TOShKENT DA'VATI

U umumplanetar mohiyat kasb etmoqda

Tobora kuchga to'lib, umumsayyoraviy masalalarni hal qilishda faol ishtirok etayotgan O'zbekiston mintaqaviy va umumsayyoraviy barqarorlikni ta'minlashda yana bir muhim qadam tashladi. Shu yilning 16 iyul kuni Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o'zaro bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida Xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi. U Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida tinchlikni mus­tahkamlash, afg'on mojarosini hal qilish orqali umumdunyo­viy taraqqiyotni ta'minlashga da'vat etgan o'ziga xos siyo­siy va ijtimoiy hodisa sifatida tarixga kirdi.
O'zbekiston Prezidentining Toshkent forumida so'zlagan nutqi nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi taqdiri, balki, butun Yer shari, insoniyatning istiqboli bilan bog'liq bo'lgan g'oyat dolzarb, hozirjavob da'vat bo'lib maydonga chiqdi. Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu forum yana bir bor dunyo diqqatini bir nuqtada jamladi. Ulkan mintaqaning yirik siyosat va davlat arboblari, diplomatlari, olimlari va mutaxassislari O'zbekiston bilan jo'rovoz bo'lib hozirgi dunyoning buguni va istiqboli yuzasidan fikr almashishdi.
O'zbekiston rahbari forumda qilgan ma'ruzasida mintaqa va dunyo­viy taraqqiyot bilan bog'liq bo'lgan o'nta jiddiy har tomonlama asoslangan, har bir inson taqdiri va kelajagi bilan bog'liq bo'lgan muammoni ko'tarib chiqdi. Bu bevosita Markaziy Osiyo davlatlarining an'anaviy birligi, ularning etnogenetik kelib chiqishi, qadriyatlari va turmush tarzining mushtarakligidan kelib chiqadigan va olis istiqbolga qaratilgan hamkorlik, birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan bog'liq.
Ulkan mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash hozirgi zamonning eng dolzarb muammosi ekanligini alohida ta'kid­ladi va “Bizning xavfsizligimiz bo'linmasdir. Uni faqat kons­truktiv muloqot hamda birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz orqali ta'minlash mumkin” degan qat'iy xulosaga keldi. Bu o'ta jiddiy mintaqaviy va umumdunyoviy ahamiyatga ega bo'lgan masala bevosita Afg'oniston, uning buguni va istiqboli, bir necha o'n yillik mojarolar bilan bog'liq bo'lgan hodisadir.
Keyingi yillarda O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasidagi munosabatlar har ikki mamlakat xalqlarining istiqboliga, shuning­dek, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga yo'naltirilgan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, tarixan bir makonda yashab kelayotgan ikki xalq o'rtasidagi qardoshlik va yaqin qo'shnichilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish g'oyasini ilgari surmoqda. Yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferen­siyasi ana shu muammolarning yechimini topishda yangi bosqich bo'ldi deyish mumkin.
Jumladan, unda Afg'onistondagi mavjud siyosiy kelishmovchiliklar, qarama-qarshi kuchlarning manfaatlar poygasini tugatish, Afg'oniston hukumati hamda qurolli muxolifat o'rtasida sog'lom, sharqona munosabatlardagi aql ustuvorligi tamoyiliga amal qilish va muzokaralar yo'li bilan mamlakatda tinchlikni ta'minlash g'oyasi ilgari surildi.
Mamlakatimiz rahbari Afg'on muammosining genetik asoslarini, uning kelib chiqish ildizlarini katta siyosiy adolat tamoyiliga suyangan holda izohlab berdi. Aslini olganda Prezident 2018 yil Toshkentda bo'lib o'tgan konferensiyada ushbu masalaga o'zining bahosini bergan edi. Jumladan, “Afg'onistondagi qurolli qarama-qarshilik va zo'ravonlik paytida butun bir avlod voyaga yetdi. Lekin bu ayrim ekspertlar andishasizlarcha ta'kidlayotganidek “Boy berilgan avlod” emas. Ular urush, muhtojlik va qiyinchiliklardan charchagan odamlar, xolos. Ular o'zaro nizolarga chek qo'yib, tinch hayotda o'z mamlakatini taraqqiyot va farovonlikka olib boradigan bunyodkor mehnatga qaytishni xohlaydi va shunga intiladi. Men qat'iy aminman: Afg'on xalqida o'z farzandlari va kelajak avlodning baxt-saodati yo'lida yangi, tinch hayotni boshlash va barpo etish uchun kuch-g'ayrat, donishmandlik, mardlik va matonat yetarli”, degan edi. Notiq afg'on xalqining uzoq yillik qurolli to'qnashuvlarga, qon to'kishlarga, yuz minglab odamlarning qurbon bo'lishiga aybdor emas, demoqchi.
O'zbekiston rahbari ta'kidlaganidek, afg'on xalqi buyuk sivilizatsiyalarni ko'rgan, insoniyat taraqqiyotiga juda katta hissa qo'shgan mahobatli tarixga va madaniy merosga vorislik qilayotgan xalq. Taqdir taqozosi bilan ma'lum bir tarixiy davrda yirik davlatlarning (AQSh va SSSR) o'zaro siyosiy va qurolli poygalarining qurboniga aylandi. Hududiy jihatdan ikkita Yaponiyaga, uchta Buyuk Brita­niyaga teng keladigan Afg'oniston siyosiy raqobat maydoniga, qurolli to'qnashuv poligoniga aylantirildi. Aslini olganda har bir inson millatidan, elatidan, diniy e'tiqodidan va ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar to'laqonli yashashga haqli. U, albatta, bitta tirik jon sifatida katta orzu-umidlar bilan yashaydi. Salkam 50 yildan buyon davom etayotgan uzluksiz xunrezliklar afg'on xalqini ruhan mayib-majruh, qalban kemtik, maqsadlar va orzulardan mosuvo bo'lgan elatga aylantirib qo'ydi. Ular ham hamma qatori to'kis, farovon va baxtli-saodatli yashagisi, uyim, bola-chaqam deb umrguzaronlik qilgisi kelayotgan xalq. Faqat ularga tinchlik kerak, xolos. Toshkent konferensiyasining butun mohiyati va unda ko'tarilgan masalalarning umuminsoniy qadriyati ana shu bilan o'lchanadi. Zotan, anjumanda aytilgan har bir gap, ilgari surilgan har bir fikr afg'on xalqining taqdiri, buguni va istiqboli bilan bog'liq bo'lgan g'oyat insonparvar va taraqqiyparvar hayqiriq edi.
O'zbekiston rahbari jahon ijtimoiy-siyosiy jarayonlarini chuqur tahlil etdi. Jumladan, yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi murakkab jarayonlar tufayli Afg'oniston va uning xalqining taqdiri, hayoti esdan chiqarib qo'yildi, jahon hamjamiyati e'tiboridan chetda qoldi. Afg'onistonda esa vaziyat keskinligicha, mojarolar tobora chuqurlashganicha qolaverdi. Yaqin qo'shni sifatida, azaldan bir makonda yashab kelayotgan xalqlar sifatida bugun o'zbeklar afg'on xalqi taqdiriga befarq emasligini, har qanday sharoitda ham qo'shnining xonadonida tinchlik, osoyishtalik, farovonlik va baxt-saodat barqaror bo'lishini istaydi. Ana shu nuqtai nazardan Afg'onistonda tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlarni birlashtirish zarurati quyidagi omillar bilan bog'liq. Birinchidan, bizning tashabbusimiz O'zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasiga to'la mos keladi. Bu konsepsiyada, avvalo, qo'shni mamlakatlar bilan yaxshi qo'shnichilik, do'stlik va o'zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Ikkinchidan, O'zbekiston va Afg'oniston xalqlari asrlar davomida yagona madaniy-sivilizatsion makonda yashab kelgan. Azal-azaldan Amudaryoning ikki tomonida o'zaro o'xshash tillar, umumiy muqaddas din va mushtarak ma'naviy qadriyatlar birlashtirib turadigan xalqlar yashab kelmoqda.
Amudaryo biz uchun hamisha tiriklik manbai bo'lib kelgan, ammo odamlarning erkin harakat qilishiga, savdo aloqalarini yaqindan rivojlantirishga, ilm-fan sohasidagi yutuqlar bilan o'rtoqlashishga va bir-birini madaniy jihatdan boyitishga hech qachon to'sqinlik qilmagan. Afg'on zaminida Markaziy Osiyo Uyg'onish davrining Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Firdavsiy, Rudakiy, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy, Umar Xayyom, Mirzo Bedil, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk namoyandalari va boshqa ko'plab ulug' ajdodlarimiz yashab ijod qilganlar.
Bugungi kunda O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasida yaqin siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar yo'lga qo'yilgan. Afg'onistonda millionlab o'zbeklar yashaydi. Afg'oniston Konstitutsiyasiga muvofiq o'zbek tili mamlakatning rasmiy tillaridan biri hisoblanadi.
Uchinchidan, barchamiz qat'iy ishonamizki, xavfsizlik yagona va bo'linmasdir va uni faqat birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan ta'minlash mumkin. Biz xavf-xatarlarning ba'zi birlarini “o'zimizniki”, boshqasini esa “birovniki”, deb qabul qilmasligimiz kerak, aniqroq aytganda, bunday qilishga haqqimiz yo'q.
Afg'oniston xavfsizligi — bu O'zbekiston xavfsizligi, butun Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotining garovidir. Ayni paytda bu ulkan hudud Yer shari taqdirini hal qiladi, insoniyat istiqbolini belgilaydi. Chunki, bu makonda salkam 4 milliardga yaqin aholi yashaydi. Juda katta ilmiy, texnikaviy va ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo'lgan, Yer osti va Yer usti boyliklari cheksiz bo'lgan mahobatli mintaqa Yer shari taqdirini belgilashi shubhasiz. Ana shu nuqtai nazardan xalqaro terroristik tashkilotlar Afg'onistonni o'zining doimiy makoniga aylantirib olishiga yo'l qo'yib bo'lmaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev afg'on muammosini jahon hamjamiyati jiddiy ravishda kuzatib borayotganini va ushbu masala xalqaro miqyosda keng muhokama qilinayotganligini alohida ta'kidladi. Jumladan, Afg'onistondagi harbiy-siyosiy inqirozlarni hal etish yo'llarini topish maqsadida tashkil etilgan Kobul jarayoni, Moskva formati, Xalqaro muloqot guruhi, “Osiyo yuragi” deb nomlangan Istanbul jarayoni, “ShHT – Afg'oniston” muloqot guruhi va boshqa qator tashkilotlar Afg'onis­tonda tinchlik va barqarorlikni o'rnatish bo'yicha ko'pdan-ko'p taklif va mulohazalarni bayon etmoqdalar. Jumladan, “O'zbekiston Kobul jarayoni doirasidagi ikkinchi majlis ishtirokchilarining Afg'oniston hukumati bilan “Tolibon” harakatining “Oldindan shart qo'ymaslik va kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik tamoyiliga asoslangan to'g'ridan-to'g'ri muzokaralar o'tkazishni boshlash to'g'risidagi qarorini qo'llab-quvvatlaydi”. Ana shu jahon hamjamiyatining yakdillik va fikrdoshlik asosidagi g'oyalarini ma'qullagan holda Prezidentimiz O'zbekiston birgalikdagi sa'y-­harakatlarining asosiy maqsad va vazifalarini quyidagilardan iborat deb belgilab berdi:
“birinchi — afg'on muammosini tinch yo'l bilan hal etishning asosiy tamoyillarini ishlab chiqish va ular bo'yicha keng va qat'iy xalqaro konsensus – murosaga erishish;
ikkinchi — Afg'oniston hukumati va qurolli muxolifat o'rtasida muzokaralarni bosh­lash mexanizmini ishlab chiqish;
uchinchi — Afg'onistonda milliy kelishuv jarayoniga xalqaro hamjamiyat tomonidan ko'mak berish bo'yicha “yo'l xaritasi”ni ishlab chiqish. Va nihoyat, barcha manfaatdor tashqi kuchlarning qurolli muxolifatdan Afg'onis­ton hukumati bilan muzokaralar stoliga o'tirishini, qarama-qarshilik va zo'ravonlikka chek qo'yishni qat'iy va bir ovozdan talab qilishi beqiyos ahamiyat kasb etadi. Bundan bosh­­qa yo'l yo'q.”
…Afg'on fojiasi bugunninggina mahsuli emas. Buni bot-bot takrorlashga ehtiyoj sezilmoqda. Biroq bunga eskirgan, madda boylab davolash qiyin bo'lgan kasallikka aylangan holat deb qarash ham noto'g'ri. Bugungi muammoni hal qilish uchun uning paydo bo'lish omillari, manbalari va homiylari qarashlariga jiddiy e'tibor bermoq, uni butun mohiyati bilan o'rganmoq lozim. Ana shu haqda fikr yuritar ekan, taniqli siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekov Afg'on mojarolari ildizlarini quyidagi ayanchli holatlardan izlaydi: “Ayrim rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, har yili afg'on zaminida 180 ming gektardan to 240 ming gektargacha bo'lgan hosildor yerlarga qora dori ekilar ekan. Qanchalik ayanch­­li bo'lmasin, mana bu raqam ham hech kimni befarq qoldirmaydi: “har yili afg'on zaminida 9 ming tonnadan 15 ming tonnagacha zahri qotil yig'ib olinar ekan. Shundan taxminan 5-7 tonnasi opiy va geroindir. Rasmiy ma'lumotlar shundan dalolat beradiki, Afg'onistonda yetishtirilayotgan qora dorining qariyb 90 foizi Yevropa qit'asiga yetib bormoqda. Tabiiyki, bu achinarli holat nafaqat Osiyo yoki Yevropa qit'asining, balki, butun jahonning global muammosidir”.
O'zbekiston bugun birgina Afg'onistonning kelajagi uchun emas, balki, butun Yer shari xavfsizligi – terrorizm, fanatizm va zo'ravonlikdan xoli bo'lgan dunyo uchun kurashmoqda. Kuni kecha bo'lib o'tgan Toshkent konferen­siyasi jahon hamjamiyatini o'tmishdagi xatolardan saboq chiqarishga, umumiy xonadonimiz bo'lgan, jahon hamjamiyatining muqaddas va mo''tabar maskani hisoblangan Yer sharida tinchlik barqaror bo'lishiga da'vat etadi. Aytish mukinki, Toshkent xalqaro konferensiyasining o'tkazilishi ochiq va oshkora, yuksak aql-­idrokka tayangan munozara va muzokara, samimiy va do's­tona muloqot tarzida o'tganligi, butun dunyo hamjamiyatining diqqat-markazida bo'ldi. Ushbu anjumanda ko'tarilgan, ilgari surilgan muhim, uzoqni ko'zlab tashlangan qadamlar shak-shubhasiz Prezidentimiz Shavkat Mirziyovning yuksak xizmatlari deb jahonda haqli e'tirof etilmoqda.

Narzulla JO'RAYEV,
siyosiy fanlari doktori, professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 3 =