Uyg'oq dil samosin botmas mohi bor…
Mahmud TOIR,
O'zbekiston xalq shoiri
Muallif haqida: Mahmud Toir – 1952 yil, 31 avgustda Toshkent viloyatining Parkent tumanida tug'ilgan. ToshDU (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakultetini (1977-y.) tugatgan. Sobiq “Yosh gvardiya” (hozirgi “Yangi asr avlodi”) nashriyotida, Respublika radiosida, “Parkent tongi” gazetasida muxarrir bo'lib ishlagan. 1999 yildan e'tiboran O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo'limi rahbari va ayni paytda “Adabiyot ziyosi” gazetasi bosh muxarriri sifatida faoliyat yuritmoqda.
Uning “Ayt endi yuragim”, “Biz nechun uchrashdik?”, “Haqni tanib”, “Mendan meni so'rama”, “Ahli muhabbat qaydasiz”, “Bedorlarga bering dunyoni”, “Saylanma”, “Evropa sayohati: hayrat va shukronalik”, “Yangilanayotgan O'zbekiston”, “Uyg'oq dil” kabi yigirmadan ziyod she'riy va nasriy kitoblari, bir qancha dostonlari chop etilgan. Yuzlab she'rlari xalqimizning ardoqli hofizlari, san'atkorlar tomonidan kuylab kelinadi.
Mahmud Toir 2000 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2005 yilda “O'zbekiston xalq shoiri” unvoni va 2017 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan. O'zbekiston Oliy Majlisi Senati a'zosi.
O'ZBEKISTON LOLALARI
O'zbekiston lolalarning,
Lovullagan Vatanidir.
O'zbekiston lolalarning,
Yal-yal yongan chamanidir.
Kim biladi, kim bilmaydi,
Bizda ne tur, shonasi bor.
O'ttiz to'rt tur lolalarning,
O'ttiz to'rt xil donasi bor.
O'zbekiston gul diyordir,
Har bir ko'zni qamashtirgan.
O'zbekiston hur diyordir,
Dilni dilga tutashtirgan.
Dehqonining ketmonida,
Quyosh nuri jilolangan.
Bog'bonining zabonida,
Duo duri zilolangan.
Gollandiya lolalarning,
Vatani deb aytishadi.
Lek Gollandlar bizga kelsa,
Lola olib qaytishadi.
O'zbekiston lolalari,
Ko'zingizning oromidir.
O'zbekiston lolalari,
Bu — bahorning salomidir.
ShU VATAN DEB…
Har kimda bor Haq bergan imkon,
Yashagani tug'ilar inson.
Kim oilada, kim elda sulton,
Aytgim keldi bir yaxshi tilak,
Vatanparvar Vatanda kerak!
Yorug' dunyo yuzingda bo'lsin,
Tiyrakliging ko'zingda bo'lsin.
Ahdu vafo o'zingda bo'lsin,
To'kilganga joizdir to'lmak,
Vatanparvar Vatanda kerak!
Umr bersin, yuz yil yashagin,
Yuz yoshda ham rizqing oshagin,
Tuprog'ingga mehring to'shagin,
Daryo bo'lgin, ko'lmak ko'p, ko'lmak,
Vatanparvar Vatanda kerak!
Ahdi ulug' ajdoding bo'lgan,
Taxti ulug' ajdoding bo'lgan,
Xiyonatkor huzursiz o'lgan,
Belni bukmas bardoshli bilak,
Vatanparvar Vatanda kerak!
Umr qisqa, Vatan mangudir,
Vatansizlik mangu qayg'udir.
El mardlari – elga orzudir,
Til niyati — dilga mushtarak,
Vatanparvar Vatanda kerak!
Amir Temur shoni sendadir,
Manguberdi qoni sendadir,
O'zbekiston joni sendadir,
Shu Vatan deb ursin har yurak,
Vatanparvar Vatanda kerak!
BO'LSA AGAR MEN UQMAGAN…
Yuragimda gullagan gullar,
Kapalakka qanot bo'ladi.
Ishqim ohi taratgan unlar,
Bulbullarga bayot bo'ladi.
Maysalarning bo'yiga boqib,
Teraklarga kelar bo'ylagim.
Irmoqlarga ergashib oqib,
Men toshlarga ertak so'yladim.
Oshiqlarning osmoni bo'lak,
Bunda qushlar qanotsiz uchar.
Diydor tilab jo'shganda yurak,
O'tda kuymas, quyoshni quchar.
Lolazorlar yongan yonoqda,
Yo'llarimga ranglar sochadi.
Turfa gullar, turfa titroqda,
Bolariga dudoq ochadi.
Kapalakning qanotlarida,
Nafislikning qancha yuki bor,
Shoirlarning bayotlarida,
Ne-ne havas, ne-ne iftixor.
Go'zallikning ko'zga sig'magan,
Ko'zgusiga soldim o'zimni.
Bo'lsa agar meni uqmagan,
She'rdan tanib olar o'zimni.
BIR TABASSUM
Gul yuzida kulgan shabnam yonog'ingiz,
Gul bo'lay deb turgan g'uncha – dudog'ingiz.
Qoshlaringiz qaldirg'ochni qaritgaydir,
Bir o'tinch bor, ochilsa bas, qabog'ingiz.
Kulgichingiz nigohimni tilib ketar,
Kulgichingiz nechun mendan kulib ketar.
Ne bo'lsa ham mayli, gulim, kulib yuring.
Siz kulsangiz olam nurga to'lib ketar.
Tabassumlar sizga gulday yarashgaydir,
Sizdek gulga gullar masrur qarashgaydir.
Gul terganda sochilmashdir sochlaringiz,
Ne iforki, uni gullar talashgaydir.
Siz kulsangiz, tong jilmayib barvaqt otar,
Qon bo'lmaydi, quyosh shomda balqib botar.
Sizdan bo'sa so'ramadik, bir tabassum,
Bizdek g'arib tabassumni boldek totar.
DIL BILAN
Oh urib, ohidan tosh,
Otganlarni ko'rdim men.
Oh chekib, ohida bol,
Totganlarni ko'rdim men.
Yuragin yolqiniga
Gul ekkanni ko'rdim men.
Tilin kesib, diliga
Dil ekkanni ko'rdim men.
Ko'ngil nechun ko'rmaydi,
Sochlarimda qorim ko'p.
Ko'nglimning ko'chasida,
Ortmoqlagan orim ko'p.
Sevib sulton bo'lganlar,
Sevilmasa gadodir.
Gadoning mehriboni,
Mehri ummon Xudodir.
Xudoni xushlaganni,
Xumosi boshidadir.
Yaratgan chorlab bersa,
Qalamqosh qoshidadir.
Tilovat til mulkidir,
Dil bilan yetmoq yaxshi.
Xudoning dargohiga,
Dil bilan ketmoq yaxshi.
BILISh
Tilakdan to'kilgan so'z ijobati,
Yaxshi – yomonlikning bir kafforati.
Agarki niyating nurdan yiroqdir,
O'zingga tig' bo'lgay lutfing ofati.
Shoir she'rda ko'rar so'z jamolini,
Oqil dilda anglar so'z kamolini.
Odamzot osmondek oftoblangaydir,
Javobsiz ko'rmasa o'z savolini.
Bilmayin qilgandan lutfu nadomat,
Bilmasligin bilish bu ham adolat.
Bilishin bilganlar – tafakkur ahli,
Ularning borligi elga saodat.
XATO
Tun — bizning umrimiz xotirjamligi,
Tong — bu xush niyating dilda jamligi.
Quvonchmi yo qayg'u – taqdir tuhfasi,
Dunyo – birda ziyod, birda kamligi.
Oqillik bandaga bilim atosi,
Johillik bandaga zulm atosi.
Unutmang, Tangrini tashvishga solgan,
Bilib turib qilgan qulin xatosi.
ChIROQ
Odamzotdan bir so'roqdir yaxshilik,
Muhtoj uchun bir firoqdir yaxshilik.
Dildan dilga, tildan tilga o'tganda,
Ellararo bir yaroqdir yaxshilik.
Dariganning ko'ksini tog' qilg'usi,
Bir g'aribning vaqtini chog' qilg'usi.
Bandasidan qaytmasa – Xudoyim bor –
Qiyomatda boshga chiroq qilgusi.
DUNYo
Shon bilan shon tiklashadi,
Nafs bilan nafs suqlashadi,
G'aflat ahli uxlashadi,
Bilsang, dunyo bedorniki.
Ong bilan tong yuzlashadi,
Quyoshini izlashadi,
Ibodatga tizlashadi,
Ibodat — bu bedorniki.
Qahr — doim qilich bilan,
Mehr doim ilinj bilan,
Inson yashar o'tinch bilan,
Dunyo — mehri bedorniki.
Kim bolam deb, ketmon tutgan,
Kim ilm deb, jon unutgan,
Niyat qilgan albat yetgan,
Dunyo — dili bedorniki.
Doim olmas, so'rab turgan,
Betoqatlar nurab turgan,
Dunyo bizdan ko'p oh urgan,
Dunyo — aqli bedorniki.
Dunyo bizga borin berdi,
Gulin berdi, qorin berdi,
O'zi chekkan zorin berdi,
Dunyo — ohi bedorniki.
BO'RINING TUG'ILIShI
Quyosh kulib turibdi,
Yomg'ir esa tomchilar.
Nahot quyosh nurini,
Ojiz yomg'ir qamchilar.
Quyosh kulib turibdi,
Yuzimga tomar tomchi.
Go'yo qalbni toblashga,
Haqdan quvonchli qamchi.
Quyosh kulib turibdi,
Yomg'ir yuvar yuzimni.
Nur qalam, yomg'ir siyoh,
She'rga soldim so'zimni.
Quyosh kulib turibdi,
Bir so'zga xayol og'ar.
Nurga esh yomg'ir yog'sa,
Adirda bo'ri tug'ar.
TURMUSh TAShVIShI
(Yarim hazil)
Uyg'oq dil samosin botmas mohi bor,
Beparvo yo'lida g'aflat chohi bor,
Tinglasang, har dilning qancha ohi bor,
Aslida bu olam ahlining bari,
Turmush tashvishidan emasdir nari.
Xotin hukm qilar, chorasi og'ir,
Bolang boqib turar, ezilar bag'ir,
Bilmaslar otasin cho'ntagi sag'ir,
Deydilar, otamiz oila sarvari,
Ne qilsin, gar dunyo sarvardan nari.
Umr ummonida kemasiz suzmoq,
Ojiz baliq uchun kitlardan o'zmoq,
Yo'qni yo'ndirmoqlik bu ichdan to'zmoq,
Har kimdan topilmas sabr gavhari,
Turmush tashvishidan, ayting, kim nari?
Kambag'al so'zini kam ishlatganmiz,
Chiroqsiz qolganda sham ishlatganmiz,
Yuz yuvgani ko'zdan nam ishlatganmiz,
Ajdodlar ham asli bizdan ilgari,
Turmush tashvishidan bo'lmagan nari.
Bu she'rni shikoyat uchun yozmadim,
O'tmishdan hikoyat uchun yozmadim,
Ko'nglim buyurgani bo'ldi shu nazm,
Navoiydan boshqa shoirlar bari,
Turmush tashvishida yurgan sarsari.
TUYG'U
Tuyg'u aslo toshlarda bo'lmas,
Yolg'on yig'i, yoshlarda bo'lmas.
U qalblarning ko'zidagi gul,
Daryodilning mehrida so'lmas.
Tuyg'u – soflik samosi erur,
Tuyg'u – poklik sabosi erur.
Iymonlining ko'nglidagi nur,
Go'zallikning jilosi erur.
Shoir tuyg'u tushovidadir,
Shoir tuyg'u qurshovidadir.
Atirguldek yuz ochgan she'rlar,
Tuyg'ularning ushovidadir.
Pok tuyg'ular Haqning in'omi,
Shu tuyg'uga to'lsin dil jomi.
Tuyg'usini poklab yurganga,
Shoirlarning bo'lsin salomi.