Yuragimni ochdim o'zingga

Muallif haqida:

Ochil TOHIR — Muborak tumanida tug'ilgan. ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Shoirning “Qarz”, “Sog'inch sohili”, “Ko'ng­lim bilan suhbat”, “Shaklsiz olam”, “Vaqt ushoqlari” she'riy to'p­lamlari, shuning­dek, bolalarga atalgan “Maqtanchoq mushuk”, “G'olib xo'roz” (dos­ton), “Harflar jamlanmasi”, “Sanay turib adashma” va “Odobli bola” kitoblari nashr etilgan. Shoir she'rlari turk va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

 

QADIM MAKONIM

Mehribonim yo'q sendan yaqin,

Yuragimni ochdim o'zingga.

Qayda yurmay ota yurt xokin,

O'pib, mudom surtdim ko'zimga.

Ota yurtim — qadim makonim,

Qiyosingga tashbehlar ojiz.

Sen borlig'im, jonim-jahonim,

Sen men uchun baridan aziz.

Siymong xuddi donishmand otam,

Mehring mushfiq onamning ko'zi.

Tirik ekan yurt bilan odam,

Vatan bilan o'zligi, o'zi.

Bag'ringdaman, shundan bag'rim but,

Bag'ringdaman, menga tole yor.

Mening uchun yagona shu yurt,

Shu yurt menga muqaddas diyor.

Yukinaman, o'zingga yurtim,

Tuprog'ingni ko'zimga surtgum.

 

YO'LDA

Qaddi dol chol borar asta imillab,

Chalinmas quloqqa oyoq tovushi.

Ko'zlari yorug'dan ketar jimirlab,

Sirg'alar gohida yirtiq kovushi.

Har tugul yiqilmas, qo'ldagi aso

Asrab qolar uni suyanchi bo'lib.

Beparvo o'tishar qadlari raso

Yoshlar atrofidan oy kabi to'lib.

Azobdan qaqshagan vujudda larzon,

O'zicha chamalab sanar yoshini.

Umring vaqt oldida naqadar arzon,

Kecha olishardi kerib to'shini.

Chuqur-chuqur olib kiftidan damni,

Ketib borar, namdan kipriklari ho'l.

Elkadan irg'itib minglab odamni,

Davom etar o'zi, bu tugamas Yo'l…

 

ANOR GULI

Quva bog'larida gulladi anor,

Bo'y yetgan qizlarning yonog'iday ol.

Gullari gulxanday lovullab yonar,

Yodimga tushadi qoshlari hilol.

Bog'lar zebolanib olar alvon tus,

Holbuki, saraton — jazirama yoz.

Bamisli olovda to'ragan qaqnus,

Xayolimga keldi nogoh shu qiyos.

Otashga nopisand, nafis bo'lsa ham,

Anorning sabri mo'l, ketmas tutaqib.

Bahorning umriga bo'lib bardavom,

Chilla yoz ko'ksiga qo'yar gul taqib.

Anor guli cho'g'day cho'g'lanib boqar,

Barglarga ohista chulg'anib boqar,

Junday titar mening yodim to'zg'itib

Og'riqli xotirlar qayta o't yoqar…

Anorning gullari lolarang, yo rab,

Mevasin bag'ri qon, qirmiziy gulob.

 

NORI HIJRON

Nori hijron bag'rim yomon kuydirdi,

Beparvo yor, qoshi kamon kuydirdi.

Pari chehra, karashmali-shevali,

Vaslu diydor menga armon, kuydirdi.

Dashtu sahro o'gay doim bulbulga,

Andalibman, hajri chaman kuydirdi.

Bu yolg'on jahonning tashvishi yolg'on,

Desam, tag'in johil zamon kuydirdi.

Bemormanam, sendan darak yo'q hanuz,

Xazon yanglig' rangim somon, kuydirdi.

Oftobga yukinsam, yalinsam oyga,

Qo'llarim yetmadi, osmon kuydirdi.

Evoh, umid qilsam bamisli anqo,

Nomi bor, o'zi yo'q imkon kuydirdi.

Tasalli-taskindan bezib ketdi jon,

Jonimga jonajon jonon kuydirdi.

Sir senga qul toki ichingda nihon,

Shoir qalbini dard pinhon kuydirdi.

 

QISMAT

Daraxt tanasida sonsiz jarohat,

Beshumor og'riqli yillar aylanar.

Chandiqlari uning ming hasrat, ming dod,

Tanasiga beun singib joylanar.

Keksa daraxt kiyar yashil to'nini,

Chandiq-yaralarin panalab ko'zdan.

Azoblarning talab qilmas xunini,

Chopgan boltalarning sopi o'zidan.

Oydin tunlar ertak aytmaydi qamar,

Qushlar ham tark etgan uning shoxini.

U Vaqtning bag'rida bezabon bemor,

Ichga yutib yashar hasrat ohini.

Sho'rlik kimga aytsin yo'q gunohini.

Qari daraxt yolg'iz yashaydi hanuz,

Afsus, yozning orti muqarrardir kuz…

 

KO'RINDI

Qushlar navosidan shod-masurur yursam,

Daraxtlar shoxida zog'lar ko'rindi.

Xayolimni jamlab ko'zguga boqsam,

Ko'zlarim tubida ohlar ko'rindi.

Yo'llarim ravon deb shitob yugursam,

Oyog'im ostida choxlar ko'rindi.

Dunyoda bag'ri but ko'pdayin edi,

Xo'rsindi, ko'kayi dog'lar ko'rindi.

Ming yillik oshnamni tanimay qoldim,

Ko'zida nur emas, yog'lar ko'rindi.

Zohiran farishta kaslar ko'ksida,

Qop -qora qurum gunohlar ko'rindi.

Xafsalam pir bo'lib ketayotsam yo'lda,

Har tugul, dilkusho bog'lar ko'rindi.

 

HAYoT ONA YaNGLIG' ERKALAMAS

Hayot ona yanglig' erkalamas, yo'q,

Qaramaydi ko'ngil tantiqligingga.

Har lahzasi sinov, har lahzasi o'q,

Ne ishi bor, kimga intiqligingga.

Ruhiyat olami botinda pinhon,

Nainki tan, ko'ngil tamom begona.

Sirtidan, shaklidan o'xshashdir inson,

Bedard qalblar atar seni devona.

Sig'maysan, bag'ringda o'rlar nola -zor,

Mashrab kechinmasi ruhingga ega.

Og'rinib bir so'zni aytasan takror,

Zamon shoirini tushunmas nega?!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − five =