Munosabat bildirish bilan cheklanmaymiz
Kuni kecha poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O'zbekiston Jurnalistlari Ijodiy uyushmasining “O'zbekiston Jurnalistlari Ijodiy uyushmasi: kecha, bugun va ertaga” mavzusida matbuot anjumani o'tkazildi.
O'zbekiston Jurnalistlari Ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov ishtirok etgan tadbir chin ma'noda OAV vakillari bilan ochiq muloqotga aylandi.
Uyushma raisi Olimjon O'sarov jurnalistlarni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan tabriklab, o'tgan qisqa muddat davomida ularni qo'llab-quvvatlash va himoya qilishga doir amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berdi.
Xususan, joriy yil iyun oyining o'zida, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisining maxsus @jurnalist_uz_bot telegram boti ishga tushirilgandi. Ayni paytgacha uyushmaga bot orqali mingga yaqin murojaatlar yo'llangan. Bugun ular atroflicha o'rganib, hal qilinyapti.
Shuningdek, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zolari Aleksandr Pushkin tavalludining 222 yilligiga bag'ishlangan tadbirda ishtirok etib, shahrimizda qad rostlagan shoir haykali poyiga gulchambar qo'ydi. Andijonda Effect.uz internet nashri jurnalisti bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklanganligi holatiga rasmiy munosabat bildirildi, “Sahhof” nashriyoti rahbariyati bilan uchrashuv uyushtirilib, nashriyot rahbariyati uyushma kutubxonasi fondi uchun “Poyravot farzandi”, “Pandemiya va mus'uliyat” hamda yurtimizning qator hududlari tarixi va buguniga bag'ishlangan kitoblarni sovg'a qildi.
“Ovozi tojik” va “Nurli jol” gazetalari tahririyatlariga zamonaviy kompyuter to'plamlari sovg'a qilindi, davlat va jamoat arbobi Ziyod Yesenbayev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan ustoz jurnalistning xonadonida xotira tadbiri o'tkazildi. O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Kasb etikasi bo'yicha jamoatchilik kengashining yig'ilishi bo'lib o'tdi. Shuningdek, ko'pgina faol jurnalistlarga a'zolik guvohnoma hamda a'zolik ko'krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida uyushma raisi tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan rejalar haqida ham ma'lumot berildi. Jumladan, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan bu yil Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosib nishonlanishi, “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi doirasida tanlov g'oliblariga qimmatbaho sovg'alar topshirilishini ma'lum qildi.
— Qonunchiligimizda nafaqat axborot olish, izlash, saqlash, tarqatish kafolatlangan, balki davlat organlari zimmasiga ham jurnalistni va boshqa fuqarolarni qiziqtirgan ma'lumotni taqdim etish majburiyati yuklangan. Aks holda, ta'kidlash joizki, bu borada javobgarlik ham nazarda tutilgan. Jurnalistlarimiz aksar hollarda davlat idoralari ma'lumot taqdim etmasa, shunga rozi bo'lib ketaveradi. Aslida esa bunday bo'lmasligi kerak.
Demoqchimanki, so'nggi paytda jurnalistlar bilan bog'liq ko'plab holatlarga biz o'z munosabatimizni bildirib kelyapmiz. Albatta, faqat shu bilan cheklanib qolmoqchi ham emasmiz. Oldimizda hali ko'plab amaliy ishlarga o'tish bo'yicha ham rejalar bisyor.
Nizom bo'yicha har yili 10 nafar jurnalist sovrindor sifatida mukofotlangan. Shu bilan birga 15 nafar jurnalist rag'batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlangan. Bu yil esa mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan eng faol 30 nafar jurnalistimizni uyushmaning maxsus sovg'alari bilan taqdirlaymiz, — dedi O. O'sarov.
Qolaversa, yaqin kunlarda OAV vakillari uchun maxsus dam olish zonalari, sog'lomlashtirish markaziga yo'llanmalar berish tizimini yo'lga qo'yish, jurnalist va blogerlar himoyasini huquqiy qonuniylashtirish yuzasidan Advokatlar palatasi bilan hamkorlik aloqalari o'rnatiladi. Uyushma rahbari tez orada Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkiya, Hindiston, Rossiya va Janubiy Koreya jurnalistlar uyushmalari bilan xalqaro hamkorlik memorandumlari imzolanishini ham ma'lum qildi.
Abdulaziz Ahmedov.