Ammo aytmasam bo'lmas…
Milliy rejissuramiz tiklanishi kerak
O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi diqqatiga!
Har gal navbatdagi teatrga, aniqrog'i “rejissyor” kasbiga bag'ishlangan maqolani yozish uchun qo'limga qalam olar ekanman, qalbimni hayajon chulg'aydi: “Kim uchun yozasan? Kimga kerak muammolar! Faqat, ayrim rahbarlarning g'ashiga tegishing mumkin!” — degan savollar meni qiynayveradi. Ammo yozmasam go'yo o'z millatimni, uning sha'n-shavkatini, qadriyatlarini oyoqosti qilganday his qilaman o'zimni. To'g'ri, bugungi kunda hammamiz, millatimizning turli sohalarida poklanish davrining mashaqqatlari bilan yashamoqdamiz. Albatta, men ham turli sohalarda mehnat qilib kelayotgan vatandoshlarimdek, o'z kasbida yuz berayotgan o'zgarishlarga quvonaman va ayrim kamchilik, muammolarga beparvo bo'la olmayman.
“Andishaning oti qo'rqoq”, “O'zbekchilik-da”, “Sen menga tegma, men senga tegmayman”, kabi ba'zi bir ishimizdagi muammolarimizni yashirib yoki beparvo bo'lib yuraverish, ayniqsa, ijod ahliga to'g'ri kelmaydi. Shunga o'xshash yomon illatlardan tezroq qutulishimiz va o'zini komil inson deb biladigan har bir odam millat taqdirini o'ylashi va kelajagi haqida qayg'urishi lozim ekanligi zamon talabi ekanini Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev kun sayin takrorlamoqda. Kim biladi deysiz, balki ayrimlarga yopiq qozon yopiqligicha qolgani yaxshidir. Hech kimga tashvish keltirmaydi-da. Ammo bugun biz bir-birimizga bo'lgan ishonchimiz, mislsiz bag'rikengligimiz, to'g'riso'zligimiz va saxovatpeshaligimiz bilan boshqalardan ajralib turishimiz va boshqa insoniy fazilatlarimizni jahonga yoymoqdamiz.
Shuning uchun ham jahon hamjamiyatidagi fe'l-atvorimiz va tafakkur tarzimiz shunga mos bo'lishi kerak. To'g'ri, taraqqiyot doim qarama-qarshiliklar, ziddiyatlardan iborat. Ammo biror bir muammoni andisha yuzasidan yashirib, tanqidga beparvolik yoki munosabat bildirmasligimiz yaxshi emas. To'g'riso'zlik oliy fazilat. Bu fazilat mashaqqatli yo'l ekanini bilamiz. To'g'ri so'z tuqqaninga ham yoqmaydi-da. “Egrilikning yo'li mingta: yetti yot begonaga ham yoqaverasan” — deb bekorga aytishmagan. Mening esa, oliy maqsadim riyokor bo'lmaslik. Fikring noto'g'ri bo'lsa hamki, niyating to'g'ri bo'lsin-da. Ha, rejissyorlik ota kasbim. Har holda, “dumini qisib yurish” bizning kasbimizga to'g'ri kelmaydi. Shu sabab, e'tiborsiz qolgan xolis yoki mulohazali fikrlarimni takror va takror aytishga majburman.
Bugungi kunda, mening nazarimda, milliy san'atimizda, ayniqsa, ijodqorlar orasida “beparvolik”dek yomon illat paydo bo'lib qoldi. Ayniqsa, ayrimlarning TEATR san'atiga keraksiz aralashuvlari va “rejissyorlik” kasbiga bo'lgan e'tiborsizlik tufayli teatrlarimiz boshi berk ko'chaga kirib qolmoqda. Bugungi teatrlarimizdagi “shtat jadvali”ga ko'z tashlasangiz, hayron qolmasdan ilojingiz yo'q va bu holni biron-bir davlatda uchratmasangiz kerak. Mana, ancha yildan beri, (bir sobiq “rahbar”ning “tashabbusi” bilan) Respublikamizning barcha teatrlarida uchta “rahbar” lavozimi paydo bo'lib qoldi.
Birinchisi, bu — “Teatr direktori” ( teatrdagi eng oliy organ “Badiiy kengash”ning raisi hisoblanadi). Ikkinchisi, bu — “Bosh rejissyor-badiiy rahbar”(teatrda barcha ijodiy jarayonga javob beradigan lavozim). Uchinchisi – teatrning Bosh rejissyor-badiiy rahbarning ustidan yana bitta “Badiiy rahbar” lavozimi kiritilgan. Bu nafaqat kulgili balki achinarli hol emasmi?!
Nahotki bu lavozimni o'ylab topganlar, butun dunyoda “TEATR” san'atini faqat “Bosh rejissyor-badiiy rahbar” boshqarishini bilmasalar?! Axir, rejissyor Stanislavskiy va Nemirovich-Danchenko teatri, rejissyor Bertold Brext teatri, rejissyor Mannon Uyg'ur teatri, Tavstanogov teatri, Oleg Yefremov teatri, Yuriy Lyubimov teatri deb bejiz atashmaydilar! Chunki, “TEATR”san'ati (kino san'ati ham) rejissyorlik kasbiga chambarchas bog'liq. Bu – “TEATR” qonuni!
Ikkinchidan, ko'pdan beri teatrlarimizga “direktor” lavozimiga kadr tayinlashda shoshma-shosharlikka yo'l qo'ymoqdamiz. Keyingi yillarda bu masalaga e'tiborsiz bo'lib qoldik. Teatrdagi biron-bir yetakchi aktyorni bu lavozimga tayinlaymiz. Ko'p yillardan beri bu “an'anaga” aylanib ulgurdi! Achinarlisi, bugungi kunda ham, bu “an'ana” yana davom etib kelmoqda. Uzoqqa borib o'tirmang, poytaxt teatrlarining barchasini aktyorlar boshqarmoqda. To'g'ri, aktyor ijodkor o'z kasbining ustasi, fidoyisi bo'lishi mumkin. Ammo biz bilamizki, “direktor”lik lavozim umuman boshqa kasb. Bir zamonlar, buyuk aktyorimiz Shukur Burxonovga “Direktor” lavozimini taklif kilishganda: “Mening kasbim “AKTYoR”, sahnada rol o'ynashim kerak!” — deb, javob bergan edi. To'g'ri-da, iste'dodli aktyor rolga chanqoq va o'z kasbiga nisbatan hiyonat qilmaydi va fidoyi bo'lib qolaveradi.
Shu bois, bugungi kunda, teatrlarimizga “direktor” tayinlash qoidalarini tubdan o'zgartirishimiz zarur, deb o'ylayman. Butun dunyoda TEATR san'atini Bosh rejissyor-badiiy rahbar boshqarib kelgan va doim shunday bo'lib qoladi. Boshqacha bo'lishi mumkin emas! Azaldan shunday bo'lib kelgan va shunday bo'lib qoladi. Aks holda, bu ketishda, TEATR san'atimiz hech qachon rivoj topmaydi. Uzoqqa bormaylik, Milliy teatrimiz o'ttiz yildirki “Bosh rejissyor-badiiy rahbar”ga muhtoj bo'lib kelmoqda. Shu sabab, Akademik teatrimiz o'z yo'nalishini topolmay sarson. Aslida Milliy teatrimiz barcha teatrlarga o'rnak bo'lishi zarur emasmi?
Yana bir bor aytaman, teatr san'atini faqat va faqat bitta, yolg'iz rahbar – “Bosh rejissyor-badiiy rahbar” — boshqarishi shart! Boshqacha bo'lishi mumkin emas! Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Xorazm viloyat teatriga tashrif buyurganlarida: “Rejissyor – teatrning yuragi!” deb, bejiz aytmagan edi! To'g'rida, inson tanasida “yurak” birinchi o'rinda turadi. Shu sabab, har doim, teatrda “Bosh rejissyor-badiiy rahbar — bu judayam mas'uliyatli lavozim hisoblanadi. Teatrlarimizga “Bosh rejissyor-badiiy rahbar” tayinlashda shoshma-shosharlik qilib bo'lmaydi. Chunki, bu lavozim yukini ko'pchilik ijodkorlar ko'tara olmaydi. Bu lavozimga tayinlanadigan san'atkor o'z uslubiga, ijodiy yo'nalishiga ega bo'lgan iste'dodli ijodkor bo'lmog'i zarur. Chunki, teatr san'atining rivojlanishi yoki inqirozi “Bosh rejissyor-badiiy rahbar”ning ijodiy saviyasiga, bilimiga, tafakkuriga va tashkilotchiligiga chambarchas bog'liq. Ba'zida, teatrlarga yosh rejissyorni “Bosh rejissyor-badiiy rahbar” lavozimiga tayinlaymiz (hali u yosh ijodkor izlanishda) va bir yil o'tar-o'tmas ijodiy jamoa uni qabul qilolmaydi va natijada u navbatchi rejissyor bo'lib shu teatrda qoladi yoki ishdan ketadi. Natijada, bunday holat, yosh ijodkorni “sindirish“ bilan tugaydi. Axir, teatrga kelgan yosh “rejissyor” besh yil davomida o'zining yaxshi mutaxassis ekanligini jamoaga ko'rsatishi uchun bir necha yil o'z uslubini topib olishi zarur. Shuning uchun, qayta-qayta aytaman, teatrlarimizga “Bosh rejissyor-badiiy rahbar” tayinlashdek mas'uliyatli ishda hech qachon adashmaslik kerak. Bu lavozimga o'z ishining yaxshi mutaxassisi bo'lishi bilan bir qatorda, ko'p yillik ijodiy ishlarida ayrim yutuqlarga erishgan ijodkor bo'lishi va barcha aktyorlar uni ijodkor sifatida hurmat qilishi zarur. Shundagina teatr jamoasi “Bosh rejissyor-ijodiy rahbar” atrofida jipslashib, bir yoqadan bosh chiqarib va teatrda barcha ijodiy yutuqlarni qo'lga kiritishiga imkon yaratiladi. Shuning uchun, teatrlarni o'z egasiga qaytarib beraylik. Bosh rejissyor-badiiy rahbarga keng ko'lamda imkon yaratib berib va ularning ijodiy jamoa oldidagi mas'uliyatini oshiraylik.
Yana bir masala. Yurtimizdagi 36 teatrda (har chorakda) bitta sahna asari vazirlikka topshiriladi. Vazirlikdan teatrga biron-bir vakilni yuborishadi va asar ko'rigidan so'ng, bu mutaxassisning asar haqidagi shaxsiy fikri bilan asar qabul qilinadi yoki qilinmaydi. Eng qizig'i, (ayrim hollarda) yillar davomida shu teatr sahnasining changini yutib, ijod qilib kelayotgan keksa ijodkorlarning fikri bir chetda qolib ketaveradi. San'at asariga yolg'iz bir odamning fikri bilan xulosa chiqarmoq, sekinroq aytganda, g'irt… ajablanarli hol! Ko'p yillardan beri aytib kelaman, “teatrlarimizdagi “Badiiy kengash”larning faoliyatini qayta ko'rib chiqishimiz va ular mas'uliyatlarini kuchaytirishimiz zarur” deb. Chunki, teatrlarimizdagi “Badiiy kengash”ning ko'rigidan o'tgan asar muhokamaga muhtoj bo'lmasligi kerak. Vazirlik teatrlarda ko'p yillardan beri mehnat qilib kelayotgan ijodkorlarning fikrlari inobatga olinishi kerak. Axir, teatrdagi “Badiiy kengash”ga, teatr xodimlaridan tashqari, teatrshunoslar, soha mutaxassislari va tuman, shahar madaniyat boshqarmalarining vakillari ham jalb qilinadi va teatrda sayoz asarlar hech qachon qabul qilinmaydi. Teatrlarimizdagi keksa ijodkorlar, o'z kasbining ustalari, o'zlari bunga yo'l qo'ymaydi va qo'ymasligi kerak! Shu sabab, teatrlarimizdagi “Badiiy kengash” va uning a'zolariga kengroq imkon berilishini va ularning mas'uliyatini oshirish zarur.
Bugungi kunda, barcha sohalardagidek teatrlarimiz ham yangi islohotlarga muhtoj bo'lib qoldi. Chunki, mana o'ttiz yildirki milliy rejissuramiz rivojlanmay, bir joyda to'xtab qoldi. Buni tan olishimiz kerak. Milliy rejissuramizni tez orada qayta tiklashimiz zarur. Milliy rejissuramizning saviyasi borgan sari nochorlashib ketganligining yana boshqa sabablari bor.
Bugungi kunda, “ijodiy erkinlik” deb, turli kasb egalariga sahnani, kinoekranni va “oynai jahon”ni bo'shatib bermoqdamiz. Shu sabab, tomoshabinlarimizda “rejissyor” kasbiga bo'lgan hurmati va e'tibori, kerak bo'lsa e'tirofi pasayib ketdi. Axir, “rejissyor” kasbini egallash uchun (oliygohga 100tadan 5-6 nafar abiturient tanlab olinadi!) talaba besh yil tahsil olib, yana besh–o'n yil tajribali rejissyorga “yordamchi rejissyor” bo'lib yurib, undan keyingina unga mustaqil ish beriladi. Bugun esa teleserial, kino yoki spektakl sahnalashtirish uchun “rejissyorlik diplom”i shart emasdek bo'lib qoldi! Hayronman, nega shifokor yoki yurist “diplom”siz ish yurita olmaydi?! Axir, ular bir odam hayotiga mas'ul va javobgar bo'lsa, “Rejissyor”lik kasb egasi esa millionlab odamlarning axloqi, didi va ma'naviy darajasi qashshoqlashib ketishiga sababchi bo'ladi-ku! To'g'risi, men bu “ijodkorlarni” ayblamayman, chunki, ular uchun bu “havas” xolos. Havasga, orzuga esa ayb yo'q. Ularga shunday imkon yaratib berayotgan “rahbar” yoki “manfaatdor” odam ko'proq aybdor deb bilaman. Agar andisha bo'lmasa, bu holni milliy san'atimizga bo'lgan ichki dushmanlik (diversiya), deb hisoblash to'g'riroq bo'lardi.
Dunyoda “rejissyorlik” noyob kasb ekanligi barchaga ma'lum. Ammo bizda hanuzgacha ayrimlar buni tan olgisi kelmayapti. Balki, kimgadir, tan olmaslik qulaydir. Bugungi kunda, Yangi O'zbekistonni qurmoqchi ekanmiz, agar, bu holat, qo'pchilikni tashvishga solmas ekan, teatr va kino san'atimiz oldinga qarab siljimaydi, bir joyda to'xtab turaveradi va rivojlanmaydi.
Balki, milliy rejissuramizni jonlantirishimiz uchun vazirlik qoshida yoki Teatr arboblari uyushmasi qoshida professional rejissyorlardan tashkil topgan “O'zbek rejissura akademiyasi”ni tashkil qilish kerakdir? Akademiyada, teatrlarimizga “Badiiy rahbar” lavozimiga malakali mutaxassislarni tanlash va tayinlash, kino, televidenieda teleserial olmoqchi bo'lgan rejissyorlarning “rejissyorlik plani — ish rejasi” bilan tanishish yoki boshqa ijodiy jarayonlarni muhokama qilish mumkin bo'lardi. Menimcha, shundagina o'zbek kinosida, televidenieda va milliy teatrlarimizda suvarakday bolalab ketgan “rejissyor” havaskorlarga chek qo'yilishi mumkin bo'lar. Ikkinchidan, yosh talaba-rejissyorlarni birinchi kursdanoq teatrlarimizga “bog'lab” qo'yish zarur. Chunki, yosh talaba-rejissyor ertaroq teatr changini yutsagina maqsadga tezroq erishish mumkin bo'ladi. “Oliy rejissura” (aspirantura) maktabini tashkil etishimiz, albatta, maqsadga muvofiq bo'ladi.
Bugungi kunda, bir vaqtlar tarqalib ketgan Teatr arboblari uyushmasi faoliyatini tiklash zarur. Chunki, yaqin o'tmishda Respublikamizdagi barcha teatrlar faoliyati Teatr arboblari uyushmasi zimmasida edi. Barcha ijod ahli shu uyushmada yig'ilardi va ijodiy hamkorlik o'rnatilib, bir-birining ijodiy ishidan xabardor bo'lib turilardi. Balki, ayrim sabablarga ko'ra yopilib ketgan “O'zbekteatr” ijodiy birlashmasini tiklash kerakdir?..
Bugun butun dunyo o'zgarmoqda, notinch dunyoda har bir ijodkorning o'z zimmasidagi vazifalari nihoyatda salmoqli bo'lishi zarur. Bugungi farovon hayotimizga xorijdan turli xil diniy ekstremizm, terrorizm g'oyalari internet, mobil telefonlari va boshqa axborot vositalari orqali bostirib kirib kelmoqda. Chunki asrlar davomida shakllangan bizning milliy tarbiyamizni, ma'rifiy tizimini izdan chiqarmoqchi bo'lganlar oz emas. Shuning uchun, bugungi yurt sohibini va bir-birimizni ko'z qorachig'imizdek asrashimiz, ehtiyot bo'lishimiz kerak. Ming yillar davomida buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ulug' merosimizni asrab-avaylab kelajak avlod uchun qoldirishimiz, biz ijodkorlar, mamlakatimizda olib borilayotgan ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tizimli tashkil etishda bir qadam oldinda bo'lishimiz va xalqimizning, ayniqsa, yoshlarimizning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirish biz, ijodkorlar zimmasida ekanini unutmasligimiz kerak.
Toji Muhammad Isroilov,
rejissyor, “Do'stlik” ordeni sohibi