Xon saroyining talon-toroj qilinishi yoxud “kolleksioner” Kunning xazinasi

Aleksandr Kun nomi bugun ko'pchilikka notanish tuyulishi mumkin. Ammo tarixga qiziqqan insonlar uchun bu nom “katta xazina to'plagan kolleksioner” sifatida ma'lum. Albatta, ilmu fanga oid kolleksiya.

Aleksandr Lyudvigovich Kun 1840 yilda hozirgi   Ozarbayjonning Shamog'iy shahrida   o'qituvchi oilasida tug'ilgandi. Uezd maktabida ishlovchi   uning   otasi 14 ta tilni   bilar, onasi esa tab­rizlik   armani bo'lgan. Yoshligida otasi   singari til va   tarix ilmiga qiziqqan   Aleksandrning quvonchi uzoqqa   bormadi, endigina 14 yoshga   to'lganida ota-onasi   vafot   etadi. Shundan so'ng otasining   ilmli do'stlari Aleksandrning iqtidorini sezib, 1855 yilda uni hukumat hisobidan o'qish   uchun Stavropol guberniyasidagi gimnaziyaga yuborishadi. 1860 yilda esa   u Peterburg universitetining sharq fakultetiga   qabul qilinadi. A.L.Kun universitetni tamomlagach, mashhur sharqshunos   V.V.Grigoryevning maslahati va   talabi bilan dastlab,   Orenburg­­ga, u yerdan esa   1868 yilda O'rta Osiyoga   yuborilgan.

Ma'lumki, bu   paytda Qo'qon xonligining   ko'p­lab hududlari, Buxoro amirligi   zabt qilingan, Xiva esa   navbatdagi nishon edi. Oradan   ko'p vaqt o'tmadi — 1873 yilda Xorazm ham   bosib olindi. Aleksandr Lyudvigovich   ana shu Xiva yurishida general-gubernator Kaufman yonida   birga bo'ldi.

Bosib olinish   jarayonlaridagi voqealarning, urush dahshatlarining guvohi   bo'ldi. 29 may kuni   Xiva   xonining saroyi talon-toroj   etilgach, u yerdan   A.L.Kun   quyidagi hujjat   va buyumlarni qo'lga   kiritgandi. Bu haqda u   1873 yil 18 dekabrda chop qilingan   “Turkestanskie vedomosti” gazetasidagi “Xiva safari   vaqtida qilingan ilmiy   ish” nomli maqolasida   shunday yozadi: ”Xiva ekspeditsiyasi vaqtida men quyidagi   ilmiy materiallarni to'pladim: xon saroyini musodara qilish   vaqtida sharq qo'lyozmalaridan iborat 300 ta kitob to'plandi, shulardan 129 tasi sarlavhali 140 tomdan iborat tarixiy qo'lyozmalar, 30 tomdan iborat sharq shoirlarining devonlari, 50 tomdan iborat 40 ta huquqiy va diniy asarlardir. Bundan tashqari 18 tacha “Qur'on” va 50 ta dars kitob­lari ham to'plandi. Xon saroyi musodara qilinganida, qo'lyozmalar bilan birgalikda hujjatlar ham to'p­landi. Bu hujjatlarni ikki   guruhga bo'lish mumkin: birinchi guruhga xonlikning daromadlari va xarajatlariga doir daftarlar hamda   bir qancha vaqf va   mulk hujjatlarini, ikkinchi guruhga xatlar va diplomatik yozishmalarni kiritish mumkin. Daftarlar orasida pul soliqlariga doir yozuvlar (solg'ut), zakot daftarlari va Matmurod devonbegining xon hujjatlari to'g'risidagi hisobotlari bor.

So'ngra shu   hujjatlar orasida Buxoroda, G'azalida, Istambulda va   boshqa joylarda savdo-sotiq   ishlari bilan yashab   turgan xivaliklarning xonga   yuborgan iltimosnomalari, nizolarini hal qilib   berish to'g'risida yozilgan imkoniyatnomalar, biror mansab berish   to'g'risidagi iltimosnomalar va shu kabilar bor. Diplomatik hujjatlar orasida Ost-Indiya general-gubernatori Narsbrukning xati, Turkiya sultonining xatlari va farmonlari, rus elchisi podpolkovnik Danilevskiy bilan Xiva xoni o'rtasida tuzilgan ahdnoma   hamda Turkiston general-gubernatori tomonidan xonga yuborilgan bir necha maktub bor”( IV AI   AN, Fond 33, p 16).

Sharqshunos Kun janoblari ana shu ma'naviy boylik­larni Xivadan Toshkentga olib kelib, ayrimlari bilan to'liq, ba'zilarining esa mazmuni bilangina   tanishib chiqdi. Tabiiyki, olim bisotidagi ayrim hujjatlarni Peterburgdagi xalq kutubxonasiga, Fanlar Akademiyasining Osiyo muzeyiga taqdim qiladi. Kaufman esa xalq kutubxonasi   direktori nomiga 1874 yil   yanvarida xat yozib unda   shunday fikrlarni bildirgandi: “Hurmatli Ivan Davidovich! O'tgan yilgi Xiva ekspeditsiyasi vaqtida xon saroyi musodara qilinganida mening   huzurimda bo'lgan Nadvorniy Sovetnik Kun mening topshirig'imga binoan   Sharq qo'lyozmalarini to'plagan edi. Ushbu maktub bilan ilova qilingan ro'yxatga binoan   mazkur qo'lyozmalar kolleksiyasini yuborib, Imperator Xalq kutubxonasidan bu kolleksiyani rus qo'shinlarining 1873 yildagi Xivada qozongan muvaffaqiyatlari ilm-fanga keltirgan   tuhfa tariqasida qabul   qilinishini iltijo qilaman. Chin hurmat va   astoydil sadoqat bilan   kaminalari”( IV AI AN   Rossiyskiy federatsiya Fond 33, p 16 ).

Xullas, Kunning xizmatlari bois Rossiya sharqshunosligi katta ma'naviy boylikka ega bo'ldi. Aleksandr Lyudvigovich esa 1876 yildan 1882 yilgacha Turkiston general gubernatorligining maktablar bosh noziri bo'lib ishlaydi. Ya'ni, tashkil qilingan rus-tuzem maktablari faoliyati bilan shug'ullanadi. Bunday maktab­larni yanada   ko'paytirish imkoniyatlarini izlaydi. 1882 yilda bo'lsa   Peterburgga yuborilib, u yerda   bir oz ishlagan. Ana o'sha vaqtda u o'zida saqlanayotgan Xiva yurishidagi ba'zi hujjatlarni Peterburgdagi Saltikov-Shched­rin nomidagi davlat   xalq kutubxonasiga topshiradi. 1888 yilda sharqshunos Kun vafot etadi. Uning vafotidan   keyin arxivining anchagina qismi Fanlar Akademiyasining Osiyo muzeyi   ixtiyoriga o'tadi. Akademiyaga   qarashli “Melanj Aziatik” jurnali 1890 yilda Kun kolleksiyasidagi qo'lyozmalari   ro'yxatini e'lon qiladi.

Osiyo muzeyidagi materiallar sharq qo'lyozmalari bo'­yicha yetuk mutaxassis Zalman tomonidan ro'yxatga olingandi. Lekin qo'lyozmalarning mazmuni   o'qib aniqlanmadi. Chunki qo'lyozmalar Xiva arxivi ekanligini, professor Muhammadjon Yo'ldoshevning aytishi bo'yicha, “hech kim bilmadi”. Shundan keyin ushbu materiallar Fanlar   Akademiyasi Sharqshunoslik   institutiga o'tkazildi va   mazmuni o'qib aniqlanmagan qo'lyozmalar   tariqasida keyingi vaqtlargacha   ro'yxatga olinmay, fondda saqlanib   kelaverdi. Bu qo'lyozmalar Sharqshunoslik institutida uzoq   vaqt saqlandi va shu davr ichida ushbu materiallar bilan ko'pgina   atoqli olimlar yuzaki tanishib chiqdi. Biroq qo'lyozmalarni o'qish juda qiyin bo'lganligi sababli   mazmuni aniqlanmay qolaverdi. Shu tarzda bu materiallarning mazmunini aniqlash uzoq   vaqtlargacha birinchi darajadagi   ilmiy muammo bo'lib   keldi.

Vaholanki, o'zbek, tojik, arab va fors tillarini bilgan   va mahalliy aholi   orasida Iskandar to'ra   deya nomlangan Aleksandr Lyudvigovich   Kun bu haqda shunday   yozgandi: “…Hujjatlar   to'plami har qancha   qiziqarli bo'lsa ham, lekin   bu hujjatlarning fan   uchun bo'lgan ahamiyatini   e'tiborga olganda: birinchidan, shu hujjatlarning to'liq   emasligiga — ko'p hujjatlar yo'q   bo'lib ketganligiga va   noma'lum kishilar olib   ketganligiga va ikkinchidan, bu hujjatlar faqat keyingi   vaqtlarga doir qiziqarli   materiallardan iborat bo'lganligiga afsuslanmaslik   mumkin emas. Bu holning   ikkita sababi bo'lishi   mumkin: ruslar yaqinlashib kelayotganligi to'g'risida xabar olinishi   bilan saroyda umumiy   sarosimalik boshlangan, ikkinchidan, musulmon xonliklarida yozma   hujjatlarni saqlash odati yo'q   edi. Har bir xon   o'lganidan keyin saroyda   bo'lgan mulkning hammasi merosxo'rlar o'rtasida taqsimlanib olinar edi,   davlat arxivlari yoki   shunday hujjatlar saqlanadigan boshqa joylar xonliklarda   bo'lgan emas” (“Poezdka po   xivinskomu xanstvu v 1873 g.”. Izvestiya Russ. Geograf. obщestva, t,X, SPB, 1874, 58 bet). Tabiiyki,Kunning o'zi topgan   arxiv to'g'risida bergan   ma'lumotlari shubhasiz to'g'ridir. Ammo uning sharq xonliklarida hujjatlarni saqlash odati   yo'q, degan fikrlariga qo'shilish   qiyin. Chunki, 1930-32 yillarda Olloqulixon Toshhovli saroyini qurdirgan   paytida xonlik arxivini   muhofaza qilishga alohida   ahamiyat berib, maxsus bo'lmalar   ajratadi. Bayoniyning yozishi bo'yicha, arxiv hujjatlari xazinada saqlanib   kelgan. Saroyda arxiv materiallari alohida binoda, maxsus ajratilgan kishilarning   nazorati ostida tartib   bilan juda puxta   saqlanib kelgan bo'lib, har   bir daftar raqamlangan.

Ehtimol, qadimgi davrlarda   xonliklarda hujjatlarni saqlash   an'anasi bo'lmagandir. Sharqda arxivlarni saqlash   odati bo'lmagan edi, degan   fikr o'sha vaqtda   ko'p tarqalganligi sababli   A.L.Kun saroyda yuz   bergan tartibsizlik ta'siri   ostida qolib, topilgan   hujjatlar bilan chuqurroq   tanishishga ulgura olmay   shu fikrni aytganligi   ehtimoldan uzoq emas. Qolaversa, biz tilga olgan   Kunning maqolasi 1874 yilda   chop etilgandi.

Bundan tashqari, Kaufman armiyasi shtabida xizmat   qilgan Kun hujum   qilib borayotgan qismlarning   oldingi safida emas   edi. Ana shuning uchun   ham u   saroyga birinchi bo'lib   kirmasdan, balki birmuncha ke­yinroq   kirgan, bu paytda esa, xon   va uning mulozimlari   qochib ketgan, saroyning ichiga   yuzlab kishilar kirib   chiqqan edi. Ana shu   sababli xon va   uning a'yonlari tashlab   ketgan saroyga tasodifiy   kishilar “saroydagi sarosimalikdan” foydalanib, u yerdan qimmatbaho   narsalar topish maqsadida   yoki boshqa maqsadlar   bilan kirib-chiqib yurganlar. Shuning uchun ham A.L.Kun qo'liga   tushgan arxiv haqiqatan   ham betartib holda bo'lgan va   bir qismi talonchilik   natijasida yo'qolgan bo'lishi   mumkin.

Xo'sh, yo'qolishga sabab   nimada?

Ma'lumki, vaqf yerlar, molu mulk da'vosiga doir   qozi yoki qushbegi va   boshqa amaldorlarga tegishli   hujjatlar ham xon   saroyida saqlangan. Bayoniyning “Shajarai Xorazmshohiy” asarida yozilishi bo'yicha, saroyni zabt etgan   Rus   generali Golovachyov otryadi   saroydan chiqib ketganidan   keyin, bir to'da olomon   saroyga bos­tirib kirgan   va Golovachyovdan qolgan   narsalarning hammasini olib   ketgan.

Xo'sh,   olomon   tomonidan yo'qolgan narsalar, yoki hujjatlar nima bo'lishi   mumkin? Ularni yo'qotishdan kim   manfaatdor edi?

Manfaatdorlar faqat   saroydagi kundalik xarajatlar   yozilib borgan va   eng keyingi vaqtlarga   doir bo'lgan hujjatlar   bilan yoki daromadlar   to'g'risidagi, yoxud boshqa mansabdor   shaxslarning daromadlari to'g'risidagi   hujjatlar bilan, yo bo'lmasa   soliq to'lovchilarning ro'yxatlari   bilan qiziqishlari mumkin   edi. Biror narsani olishga   yoxud biror hodisaning   izini yo'q qilib   yuborishga intilgan, o'zlarining fosh bo'lishlaridan qo'rqqan manfaatdor kishilargina (yoki shu kishilarning   yollanma   odamlari) saroyda ro'y   berayotgan voqealardan foydalanib   qolmoq uchun mazkur   hujjatlarni o'g'irlab ketishlari   mumkin edi. Bunday manfaatdor   kishilar o'zlarining qadim   o'tmishiga doir xarajatlar yoki   daromadlar ma'lumotlariga qiziqmas   edilar. Ular ko'proq o'zlariga   doir ma'lumotlar bilan, o'z   hamshaharlari, hamqishloqlariga   yoki qarindosh-urug'lariga doir   materiallar bilan qiziqardilar.

Masalan, Xiva arxivida   Qushbegi tomonidan aholidan   olingan solg'ut (erdan olinadigan   pul solig'i) ro'yxatining   yo'qligi tasodifiy bo'lmasa   kerak. Shu­ningdek, Kun to'plagan A-257 raqamli qizil charm muqovali   daftarning ayrim varaqlari   yulqib olingan, yozuvsiz toza   sahifalarni esa harbiy   safar qatnashchilaridan biri   kundalik xotiralarini yozib   borish uchun ishlatgan..

Arxivdagi hujjatlarning tili hozirgi o'zbek   adabiy tiliga kam   o'xshash bo'lib, daftarlarda shartli   so'zlar bilan yozilgan   ma'lumotlar ko'p. Chunki bu   ma'lumotlar daftarlarga   tadqiqotchilarning o'qishi uchun yozilmasdan, balki tor doira kishilar   uchun bitilardi. Bu daftarlarni   yozgan mirzolar o'zlari   yozgan yozuvlar xonning   shaxsiy mahkamasi yoki   biror bo'limdagi sirlardan   voqif bo'lmaslik uchun, hatto   o'z zamondoshlari yoxud   sheriklari ham o'qiy   olmaydigan yozuvlar bo'lib   chiqishiga harakat qilganlar. Ya'ni, xonlik hujjatlari   sir saqlanishi uchun   atayin o'zlarigina o'qiy oladigan qilib yozishgan.

Bu haqda Kun janoblari   ham shunday yozgandi:   “Bundan ham chalkashroq   yozuvni topish qiyin. Daftarlarda nimalar yozilganligini boshqa   devonlardan(kotib-mirzolardan)   iltimos qilganimda ular   yozuvga tushunmay o'qib   bera olmadilar”.    Aynan, shu sababdan ham   hujjatlar Kun tomonidan   Petrburgga olib ketilib   muzey va xalq   kutubxonasiga topshirilgach, ancha   vaqtgacha yozuvlarga tushunish   qiyinligidan Xiva arxivi   tadqiqotchilari e'tiboridan qolib   ketdi. Biroq Kunning   Xorazmdan to'plab olib   ketgan kolleksiyasi sharqshunoslik uchun chinakam bebaho   ma'naviy boylik edi. Bu   boylikdan unumli foydalanish   keyingi davrdagi   tarixchilardan   P.P.Ivanov va   M.Yo'ldoshevga nasib qildi.

1936 yil. Ana shu sanada fidoyi tarixchi P.P.Ivanov Saltikov-Shchedrin   nomidagi xalq kutubxonasidan Xiva xonligining arxiv   hujjatlarini topadi. U xonlikning Kun topib   keltirgan 11 ming daftarini   qisqacha tavsiflab, ulardan   parchalar bergan holda   1940 yilda “Arxiv xivinskix xanov   XIX v” nomli kitobini   nashr ettiradi. P.P.Ivanov asarida   ko'rsatilgan daftarlarning raqamlari   muarrixning o'zi qo'ygan   raqamlardir. Ushbu raqamlar Saltikov-Shchedrin nomidagi xalq kutubxonasida   qo'lyozmalarning kolleksiyalari   yoki arxivlar ro'yxatga   olingan vaqtda qo'yilgan hisobot raqamlaridir. Arxivni birinchi bo'lib topgan P.P.Ivanovning xizmati   juda katta bo'lib, u birinchi bo'lib ilm ahllarining   e'tiborini arxivga jalb   qildi va topilgan   materiallarni   tizimga soldi. U   o'z asarida daftarlarning mazmunini qisqacha bayon   qilib berdi va   sharqshunoslikka g'oyat katta   xizmat ko'rsatdi. Afsuski, serg'ayrat   tarixchi P.P.Ivanovning bevaqt   vafoti natijasida bu   ish to'xtab qoldi   va ancha yillargacha   hech kim davom   ettirmadi.

Muhammadjon Yo'ldoshev   garchi Farg'ona viloyatining   Beshariq tumanida (1904 yilda) tug'ilgan bo'lsa-da, uning ilmiy   faoliyati, qiziqish-u   intilishlari   Xorazm mavzusida   edi. U 1945-48 yillarda Mordova   pedagogika ins­titutlarida direktorlik   qildi. Shundan so'ng Moskvaga ketib   Fanlar Akademiyasining sharqshunoslik institutida katta ilmiy   xodim, 1951-56 yillarda   Leningrad davlat universitetida dotsent, 1956-61 yillarda   esa O'ZKP(b) MK huzuridagi   partiya tarixi instituti   direktori   sifatida mehnat   qildi.

Akademik V.V.Bartold aytganidek, “musulmon   olamida tarix hech bir joyda bevosita   arxivdan olingan hujjatlar asosida yozilgan emas”. Muhammadjon aka   esa A.L.Kun to'plagan va uni   tadqiq qila boshlagan   P.P.Ivanovning ishini davom   ettirib, olib borgan   tadqiqotlari bilan Sharq   hayotidagi butun bir   tarixiy davr­­ni yangicha yoritishga muvaffaq bo'ldi. Jami   o'n bir ming varaqdan iborat Kun to'plagan kolleksiyani Saltikov-   Shchedrin nomidagi xalq kutubxonasidan, Osiyo muzeyidan   topib tavsiflash va tekshirish, tarjima   qilish tabiiyki oson   bo'lmadi. Bunga M.Yo'ldoshev yillar   davomidagi sabr matonati evaziga   erishdi. Muhammadjon Yo'ldoshev A.L.Kun to'plagan, P.P.Ivanov davom   ettirgan ilmiy tadqiqotning davomchisidir. Afsuski, uning   vafotidan so'ng, Xiva   xonligining arxiv hujjatlarini o'rganish (1511-1920 yillar) bilan keyingi davrda   hech bir tadqiqotchi shug'ullanmadi. Sankt-Peterburgdagi Saltikov-Shchedrin nomidagi   xalq kutubxonasi qo'lyozmalari   o'z tadqiqotchilarini intizorlik   bilan   kutib yotibdi…

Qani edi ushbu qo'lyozmalar xalqimizning tarixiga oid nodir meros o'z Vatanimizga qaytarilsa, bu olamshumul vaqea bo'lar edi.

Umid BEKMUHAMMAD

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 5 =