“Ullubog'”dagi ulug' ishlar
To'rtko'l tumanidagi “Ullubog'” ovul fuqarolar yig'ini, tumanda aholi soni jihatdan eng ko'p hudud sanaladi. Jumladan, bitta yordamchi logoped maktab va to'rtta umumiy o'rta ta'lim maktabi, bozor, temir yo'l va bir qator ob'yektlar ham aynan shu maskandan o'rin olgan. Yigirma ikki mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan ovul fuqarolar yig'inida yosh tadbirkorlar anchagina. Hunarmandlar, ijodkorlar, san'atkorlar, sohibkoru bog'bonlarni o'z bag'riga olgan makonda turli millat vakillari bahamjihat umrguzaronlik qilishmoqda.
Azaldan bobodehqonlar, mirishkorlar yurti sanalgan To'rtko'lda ko'rkam binolar, zamonaviy tipda qurilgan maishiy ob'yektlardan tortib, chekka ovul aholisigacha mehnatda toblanib, yurt koriga yarash ishtiyoqida yonayotir. Oilalar, xonadonlarning obodligida mahalla, ovul oqsoqollarining o'rni beqiyos. 2013 yildan buyon ovul aholisi, u yerda yashayotgan oilalar taqdiri, kelajagi, orzu intilishlariga kamarbasta bo'lib kelayotgan “Ullubog'” ovul fuqarolar yig'ini raisi O'rinboy Yuldashev ta'kidlaganidek:
– Barchamizga ma'lum, O'zbekistonda uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun harakat qilinmoqda. Prezidentimiz Renessansning asosiy poydevori sifatida ta'lim tizimini yangi pog'onaga olib chiqish lozimligini ta'kidladilar. Bu haqiqat, albatta. Bundan tashqari, kambag'allikni qisqartirish rejasi, dasturi va “yo'l xaritasi” tuzildi. Shuningdek, ishsiz fuqarolarni muayyan kasb-hunarlarni puxta o'zlashtirishni tashkil qilish va bu bilan dunyoda talab kuchli bo'lgan mutaxassislarni yetishtirish asosiy vazifa qilib belgilanganini alohida ta'kidlashni istardim. Bugungi kun talabi muammo va qiyinchiliklardan qochish emas, balki ularni bartaraf qilishni taqozo qiladi. Shu bois, xodimlarimiz bilan birgalikda kam ta'minlangan yoki mehnatga layoqatsiz fuqarolarimizning oilaviy sharoitini o'rganib, muammolarni joyida hal qilib kelmoqdamiz, — deya so'zini davom ettirdi, pandemiya davrida aholini qo'llab-quvvatlagani uchun “Mehr – saxovat” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan O'rinboy Yuldashev. – Bog'dorchilikda ham bizdan o'rganishga arziydigan ishlar talaygina. Pandemiya sharoitida kam ta'minlangan oilalarga mahalla va saxovatpesha tadbirkorlardan Alisher Otajonov ikki yuzta xonadonga uch yuz ming so'mdan, Erkin Rahimov 4 ta xonadonga bittadan qo'y, Bekjonboy Bobojonov sigir ehson qilishdi. Bundan tashqari, 30 ta ehtiyojmand oila ko'mir bilan ta'minlandi, 6 ta xonadonga issiqxona qurib berildi. O'z-o'zini band qilish bo'yicha ham ishlar yo'lga qo'yilganligi bois hududimizda ishsizlar soni kam.
Tadbirkorlik bilan shug'ullanib ham oilasini, hamda ovulda yashovchi ishsiz yoshlarni ish bilan ta'minlab kelayotgan Rustambek Razzoqov tomonidan tashkil qilingan shlanga sexida 6 nafar yosh, Davronbek Mavlonovning paket sexida 6 nafar ishchi muntazam ish bilan ta'minlangan. Shuningdek, to'quvchilik bilan shug'ullanayotgan Bekposhsha Abdullayeva o'z shogirdlari bilan qizlarga to'quvchilikdan tashqari tikuvchilik va boshqa hunarlarni o'rgatib kelmoqda. “Hunarli kishi xor bo'lmas” deganlaridek, hunarmandlarimizdan, avloddan-avlodga o'tib kelayotgan temirchilardan Ilhom Masharipov, terichilik bo'yicha Erkin Rahimovlar ovuldoshlariga o'z hunarlarini o'rgatib, shogirdlar orttirmoqda, — deya so'ziga yakun yasadi O'rinboy aka.
Allaqachon madaniy zonaga aylanib ulgurgan ovulda, yaqinda tomorqadan unumli foydalanish va issiqxonalarda meva-sabzavotlar, limon, gullar yetishtirishda tajriba to'plagan tadbirkor Norgul Sodiqovaning xonadonida o'tkazilgan ko'rgazmali seminarda, ishtirokchilar bu yerdagi ish jarayoni va tadbirkorlik sirlaridan bahramand bo'lishdi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev videoselektorda kuyunchaklik bilan so'z yuritgan bir qator masalalar, jumladan, yoshlarning ma'naviyatini yuksaltirish, kitobga oshno qilish, internet tarmog'idan oqilona foydalanish, yosh avlodni yot g'oyalar ta'siridan himoya qilish, kasb-hunarga o'rgatish singari qator masalalarga to'xtalarkan, ma'nan komillikka erishishda mahallaning o'rni g'oyat muhimligini gapirib o'tdilar. Shunday ekan mahalla faollari bilan targ'ibot va tashviqot ishlarini yanada kuchaytirishimiz lozim. Fuqarolar yig'inimizda malakali mutaxassislardan, Oila va xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha mutaxassis Rohat Matniyozova, huquq- tartibot masalalari bo'yicha rais o'rinbosari Mardon Reyimov, shuningdek, Sanjar Berdimurodov, obodonlashtirish va tadbirkorlik bo'yicha rais o'rinbosari Murod Dusenovlar o'z ishlarini sidqidildan bajarib kelishmoqda. O'rnak olsa arziydigan oilalarimizning borligi bizni quvontiradi. “Otang mahalla, onang mahalla” deb bekorga aytishmagan, oilalar tinchligi, xonadonlar osoyishtaligi, jamiyatning ravnaq topishida muhim rol o'ynaydi, albatta. Kambag'allikni qisqartirish bo'yicha ham ko'pgina chora-tadbirlar ishlab chiqqanmiz.
— Namunali tomorqa egalaridan limonchilik bilan shug'ullanuvchi Azamat Soburov, shuningdek, Sobirboy Vaisov, Zevar O'rinboyeva, Oltin Karimova singari ishning ko'zini biladigan tadbirkorlarimiz, oilasidan ortib, o'zlari yetishtirgan mahsulotlar bilan bozorlarimizni ta'minlab, ham davlatga, ham oilasiga, qolaversa, mahalladoshlariga naf keltirmoqda. Madaniy va ma'rifiy tadbirlarda ham ovul fuqarolari faol qatnashishadi. Jumladan, “Nurli navolar” folklor festivalida ullubog'liklar faxrli 1-o'rinni egallab, respublika bosqichiga yo'llanma olgan bo'lsa, yosh iqtidor egasi Sherzod Eshchonov, Otajon Xudoyshukurov nomidagi ko'rik-tanlovda tumanda 1-o'rin, respublikada 2-o'rinni qo'lga kiritdi. Yutuqlarimiz ham kamchiliklarimiz ham o'zimizniki, biror kamchilik yoki muammoli masala yuzaga kelsa, darhol hal qilishga urinamiz. “Vatan ostonadan boshlanadi” deganlaridek, vatan, mahalla, ovul ham ostonadan boshlansa ajabmas, — deydi Oila va xotin-qizlarning ijtimoiy va ma'naviy masalalar bo'yicha tuman hokimi o'rinbosari Adolat Ortiqova, ovul turmushiga to'xtalarkan.
“Ullubog'” ovul fuqarolar yig'inida ovul va oilalarning shiringina tashvishi bilan yashayotgan fuqarolar, yurtimizda yuz berayotgan yangilanish va ijobiy o'zgarishlarda o'zlarining mittigina hissalari borligini his qilib yashashmoqda. Zotan, hayotga, jamiyatga daxldorlik hissi bilan yashash ham bir baxt.
Fotima Abduraimova.
Qoraqalpog'iston Respublikasi