Ertaga kech bo'lmasin
“Hurriyat” gazetasining 2021 yil 19 maydagi №21 sonida muallif Shaxboz Abduraimovning “Kitobdan o'zga najot yo'q” maqolasini o'qib, ayniqsa, so'nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda anchagina shov-shuvlarga sababchi bo'lgan holatlar, xususan, ayrim yoshlarimiz tomonidan ulug' ajdodlarimizga bo'lgan hurmatsizlik yuzasidan bildirilgan mulohazalarni kuzatib, men ham o'z fikrlarimni bayon etgim keldi.
Taniqli adib Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romanida manqurt atamasi tilga olinadi. Uning zamonaviy va tarixiy timsollari ikki shaxs, ya'ni Sobitjon va Jo'lomon obrazlari orqali ta'riflanadi.
Romanda asirga tushgan tutqunning sochini qirtishlab olib, uning boshiga hozirgina so'yilgan tuyaning bo'yin terisi kiydirilgani tasvirlanadi. Shundan so'ng, uning qo'l-oyog'i bog'lanib, boshini yerga tekkiza olmasligi uchun bo'yniga kattakon taxtakach kiydirilib, shu ahvolda bir necha kun cho'lning o'rtasiga tashlab ketiladi.
Sahroning ayovsiz quyoshi tuyaning terisini qotirib, tirishtiradi, u bechora tutqunning boshini siqar, uning tikandek o'sa boshlagan sochlari terisiga qadalib, misli ko'rilmagan og'riq berar, buning ustiga tashnalik azobi chidab bo'lmas qiynoqqa solardi.
Ma'lum vaqt o'tgach, tutqun yo o'lib ketadi, yo xotirasidan butkul mahrum bo'lib, ideal qulga aylanadi. Irodasiz, xo'jayiniga itdek itoatkor manqurt qullar, oddiy qullardan bir necha baravar qimmat turishi ham shundan.
“Asrga tatigulik kun” romanida nayman urug'idan chiqqan Do'nanboyning o'g'li, mergan yigit Jo'lomon juanjuanlarning qo'liga asir tushib qolib, manqurtga aylantiriladi. Farzand dog'ida kuyib ado bo'lgan Nayman ona uzoq qidirib yurib, axiyri jigargo'shasini topadi. Biroq, manqurt o'g'il uni tanimaydi. Tanish u yoqda tursin, hatto xo'jayinlarining buyrug'ini ado etib, o'zining mergan qo'llari bilan kamon o'qini o'z onasining yuragiga bexato otadi…
Xuddi shuningdek, asarda insoniy tuyg'ulardan mosuvo bo'lgan, hatto vafot etgan otasining qabri uchun tanlangan qabrga bepisandlarcha qaragan ongli Sobitjon yangi zamon manqurti sifatida tasvirlanadi.
Shundan so'ng, bu atama ko'chma ma'noda o'z tarixini, naslini, o'zining jon tomirlarini unutgan kishiga nisbatan ham qo'llaniladigan bo'ldi.
Men bugun ana shunday zamonaviy manqurtlarni har kuni yon atrofimizda, turli xil ijtimoiy tarmoqlar: fasebook, telegram, tik-tok, instagram kabi bir qator aloqa vositalarida ko'rgandek bo'laveraman.
To'qson bilan yuzlashgan buvim bo'lardi. Rahmatlik juda duogo'y edi. Maktabdan nabiralari a'lo baho olib kelsa, sandig'idan bir siqim mayiz va turshak berib, duo qilib qo'yishni kanda qilmasdi.
Shunday kunlarning birida katta bobomiznig qabrlarini ziyorat qilish uchun qishloq mozoriga bordik. Qabriston shahar hokimligi tashabbusi bilan yaqindagina obodonlashtirilgandi.
Qabristondan qaytamiz, deb tursak, bizdan ozgina nariroqda qiz va yigit yaqin odamini ziyorat qilish uchun kelgan ekan. Qizning boshida na ro'mol bor, kiyib olgan koftasi tizzasidan yuqorida ekan. O'tirolmadi. Yigitning qo'llariga tatirovka chizilgan edi. Ustiga-ustak, ular ziyoratini videoga olar, ikki dona gulni hali mozorning bosh tarafiga, hali oyoq tomonga qo'yib videotasvirga olishardi…
Tabiatan oriyati yuqori, bunday holatlarga yuraklari dov bermaydigan buvim ikkisini ham oldilariga chaqirdi. Mozordan tashqariga olib chiqib, achchiq-achchiq gaplar aytdi. Ulardan biri, aniqrog'i, qiz o'zimizning qishloqdan ekan, shaharda o'qib, o'sha yerda yashab qolgan. Ota-onasi esa chet elga ishlagani ketgan, 5 yildan buyon kelmas ekan. Yosh yigitga kimsan, nima qilib yuribsan, deb ham gapirmadi. Faqatgina, “Erkak kishida g'urur bo'lishi kerak yoki uni ham yoshligingda yo'qotib qo'yganmisan, essiz”, dedilar, xolos.
Shu kuni buvim uydan tashqariga chiqmadi.
Meni hayratlantirgani: bu qanday jamiyat bo'ldiki, qabristonni xorlasa, buyuk Navoiyning haykalini mazax qilsa, qo'liga gitara ushlatib, bannerga chiqarsa, Boburning qo'liga pissa tutqazsa, Temur haykali oldida esa ikkita takasaltang qiz bir-birining ustiga minib, selfi qilsa…
Bu darajaga tushib qolgan yoshlar qanday oilada voyaga yetmoqda?
Shu kunlarda yosh-yosh yigit-qizlar ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta obro' topaman, layklarimni ko'paytiraman, tik-tokda yulduz bo'laman, deb onasining yuzini tort bilan bejayapti, onamni o'ldiraman, deb valaqlab yotibdi.
Menimcha, bu illatlar o'zligimizni unutishimizga yetaklovchi kurmakning o'zi. Erga kech bo'lmasin, zero, katta-katta muammolar zamirida kichik, e'tiborsiz bo'lib ko'ringan mayda ishlar yotishi barchamizga ayon.
Islom ASILBEKOV,
O'zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi mutaxassisi