“GAZETANGIZGA OBUNA BO'LMAYMIZ”
yoxud ikki o't orasidagi odamlar
Keyingi vaqtlarda matbuotda ochiqlik va so'z erkinligi mavzusida munozarali maqolalar tez-tez chop etilayotgani quvonarli. Aslida gazeta ochiqlik va so'z erkinligiga ega bo'lgandagina o'zining asl vazifasini bajaradi va o'quvchisiga xizmat qilib, uning ishonchini oqlay oladi.
Bu boradagi chiqishlarning aksariyatida obunaning adadi pastligiyu bosma nashrlarning “o'lib” borayotganiga sohada ishlayotgan jurnalistlar ayblanmoqda. Yuzaki qarasangiz, bu fikrlar haqiqatga o'xshaydi. Aslida ham shundaymi?
Vaziyatga chuqurroq yondashadigan bo'lsak, yaxshi yozish uchun, avvalo, o'ta savodli va malakali jurnalist kadrlar kerak. Xo'sh, mamlakatimizda nashr qilinayotgan gazeta va jurnallarda ishlayotganlarning necha foizi jurnalistik mutaxassislikka ega? Masalan, men ishlayotgan “Qiziltepa tongi” tahririyatida bundan 35-40 yil oldin ikki jurnalist — Aziz Said va Klara Bozorova faoliyat yuritgan. Klara Bozorova hozir nafaqada. Aziz Said “Sharq yulduzi”ning bosh muharriri o'rinbosari. Yoshlar orasida jurnalistika yo'nalishida o'qiyotganlar bor. Ammo ular tuman gazetasi tahririyatida ishlashni xohlashmaydi. Radio yoki televidenieda ishlash, shaharlarda yashashni ma'qul ko'rishadi. Ijodiy xodimlarimiz safi hamisha o'qituvchi va madaniyat xodimlari hisobidan to'lib keladi.
Hozir ham 3,5 shtat ijodiy xodim hammamiz o'qituvchi. Lekin gazetamiz mavqei malakali jurnalistlar ishlaydigan nashrlardan past emas.
Qolaversa, har bir gazetaning o'z muassisi bor. Bu gazeta ijodiy xodimi muassis rahbarining qosh-qovog'iga qarab ishlashga majbur deganidir. Faqat shugina emas, “majburiy obuna”ga qarshi ommaviy kurash mashmashasi boshlanganidan so'ng, bizga yanada qiyin bo'ldi. Qaerga borsangiz “Obuna majburiymi?”, “Shikoyat qilaman” va hokazo shunga o'xshash gaplarni ro'kach qilishadi. Shu bahona muassislar ham o'zini obuna tashvishidan chetga olishyapti. Holbuki, obunani tashkil etish muassis zimmasida emasmi?
Biz obuna bilan yil davomida shug'ullanamiz. Hududlar xodimlarimiz Ozoda Maqsudova, Nasiba To'layeva, Bahodir Egamov, Ro'zigul Jumayevaga taqsimlab berilgan. Undan tashqari, o'zim ham muntazam obunachi izlayman. Yana joylarda obuna tashkilotchi va tarqatuvchilarimiz bor. Ba'zan obuna pulini undirish uchun 30-40 kilometr masofaga borib kelishga to'g'ri keladi.
Rostini aytsam, ijod qilishdan ko'proq obunachi topish va obuna pulini undirishga vaqtimiz ketadi. Shuning uchun haftasiga 5 kun o'rniga 6 kun ishlaymiz. Hatto ba'zan bayram kunlarida ham gazeta bilan andarmon bo'lamiz…
Buning ishga xalal beradigan ikki jihati bor. Birinchidan, majburiy obunaga qarshi kurash soyasida ixtiyoriy obuna ham barham topyapti. Axir shundayga ham bizlar Yevropa hatto Yaponiya odamlaridek mutolaaga mukkasidan ketgan emasmiz-ku! Endi oddiy odamlar ham, ziyolilar ham yoppasiga gazeta o'qishni chetga surib qo'yishdi. Bahona esa tayyor: obuna majburiy emas! Ikkinchisi, bugun biror tashkilotga borib obuna bo'lishni so'rasangiz (aslida buni ular iltimos sifatida qabul qilishadi), ertaga u tashkilot “eshigini qanday qoqasiz”. Anig'i odamlarni o'qishga qiziqtiradigan mavzuni qanday yozasiz? Hech ikkilanmay yuzingizga qarab “Gazetangizga obuna bo'lmaymiz”, — deyishi aniq.
Shu o'rinda savol tug'iladi: obuna uchun odamlarda pul yo'qmi? Aslida, to'y va boshqa ma'rakalardagi ortiqcha xarajatlarning chek-chegarasi yo'q. Spirtli ichimliklar bilan savdo qiluvchi do'konlar, restoranlar doimo tirband. Hisoblab ko'rilganmi-yo'qmi, bir odam ishlab topganining necha foizini ma'naviyatga, jumladan, gazeta va jurnal, kitob sotib olishga sarflaydi?
Yana bir masala, nega iste'mol savatchasiga oziq-ovqat qiymati kiritiladi-yu, ma'naviy xarajatlar kiritilmaydi?
Gazeta jurnalistining bir tomonida muassis, bir tomonida obunachi. U har ikkisiga ham qaram…
Uchinchidan, gazeta jurnalisti ham odam. Uning ham yeyishi, ichishi, kiyinishi, ro'zg'ori bor.
Obunaning kasod bo'layotganidan iqtisodiy inqirozga uchrayotgan tahririyatlarda ijodiy xodimlar qanchadan ish haqi olishyapti? Bu ish haqi ularning hozirgi bozordagi xarajatiga qanchalik mos keladi? Bu holatdagi odam gazetxon kutgan qiziqarli mavzuni qalamga olishdan ko'ra hozirgi kunini o'tkazish imkoniyatini axtarishi aniq! O'zingiz o'ylab ko'ring, oddiy profilaktika inspektori imtiyozining necha foizi jurnalistda bor?
Ana shuning uchun ham gazetachilar ikki olov o'rtasida. Muassisga yoqqan mavzu gazetxonga yoqmaydi, gazetxonga yoqqan mavzu muassisga ma'qul bo'lmaydi.
Yana bir masala. Bu jurnalist kadrlarni qayta tayyorlash masalasi. Men 1998 yilda yana gazeta muharriri etib tayinlangan edim. Shu o'tgan yillarda biror marta hatto o'z hisobimizdan o'qishga taklif qilishgan emas.
Tepada turib gazetalar odamlarni qiziqtirmayotganligi uchun ular obuna bo'lishmayapti, deb aybni gazeta jurnalistlariga to'nkayotganlar bu va boshqa muammolar yechimi haqida fikr yuritsalar jamiyatimiz uchun foydali bo'lardi. Axir “Birlashgan o'zar” degan hikmat bor-ku.
Xo'sh, muammoni yechish uchun nima qilish kerak? Ko'p yillik tajribamdan kelib chiqib aytmoqchimanki, avvalo, gazetalar obuna narxini hozirgidan kamida 2-3 barobar arzonlashtirish kerak. Qanday qilib deysizmi, gazeta qog'ozi bilan shug'ullanuvchilar va bosmaxonalarga, tahririyatga, pochtaga imtiyozlar berish yo'li bilan. Boshqa imkoniyatlari ham bor, albatta.
Ikkinchidan, hokimliklar nashrining mansublik darajasini o'zgartirsa bo'lmaydimi?
Ana shunda tuman gazetalari jurnalistlari o'zlarini ancha yengil his qilib, qalamlari ham o'tkir, gazetalar ham o'qimishli, obunalar ham ko'p bo'lardi.
Gazeta chiqishlarining dolzarbligi, uning o'qimishliligini ta'minlaydi. Bu juda yaxshi. Ammo tahliliy, tanqidiy va muammoli mavzularning oqibatdorligini ta'minlash ham tahririyat zimmasida. Gazeta chiqishlariga ko'pincha rahbarlar yo nomiga munosabat bildirishadi yoki umuman e'tibor berishmaydi. Bu muammo qonunchilik yo'li bilan hal etilmasa, biror natija bo'lishi dargumon.
Sizlar qanday yashayapsizlar, degan savol tug'ilishi mumkin.
Men tuman rahbariyatida 50 yildan buyon ishlayman.
Tuman partiya qo'mitasida yo'riqchi-instruktor va bo'lim mudiri, “Qizil tong” (“Qiziltepa tongi”) gazetasi muharriri, Xalq deputatlari tuman kengashi raisi o'rinbosari, 1998 yil 22 martdan buyon yana gazeta muharriri. Men gazetani 2000 yilda pochtadan ajratib olganman. Obunani o'zimiz qilamiz, o'zimiz tarqatamiz, pul to'g'ridan-to'g'ri o'zimizning hisob raqamimizga tushadi.
A-3 formatda 6 sahifali, haftasiga bir marta, tashqi betlari rangli chiqadigan gazetamizning o'tgan yilgi obuna narxi 94000 so'm, bu yilgisi 104000 so'm. Bir donasi 2000 so'm. Gazeta yetti ming nusxada juma kuni nashrdan chiqadi va shu kunning o'zida egalariga yetkaziladi. Tahririyatning hech kimdan qarzi yo'q. Lekin bizdan qarzdorlar bor.
Tahririyatimizga har kuni 15-20 ta xat keladi. O'tgan pandemiya yilida ham 2025 ta xat oldik. Bu yilning olti oyida 1000 ga yaqin xat oldik.
Xatlar mualliflari maktablarning boshlang'ich sinf o'quvchilaridan 90-100 yoshli keksalargacha, qishloqlarning oddiy odamlaridan, fan doktorlarigacha.
Gazetaning har bir sonida 50-60 ta katta-kichik dolzarb mavzular turli janrlarda yoritiladi. Ayniqsa, mamlakatimizdagi islohotlar jarayonini, tumanimizdagi yangiliklarni tezkor yoritishga harakat qilamiz. Salomatlik, qishloq xo'jaligi, tadbirkorlik va huquqiy mavzularga oid foydali maslahatlar, sondan-songa o'tuvchi mavzular gazetaning har bir sahifasini bezaydi, uning o'qimishli bo'lishiga xizmat qiladi.
Xullas, gazeta unda ishlovchi kishilarga emas, xalqning o'ziga, uning ma'naviy salohiyatini oshirish uchun kerak. Gazetalar tahririyatlarida ishlayotgan odamlar besavod, qobiliyatsiz kishilar emas. Ular salohiyatli, juda ko'p sohani biladigan, yozma savodi kuchli odamlar. Bu toifali odamlar har qanday vaziyatda ham hayotda o'z o'rinlarini topa oladilar.
Quvonarlisi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning jamiyatimizni erkinlashtirish borasida olib borayotgan siyosati barcha sohalarda o'z ifodasini topmoqda, ijobiy samaralar bermoqda. Hech shubha yo'qki, bosma matbuot, ayniqsa, gazetachilikni yangi imkoniyatlar kutmoqda. Uning ma'naviy ruhidan millionlab xalqimizning qalbiga ziyo kirib, jamiyatimizning gullab-yashnashi, Uchinchi Renessansni bunyod etish yo'lidagi ezgu harakatlar taraqqiyoti tezlashadi.
Rahim MAQSUDOV,
“Qiziltepa tongi” gazetasi bosh muharriri,
Xalqaro “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori.