Poytaxtdan uzoqda…

Ushbu yilning yanvarida “Ohangaron hayoti” gazetasi tashkil etilganiga 89 yil to'ldi. Demak, salmoqli sanaga bir yil qolibdi. Nima qilish kerak? Bosh muharrir vazifasini bajaruvchi Dilshoda Annayeva rahbarligidagi jamoa ko'plarning xayoliga kelmagan shaklni topdi.

Yubileyga bir yil qolganda tahririyatda uzoq yillar ishlagan faxriylarning uylariga borib, yoshi ulug' hamkasblarni tabriklashdi. Allaqachon keksalik gashtini surayotgan Nurali Abdurasulov, Turg'unali Jumanov, Ozod Xushnazarov, Jo'ra Nomozboyev, Tamara Lim, Abdubois Omonboyev kutilmagan mehmonlar tashrifidan, albatta, xursand bo'lishdi. Yillar davomida qilingan mehnatning mukofoti-da bu. Ana shu voqea to'g'risida ijtimoiy tarmoqda post qoldirishdi. Ushbu kalomning oxirgi xatboshida shunday bitik mavjud: “Ba'zan tuman gazetalari respublika nashrlariga namuna bo'la olishini shu voqeaning o'zi anglatganday”. Ushbu maqolaning yozilishiga ana shu so'zlar ham sabab bo'ldi, desak ishonavering.

Tuman yoki shahar gazetalariga ham oson emas. Ayniqsa, bugungi sharoitda. Agar nashrning muassisi matbuotni qadr­lasa, uning hayotdagi o'rnini tushunsa, xo'p-xo'p. Aksi bo'lsa-chi?

Gazetaning 89 yilligi arafasida Ohangaron tuman hokimi Abdurasul Abdullayev jurnalistlarning hurmatini joyiga qo'ydi: mafkura jangchilarini samimiy tabrikladi. Gazetaning yana bir muassisi — Ohangaron shahar hokimligi bu ishni qilmadi. Ijtimoiy tarmoqdagi postda “Endi navbat — shahar hokimligiga”, deb kinoya qilishdi.

Umuman, “Ohangaron hayoti” gazetasining bugungi muxlislari har bir sonning chiqishini bayramdek kutib olishadi. Bu gapda mubolag'a yo'q. O'tgan yili muttasil 3615 nusxadan chop etilgan gazetaning navbatdagi soni qo'limizda: birinchi sahifada ko'ngilga yoqib tushadigan rang­­li rasm, jajji qizaloq anorzor fonida chiroyli mevani qo'lida ushlab turibdi. Go'yo meva qo'lida meva. Sarlavha: “Obod yurtning mevasi totli…” Tagsarlavhani o'qiymiz: “…bolalikning mevasi totli. Yorug' kelajak sari dadil qadam tashlayotgan har bir insonning chehrasi nurlidir. Osoyishta zaminda ulg'ayayotgan farzandlarning maqsadlari ham buyukdir”. Bularni o'qigan gazetxon ko'nglida ezgu tuyg'ular jo'sh urishi tabiiy.

Hammamiz ham gazetxonlarni obuna bo'lishga targ'ib etuvchi so'zlar yozganmiz. “Ohangaron hayoti”da esa bu mavzu shunday ifoda etilibdi: “Ey siz, gazeta varaqlayotgan qadr­donim, keyingi yilga obuna boshlanganidan xabaringiz bormi? Agar haliyam rosmana so'z, tahlilga boy maqola shaydosi bo'lsangiz, “Ohangaron hayoti”ga obuna bo'lib qo'­ying. Topolmay qolsangiz, ayb bizdanmas, aytib qo'yaylik”, degan so'zlar qanchalik rasmiylikdan xoli, samimiy. Shu sonda hokimliklar shahar va qishloqqa bo'linganidan keyin tuman markazsiz qolgani muammosi ko'tarilgan. Eng muhimi, shu muammo gazeta aralashuvi tufayli yechimini topadigan bo'ldi. “Manziliga yetkazilmagan darsliklar” maqolasida xalq ta'limidagi og'riqli masala yoritilgan. Oxirgi sahifadagi mushoirada berilgan she'rlar sarlavhasini keltirib o'tamiz: “Ona tilim”, “Onam yopgan nonning ta'mi”, “O'zbekning do'ppisi”, “Besh tashabbus”.

Yana bir ibratli jihat. Gazetaning har sonida o'tgan sondagi tanqidiy maqolalarga mas'ullar qanday munosabat bildirishgani haqida alohida chiqish qilingan. Ahil jamoa ijodkorlari, rostdan ham, respublikadagi hamkasblaridan o'zlarini kam tutishmaydi.

O'z ishidan zavq-shavq tuyib ishlayotgan jamoalardan yana biri — Qoraqalpog'istonning Beruniy tumanida chop etiladigan “Xalq minbari” gazetasi ijodkorlaridir. Qanday qilib gazetxonlar qalbiga yo'l topish mumkin? Nav­batdagi sonlardan birida o'qiymiz: “SIZDA YaNA BIR IMKONIYaT. Siz o'z mualliflik maqolangizni gazetada nashr qildirishingiz mumkin” (Maqola talabga javob berishi, o'qishli bo'lishi kerak).

Bundan tashqari, tahririyat “Eng gazetxon maktab” tanlovini e'lon qilgan. Ishqilib, bu tashabbusdan matbuotimizga o'gay ko'z bilan qarayotgan kishilar xabar topishmasin-da. 2020 yil yakuniga ko'ra, tuman xalq ta'limi bo'limiga qarashli 65-davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabi “Eng gazetxon maktab”, deb e'lon qilingan. “Xalq minbari” ijodkorlari ushbu o'quv yurtiga borib g'oliblarni taqdirlaganda hammaning yuz-ko'zida quvonch balqidi.

Maktab jamoasiga mehr ko'rsatish, o'qituvchi obro'ini yuksaklikka ko'tarish bobida “Olmaliq haqiqati” gazetasi (bosh muharriri Dilafro'z Ro'ziyeva) ham ibratli ishlar qilyapti. 2366 nusxada chop etilgan gazeta o'tgan yili O'qituvchi va murabbiylar kuniga maxsus son bag'ish­ladi. Bayram sonining barcha sahifalarida jurnalistikaning ko'plab janrlariga murojaat qilingan.

Viloyat gazetalari ichida Samarqanddagi “Zarafshon” gazetasi (bosh muharriri Farmon Toshev) ushbu yilning mart oyida 18.650 nusxada tarqagan bo'lsa, mavzu qamrovi ham rang-barang. Aytaylik, 25 mart sonida “Ta'lim: huquq va majburiyat” sahifasi dolzarb mavzuga bag'ishlangan. Unda “Milliy test tizimi nima, bu yilgi abiturientlarni qanday yangiliklar kutmoqda” degan saralamada ilg'or usulning besh qirrasi ko'rsatilgan. “Zarafshon”ning birinchi sahifadagi shiori “Fidoyilik — Vatanga xizmat demak” ekanligini ta'kidlab o'tamiz.

“Farg'ona haqiqati” nashri (bosh muharriri Muhammadjon Obidov) 11.048 nusxada chop etilishi maqtovga sazovorligi bilan birga ko'pgina dolzarb mavzular jozibador shaklda berilgan. Xususan, Qirg'iziston Respublikasi Norin viloyatidan kelgan delegatsiya tashrifi “Bir daraxtning ikki yaprog'i” sarlavhasida yoritilgan. Navro'z kunlari Mahalla tizimi xodimlari kuni nishonlandi. Aksariyat gazetalar Prezident tabrigidan boshqa material berisholmadi. “Farg'ona haqiqati” esa “Jamiyatimizning ko'zi va vij­doni” sarlavhasi ostida maxsus maqola taqdim etdi.

Navoiy viloyatida chiqadigan “Do'stlik bayrog'i” gazetasi (bosh muharriri Bektemir Pirnafasov) tahririyat muxbiri Nigora Ro'ziyevaning “Xalq bilan hamnafas bo'lish — bugunning talabi” maqolasi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Ashurali Jo'rayevning “Islaringdan aylanay, shuvoq” essesida Vatan tuyg'usi, zamin mehri bebaho ekanligi madh etiladi.

O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi ommaviy axborot vositalarida keng nishonlandi. Nazarimizda, mazkur mavzu “Qashqadaryo” viloyat gazetasi (bosh muharriri Kamoliddin Karimov)dan o'tadigani bo'lmadi. Ushbu nashr ijodkorlari butun sonni (8 betlik) hamyurt shoir tavalludiga bag'ish­lashdi. Unda she'riyatimiz faxri haqida esdalik­lar, A.Oripov nomidagi maktab o'quvchilari ijodidan namunalar, “Everest va ummon” kitobining yaratilish tarixi, senator Abdurahim Erkayevning o'ylari, mamlakatimizdagi taniqli ijodkorlarning “Zamondoshlar e'tirofi” kabi bir-biridan maroqli maqolalar berilgan.

Gazetani qo'lga olganingizda uning har sahifasida nimadir o'qiydigan material bo'lsa, Surxondaryo viloyati, Termiz tumani “Janub quyoshi” gazetasining 15 mart soni ana shu talabga mos tayyorlangan. Unda filologiya fanlari nomzodi Shaydullo Murodovning “Ulug' muddao soldingiz boshima” – (“Hayrat-ul abror” dostonining ayrim maqolatlari xususida), Jaloliddin Rumiydan Genrix Geynegacha “Etti hikmat” aytimlari, tuman bosh imom xatibi Ya.Ochilovning “Onaga yaxshilik qilish ibodat sanaladi” maqolasi, yana bir muallifning “Nafs” hikoyasi gazetxonni o'ziga tortadi.

O'tgan yili 3 ming nusxada tarqagan “Qumqo'rg'on sadosi” (bosh muharriri Rayhon Mengziyayeva) gazetasi mahalliy yangiliklarning asl zamini haqida qiziqarli maqolalar e'lon qilgan. O'quvchilar ilhomiga alohida taxlam berilganini olqishlash kerak. Faqat endilikda quruq raqamlarda nomlanadigan maktablarni 51-son maktabi emas, 51-maktab shaklida ifodalasa to'g'ri bo'lardi. Axir 51-deganining o'zi son.

Buxoro viloyatidagi “Ma'naviyat sarchashmasi” MChJ muassis bo'lgan shu nomdagi gazeta ijodkorlarining izlanishlari ham diqqatga sazovor. Sakkiz sahifadan iborat gazetaning asosiy qismi rangli bezatilgan. Ushbu nashrning dizaynidan har qancha o'rgansa arziydi.

Bu yil g'azal mulkining sultoni Alisher Navoiyning 580 yilligini nishonladik. Bu mavzuda Toshkent viloyatida chiqadigan “Qibray sadosi” (bosh muharriri Gulnora Ahmedova) gazetasi alohida namuna bo'lgan deyish mumkin. Shu sonda gazeta muxbiri Yusuf Miryusufzodaning “Kovul — oyog'imiz ostidagi xazina” sahifasi gazetxonni jalb etadi. Bu nashrda ba'zi gazetalarda uchraydigan qusur — mayda harflarni zichlashtirib berishga yo'l qo'yilmagan. Did bilan bezatilgan sahifalar ravon o'qiladi. Xuddi shunday namunani “Pskent hayoti” gazetasida ham kuzatish mumkin.

“Urgut sadosi” (bosh muharriri Firuz Ibragimov) gazetasi ham o'z sahifalarida jozibador maqolalar, badiiy ijod namunalarini berishga intilmoqda. To'rtinchi sahifada “Hayot manzaralari” sarlavhasida materiallar joy olgan. Jasur Madaminov, Dilrabo Ziyayeva, Husniddin Fayozov va boshqa mualliflarning bitiklari gazeta rang-barangligini ta'minlagan.

Ilgari “Jizzax ovozi” gazetasi Jizzax shahri va tumani nashri edi. Iqtisodiy tanglik sabab bu nashr 2020 yilda to'xtab qoldi. 2021 yildan boshlab Jizzax shahar hokimligi muassis bo'lgach “Jizzax ovozi” yana chiqa bosh­ladi. Unga Said Donishev rahbarlik qilayapti. Yilning ilk choragida “Jizzax ovozi” sonlari bilan tanishsak, jamoada izlanish va intilish borligi ko'rinmoqda. Faqat davriy nashrsiz qolgan Sharof Rashidov tumanining holi ne kecharkin, bilmadik.

Moddiy inqiroz tufayli to'xtab qolgan “Toshkent oqshomi” “Vechernыy Tashkent”ning holi barchaga ma'lum. Ayni paytda poytaxtning bir tumani — Bektemir 2020 yilda o'z nashriga ega bo'lganini hamma ham bilmasa kerak. Bu gazeta bir oyda ikki marta chop etilmoqda. Qo'limizdagi oxirgi sonda “Chashma”liklarga quvonch bag'ishlagan obodlik”, “Bektemirdagi kutubxona boyidi”, “Ayollar salomatligini muhofaza qilish — birlamchi vazifamiz” sarlavhali maqolalar mahallabay ishlash mavzuiga qaratilgan.

Ayrim nashrlar gazetani bir amallab to'ldirsak bo'ldi-da, degan niyatda qo'l uchida ishlashayotgani ham sir emas. Lekin o'z vazifasiga jiddiy munosabatda bo'layotgan fidoyi hamkasblarimiz imkon qadar gazetxon e'tiborini o'ziga jalb etish uchun intilishmoqda. Masalan, “Ko’zgu-press” MChJ muassis bo'lgan “Adolat ko'zgusi” (bosh muharriri Farhod Normatov) haftalik gazeta hisob­lanadi. Uning bir soni 36 sahifani tashkil etadi. Bu hajm kundalik nashrlardan ham ko'p emasmi? Tahririyatdan so'raganimizda “Biz ijodiy raqobatda ortda qolmaslik uchun shunday qilyapmiz”, deb izoh berishdi. Eng muhimi, ushbu gazeta tesha tegmagan, gazetxon e'tiborini o'ziga tortuvchi materiallar berish yo'lidan boryapti.

Ancha-muncha nashrlarni nomlashda “Tong” degan so'zni uchratdik. “Farg'ona tongi”, “Beshariq tongi”, “Toshloq tongi”, “Qarovulbozor tongi” kabi.   Birgina “Sher­obod oqshomi” degan atamada nega “oqshom” tanlangan ekan, ajab­landik. Axir oqshom deganda kechki nashrlarga nisbat berilar edi-ku? Surxondaryoning Oltinsoy tumanida chiqadigan “Xalq va hayot” gazetasi ijodkorlari ham qolip­larni buzishga harakat qilyapti. Lekin 4 fevral sonida 1-4-betlarda gazeta bosh muharririning suratlari berilganini juda “kamtarona”lik degimiz keldi.

Oliy Majlis Senatining o'n uchinchi yalpi majlisida adliya vaziri Ruslanbek Davletov 2016-2019 yillar oralig'ida kitob va broshyuralar birligi 600 taga, ularning tiraji 7 million nusxaga kamayganligini aytdi. Gazeta-jurnallar yillik tiraji shu muddatda qariyb ikki baravarga qisqargan. Juda achinarli holat.

Vazir bosma va elektron gazeta-jurnallar ham zarur ehtiyoj mollari qatori iste'mol savatchasi tarkibiga kiritish masalasini ko'rib chiqishni taklif etgandi. Bu ogohlik qo'ng'irog'iga kimdir e'tibor qilarmikan? Lekin hozircha hech kimdan darak yo'q…

Shuhrat JABBOROV,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 3 =