Sinalayotgan ruhiyat yoki shifoxonada yozilgan qaydlar
- Koronavirus… kim aybdor: odammi yoki ko'rshapalak?
- BMT xulosasiga ko'ra, pandemiya Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik sinovdir.
- Pandemiya mavjud ekan, xotirjam bo'lolmaymiz.
- “Umidni uzmang, umidni o'ldirmang, shunda virus sizni yengolmaydi”.
Olimlarning izlanish natijalariga ko'ra ko'rshapalaklar yer yuzida 50 million yildan ortiqroq yashab kelishar, ucha oladigan yagona sut emizuvchilar bo'lib, hasharot yeb kun ko'rishar, ekinlarga yetadigan zararni kamaytirib, aytaylik, birgina AQSh fermerlariga yiliga 3,7 milliard dollar naf keltirar, 500 dan ortiq o'simlik turi ko'rshapalaklar yordamida changlanar ekan. Demak, atigi bir gramm vaznga ega bo'lib, ayni paytda dunyo davlatlarini tahlikaga solib turgan koronavirusning biz bilmagan sirli tomonlari bisyor ekan-da…
“Deutsche Bank” eramizning yuz mingdan ortiq o'limga sabab bo'lgan barcha ma'lum pandemiya va epidemiyalarini tahlil qildi va tadqiqotga ko'ra, 24 pandemiya orasida koronavirus eng xavfli yigirmatalikka kirishini ma'lum qildi.
Xavf butun dunyoni qamradi. Hayot va mamot, yaxshilik va razolat, nur va soya o'rtasida kurash boshlandi. Qalblardagi xotirjamlik o'rnini xavotir egalladi. Nuh kemasi lopillagan to'lqinlar ustida beshikdek tebrandi. Bu yo'lda jasorat ko'rsatgan ne-ne fidoyilar shu yashil kurrai zamin uchun boqiy dunyoga yuz tutdi.
Xalqimizda “Har kim boshiga yoqqan qorni o'zi kuraydi”, degan maqol bor. Pandemiyaning dastlabki kunidanoq hukumatimiz uning oldini olish uchun qator amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
Zudlik bilan respublikamizda jami 159 ta muassasada 25 ming 200 ta shifo o'rinlari, shu jumladan 2 ming 500 ta reanimatsion o'rinlar tashkil etildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qisqa muddatlarda Toshkent viloyati Zangiota tumanida koronavirus bemorlarini davolash uchun 3600 o'rinli maxsus shifoxona qurib bitkazildi va zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanib, foydalanishga topshirildi. Homilador ona-bolalar muhofazasi uchun bo'limlar tashkil qilindi.
Ana shunday maxsus shifoxonalar Nukus, Samarqand shaharlari hamda Termiz va Pop, Yuqori Chirchiq tumanlarida ham barpo etildi.
Bularga qo'shimcha holda 58 ta saralash-taqsimlash markazlaridagi 15 mingta o'rinning, jumladan, 1225 ta reanimatsiya o'rinlari tashkil etilishi, ularni bemorlarini davolash ishlariga Xitoy, Rossiya, Koreya, Turkiya va Germaniya davlatlaridan kelgan 140 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etishi hayotga umid ko'zlarini tikib turgan har bir bemorning tibbiy va ruhiy xotirjamligi yo'lidagi zarur qadamlar bo'ldi.
Koronavirusga qarshi kurash mamlakat miqyosida shiddat bilan davom etyapti. Butun dunyo katta umid bilan najot yo'llarini izlamoqda. Xitoy davlatining Uxan shahridan sirg'alib chiqib, son-sanoqsiz qurbonlar ham nafsini qondirmay, yo'lida jadal odimlayotgan bu yuhoning halokat chohiga tezroq tushishini oqko'ngil xalqimiz duolar va qalb nidolari bilan Yaratgandan so'rayapti.
Men ko'nglimdan kechgan bu o'ylarni Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida, to'g'rirog'i, vaqtinchalik koronavirus kasalligini davolashga ixtisoslashtirilgan maskanda qog'ozga tushirayapman.
Bir oiladan bir paytning o'zida besh kishi bemormiz. Kuyovim, hali ikki yoshga to'lmagan o'g'ilchasi bor, homilador qizim Zangiotada. Joy tanqisligi uchun turmush o'rtog'im va men Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan kasalxonada… Virus jon-jahdi bilan bizga qarshi kurashadi. Nafas olish uskunalari bir daqiqaga o'chirilmaydi. Tashxis: koronavirus, ikki tomonlama pnevmoniya. Ovqat yeyolmaymiz, ko'ngil behuzurligi jonni sug'urib olguday… Shifokorlar vujudimizdagi qo'shimcha kasalliklarning kovid qutqusi bilan yuzaga chiqib qolishidan xavotirda. To'xtovsiz muolajalar… O'n yetti yil harbiy vrach bo'lib ishlagan shifokor Hasan tinmay ta'kidlaydi: umidni uzmang, umidni o'ldirmang, bu virus shunda sizni yengolmaydi. Ko'zim yarq etib ochiladi, dunyoning umid daraxtlari hali yam-yashil, o'zimga o'zim gapiraman. Ular hech qachon qurimaydi.
Ochiq derazadan tog' havosi oqib kiradi. Ugom va Chirchiq daryolarining musaffo epkinlari… Bu muassasa 1950 yilda qurilgan ekan. 2010 yilda ta'mirdan chiqarilgan. Asli sakson o'ringa mo'ljallangan bo'lib, virusli gepatit va boshqa kasallar uchun qirq o'rin, shundan OIV bilan og'rigan bemorlar uchun o'n o'rin va o'tkir ichak infeksiyasi va boshqa infeksiyalar bilan og'rigan bemorlar uchun qirq o'rin ajratilgan. Orqa hovlida qurilgan kislorod stansiyasi tinimsiz ishlaydi. Ushbu kislorod stansiyasidan 100 o'ringa kislorod nuqtalari kiritilib, Bobrova apparatlari o'rnatilgan. Hozirgacha 743 ta murojaatlar bo'lib, holatiga ko'ra 576 ta bemor jonlantirish bo'limida, so'ngra palataga o'tkazilgan, 427 tasi bo'limlarda davo topgan, 167 tasiga ambulatoriya yo'nalishi bo'yicha yordam ko'rsatilgan. Kasalxona izdihomni eslatadi. Kechasi tong yorishguncha “tez yordam” mashinasining o'ziga xos signali, kimdir otasini, kimdir bolasini, kimdir singlisining xayolida murojaat etayotganlarning son-sanog'i yo'q. Ular tunni tan olmaydi. Yolg'iz o'tinchi – jigarini mudhish virusning qo'lidan sug'urib olish. Shifokorlar, tibbiyot hamshiralari soat mexanizmiga o'xshab ishlaydi. Bosh shifokor Bahodir Xodjiyevning qo'l telefoni bir daqiqa tinmaydi. U bosiqlik bilan murojaat qiluvchilarga javob qaytaradi, maslahat beradi, har bir bemorning hujjatlarini ko'zdan kechirib, zarurat bo'lsa kasalxonaga joylashtiradi. Bosh shifokorning ushbu muassasada ish boshlaganiga ko'p vaqt bo'lgani yo'q. U 1999 yili Toshkent Pediatriya tibbiyot institutini tamomlagan.
Tong yorishayotganda hammayoq biroz tinchiganday bo'ladi. Uzoqdan ko'rinib turgan tog'lar halqasining kungiralariga qizg'ish nur tolalari ipakdek o'rala boshlagach, yana daryo to'lqinlarining entikishlari kabi ko'hna hayot boshlanib ketadi. Biz yotgan bo'limda bolalarning goh yig'layotgan, goh kulayotgan ovozlari devorlarga, shiftlarga urilib ketib, yana quyiga enadi. Bolalar turli yoshda. Olti oylik, bir va ikki yoshlik… oddiy til bilan aytganda hali ona suti og'zidan ketmagan bolalar. Niholdekkina onalar tunda uxlamagani uchun bolasini zo'rg'a ko'tarib turadi. Olti oylik Daurboy va onasi koronavirusni to'yda yuqtirib olgan. Qolgan onalarning ko'pchiligi himoya niqobini vaqtida taqmagan. Ayrimlariga ko'chadan niqobsiz kelgan turmush o'rtoqlari yuqtirishgan. Yana bir kelinchak qo'lida qizchasi bilan jovdirab ko'z yosh to'kadi. “Turmush o'rtog'im Qozog'istonda. Kasal bo'ldik, pul yuboring, dori olamiz, — desam, —onangdan so'ra, senga beradigan pulim yo'q, deb xafa qildi. Shundoq ham tinmay onam qarashadilar”.
Qiziq dunyo. Kelinchakning ko'z yoshlariga qarab, dunyo bir somon parchasiga ilinib turgan paytida hali ham xulosa chiqarishga shoshilmayotgan ayrim kimsalarning bag'ritoshligidan yuragim eziladi.
Aslida ko'z yosh to'kayotgan kelinchakmi? U bugun minglab farzandlarini yo'qlikka, ajal komiga berib, jigar bag'ri xun bo'lgan dunyo emasmi?
Bosh shifokorning fikricha, kelayotgan bemorlarni uch toifaga ajratish mumkin. Birinchisi, o'zicha davolanib, vaqtida shifokorga uchramay, vaqtni o'tkazib yuborayotganlar. Ikkinchi toifadagilar, ayniqsa ayollar, yosh bolalik kelinchaklar qaynonasining ra'yiga qarab, xarajatdan qochib, oxiri bolaning o'pkasiga o'tib ketgach, shifo izlovchilar. Uchinchi toifadagilar pandemiyani umuman tan olmaydigan kimsalar: “bu bor yo'g'i grippga o'xshagan holat, o'tib ketadi”, deb tevarak-atrofidagilarga virus tashuvchi insonlar. Har uch holatda ham ular hayoti qil ustida turganini anglab yetmaydilar. Vaholanki, koronavirus dunyoning barcha davlatlariga kirib bordi. Yer yuzida 194 million inson azob chekdi va 4 million 160 ming holatda o'lim qayd etildi.
Bu virusning murakkabligi shundaki, u bir necha bor o'z shaklini o'zgartirdi. Hozirgacha uning yettidan ortiq turi bor emish.
Shifokorlar, tibbiyot hamshiralari, ozodalik uchun javobgar xodimalar tinim bilmaydi. Palatalar to'xtovsiz xlorli suv bilan artib chiqiladi. Maxsus kiyimda faqat ko'zi ko'rinadigan tibbiyot xodimlari xuddi tug'ishganingizga o'xshaydi. Qunduzxonning uchta farzandi bor. O'n besh kundan beri dam olmay ishlaydi. Diloromning farzandi ikkita. O'zlari endi o'ttiz ikki yoshdagi suluv ayollar. Bolalarini onalariga berib yuborishgan. Sekingina: “Ular bizni sog'inishibdi”, — deb qo'yishadi. Kun bo'yi tuz totmay ishlashadi. Niqoblarni yechish mumkin emas. Dilso'z unashtirilgan. Oktyabr oyida to'yi bo'ladi. Minnatdorchilik bildirsangiz, “Faqat duo qiling”, deb chiroyli kaftlarini ochib turadi. Mening esa ularning riyodan, ta'madan uzoq nigohlariga boqib qalbimda g'alati, shaffof hissiyotlar mavj uradi. “Mana Yangi O'zbekistonimning toza kurtaklari”, — deb o'z-o'zimga gapiraman.Hayotini hech ikkilanmasdan insonlar quvonchi, sog'lig'i uchun nisor qilmoqchi bo'lgan bu fidoyilarning tomirlarida xalqimizning aslligini ko'raman.
Bosh shifokorning o'z oldiga qo'ygan rejalari bir dunyo. 2022 yilda kasalxona kapital ta'mirdan chiqariladi. Unga rejaga binoan besh milliard so'm mablag' ajratilgan. Bemorlarga yanada sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish uchun bakteriologik laboratoriya tashkillashtirish, statsionar rentgeni olish, ayni paytda kasalxona hududlarini jannatdek qilib obodonlashtirish masalalari ham o'z yechimini kutib turibdi. Shifokorlar xonalariga hujjatlar va internet bilan ishlashda tezkorlikni yo'lga qo'yish uchun kompyuter uskunalari bilan ta'minlash ham kechiktirib bo'lmaydigan vazifalar sirasiga kiradi.
Shu o'rinda Prezidentimizning Chirchiq shahrida bo'lgan paytlaridagi so'zlari xayolimdan o'tadi. Kelgusidagi Chirchiqning istiqboli, tabiiyki, ko'zlarni quvontiradi. Mahallalar, yo'llar yanada obod bo'ladi. Chotqol tog'larining quyuq archazorlari, daryolaridan esgan shifobaxsh shabadalar xalqimizning yuz-ko'zlarini erkalab silaydi. Sihat-salomatlik, ruhiy xotirjamlik tilaydi. Koronavirus nomi yer yuzidan abadul-abad o'chsin, ilohim!
“Mol-dunyoni qancha to'plamaylik, u tugaydi, ozayadi. Kitob yozilsa-chi?!”
O'z kasbining bilimdoni, shifokorlik kasbini umrining mazmuni, deb bilgan oddiy, kamtar inson Bahodir Hojiyev muolaja so'ngida bir kitobchani tutqazdi. U “Uch buyuk tabib” deb nomlangan. “Birinchi buyuk tabib – bu poklik”, derdi kitob menga. — Ikkinchisi — parhez. Uchinchisi — badantarbiya”. Kitobchaning muallifi esa shifokor Bahodir Hojiyev edi.
Sharifa SALIMOVA,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi, shoira