og'irligi 150 kilogacha yuk bosadi. Tuya­qushning   jo'jasi 2 yilda voyaga yetadi va modasi yoz hamda qish oylarida o'ntadan o'ttiztagacha tuxum qo'yarkan.

Angorda ham tuyaqush tuxumiga talab­gorlar ko'paydi. Ayniqsa, tuxumdan jo'ja ochirib, tuyaqush boqish parrandachilikning yana bir sohasiga aylanib borayapti. Tuyaqqush jo'jalari ikki yilda voyaga yetadi. Bitta tuyaqushning modasi qirqtagacha tuxum bosib, jo'ja ochadi. Jo'jalar esa yaxshi parvarish qilinsa o'n oyda yuz kilogramm tosh bosadi. Mutaxassislarning aytishlaricha, yovvoyi tuyaqushlar 4 yoshda, qo'lda boqilganda esa ikki yoshda tuxum qo'ya boshlar ekan.

Bundan tashqari, yiliga bir juft   tuyaqushdan 180 kilogramm parhez go'sht, 50 metr kvadrat teri, 36 kilogrammgacha xaridorgir pat olish mumkin ekan. Aytishlaricha, tuyaqushning tirnoqlari, kipriklari ham qimmatbaho hisoblanadi. Buning ustiga, tuya­qushlar har qanday og'ir sharoitga ham moslashib ketaverarkan. Bu jonivorlarning 22 daraja sovuq, 36 daraja issiqqa bardosh berishini aytsak, yanada ko'p narsa oydinlashadi.

Lekin Surxon vohasining janubiy tumanlarida yoz oylarida   jazirama 45-50 darajaga yetadi. Qumga tuxumni ko'msangiz bemalol pishishi mumkin. Surxonning o'tli shoiri Tesha Saydaliyev bir paytlar “Tuxum pishar emish yoz issig'ida”, deb bejiz yozmagan edi. Bunday ob-havoga esa tuyaqush tugul, chetdan keltirilgan zotdor qoramollar ham chiday olmaydi. Shu tufayli fermerlar, ortiqcha xarajatga qaramasdan, havo dim va harorat yuqori bo'lgan kezlarda zamonaviy sovutgich hamda shamol haydagich moslamalardan foydalanishga majbur bo'lishadi…

— Qulay tomoni shundaki, tuyaqushlar yemish tanlamaydi, — deydi fermer xo'jaligi ishchisi Bobomurod Jo'rayev. — Beda, sho'ra, karam, sabzi poyasi, oshqovoq, bug'doy, makkajo'xori, kungaboqar, suli, arpa, ohaktosh iste'mol qilaveradi. Doni, yemi, suvini bersangiz bo'lgani. Bu yerda 14 kishi ishlaymiz. Ularga o'zimiz ham o'rganib qoldik.

— Biz chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo'jaligimizni yanada kengaytirishni niyat qilganmiz. Ellik bosh qoramolimiz bor. Yana 20 bosh xorijdan zotli qoramol olish uchun shartnoma qilganmiz, — deydi Sirojiddin Murodov. — Yem-xashak qimmatligi sababli jaydari mollarni boqib, daromad olish qiyin bo'lmoqda. O'tgan yili 350 million so'm bankdan kredit olib, chetdan 200 bosh zotdor quyon xarid qilgan edik. Quyonchilik xo'jaligimiz ham rivojlanib borayapti. Endilikda ularni ko'paytirib, ichki bozorni quyon go'shti bilan ta'minlashga harakat qilayapmiz. Tuman hokimining qorori bilan 16 gektar yer ajratib berishdi. Bu esa tuyaqushlar, quyonchilik va chorvachilik xo'jaligimizning ozuqa manbai hisoblanadi.

Mamlakatimizda aholini ish bilan ta'minlashda tadbirkor fermer xo'jaliklari muhim o'rin tutadi. Tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturiga ko'ra, Angor tumanida o'tgan yili 60,6 milliard so'mlik 43 ta loyiha amalga oshirildi. 224 nafar aholi ishli bo'lib, ro'zg'orining kamu ko'stini butlashmoqda.

ALQISSA: Angor zo'rmi, Afrika… Angor tumani aholisi shu masalada bahsga kirishishgan. Ular bizning tuyaqushlar Afrika tuyaqushlaridan ko'ra, yaxshiroq, samaraliroq, foydaliroq va serdaromad tarmoqqa aylanadi, deyish­moqda. Nima ham derdik, tuyaqush yetishtirish kabi yangi sohada qanday natijalarga erishish mumkinligini vaqt ko'rsatadi. Omon bo'lsak, ko'ramiz!..

Safar OMON,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 5 =