QIZIQChILAR PODShOSI

yoki Yusufjon qiziq Shakarjonovning hayot yo'li haqida

“Men qirollar masxarabozi emas, masxarabozlar qiroliman”, degan edi mashhur rus sirk ustasi Anatoliy Durov. Aynan shunga ohangdosh sifatida Durovlar bilan hamkorlik qilgan Yusufjon Shakarjonov ham, “men xalqqizig'i, qiziqchilarning podshosiman, ammo lekin podsholarning ko'nglini ochadigan masxaraboz emasman”, degan ekan.

Biroq Yusufjon qiziq yashagan davr Qodiriy ta'biri bilan aytganda, “so'nggi xon zamonlari, moziyning eng kir, qora kunlari” edi. Shu bois u amir va xonlar davrasida ham, oddiy xalq orasida ham o'z san'atini namoyish etib, o'zbek qiziqchiligini dunyoga namoyish etgan san'atkor edi.

Yusufjon qiziq 1869 yilda Marg'ilon shahrida tug'ilgan bo'lib, otasining asl ismi Shokirjon bo'lgan. U kishi xalq o'rtasida so'zga chechanligi, shirin suhbati bilan dong taratishi natijasida ismi Shakarjonga aylanib ketgan. Tabiatan sho'x va san'atga ixlosi baland Yusufjon yoshligidan Sa'di Maxsum, Matxoliq, Mulla Hoji, Aflotun, Qoshg'ariy, Mo'min qishloqi, Zokir Eshon degan qiziqchilarni o'ziga ustoz tutib, ular bilan vodiy bo'ylab ijodiy safarlarda — to'ylar, bozorlarda yurib kulgusevarlar olqishini oldi.

O'sha davrda “Bola o'qitish”, “Kelin tushirish”, “Zar kokil”, “Mudarris”, “Elpibo'tirish”, “Duxtar­bozlik”, “Qimorbozlik”, “Uloqchilik” singari necha yillardan beri an'anaviy ravishda namoyish etib kelinayotgan komediyalar bo'lib, Yusufjon ularni ustozlari, hamkasblari bilan ijro qilib xalqqa qiziqarli tarzda taqdim etadi.

E'tiborlisi, bunday matnga ega bo'lmagan, badiha-improvizatsiya asosida ijro etilgan sahnaviy komediyalarda qiziqchilar ham, aktyor ham rejissyor sifatida iqtidorga ega bo'lgan. Chunki, qiziqchilik san'ati shuni talab qilardi. Shuningdek, bunday sahna ko'rinishlarida davr taraqqiyotiga to'siq bo'layotgan illatlardan, xurofotlardan kulishga ham asosiy o'rin ajratilgan. Rais, savdogar, eshon o'sha davr qiziqchilarining hajv tig'idagi qahramonlar bo'lishgan.

Cho'lpon “Guliston” jurnalining 1936 yil 6-sonidagi “Qiziqlar” maqolasida yozganidek, “Podshohlar, sultonlar, xonlar va beklarning qamchilaridan qon tomgan zamonlarda, ko'pchilik aholi o'z dardini bir yulg'un bachkisiga ham ayta olmagan davrlarda xalqning og'ir ahvolini, mamlakatning qora kunlarini, fuqaroning dard va hasratlarini bironta saroy yoki xalq qizig'i chiqib, “hazil” yo'li bilan “edirib” yuboradi. Katta-katta izdihomlarda, yillik sayillarda necha kecha-kunduzlik to'ylarda so'z qilaturg'on qiziqlar minglarcha xalqning juda zo'r maroq bilan o'zlariga tikilib turganini ko'rganlaridan keyin jamiyatning fayzi bilan dadillanib, mamlakatning kattalarini, hokimlar, qozilar, raislar, muhrdor va hatto, xonlarning o'zlarini tanqid qilib tashlar edilar. Natijada ba'zilarning boshi ketib, ba'zi birlari badarg'a qilinib, bir xillari esa boshqa mamlakatlarga qochib xonavayron bo'lardilar”.

Ha, Cho'lpon ta'kidlaganidek, Yusufjon qiziq yashab ijod etgan davr ana shunday tahlikali edi. Biroq shunga qaramay, Yusufjon qiziq san'atdagi o'z yo'lida davom etaverdi.

1893 yildan esa Maks Baranskiy, Bogoyevskiy, Jiganov, Ivansovich, Janjaladze, Yupatov singari Rossiyaning mashhur sirk ustalari Turkistonga kelganida ular bilan hamkorlikda chiqishlar qildi. Shu sabab rus tilini o'rganib, rus adabiyoti va san'ati, matbuoti bilan tanishib, davr yangiliklaridan xabardor bo'ldi.

1903 yilda esa Said qissaxon qiziq bilan Buxoro hamda Samarqandga borib, amir Abdulahad saroyida va oddiy xalq uchun bozorlar, to'ylarda ijodini namoyish etdi. 1904 yilda toshkentlik Mullaboy Mansurovning tashabbusi bilan o'zbek sirk ustalari, qiziqchilar, sozandalar birlashgan holda, milliy sirk uyushmasini tashkil etishdi. Natijada ushbu uyushma a'zolari bilan Yusufjon qiziq 1904-1907 yillarda Pishpak, To'qmoq, Avliyo ota, Prejevalsk, Qarqara, Yorkent, Qashqar, Qobul, Astrobod singari shaharlarga borib o'zbek san'atini boshqa xalqlargayam namoyish qilishdi.

1910 yilda u amir Said Olimxon bilan Peterburgga borib, u yerdagi Petrodvores saroyidagi imperator qabulida ishtirok etdi, muzey, teatr tomoshalarida qatnashdi. Shuningdek, aka-uka Anatoliy va Vladimir Durovlar bilan Peterburg sirkida “Shayton”, “Sartarosh” nomli sahna ko'rinishini namoyish etdi.

Aynan ana shu safar Yusufjon qiziqning dunyoqarashi yanada kengayishiga, ijodi takomillashishiga sabab bo'ldi.

“Qiziqchilik qiziq bo'lishi kerak. Kulgu, hajv undan chak-chak tomib turmasa bo'lmaydi. Qiziq ko'rindi deguncha, tomoshabin kulaversin.Uning har bir gapi, harakati, yurish-turishi, imo-ishorasi kulguli bo'lishi zarur. Chunki qiziqchilikdan maqsad kuldirib turib, odamlarga yaxshilikdan saboq berishdir”, degan edi shu bois Yusufjon qiziq..

1914 yilda u o'zini Peterburgga olib borgan Buxoro amiri Amir Olimxonning va Xiva xoni Isfadiyorxonning saroylarida, bozorlar va to'ylarda san'atini namoyish etadi. Garchi u hukmdorlar oldida sahna ko'rinishlari ko'rsatsa-da, “Pul qistash”, “Qalandarlik” chiqishlarida boylarning sudxo'rligi, xurofotga berilgan mutaasib dindorlarning hayotini tanqid qiladi.

…Oradan yillar o'tdi. 1917 yilda oktyabr to'ntarishi, 1920 yilda amir va xonlik tugatilib, yangi shakldagi hukumatlar yuzaga keldi. Ammo Yusufjon qiziq san'atda o'zi tanlagan yo'ldan boraverdi: bozorlarda, to'ylarda chiqishlar qildi. Marg'ilonda oddiy odamlar orasida yashadi. Shu bilan birga 1923 yilda Moskvada o'tkazilgan qishloq xo'jaligi va hunarmandlar ko'rgazmasida Tamaraxonim, Usta Olim Komilov, Abduqodir Ismoilov, Otaxo'ja Saidxo'jayev singari san'atkorlar bilan ishtirok qildi. 1927 yilda esa Muhiddin Qori Yoqubov truppasi saflarida Moskva, Minsk, Yalta, Xarkov, Simferopol, Boku, Qozon, Ufa, Ashxabod shaharlarida ijodiy uchrashuvlar o'tkazishdi. 1930, 1937 yillarda bo'lsa Moskva sahnalari Yusufjon qiziq va uning shogirdlarini yana bir bor olqishladi.

Yusufjon qiziqning Moskvadagi chiqishlarini atoqli rus baletmeystri K.Ya.Goleyzovskiy “Narodnoe tvorchestvo” jurnalining 1937 yil 4-sonidagi maqolasida “ko'p qirrali san'at sohibi”, deya baholagan bo'lsa, yozuvchi I.Iras esa “O'zbekistonda xalq tomoshalari” maqolasida u ham sozanda, ham ashulachi, ham raqqos, ham aktyor-improvizatordir. “Aql bovar qilmas darajadagi ifodali mimik o'yin, boy, chinakam xalqchil, so'z o'yiniga, askiyaga to'lib-toshgan til, boshqa qiyofaga kirishdagi kishini hayratga soladigan ijodiy iqtidor unga katta shuhrat keltirayapti”, deya baholagandi.

Ha, ana shunday e'tiroflar sabab u 1937 yil 22 iyundagi hukumat qaroriga ko'ra, Mehnat Qahramoni unvoni bilan taqdirlanadi. Yusufjon qiziq katta tajribaga ega san'atkor sifatida V.A.Uspenskiy, Ye.Romanovskaya, I.Baxta, A.L.Troiskaya singari musiqashunos, etnograf, tarixchilarga o'zbek musiqasi, san'ati, tarixi bo'yicha bilganlaridan maslahatlar berdiki, shular asosida yuqoridagi olimlarning nazariy asarlari yuzaga keldi.

Bundan tashqari u 1940 yilda o'zbek qiziqchilari va askiyachilarining musobaqasini uyushtirish tashab­busi bilan chiqib, ko'plab yangi iqtidor egalarining kashf etilishigayam sababchi bo'ldi. 1941 yilda Ikkinchi jahon urushi boshlangan paytda u 72 yoshda bo'lishiga qaramay, respublikamiz va Tojikis­ton viloyatlarida, Farhod GES i qurilishida chiqish­lar qilib, xalq ko'nglini ko'taradi. Urushdan ke­yingi tiklanish yillari, 1958 yilda Moskvada o'tkazilgan adabiyot va san'at dekadasidayam keksaligiga qaramay yangi sahnaviy ko'rinishlar ijro qildi.

“Kuling umringiz uzoq bo'ladi” degan gap bor. Ha, kulganning ham, samimiylik bilan kuldirganning ham umri uzoq bo'lar ekan. O'zbek qiziqchilik san'atini dunyo bo'yicha yangi pog'onaga ko'targan, ko'p­lab shogirdlari orqali san'atdagi asriy davomiylikni shakllantirgan Yusufjon Shakarjonov 90 yoshida — 1959 yilda vafot etadi.

Umid BEKMUHAMMAD.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + one =