Ma'naviy immunitetning dorisi bormi?
Ma'naviyat bu oddiy so'z emas. U aql, ong, idrok, ruhiy holat, ichki kayfiyat, dadillik, jasorat, xususiyat, mohiyat, g'amxo'rlik, qayg'urish kabi keng ma'noga ega. Olimlarning aytishicha, qaysi davlatda ma'naviyat kuchaysa jamiyat ravnaq topadi. Aksincha, ma'naviyat qashshoqlashsa, jamiyat ham bora-bora tanazzulga yuz tutadi.
Ma'naviyatsizlik ham “virus”dek gap, bitta odamga yuqsa, u minglab odamlarga “virus” tarqatuvchiga aylanadi. Kasallanish avj oladi. Bunday bedavo dardni yengish uchun yillar, hatto asrlar kerak bo'ladi.
Shu kunlarda “Ma'naviyat” kalimasini odamlarga singdirish uchun zarurat kuchaydi. Milliy, diniy qadriyatlarimizga, xalqimizga xos urflarga qaratilgan aks ta'sir, farzandimizning qalbiga kirishga urinayotgan yot g'oyalar sabab bu masalada jiddiy kurashish zarur.
Farzandlarimizning ma'naviy olami va uning ongidagi bo'shliqni qaysi ozuqa bilan to'ldirish masalasi bugun davlatimiz rahbarlarini ham tashvishga solayotir. To'g'ri, o'tgan davr mobaynida qaysidir tahdid barham topdi, boshqasi, aksincha, kuchaydi. Bunda har birimiz yo tomoshabin bo'ldik yoki bevosita ishtirokchiga aylandik. Ayrimlar farzandlari tarbiyasiga befarq qaradi. Ma'naviyatning ustun jihatlarini moddiyat pardasi to'sib qo'ydi.
Dunyo ommasi bugun o'zining turfa g'oyalari bilan ta'sirchanligiga erishayotgan bir davrda, biz o'z vaqtida ta'sirchan usullar haqida bosh qotirmaganimiz achinarlidir. Loqaydlik, beparvolikni avj oldirib, bugun ma'naviyatsizlik “virusi”ni tarqashiga sababchi bo'ldik, desak xato bo'lmaydi. Endilikda bu “virus”ni yengishga davlatimiz boshchiligida ma'naviyat safariga chiqildi.
Prezidentimiz tomonidan mazkur kasallikni bartaraf etish va chalinishi arafasida turgan insonni asrash va avaylash uchun “Ma'naviyat va ma'rifat maskan”lari barpo etish vazifasiga har bir hududning hokimi tayinlanganidan ham masala jiddiyligini anglash mumkin. Agar hududning birinchi rahbari ma'naviyatsizlik “virusi”ga chalinganlarni davolash choralarini ko'rib, vaqtida ularning ma'naviy immunitetini oshirishga erishsa, har sohada yuksak marralarni zabt eta olamiz.
Inson immuniteti tushganida turli kasallikka yo'liqadi va davolanish uchun shifokorga boradi. Tahlil topshiradi, o'zini obdan tekshirtiradi. Demak, inson o'z tanasi sog'ligi uchun davo izlaydi. Sog'ayish yo'lida oila byudjetidagi bor pulini sarflaydi. Ammo insonni boshqaruvchi miyasidagi ma'naviy immuniteti pastligini nima bilan davolash mumkin? Uning shifokori kim? U to'g'ri tashxis qo'ya oladimi? Tavsiya qiladigan “dori”lari milliy ma'naviyatimizga mos keladimi? Ha, savollar ko'p. Ammo… Eng muhimi, bugun ma'naviyat shifokorini yetishtirish va uning qo'liga davolash metodini berish o'ta muhim masalaga aylandi.
Hammamizga ayonki, internet “dorixona”sida istalgan ma'naviyatsizlik dorilarini rang-barangligi bilan o'ziga jalb etmoqda. Bolalarimiz o'qiyapti, ko'rayapti, eshitayapti. Biz-chi, uning ko'ziga ta'sirchan lavhani va qulog'iga yoqimli ozuqani bera olyapmizmi? Endi mana shu masalalarga ham jiddiy yondashadigan kun keldi. Immunitetni buyuk ajdodlarimizni tarbiya borasidagi metodlaridan foydalangan holda yarata olsak natijasi samarali bo'ladi.
G'arbona madaniyat kirib kelmoqda deb bong uryapmiz. Ammo u kirib kelyaptimi yoki o'zimiz kirityapmizmi? Bu haqida hech o'ylab ko'rdikmi? Bolamizni qo'liga telefonni berdik, lekin undan qay maqsadda foydalanishni vaqtida o'rgata oldikmi?
Mamlakatimizda so'nggi uch oy davomida ma'naviyat va ma'rifat sohasiga e'tibor jadallashdi, desak to'g'ri bo'ladi. Bu Prezidentimiz rahbarligida joriy yilning 19 yanvar kuni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining videoselektor tarzida o'tkazilishi bilan boshlanganiga hamma guvoh bo'ldi. Bu yig'ilish mudroq qalb ko'zlarini ochishga turtki berdi. Ayrimlar ma'naviyat va ma'rifat bir tashkilotning ishi deb o'zidan soqit qilayotgan bir vaqtda, davlat rahbari ma'naviyat — hammaning ishi ekanligini alohida ta'kidladi. Albatta, ma'nan uyg'onmasak, dushman ko'z oldimizda ulg'ayayotgan jigarbandlarimizni bizdan tortib olishga harakat qilaveradi. Bu ta'kidlar bejiz emasligini anglashimiz shart. Muhimi, avval o'zimiz uyg'onishimiz kerak, aks holda farzandlarimizni qanday uyg'otamiz?!
Barcha hududlarda ma'naviy-ma'rifiy ishlarning tashkil etilishini yaxshi, deya olmaymiz. To'g'ri, tanqid qilish oson, rostini aytganda, ishni tashkil etish metodikasining haligacha yaratilmagani ham bor gap. Shuning uchun ham Prezidentimiz barcha hududlarda ham o'rganish, ham o'rgatish ishlari olib borilishi lozimligini ta'kidladi. Masalan, hududning barcha tizimlaridagi ma'naviyat va ma'rifat ishlariga mas'ullarga o'quv-seminari tashkil etib, ularga targ'ibotning eng ta'sirchan va oddiy usullarini tavsiya etish bilan birgalikda, qo'llash metodini o'rgatish ishlari ham olib boriladi. Ayniqsa, tizimlashgan holda, yo'nalishiga qarab, metodikani joriy etish lozim. Misol uchun, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ma'naviyat va ma'rifat uchun mas'ullar 3-6 yoshdagi bolalarga qo'llanishi mumkin bo'lgan manbalar, ya'ni shu yoshga mos milliy o'yinlar, milliy kuy-qo'shiqlar va ertaklar hamda milliy urf-odat, an'analarni o'rgatishning oddiy usullaridan foydalanishi kerak bo'ladi.
Dunyoda bugun e'tirof etilayotgan tizimlardan yana biri mahalladir. Boshqa davlatlarda bunday tizim yo'qligini xorijiy ekspertlar ham ta'kidlamoqda. So'nggi yillarda bu tizimda juda katta islohotlar amalga oshirildi. Eng chekka hududlardagi qishloq aholisining ham bugun obod qishloqqa aylantirilayotgani, xuddi shahar aholisiga yaratilgan sharoitni yaratishga qilinayotgan sa'y-harakatlar tahsinga loyiq. Lekin bu tizimda ham ma'naviy-ma'rifiy ishlarni yanada jonlantirish, mahallada tashkil etilayotgan tadbirlarning ta'sirchanligini oshirish nihoyatda muhimdir.
Munira QAHHOROVA,
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi
bo'lim boshlig'i