“MUShTUM” OQSOQLANG'AN EMISh

Abdulla QODIRIY

Bu xabar el og'zida bir-ikki oydan beri yurubdir. “Mushtum” nimaga o'z vaqtida chiqmaydir, “Mushtum” musht yedimi, nima bo'lsa-da, “Mushtum”ni davom etdirish kerak, degan savol va tilaklar idoraga yomg'urdek yog'ib turadir. Har holda savol va tilaklarda “Mushtum” kabi bir botirning maydondan yo'qolmaslig'i kerak ekani taqviya va tavsiya etiladir. Yo'q, “Mushtum” musht yemadi. “Mushtum” davomidan to'xtamadi, ham to'xtamas degan umiddamiz. Lekin masalaning uchi mulla-mirjiring chervon alayhissalomga borib taqaladir. “Mushtum” hukumat hisobidan chiqmaydir. Tomning qorini kurash, suv, o'tun keltirish “Mushtum”ning o'z ustiga tushkandir. “Mushtum” ayolmand bir kishi. O'quvchilar tushunmasdan:

– “Mushtum” pochcha, goh-goh ko'rinib turing, nega ko'rinmaysiz, sizni yolg'iz topib birta-­yarimta musht urdimi? – deydilar. Lekin “Mushtum” musht yemadi. Dehqonlarning belini sindirgan chervonitis “Mushtum”ning ham belini sindirdi. Chunki “Mushtum”ning erka o'g'li bo'lg'an “Davlat nashriyoti” chervonitis yeydir. “Mushtum”ning butun topqan-tutqani “Davlat nashriyoti”ga beriladir. “Mushtum” davom etib keladir. Yana davom etmakchi. “Mushtum”ning bir dushmani bo'lsa, qarshisida ming do'sti bor. Lekin dushmani ishlaydir, tinmaydir: do'sti ko'b, lekin bir oz himmatsiz edi. Endi ko'b yerdan: “Biz ham dushmanlardek himmatlik bo'lamiz, jurnol sotilg'anda qimmatroq olamiz”, deb yozdilar. Biz shunga ishonib, u yer-bu yerdan qarz xavola qilib, “Davlat nashriyoti”ning og'zig'a urub “Mushtum” botirni maydonga yana chiqardiq.

“Mushtum” 1923 yil,

12 son, 2-bet.

Tahririyatdan: xalqimizning ulug' adibi Abdulla Qodiriyning ushbu maqolasi e'lon qilinganiga ham qariyb bir asr bo'libdi. Lekin mavzu hamon dolzarb, go'yoki bugungiMushtumhaqida yozilganga o'xshaydi. Ming taassufki, ulug' bobolarimiz tashkil etgan shunday tarixiy nashrdan bugun domdarak yo'q. U yopilib ketdimi yo yana dunyo yuzini ko'radimiyo'qmi, hech kim bilmaydi.

Bir qancha vaqt avval jurnalga mas'ul bo'lmishlardanHolingiz ne?”, deb qiziqqanimizda, “… hozir ahvolimiz chatoq, tahririyat tarqab ketgan, aqchamiz ham, joyimiz ham yo'q, ko'chadamiz. Homiy izlayapmiz” deyishgan edi.

Ajab ishlar, oradan 98 yil o'tib “Mushtum” tog'a boshida mushkul savdolar yana takrorlanayotganiga qarang-a!..

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 4 =