Yorug'likdan qo'rqqan odamlar yoki migren buyuklar kasalligimi?
Migrenning tarixi 4000 yillarga borib taqaladi va hatto qadimiy manbalarda ham bu haqda aytib o'tilgan. Migren yunoncha “hemicrania” so'zidan kelib chiqqan bo'lib, “boshning yarmi” degan ma'noni anglatadi. Bu bilan yer sharida yashovchilarning har yettinchisi og'rishi aniqlangan. Mutaxassislarninng fikricha, ayollar ushbu kasallikka erkaklarga nisbatan ikki baravar ko'p chalinishar ekan. Faqat Buyuk Britaniya mamlakatini oladigan bo'lsak, u yerda olti millionga yaqin odam migren kasalligi bilan og'riydi.
Ma'lumotlarga ko'ra migren bilan dunyoda buyuk insonlarning ko'pchiligi – harbiy qo'mondonlardan Yuliy Sezar, Aleksandr Makedonskiy, Napoleon, yozuvchilardan Lyuis Kerroll, Gi de Mopassan, Fedor Dostoyevskiy, olimlardan Charlz Darvin, Zigmund Freyd, Alfred Nobellar, kompozitorlardan Lyudvig van Betxoven, Petr Chaykovskiylar va hatto Petr I, Yelizaveta I lar ham ushbu kasallikdan aziyat chekishgan.
Uning keng tarqalishiga qaramay, ko'plab afsona va noto'g'ri tushunchalar hanuzgacha migren bilan bog'liq, masalan, ko'p odamlar bu kasallikdan faqat ayollar azob chekadi, deb hisoblaydi. Hech kim bu kasallikni o'zlari azoblanmaguncha jiddiy qabul qilmaydi. Dunyoda jami bemorlarning 70 foizi doimiy muolaja olishga majbur ekan.
Biz ushbu kasallik va davolash usullari, odamlarda tez-tez uchrayotgan asabiy notinchliklar haqida batafsil suhbatlashish uchun Toshkent Tibbiyot akademiyasi asab kasalliklari kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi Satima Razzakovna Kuranbayeva bilan suhbatda bo'ldik.
— Assalomu alaykum. Nazarimizda hozirgi odamlar bilan oldingi, deylik buvi va bobolarimizni solishtirsak katta farqni ko'ramiz. Bugun odamlar oldingilardan farqli tez asabiylashadi, doim qaergadir shoshadi, xullas, xotirjamligini yo'qotishgan. Sizningcha nega shunday? Siz mutaxassis sifatida buning sabablari nimalarga borib taqaladi, deb o'ylaysiz?
— Asab tizimini biz nevropatologlar markaziy nerv sistemasi deymiz. Bu inson organizmini boshqaruvchi sistema hisoblanadi. MNS doimo kecha-yu kunduz tinimsiz ishlaydi va inson tanasining barcha organlariga impuls berish orqali ularni boshqarib turadi va shuning uchun biz gapiramiz, eshitamiz, yuramiz, qo'llarimiz orqali ishlarni bajaramiz, fikrlaymiz, yozamiz, ko'ramiz va ovqat yeymiz va hokazolar.
Insonda MNS bilan birorta o'zgarish bo'lsa, organlar funksiyasi ya'ni uning ishlash prinsiplari buziladi. Bu simptomlar yig'ilib birorta kasallikka olib keladi. Bizning nafas olishimizdan tortib yurak bir maromda urishigacha ham MNS ta'minlab beradi. Agarda MNS sida birorta o'zgarish bo'lsa, demak aniqki, insonni nimadir boshqa kasallik bezovta qilayotgan bo'ladi.
Biz bu sistemaning normal holatda ishlashi uchun ovqatlanish, dam olish, sport bilan shug'ullanish va ko'proq toza havoda dam olishimiz kerak bo'ladi. Inson o'zi uchun bu muhitni yaratmasa, ikkinchi kishi buni yaratib bera olmaydi. Insonning sog'ligi o'zining qo'lida. U o'zini boshqarishni bilmasa, buni boshqa kishi tomonidan amalga oshirib bo'lmaydi.
— Migren o'zi qanday kasallik? Nega u juda ko'p odamlarda uchraydi?
— Migren bu — bosh og'riq sindromi. Haqiqatan ham bu xilda bosh og'riganda bemorlar o'zini qo'yishga joy topa olmaydilar. Migren — og'riqni idrok etish uchun javob beradigan miya sohalarida buzilishdir. Masalan, davolanmagan tishdagi yallig'lanish jarayoni bilan trigeminal asab uchlari bezovta bo'ladi. Og'riq impulslari miyada joylashgan trigeminal asabning yadrosiga kiradi va u yerdan — miya yarim korteksining kulrang moddasiga kiradi, bu yerda muammolar manbai qurt tushgan tish ekanligi tushuniladi. Bosh sohasidagi barcha og'riqlar aynan shu yo'l bilan kelib chiqadi.
Migren tufayli trigeminal asab yadrosi faollashadi, bu asab uchlari mukammal tartibda bo'lishiga qaramay, korteksga og'riq impulslarini yuborishni boshlaydi. Ma'lum bo'ladiki, bosh xuddi o'z-o'zidan og'riyapti, chunki bunda og'riq manbai ko'rinmaydi.
Migren irsiy kasallik ekanligi ma'lum bo'lib, kasallik odatda ona orqali farzandga yuqadi va bu yuqumlilik ko'pchilik nazarda tutgan yuqumlilik emas, albatta. Uning rivojlanishiga javobgar bo'lgan o'ziga xos gen yoki genlar to'plami hali topilmagan. Migrenda bosh og'rig'i kuchli kechadi, bemorning harakati bilan yanada kuchayadi. Og'riq ko'ngil aynish yoki yorug'likdan, tovushdan bezovtalik bilan yana ham avjiga chiqadi.
Ko'pincha, xurujdan so'ng, odam birmuncha vaqt charchagan va o'zini yomon his qiladi.
— Aytingchi, migrenning alomatlari qanday bo'ladi?
— Bilasizmi, migrenda har bir bemorda turli xil alomatlar mavjud bo'lishi mumkin. Migrenning keng tarqalgan ikki turi “oddiy” yoki aurasiz migren va “klassik” yoki auraga ega migrendir. Aura — bu migrenga hamroh bo'lishi mumkin bo'lgan nevrologik alomatlar spektrini tavsiflash uchun ishlatiladigan tibbiy atama bo'lib, ko'pincha vizual buzilishlarni o'z ichiga oladi, shuningdek, uyqusizlik, bosh aylanishi yoki hatto muvozanatni yo'qotish kabi holatlar paydo bo'lishi mumkin.
Aurasiz migren taxminan 85 foiz bemorlarda uchrashi mumkin. Alomatlar asosan boshning bir tomonida og'riq paydo bo'ladi, xuruj ham boshning bir qismida bo'ladi, ba'zan boshqa tomonga o'tishi yoki yon tomonlarini bir xurujdan ikkinchisiga o'zgartirishi mumkin.
“Oddiy” migrenda o'tkir, pulsatsiyalanuvchi og'riq odatda ko'ngil aynish, qusish va yorug'lik, tovush va hidlarga yuqori sezuvchanlik bilan birga keladi va davom etadi. Xurujlar to'rt soatdan 72 soatgacha davom etishi mumkin. Bundan azob chekayotgan odamning ko'pincha simptomlar kamayguncha qorong'i xonada yotishdan boshqa chorasi qolmaydi.
“Klassik” migren paytida esa bemor auraga ega bo'ladi. Bu turida kasallik birdan kuchayadi va 30 soniyadan 60 soniyagacha davom etadi. Ular intensivligi bo'yicha bemordan bemorga farq qiladi va vaqt o'tishi bilan o'zgarishi mumkin.
Bemorlarning taxminan 15 foizida migren xurujining boshlanishi auraga bog'liq. Ushbu nevrologik alomatlar spektri bilan ifodalanadi, shu jumladan ko'rish qobiliyati, konsentratsiyani yo'qotish va gapirish qiyinligi, tananing bir tomonida noqulaylik kabi hissiy alomatlar paydo bo'ladi. Simptomlar odatda besh va yigirma soniyagacha tez rivojlanadi va jami 30 dan 60 soniyagacha davom etadi.
— Migren xurujiga nimalar sabab bo'lishi mumkin?
— Migren paytida dietaga jiddiy rioya qilinishi kerak. Tarkibida kofeini bor ichimliklar, shokolad, pishloq, sitrus mevalar va sharob ichish taqiqlanadi. Migrendan aziyat chekayotgan bemorlar, avvalo, to'g'ri ovqatlanish, vaqtida uxlash, qattiq asabiylashmaslik kabi holatlarga e'tibor qaratishi va muntazam sport bilan shug'ullanishlari shart. Yorug'likdan qo'rqish — bu ko'zning nurga nisbatan og'riqli sezgirligi, uning kirib borishi odamda bunday noxush tuyg'ularni keltirib chiqaradi: og'riq, ko'zlarning og'rishi, yoshlanishi, ko'zni yumib yotishga moyillik.
Yaqin vaqtgacha shifokorlar migren xurujiga sabab bo'lishi mumkin bo'lgan bir qator omillar mavjudligini ishonch bilan ta'kidladilar. Ushbular orasida stress, ayollarda hayz davrining boshlanishi, spirtli ichimliklar, ba'zi oziq-ovqatlar (masalan, shokolad, pishloq, qahva, sitrus mevalar), uyquning yetishmasligi yoki ortiqcha bo'lishi, ochlik va ba'zi hollarda sovuq ob-havo oqimi ham bunga sabab qilib ko'rsatilgan.
Shunday qilib, olimlar bir nechta tadqiqotlar o'tkazdilar va prodromal davrda migreni bor bemorlarda miyaning bir qismi — gipotalamus faollashishini aniqladilar. Bu trigeminal asab yadrosi faollashuvini qo'zg'atilgan gipotalamus, ya'ni migren xuruji degan versiya mavjud. Bundan tashqari, qiziqarli bo'lgan narsa, gipotalamus uyqu va bedorlik davrlarini tartibga soladi, hissiyotlar, ovqatlanish harakati va gormonlar ishlab chiqarish uchun qisman javob beradi. Shuning uchun, ehtimol, gipotalamusning kuchaygan faolligi, go'yo migren provakatorlarini tortadi. Gipotalamusning haddan tashqari faolligi tufayli odam shirin narsani xohlaydi — u shokolad iste'mol qiladi — boshi og'riydi. Yoki hayajonlangan gipotalamus bemorni asabiylashtiradi — bemor yaqinlari bilan janjallashadi — migren kuchayadi.
— Buning otini hayot deb qo'yibdi. Asabiylashmaslikning imkoni yo'q. Asabiylashdi degani esa demak migrenning kuchayishiga bor budi bilan hissa qo'shildi deganidir. Ayting-chi, bu kasallikni to'liq davolaydigan vositalar haliyam yo'qmi?
— Bugungi kunga kelib, migrenni butunlay davolashga qodir vositalar mavjud emas. Ammo bu bemorga yordam berib bo'lmaydi degani emas. Uni davolashda bir nechta yondashuvlar mavjud. Avvalo, bosh og'rig'ini qo'zg'atuvchilardan saqlanish kerak bo'ladi. Shuningdek, og'riq qoldiruvchi vositalarni ilk belgilar ko'rinishi paytidayoq qabul qilish zarur. Oddiy og'riq qoldiruvchi vositalar va o'ziga xos migrenga qarshi dorilar (triptan, sumamigren) buyuriladi. Ammo bu davolanish faqat migren xurujlariga kamdan-kam hollarda mos keladi. Haqiqat shundaki, og'riq qoldiruvchi vositalarni haddan tashqari faol ishlatish kuchli bosh og'rig'iga olib kelishi mumkin.
Shuning barobarida boshning qattiq tutib og'rishining oldini olish kerak bo'ladi. Bu migren epizodlarini iloji boricha kamdan-kam takrorlanishini ta'minlashga qaratilgan. Dori vositalarining nomlaridan ularning migrenni davolash uchun yaratilmaganligi aniq ko'rinib turibdi, ammo eksperimental tadqiqotlar davomida ushbu dorilar bosh og'rig'i xurujlarini kamaytirishi aniqlandi.
— Demak, bu kasallikka qarshi, uni butunlay davolaydigan maxsus dori vositalari yo'q? Migren uchun buyurilgan dori-darmonlar, bemorni butkul tuzatmaydi, balki ma'lum bir fursatlarda yordam beradi, xolos, shundaymi?
— Yo'q, yaqinda migrenga qarshi maxsus dorilar paydo bo'ldi, hozircha ular faqat Buyuk Britaniyada va AQShda mavjud, ular migren xuruji paytida trigeminal asab tomonidan ajratilgan oqsilga ta'sir qiladi. Aynan shu oqsil og'riqni keltirib chiqaradi. Yangi terapiya reseptorlarning CGRP oqsiliga sezgirligini yo'q qiladi yoki hatto uning ishlab chiqarilishini bloklaydi. Bu bemorlarning taxminan yarmida hujumlar chastotasini ikki baravar kamaytirishga, ularning to'rtdan birida migrenni butunlay yo'q qilishga imkon beradi, deb umid qilinyapti. Ushbu dori-darmonlarga qo'shimcha ravishda, CGRPga ta'sir qilmaydigan, ammo og'riq signallarini uzatuvchi boshqa oqsillarga ta'sir qiluvchi dorilar ham ishlab chiqarilmoqda. Shu sababli, migrenni yaqinda butunlay davolashga erishish mumkin.
— Asablarni mustahkam saqlash uchun gazetxonlarimizga qanday maslahatlar berasiz?
— Ha, yuqorida aytganimizdek, bugun odamlarimizning aftu angoriga, qiyofasiga, gapu so'ziga boqib, katta bir bezovtalikni ko'rasiz. Men mutaxassis emas, oddiy bir fuqaro sifatida hamyurtlarimizni kuzatar ekanman, kuchli ruhiy bezovtalik, asab tarangligi, Yevropa yoki Amerika qit'asi odamlariga ko'ra bizning mamlakatimizda kuchli kechayotganini ko'raman. Nega? Ehtimol, bu o'zimizni hoyu havaslarga haddan ortiq qurbon qilayotganimiz, nafsimizning hakalak otayotgani bilan bog'liqdir, degan o'ylarga berilaman. Axir, bir havas ikkinchisini, bitta bezovtalik, yana boshqasini yetaklab keladi. Bular esa asabni zo'riqtirmasdan qo'ymaydi. Biz asabni saqlash, uni boshqarish uchun irodamizni mustahkam qilib yuqorida aytilgandek bugungi kunga yaxshilik bilan boqsakkina chiroyli kelajakni yarata olamiz.
Asabni davolashda, avvalambor, hamma narsa insonning o'ziga bog'liq. Inson o'z kundalik rejimini to'g'ri taqsimlasa, hech qachon asabda buzilishlar bo'lmaydi. Juda ko'p kasalliklar, asosan, asab orqali yuzaga kelishini yuqorida ham aytdik. Uni saqlash, jilovlashdan hech qachon zada bo'lmaslikni maslahat beraman.
Go'zal suhbatlashdi.