Jurnalistning qalami o'tkir bo'lsin

Mavzuni moziydan emas, bugungi kunlardan so'zlayin. Jurnalist bo'lganligim bois, meni bezovta qilayotgan sohamizdagi muammolarni aytmoq istadim. “Hurriyat” gazetasining 2021 yil 14 aprelda chop etilgan 16-sonida taniqli jurnalist Shuhrat Jabborovning “Poytaxtdan uzoqda…” sarlavhali maqolasi e'lon qilingandi. Aksariyat fikr bildiruvchi hamkasblar tuman gazetalari juda zarurligi, e'tibor kuchaytirilishi kerakligini aytishadi. Haqiqatan ham shundaymi?..

Tan olamizmi, yo'qmi hozirgi kunda hatto tuman gazetalari ham aholi xonadonlariga tarqatilmayapti. Respublika, viloyat nashrlarining-ku obuna narxi qimmatligidan ko'p rahbarlar nomigagina o'sha tashkilot va muassasa uchun obuna tashkillashtiradilar. Fikrimcha, qachonki tahririyat to'la mo­liyaviy mustaqillikka erishsa, o'shanda ko'zlangan maqsadga erishish mumkin. Ammo baribir bundan, birinchi navbatda, jamiyat katta ma'naviy ozuqa oladi.

Viloyat, tuman hokimliklari muassisligida nashrdan chiqayotgan gazetalarda tanqidiy-tahliliy maqolalar yo'q hisobi. Chunki hokimliklar har yili tahririyat uchun obuna uyushtirishda sal-pal ko'maklashadilar. Endi ayting-chi, bunday vaziyatlarda muharrir kimga bo'ysunadi?

Shu sabab, mahalliy davriy nashrlar ish jarayonida hokimliklardagi ayrim rahbarlarning mas'uliyatsizliklarini, noqonuniy xatti-harakatlarini ko'rib, ko'rmaslikka oladilar. Chunki muammolar gazetada yoritilsa, tahririyatning moliyaviy ahvoliga salbiy ta'sir ko'rsatishi tayin. Mana shularni o'ylagan muharrir “och qornim, tinch qulog'im”, deb jimgina yuraveradi-da.

Garchi bugun internet deganlari ham bor bo'lsa-da, undagi ko'pi yolg'on-­yashiqdan iborat xabarlar nafaqat odamlarni, balki ko'pgina rahbarlarni ham chalg'itayapti. Afsuski, ular ijtimoiy tarmoqdagi shov-shuvlarni rostdek qabul qilishmoqda. Yaqinda bir qo'shnim aytib qoldi: “Bu ketishda gazetalarning keragi bo'lmay qoladiganga o'xshaydi-yov. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda voqea-hodisalar nafaqat matnli, balki videoli tarzda beril­yapti, bu odamlarni ko'proq jalb qiladi”. Albatta, bu bir fikr. Bizningcha, gazetaning, ya'ni bosma nashrlarning qadr-qimmati internet qanchalik rivoj topmasin, baribir yo'qolmaydi. Bunga sabab, ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan xabar yoki yangilik bir lahzalik, daqiqa sayin yangilanib turmasa “yashay olmay” qoladi. Gazeta esa butun boshli tarix. Istalgan paytda foydalanish mumkin. Uning o'lmasligiga sabab ham shu.

Ammo jurnalist asdoydil ishlashi uchun bugungi sharoitda uning o'rtacha oylik maoshi besh million so'mdan kam bo'lmasligi kerak. Ana shundagina ham tili, ham qalami o'tkir bo'ladi.

Yana bir gap: tahririyatlar davlat byudjetiga o'tkazilsa, maqsadga muvofiq bo'lardi. Bu jo'yali fikrimni bundan oldin ham bildirgandim. “Bozor iqtisodiyoti sharoitida bu gapingiz noo'rin”, deyishdi ayrim hamkasblar, men ularga: “Hokimlik gazetalari davlat siyosatini xalqqa yetkazar ekan, albatta, uning moliyaviy chiqimi ham to'la davlat gardanida bo'lishi kerak. Ammo xususiy gazetalarning yo'rig'i boshqa. Ular bozorga qarab ish tutsalar, nojoiz bo'lmaydi”, dedim.

Yana bir narsani unutmasligimiz kerak, har yili oliygohlarni yuzlab yigit-qizlar jurnalist ixtisosligi bo'yicha tamomlamoqda. Ularning orzu-­umidlari bir olam. Gazeta va jurnallarning keng va yorug', zamonaviy jihozlangan xonalarida, yaxshigina maoshga ishlasam deydi.

Inson dunyoga kelibdiki, umid bilan yashaydi. Axir, jurnalist xalqi ham el dardida o'zini o'qqa-cho'qqa uradi. Vaqti kelib, mehnatlari to'la qadrlanishini istashadi. Bunga esa ularning ham ma'nan, ham qonunan haqlari bor-ku.

Xullas, yuqorida tilga olganim — “Poytaxtdan uzoqda…” sarlavhali maqolani o'qib, ko'nglimdan kechgan o'ylarni qog'ozga tushirdim.

Baxtiyorjon JOLChUYEV,

Farg'ona viloyati

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × one =