Amerikalik Lukas o'zbekistonlik bo'lib chiqdi

“Hurriyat” gazetasining 2021 yil 31 mart 14 sonidagi “Do's­tim “Oltin koni”ga nega merosxo'r bo'lmadi?” sarlavhali maqolani o'qib yaqinda o'zimning ham boshimdan shunga o'xshash voqea o'tgani esimga tushdi.

 

Shu yilning 4 yanvar kuni telegramimga notanish inson yoza bosh­ladi. Men unga: “Uzr, sizni tanimadim”, dedim. U o'zini amerikalik Lukas qo'shiqchi ekanligini, Samarqandga sayohatga kelganini, meni telegram raqamim to'satdan chiqib qolganini aytdi. Ajablandim.

Ertasi kuni u yana menga yozishni boshladi. Gap orasida meni yoqtirib qolganini, shuning uchun menga sovg'a bermoqchi ekanligini aytdi. Men unga begonalardan hech qanday sovg'a olmasligimni bildirdim. Lukas bo'lsa o'zini musulmon ekanligini, Amerikaga tez orada qaytib ketishini, yoqtirgan insonlariga puli ko'p bo'lgani uchun sovg'alar berishini yozvordi. Dastlab, u menga kosmetika olib qo'yganini, yana xohlasam mashina olib berishini aytdi.

Umuman tanimagan, bilmagan odam g'irt begona odamga mashina sovg'a qiladimi? Hayratlandim. Yarim tunda telegram orqali telefon qildi. Cho'chib, uyg'onib uning qo'ng'irog'iga javob berdim. U mashinani, sovg'alarni samarqandlik Ruxshona ismli qizdan ertaga berib yuborishini, plastik kartamni yuborsam pul o'tkazishini, chunki Amerikaga qaytib ketishini ta'kidladi.

Men unga hech qanday plastigim yo'qligini, sovg'alari ham kerakmasligini yozvordim.

Ertasi kuni u aytgan qiz Ruxshona telegramga kirib, menga Lukasning omonatlarini qaerga olib borishni so'radi. Uning bu gaplaridan rosti juda ajablanardim, nima bo'layotganini hech tushunolmasdim. Tanishlarimga shunday voqealar bo'layotganini aytib, maslahat so'radim. Ular menga: “Siz doim odamlarga yaxshilik qilib yurasiz. Bu ham bo'lsa Yaratganning marhamati bo'lsa kerak. Lukas orqali Xudoyim sizni siylayotgandir. Toshkentga olib kelavering, uchrashamiz, deb yozvoring”, deyishdi.

Ruxshona ertasi kuni telegramga kirib, Lukas unga omonatlarni olib borib berishi uchun 3 ming dollar berganini, menga ham ko'p pul qoldirganini ta'kidladi. Men unga Toshkentga kelganda telefon qiling, uchrashamiz, dedim.

“Lukas Keit ismim meni. +52 867 202 07 09 telefon raqamim. Pul yubordim 5000 AQSh dollari va sovg'alar mashinada”, deya u telefon raqamini ham yozvordi.

Ular uch kun men bilan telegramda xo'p yozishdi. Ammo plastigimni yubormadim. Chunki ularning niyatini men bilmasdim va bu gaplarga ishongim kelmasdi.

7 yanvar kuni esa “saxovatpeshalar” o'z-o'zidan telegramimdan chiqib, suvga tushgan toshdek jim bo'lib qolishdi.

26-27 mart kunlari yana telegramimga notanish bir yigit kirib salom berdi. Men unga: “Uzr tanimadim”, dedim.

U o'zini Ravshan Elbekovich Xalilov, biznesmen, “Akfa” korxonasi direktori bo'laman, deb tanishtirdi. So'ngra yana: “Men sizni tanimayman. Telegramimga chiqib qolibsiz. Ofisimga kelmaganmidingiz ish masalasida yoki “zakaz” bo'yicha?” — deya yozvordi. Men unga: “Yo'q. “Akfa” korxonasiga bormaganman”, dedim.

So'ngra u telegramiga qanday chiqib qolganini suratini yubordi. “Opajon qanday xizmat bo'lsa bemalol murojaat qilavering”, deya o'zini olijanob inson qilib ko'rsatishga harakat qildi. Ota-onasi Germaniyada yashashini, 5 yildan buyon ko'rmaganligini, yolg'iz o'g'il ekanligini ham aytib o'tdi. Keyin 500 AQSh dollarlik ish taklif qildi. Telegram orqali qo'ng'iroq qilib, savdo do'koni borligini, sotuvchi bo'lib ishlasam 500 AQSh dollari berishini ta'kidladi. Men unga faqat jurnalistika sohasida ishlashimni, sotuvchilik qilolmasligimni aytdim. Keyin u Oliy Majlis Senatida Feruza Latipova degan tanishi ishlashini, unga aytsa ish topib berishini, u bilan ertaga gaplashishini aytdi.

Ravshan bilan gaplashganimda, uning ovozini yanvar oyida qo'ng'iroq qilgan Lukasning ovoziga o'xshatdim. Lukas deganlari fevral oyida qo'ng'iroq qilganida uning telefon raqamini saqlab qo'ygandim. Shubhalanganim bois ataylab Lukasning telefon raqamini Ravshanning telegramiga yozib “Telefon raqami siznikimi?” — deya so'radim.

U “Yo'-o'q men akasiman. Keyinroq telefon qilvoraman. Shu masalada. Opajon, nima deysiz? Sizga amerikalik bola murojaat qilmaganmidi?” — deya talmovsirab yozvordi.

“Esimda yo'q”, dedim men uni yana nimalar deb yozishini kutib. Yolg'iz o'g'ilman degan Ravshan, endi telefon raqamni so'raganimda “men akasiman” deya yolg'on gapirib, qovun tushirganini o'zi sezmay qoldi.

“O'sha men edim. Ravshan Elbekovich Xalilov”, deya birozdan so'ng yozvordi.

Ertasi kuni u: “Opajon ishingiz nima bo'ldi? Men gaplashdim Latipova Feruza Haydarovna bilan. Dushanba kuni Registonga kelarkansiz. Kela olasizmi? Men faqat Samarqandga bog'liq jurnalistika sohasini gap­lashib bera olaman dedilar. A, siz Toshkentda-ku, to'g'rimi?”

“Telefon raqamingizni yozvoring”, dedim.

“Menda ofisim nomeri bor, bo'ladimi? Ishxonamga telefon qilasizmi? Opajon meni ishxonam, ofisim nomeri cheklangan xizmatlarda. Siz tusha olmaysiz”, dedi.

“Unda qo'l telefoningizning raqamini yozing. Telefon raqamingizni so'radim. Shunchalik qiyinmi telefon raqam berish!” — deya yozganimdan so'ng u: “Bera olmayman. Opajon istasangiz boshqa bezovta qilmayman. Opajon, onam bilan gaplashasizmi?” — deya qandaydir profil tashladi.

“Bu onamni profili. Yozib gap­lashsangiz bo'ladi. Bemalol. Siz haqingizda gapirdim ularga”.

27 mart kuni u profilidagi hamma yozishmalarni o'chirib tashlabdi.

Men bu gal ularni suratga olishga ulgurgandim. Bu haqda tegishli joyga ham yubordim.

Shunaqangi maqtanchoq, ahmoqlarga aldanib qolmang!

Xonbibi HIMMAT qizi,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 1 =