Najot — ta'limda, repetitorda emas!
Rus adibi Chexovning “Repetitor” degan hikoyasi bor. Bu so'z o'zbekchaga “O'zlashtirishi past bo'lgan o'quvchiga uyda ta'lim beruvchi” deya tarjima qilingan.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bergan ma'lumotlarga ko'ra, yurtimizda bugungi kunda jami 1 ming 535 ta o'quv markazi faoliyat yuritadi. Shundan 923 tasi kadrlar malakasini oshirishga, 612 tasi esa abiturientlarni OTM imtihonlariga tayyorlashga yo'naltirilgan.
O'quvchilarni turli fanlardan tayyorlaydigan repetitor o'quv markazlari Toshkent shahrida 309 ta. Bu borada poytaxtimizdagi narx-navo bilan qiziqdik:
Turli fanlardan abiturientlarni tayyorlov — oyiga 300 ming so'mdan – 650-700 ming so'mgacha;
Chet tillarini o'rgatishga yo'naltirilgan o'quv markazlari — oyiga 350 ming so'mdan — 1 million so'mgacha.
O'quv markazlarida aynan maktab dasturi kuchaytirilgan, chuqurlashtirilgan holda o'qitiladi, xolos. Axir, ta'lim uchqunlar bilan olov yoqishdir. Bo'sh idishni shunchaki to'ldirish emas! Bitta fanga o'rtacha 400 ming so'mdan sarflagan abiturient kamida 2 ta mutaxassislik fanidan tayyorlanadi. Uning oyiga 800 ming so'mdan to'lab, 7 oy (yanvar-avgust) tayyorlanishini hisoblasak, yeb-ichishi, kiyinishi va boshqa xarajatlaridan tashqari, jami 5 million 600 ming so'm sarflayapti. Yakunda abiturient byudjet asosida o'qishga kirsa, mayli, kambag'alni tuyaning ustida ham it qopadi, deganlaridek, kontrakt asosida qabul qilinsa yoki imtihondan “yiqilsa-chi?”
Ta'lim sifati past bo'lgan yerda repetitorlar faoliyati rivojlanadi, degan gap bor. Kelajakda OTMda o'qiyman degan bola borki, o'quv markazlariga ishi tushadi. Nega bizda maktab bilimi bilan sinovdan o'tib bo'lmaydi, talaba bo'lish uchun repetitorga borish shart, qachongacha o'quvchilarimiz maktabda o'zlashtirishi past bo'lib, uyda qo'shimcha ta'lim beruvchilarga ehtiyoj sezadi?
Dunyoda rivojlangan mamlakatlarning barchasi korrupsiya, ilmsizlik va jaholat botqog'idan chiqishning yagona yo'lini ta'limda ko'rishgan va aslo adashmagan. “38 milliondan ziyod aholiga 612 tagina tayyorlov kurslari kam-ku! Masalan, Yaponiyada eng kuchli o'quv markazlari bor, ayrimlarining 240 tagacha filiali mavjud…” deyishingiz mumkin. Aka, “The Legatum Pros¬perity Index 2019”ning jahon reytingida “Ta'lim” yo'nalishi bo'yicha dunyodagi 167 davlat orasida Yaponiya 9-o'rinda, O'zbekiston bo'lsa, 81-o'rinda turadi…
Albatta, oliy ta'lim muassasasiga talaba oliy ma'lumotli bo'lish uchun borishi kerak, 4 yil umrini “o'tab”, bir parcha qog'oz — diplom uchun emas. O'quvchilar esa ma'lum kitob yoki ilmiy asarlarni o'zi xohlab o'qishi, o'rganishi lozim, ustozi aytgani uchungina emas…
Demak, keyingi yillarda ta'lim sohasini rivojlantirish yo'lida olib borilayotgan ko'pdan-ko'p islohotlarni e'tirof qilgan holda, hamon ancha-muncha muammolar qalashib yotganini ham inkor etib bo'lmaydi.
Ibrohim BO'RIYEV,
Navoiy viloyati Xatirchi
tumanidagi 27-maktab o'qituvchisi