E'tiqodni afzal bilgan… g'ayridinlar

Afsonaviy razvedkachi Kim Filbining nomi ko'pchilikka tanish, lekin bu inson 30 yil muqaddam O'zbekistonga sayohat qilganidan hamma ham xabardor deya olmaymiz. Yanayam qiziq ma'lumot Kim Filbining otasiga taalluqli: u Hindistonda tug'ilgan, keyinchalik taqdir taqozosi bilan Saudiya Arabistoniga ko'chib borgan va… islom dinini qabul qilgan.

E'tiqod erkinligi, har kim o'zi istagan e'tiqodga e'timod qo'yishi tushunarli, lekin ayniqsa dunyoga mashhur shaxslarning islomni qabul qilgani, qabul qilayotgani va qabul qilishi beixtiyor mulohazaga undaydi ko'pchilikni.

O'zga din vakillarining islomni qabul qilishlariga turli vaziyatlar, holatlar sabab bo'lgani tabiiy. Ilk islom davri tarixida da'vat-targ'ib yo'li asosiy yo'l hisoblangan. Keyinchalik vij­don amri, oxirgi dinga ishonchdan kelib chiqqan diniy moyillik ustunlik qila boshlagan.

…Qoratanlilarning huquqlarini himoya qiluvchi ruhoniyning suhbatiga quloq tutib o'tirib, katolik diniga mansub bo'lgan Kassius Kley ilk bor masjidga kiradi va ruhiyatida g'alayon yuz berganini payqaydi. 1964 yilda birinchi marta jahon chempionligi uchun jangdan oldin Allohga sig'inadi. 22 yoshida dunyo chempioni bo'lgan yosh bokschi o'sha kuni islom dinini qabul qiladi va Muhammad Ali nomini oladi. Bu ism uni dunyoga tanitadi!

Yoshligida Muhammad Ali bilan tanishgan Maykl Tayson ustoziga mehr qo'yadi, undan ko'p narsalarni o'rganadi. Sho'xlik orqasidan qamaladi, uch yil davomida o'zining aybsiz ekanini isbotlashga rosa urinadi. Adolatsizlikka chidolmay, iztirob chekadi. Qamoqda ekan, hamxonalarining da'vati bilan islomni qabul qiladi… 2010 yilda Haj ibodatini amalga oshiradi.

Zamonaviy jahon estradasi yulduzi Maykl Jekson islomni qabul qilgani to'g'risida ishonchli dalillar yetarli emas, lekin u Allohning buyukligi, Muhammad (s.a.v.)ning eng ulug' va so'nggi Payg'ambar ekani to'g'risida qo'shiq kuylagani haqiqat. Mayklning singlisi Djajet qatarlik milliarderga turmushga chiqqach, musulmonlikni qabul qilgan.

Fransiyalik futbolchi Frank Riberining ishqi­bozlari talaygina. U “Bavariya”, “Fiorentina” klub­larida to'p surgan. 2013 yilgi chempionlar ligasining g'olibi, o'sha yili Yevropaning eng yaxshi o'yinchisi unvoniga sazovor bo'lgan. 2006 yilda bir ko'rishda jazoirlik Vaxiba Belxamiga oshiq bo'ladi. Sevgilisiga yetishmoq qasdida islomga kiradi va ismini Bilol deb o'zgartiradi. Bu baxtli er-xotin to'rt nafar qizlariga arab ismlarini berishgan.

Britaniyalik qo'shiqchi va musiqachi Ket Stivens 1979 yilda islomni qabul qilib, Yusuf Islom nomini oldi. Buning sababini u quyidagicha hikoya qilgan: ya'ni, xonanda ushbu voqeadan ikki yil avval Malibu orollarida dam olayotgan kunlarida falokatga uchraydi. Jonini omon saqlashini so'rab, Allohga iltijolar qiladi – astoydil iltijolari qabul qilinadi – u omon qoladi va qolgan umrini faqat rahmdil va shafqatli Parvardigorga baxshida qilishga va'da beradi.

Uzoq yillar katoliklar ruhoniysi bo'lib xizmat qilgan Idris Tafiq (bu uning yangi ismi, ma'lum sabablarga ko'ra uning haqiqiy ismi keltirilmaydi) dam olish maqsadida Misrga boradi. Safarga tayyorlanish asnosida davlatning tarixi va dini bilan tanishib chiqadi. Qohirada musulmonlar bilan suhbatda bo'ladi, islom haqida yana batafsil ma'lumotlarni o'rganadi. Xotiralar daftarida shunday yozadi: “Bir haftalik Misr safari fikrlarimni ag'dar-to'ntar qilib tashladi. Haqiqiy musulmonlarni o'sha yerda ko'rdim. Samimiy, olijanob, mehribon insonlar. “Yaxshimisiz?” degan savolga barcha “Alhamdulilloh” – “Allohga shukur”, deb bir xil javob berishar ekan”.

O'z vatani Angliyaga qaytib borgach, yakshanba kunlari Londondagi markaziy masjidga qatnay boshlaydi, u yerda g'ayridin vakillari uchun islom haqida suhbatlar o'tkazilar edi. Suhbatlarning birini taniqli qo'shiqchi va musiqachi Ket Stivens olib bordi. O'zaro suhbat davomida islomni qanday qabul qilish mumkinligi to'g'risida so'raydi. O'zi haqida, islom to'g'risidagi fikrlari va tasavvurini o'rtoqlashadi. “Sen Alloh yagona, Undan boshqa iloh yo'q va Muhammad (s.a.v.) Allohning elchisi ekaniga ishonar ekansan, sen allaqachon imon keltirib bo'libsan”, —   deydi, Ket Stivens.

“Bu orada namozga azon aytila boshlandi, namozxonlar safida turib, ulardan ko'z uzolmadim, ko'zimdan esa yoshlar sel kabi oqar edi. Namoz tugagach, do'stlarim guvohligida “La iloha ilalloh”ni aytdim”, deb eslaydi Yusuf Islom.

Oradan ko'p o'tmay Idris Tafiq “Islomga oddiy qarash” kitobini yozadi, kelajakda esa Payg'ambarimiz (s.a.v.) haqida asar yozish uchun ma'lumot to'play bosh­laydi.

Ferdinand Lyuis Elsindor Amerikaning afsonaviy basketbolchisi deb tan olingan. 14 yoshida uning bo'yi ikki metrdan oshgan edi. 42 yoshida sportni tark etadi (u AQSh rekordchisi hisoblanadi – turli musobaqalarda basketbol savatchasini mo'ljalga olish borasida 38 ming 387 ochko to'plashga erishgan!). Katolik oilasida katta bo'lgan sportchi 1968 yilda shahodat kalimasini keltirib, musulmon bo'ladi va ismini Karim Abdul-Jabbor deya o'zgartiradi.

Jahon okeanlarining taniqli tadqiqotchisi Jak-Iv Kusto o'tgan asrning 60-yillari oxirida islomni qabul qilgan degan gaplar yuradi. Amaliy tadqiqotlari jarayonida u sho'r va tuzsiz suv oqimining bir-biriga aralashib ketmayotgan joyini ko'rib hayratga tushadi. Bu holat Qizil dengiz va Hind okea­­ni “tutashgan” Bab-al-Mandebe hududida uchraydi. Atlantika okeani va O'rta yer dengizi aralashib ketmaydigan Gibraltar bo'g'ozida ham shunday holatni kuzatish mumkin. Kusto bunday holatlar zamiridagi mo''jiza javobini islom olamidan, aniqrog'i, Qur'oni karim oyatlaridan o'qib bilganini, hatto o'sha oyati kalimalarni tarjima qiladi.

Kustoning shahodat kalimasini keltirgani, mas­jidga qatnagani, Qur'onni yoki namoz o'qigani to'g'risida dalillar keltirilmagan, lekin jahonshumul olim islomga e'tiqodini yashirmagani aniq.

Ma'lumotlarga ko'ra, Islom Sibir o'lkalariga XII-XIII asrlarda tarqala boshlagan. Uzoq Sharqning aksariyat xalqlari orasida islomni qabul qilish Oltin O'rda xoni O'zbekxon davrida avj olgani tarixdan ma'lum. Keyinchalik Usmonli imperiyasining bu hududlarga yetib kelishi musulmonlar sonining ortishiga sabab bo'lgan.

Taniqli qrim-tatar ma'rifatparvari Ismoil Gas­prinskiy (Ismoil Gafarli) “Rus musulmonchiligi. Fikrlar, qaydlar, kuzatuvlar” asarida ilk marta “rus musulmonlari” so'zini qo'llaganida, Rossiya imperiyasida istiqomat qilayotgan musulmon xalqlarini nazarda tutgan.

Asarlari jahon mumtoz adabiyotining oltin fondidan joy olgan Pushkin, Lermontov, Tyutchev, Dostoyevskiy, Tolstoy singari badiiy so'z daholari ham o'z asarlarida Qur'oni karim, islom dini va Payg'ambarimiz Rasululloh (s.a.v.)ga alohida e'tibor qaratganlar. Chunonchi, Pushkin Usmonli va Rossiya saltanatlarining urushi to'g'risida she'rlar yozib (“Olegov щit”), bizning muqaddas dinimiz, uning Rasuli va muqaddas Kitobimiz haqida hayajon bilan yozadi.

Lermontovning ilk she'rlaridan biri “Ismoil Bey”deb atalgan (1932 y.). Unda Checheniston va Dog'is­ton imomi Shomil haqida fikr yuritib, muqaddas islom dini, shuningdek, Alloh taologa islomiy moyil fikrlar yuritadi. Lermontov “Zamonamiz qahramoni” asarida dinimiz arkonlarini mehr bilan tilga olgan.

Fyodor Dostoyevskiy Pushkinning Qur'oni karim ruhiga kirib borganini ta'kidlagan. U rus ijod ahli orasida birinchilardan bo'lib “Islom – jahon   dinidir”, deya ta'rif bergan.

Nikolay Gogol esa talabalarga ideal hukmdor “Al-Ma'mun” haqida ma'ruza o'qiyotib, Qur'ondan iqtiboslar keltirgan…

Lev Tolstoyning islomni o'rganishga ishtiyoqi katta bo'lgani to'g'risida rus olimlari ko'p bahs yuritishadi. Yosh yozuvchi Misrning muftiysi, islomning taniqli islohotchilaridan Muhammad Abdo bilan xatlar yozishgan, shaxsan an'anaviy musulmonchilik tarafdorlari bo'lgan tatarlar bilan muloqotlar qilgan.

Yozuvchi islomni qabul qilganini ochiq aytmagan, biroq u musulmonlikning barcha amallaridan xabardor bo'lgan. Tolstoydan oddiy odamlar musulmonlikni qabul qilish bo'yicha maslahatlar olishgani to'g'risida misollar ham keltiriladi.

Buyuk britaniyalik Oysha Rozali Turkiyaga safaridan so'ng islom dinini qabul qilib, aktrisalik fao­liyatiga nuqta qo'ydi. Rozali aslida Buyuk Brita­niyada, ateist oilada tug'ilgan. Uning eng katta or­zusi aktrisa yoki rejissyor bo'lish edi, chunki talabalik davridan boshlab u kinematografiya sohasiga ixlos qo'ygan. Rozali ko'plab filmlarda rol ijro etish bilan bir qatorda qator ssenariylar ham yozgan va hatto, filmlarga rejissyorlik qilgan. U Los-Anjelesda ta'lim olgan va bir muddat AQShda yashagan.

Rossiyaning “Tatu” guruhi solisti Yuliya Volkova rossiyalik taniqli ishbilarmonning (ma'lum sabab­larga ko'ra uning ismi keltirilmaydi) o'g'liga turmushga chiqadi. Yoshlar Birlashgan Arab Amirliklariga borib, u yerda nikoh o'qitishadi, o'sha zahoti Volkova islom dinini qabul qiladi.

“Fabrika” guruhining a'zosi Mariya Alalikina o'ziga shon-shuhrat keltirgan qo'shiqchilik san'atidan voz kechib, islomni qabul qildi. Turmush o'rtog'i huquqshunos Aleksey Zuenko bilan Moskvadan Maxach­qal'aga ko'chib o'tishgan.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, rassom Usto Mo'min nomi yurtimizda mashhur. 1921 yildan to umrining oxirigacha O'zbekistonda ijod qilgan mo'yqalam ustasi asarlari Nukusdagi Savisskiy nomli davlat muzeyi va o'zi asos solgan Toshkentdagi davlat san'at muzeyida saqlanadi. “Mushtum” jurnali va “Qizil O'zbekiston” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetalarida, Toshkent va Andijon teatrlarida rassom bo'lib ishlagan.

Usto Mo'minning asl ismi Aleksandr Vasilyevich Nikolayev (1897-1957 yil) islomni qabul qilgan ilk rus rassomi. Voronejda harbiy zobit oilasida tug'ilgan rassom taqdir taqozosi bilan 1921 yilda Samarqandga kelib qoladi. Uning asl maqsadi Turkiston xalqlari muzeyini tashkil etish edi. Rassom “Sherdor” madrasasida yashagan chog'ida shu yerdagi qorilardan ilm o'rganadi. Kalimayi shahodat keltirib, musulmon bo'ladi. Hatto ustozlaridan Qur'on tilovatini ham o'rganib oladi. Ismini Usto Mo'min deb o'zgartiradi.

Keyingi paytlarda Imon (Valeriya) Poroxova (1940-2019 yillar)ning ma'ruzalaridan iqtiboslar ijtimoiy tarmoqlarda ko'plab keltirilmoqda. Moris Tereza nomidagi Moskva davlat chet tillari pedagogika instituti va Moskva davlat universitetining falsafa fakulteti bitiruvchisi. U 1975 yilda suriyalik Muhammad Said al-Roshdga turmushga chiqadi.

Yosh oila 1985 yilda Damashqqa ko'chib ketadi va Valeriya u yerda islomni qabul qiladi, Imon ismini oladi. Olti yil deganda — 1991 yilda Qur'oni karim tarjimasini tugallaydi. Al Azhar universitetining taqrizini olib, uni Moskvada nashr ettiradi. Shu tariqa muqaddas Kitobimiz islom arkonlarini astoydil o'rgangan olima tomonidan ilk marta rus tiliga tarjima qilinadi. Muhammad va Imon shu yili Moskvaga qaytib kelishadi. Turli nodavlat tashkilotlarda ishlashadi. Rossiya va xorijiy davlatlarning bir qator unvonlariga sazovor bo'ladi.

Olima Yevropada eng katta musulmonlar jamiyati Angliya, Fransiya, Germaniyada ekanini ta'kidlab, kelajakda ularning soni tobora ortishini bashorat qiladi.

So'nggi o'n yilliklarda dunyo yoshlarining musulmonlikni qabul qilayotgani to'g'risidagi faktlar ortib bormoqda. Ular orasida ayniqsa san'at ahli vakillari ko'pchilikni tashkil qilmoqda. Sabab? Bunday ruhiy-e'tiqodiy evrilishlarning tub sababi nimada?

Asli kasbi shifokor, “Injil. Qur'on va bilim” asari bilan tanilgan fransiyalik adib Moris Byukayning tubandagi so'zlari mazkur savolga munosib javob bo'ladi: “Islomni ko'chadan kirib kelgan har qanday inson ham qabul qilavermaydi. Uni es-hushini tanigan, chuqur ilm sohibi bo'lgan insonlargina tan oladi. Islomga ziyolilarning qiziqishi tobora ortib borayotganining sababi ham shunda”.

Abror G'ULOMOV,

siyosiy sharhlovchi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × four =