FAZILATLI ODAM

O'tgan yili bir yumush bilan qo'shni viloyatga borgandik. Safarimizni ikkinchi kuni ishlarimiz ham bitdi. Endi uyga qaytib ketaman, deb turgandim, bashang kiyingan, jussali kishi: “shoshmang mehmon”, deb qoldi. Men notanish kishiga hayron bo'lib qaradim.

Biron ishi bordir-da, deya u bilan so'rashdik.
— Sirdaryodanmisiz? — so'radi u.
— Ha — dedim bosh qimirlatgan ko'yi.
— Unda shoshmang. Uyga boramiz. Kun ham kech bo'lib qoldi. Uzoq yo'l. Manzilga yetishni o'zi bo'lmaydi.
— Biz shoshib turgandik. O'zi ikki kun qolib ketdik.
Mezbonni avzoyi buzildi chog'i:
— Bo'lmaydi, — dedi qat'iy. — “Toychoq”ni bizni kulbai vayronamiz tomon haydaysiz, — deya yengil mashinamiz kapotining ustiga qo'li bilan sekin urib qo'ydi…
Noilojlikdan, u ko'rsatgan xonadonga bordik. Oilasidagilar ham o'ziga o'xshagan ekan, qirq yillik tanishini ko'rgandek, bizni kutib olishdi. Uyga kirdik.
— Gapning ochig'i, Sirdaryo ajoyib joy, — dedi mezbon. So'ng Sirdaryoga borgani, Guliston va Sayxunobodda ko'p marotaba bo'lganligini to'lqinlanib, jo'shib gapira ketdi. — Bir do'stim bor, “tagi” (tug'ilgan joyi demoqchi) Samarqandning Qo'shrabotidan. Ota-­oasi Mirzacho'lni o'zlashtirish uchun 1958 yili “Bo'ston”ga ko'chib kelishgan. Qozoqboy ota bama'ni, bir so'zli, mehnatkash odam edi. Paxtachilikning piri desayam bo'ladi. Oldin birigadir, so'ng bo'lim boshqaruvchisi bo'lib ishladi. U kishining rafiqalari Turdixol momoni do'stim tufayli men ham ona derdim. Ularning farzandi — Fayzulla do'stim esa ajoyib yigit. Ajoyib shifokor. Uni tanimagan odam, menimcha, Sirdaryoda topilmasa kerak.
— Ha bildim, siz aytgan odam bizni Fayzulla Qozoqovich (uni bilganlar hazillashib Kazakovich deb chaqiradi)da, — dedim.
— Yashang, — dedi mezbon. – Kim sirdaryolik bo'lsa, undan do'stimning isini tuyaman. Shuning uchun sizni uyimga olib keldim-da.
Suhbatimiz allamahalgacha davom etdi. Sirdaryo, Sirdaryoning mehridaryo odamlari, dalalari, bog'lari to'g'risida gaplashdik. Ertasiga tong saharlab yo'lga tushdik. Yo'l yo'lakay, kamtarin, kamsuqum, oliyjanob, ko'li yengil shifokor akamiz Fayzulla Mavlonovning xislatlarini, bosib o'tgan umr yo'llarini ko'z oldimga keltirdim.
U mezbon akamiz aytganidek, Samarqandning Qo'shrabotida emas Sirdaryoning Sayxun­obodida tug'ilgan. Bolaligi dalada, otasini yonida o'tgan. Niyatni yaxshisi yaxshi-da. Qozoqboy ota Fayzulladagi iqtidorni ko'ra-bilgan. Tirishqoq, o'ta kamtar va mehnatkash Fayzulla akani Toshkent Tibbiyot pediatriya institutida o'qishiga qarshilik qilmagan.
Fayzulla aka 1994 yili mazkur institutni tamomlab, Sirdaryo viloyat bolalar shifoxonasiga, hozirgi viloyat bolalar ko'p tarmoqli tibbiyot markaziga yo'llanma asosida ishga keldi. U yerda anesteziolog-reanimatolog shifokor bo'lib ishlay boshladi. Katta yoshli, taj­ribali shifokorlardan kasb sirlarini o'rganib, institutda o'qib yurgan kezlari olgan bilim va ko'nikmalarini yanada mustahkamlab tajriba orttirdi. Jamoadoshlari nazariga tushdi.
Tirishqoqligi, shifokor sifatida qo'li yengilligi sabab uni shifoxona bosh shifokori reanimatsiya bo'limiga vrach etib tayinladi. Va bolalarda kechayotgan turli og'ir xasta­liklarning oldini olish, o'z vaqtida aniqlab, samarali davolash ishlari yo'lga qo'yildi.
1999 yili Fayzulla Mavlonov Guliston shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokorining davolash ishlari bo'yicha o'rinbosari vazifasida faoliyat yuritdi. Oradan bir yil o'tib, shahar Tibbiyot birlashmasining bosh shifokori vazifasiga tayinlandi.
Endi uning zimmasiga yanada mas'uliyatli vazifa yuklangandi. Qo'l ostida ishlayotgan shifokor va hamshiralarni birini aka-ukasidek, boshqasini opa-singlisidek o'ziga yaqin tutdi. Shu tariqa har qanday muammoga oson yechim topdi.
O'sha paytlari Respublikasi Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish ishlari boshlab yuborilgan edi. 2001-2003 yillarda qishloq vrachlik punktlari tarmog'ini rivojlantirish dasturi doirasida ishni viloyatda birinchilardan bo'lib boshlab berdi. Shahar markaziy shifoxonasi tarkibidagi Bahor, Oxunboboyev, Ulug'obod mahalla fuqarolar yig'inlari hududida yangi, zamonaviy “Bahor-1”, “Bahor-2”, Oxunboboyev va Ulug'obod shahar vrachlik punktlarini qurilishida, foydalanishga topshirilishida va moddiy texnika bazasini mus­tahkamlanishida bosh-qosh bo'ldi.
Bu ishlar e'tibordan chetda qolmadi. Uni viloyat bolalar shifoxonasiga bosh shifokor vazifasiga o'tkazishdi. Undan so'ng Sog'liqni saqlash vazirligi nazorat inspeksiyasining Sirdaryo viloyat bo'limi boshlig'i, viloyat Sog'liqni saqlash boshqarmasi boshlig'ining birinchi o'rinbosari vazifasida ishladi.
Esimda, bir gal bir ish bilan huzuriga bordim. Ishning va topshiriqni ko'pligidanmi, qo'li qog'ozdan va telefondan bo'shamadi. Ancha vaqt kutib qoldim.
— Uzr, — dedi Fayzulla Mavlonov. — Sizni kuttirib qo'ydim.
— Tushunaman, katta jamoa. Boshqarishni o'zi bo'lmaydi. Buning ustiga, hozir tibbiyot xodimlariga topshiriqlar ko'paygan.
— Ey rahmat. Meni tushunadiganlar ham bor ekan-ku. Xo'sh, bizga nima xizmat.
— O'g'ilimni olib kelgandim. Oshqozoni bilan bog'liq muammosi bor. Yana tez-tez boshi og'rib turadi. Sizni yaxshi shifokor deyishuvdi, olib kelgandim.
Fayzulla Mavlonov men rahbarman demadi. Erinmasdan o'z xonalarida tekshirib ko'rdi va zarur maslahatlarni berdi. Aytganlariga amal qilib, davo muolajalarini o'yda olib bordik. Natijasi yomon bo'lmadi. Xuddi dardni ko'rmagan-bilmagandek bo'lib, chopqillab ketdi. U kishiga olib borgunga qadar ko'p shifokorlarga murojaat qilgandik. Ammo natijasi bo'lmayotgandi.
O'g'lim o'n to'qqizda. Kasallikdan asar ham yo'q. Sog'-salomat. Kelishgan yigit bo'lgan. Hazillashib qo'yaman: Fayzulla Kazakovichni tug'ishgan ukasi bu, deb.
Oradan ancha yil o'tib yana oldilariga bordim.
— Siz haqingizda, sohangizda olib borilayotgan ishlar haqida gazetaga maqola yozmoqchiman, — dedim.
— Men haqimda yozmasangiz yaxshi bo'lardi. Ammo sohamizda olib borilayotgan ishlar xususida yozsangiz ma'qul ish.
Bugungi kunning eng dolzarb va kechiktirib bo'lmaydigan masalalaridan biri, onalar va bolalar masalasi. Ular salomatligi. Millat genofondi o'shalarga bog'liq. Shu boisdan sog'liqni saqlash tizimida onalik va bolalikni muhofaza etish, homilador ayollarga malakali tibbiy yordam ko'rsatish maqsadida, viloyatda perinatal va skrining, ayollar reproduktiv salomatlik markazlarini tashkil etdik. Kadrlar masalasiga alohida ahamiyat qaratib, malakali akusher-ginekologlar, neontolog va pediatrlarni qayta o'qitib, malakasini oshirib shu sohaga yo'naltirdik. Natija yomon bo'lmadi.
Viloyatda onalar va bolalarning o'lim ko'rsatkichi sezilarli darajada kamaydi. Bu esa bizning yutug'imiz. Bundan tashqari, ona va bola salomatligi bo'yicha profilaktika-tushuntirish ishlarini yo'lga qo'ydik. Bunda bizga shahar va tuman hokimlari katta yordam qildi. Mavjud muassasalarimizga zamonaviy davolash jihozlarini olib kelib o'rnatdik. Viloyat shifoxonalari va alohida ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari negizida rejali xirurgiya, terapiya, kardiologiya, urologiya bo'­yicha tibbiy xizmatlar ko'rsatuvchi viloyat ko'p tarmoqli tibbiyot markazini, viloyat bolalar shifoxonasi negizida bolalar ko'p tarmoqli tibbiyot markazini, shahar va tuman shifoxonalari negizida shahar va tuman tibbiyot birlashmalarini tashkil etib, ilgarilari samarasiz ishlagan bolalar va kattalar poliklinikalari o'rnida ko'p tarmoqli poliklinika va qishloq vrachlik punktlarini tashkil etdik. Siz yaxshisi ana shular to'g'risida yozing, — dedi Fayzulla aka.
Ha, Fayzulla Mavlonov sermulohazali, ko'pni ko'rgan, yutuqlar qatori qiyinchiliklarni ham boshidan o'tkazgan odam. Hech qachon biron- bir kishining nohaq ko'nglini ranjitmagan.
Qashqadaryoga safarim chog'i samarqandlik do'stimni uchratib qoldim, u:
— Fayzulla akani yaxshi taniyman-ku, ammo uni sirdaryoliklar ham tanishini bilmabman, — deydi samarqandlik do'stim Nasimjon Ashurov. –U kishi bilan suhbatlashsangiz maza qilasiz. Ilmli odam. Hozir qaerda ishlyapti?
— Hozirmi, Sirdaryo viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi bosh­lig'ining birinchi o'rinbosari vazifasini bajaruvchi. Unga qadar, bir muddat viloyat Sog'liqni saqlash bosh­qarmasi boshlig'i vazifasida ishlagan.
— E, shunaqami, — dedi u kulib, — gap buyoqda ekan-da…
Dehqonoboddagi suhbatimiz ancha davom etdi. Do'stim ikkovimiz bir rejani amalga oshirishga kelishib oldik. Sirdaryoda uchrashadigan va yana Fayzulla Mavlonov bilan suhbatlashadigan bo'ldik…
Ko'nglimizdan esa shunday o'ylar kechadi: dunyoda kasb-korlar ko'p, odamlar ko'p. Lekin, har bir kishiki elaro hurmat va e'tiborni, avvalo, insoniy fazilatlari, odamlarga qilgan, qiladigan yaxshiligi bilan topar ekan. Bunga Fayzullo Mavlonov hayot yo'li ham bir yaxshi misol.

G'ulom PRIMOV,
“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 16 =