Hammasi el farovonligi uchun

Bugun dunyoga boqib yuragimizdan, dilimizdan o'tkazayotgan o'y, fikr bu birinchi galda shubhasiz yurt tinchligi, Vatan osoyishtaligi barcha narsadan muhimroq, azizroq ekanligi haqidagi haqiqat desak, xato bo'lmasa kerak.

Bejiz, ko'pni ko'rgan nuroniylarimiz, aziz onajonlarimizning har kungi duolarida ham shu hikmat mujassam: “Yurtimiz tinch bo'lsin, barchamizga Yaratgan tani sihatlikni ato etsin!”

Darhaqiqat, avvalo, tinch­lik va xotirjamlikka, sihat-salomatlikka yetadigan ulug' ne'mat yo'q.

— Shukrki, ona diyorimizda tinchlik va farovonlik. Bu inoyat, saodat uchun Yaratganga shukr, Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevga ming rahmat, tashakkur aytmog'imiz farz, — deydi poytaxtimizga uzoq Xorazmdan kelgan Jumaniyoz ota Bektoshev.

— Toshkentga pandemiya sabab bo'lib ikki yildan buyon kelolganim yo'q edi, — deydi u. — Qanday obodlik, televizorda ko'rganing bir bo'lak, o'z ko'zing bilan ko'rganing bir boshqacha-da. Shu yerda nabiram bir paytlar o'zim o'qigan ToshDUda o'qiydi. Hozir Milliy universitet deydilar. U bilan mana, shahar aylanib yuribman…

Tunov kuni tasodif tufayli metro bekatlarining birida tanishib, suhbatlashib qolgan otaxonning so'zlariga quloq tutib, bu yoshullining so'zlari yurakdan va samimiy ekanligiga aslo gumon qilmaysiz.

Birni ko'rib fikr qil, birni ko'rib shukr qil, deydi dono xalqimiz. Haqiqatdan ham keyingi yillarda O'zbekistonimizda ro'yobga chiqarilayotgan islohotlar, imkoniyatlardan, yangilanishlardan kim manfaatdor bo'lmadi, kim yaratilgan sharoitlardan bahramand bo'lmayotir, ayting, bormi shunday odam — chekkada qolib ketgan, e'tibordan xoli?

Insof bilan gapirganda, yoshu keksa, hamma-hamma hayotida ko'p imkoniyatlar sohibiga aylandi va bu ezgu ish davom etmoqda. Mana aytaylik, pensiya yoshidagi nuroniylarimizni oling. Bundan 6-7 yil avval ular pensiyasini aqalli naqd pulda olishi muammoliroq emasmidi? Shuning uchun ham Prezidentimiz birinchi navbatda pensionerlarga pensiyalari o'z xohishlariga ko'ra to'liq naqd holda uyi­­ga yetkazib berilishi, xohlasalar plastigiga o'tkazib berilishiga shaxsan e'tibor qaratgan edi. Eng muhimi, pensionerlar bir paytlardagidek bu oygi pensiyasi keyingi oyda emas, o'z vaqtida, tez va qat'iy intizom bilan ijro etiladigan bo'ldi. Nuroniylarimizga ko'rsatilayotgan boshqa ko'plab imtiyoz, e'tiborlar — bari-baridan millionlab yoshi ulug' vatandoshlarimiz rozi bo'lib, duoda bo'lishayotgani bejiz emas. Yoki ayollar masalasi, ularni ish bilan ta'minlash, eng muhimi, xotin-qizlarning “qo'lini bog'lab” turgan farzandlariga bog'chalar qurib berish, mahalla va qishloqlarda allaqachon yo'q bo'lib ketgan minglab bog'chalarning qisqa vaqt ichida bunyod etilishi, hatto Maktabgacha ta'lim vazirligining tashkil etilgani… bular shunchaki aytishga oson. Axir, bu yumushlar uchun Prezidentimiz qancha mablag', katta sarmoyalar va e'tibor jalb qilmoqda.

Bugungi yoshlarga-chi, ularga chindan ham havas qilsa arziydi. Ayniqsa, oliy ta'limga kirish, talaba bo'lish baxtiga erishish uchun avvallari qancha to'siqlar, o'yinlar bor edi.

Bugun ilmga mehri bormi, o'qishga qiziqishi ustunmi, marhamat— hammasi ochiq, shaffof! Har qanaqa tanish-bilishu “bunker”lar yo'q qilindi. Bu nihoyatda katta o'zgarishlardan, yangila­nishlar debochasidan daraklar bo'ldi.

Hamma narsa obodlik ham, yoyinki jinoyatchilik va boshqa ko'rsatkichlar ham mahallalardagi ahvolga bog'liq ekan. Birov-birov bilan ishi bo'lmasa, kim qanday yashaydi, kimda qanday muammo bor?

O'ylab ko'raylik, yildan-yilga mahallalar rivojiga nima uchun bu qadar e'tibor qaratilmoqda? “Bugun har bir mahallada hokim yordamchilari — mening vakillarim ish yuritadi”, demoqda Prezidentimiz.

Chunki mahalla — yurtning obodligiga, odamlarning yashash tarziga ko'zgu. Qolaversa, bari-bari el-yurt ravnaqi, tinchligi, fayzi uchun.

Yangi O'zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yanada oshirish, odamlarni ishli qilish uchun amalga oshayotgan islohotlarning barchasini sanashning imkoni yo'q. Bu uzundan uzoqni tashkil etadi. Zero, maqsad bu ham emas. Shunchaki, gohida kimlarningdir o'ylamasdan, o'zi tushinmay aytuvchi fikr-mulohazalari quloqqa chalinib qoladi. Ayniqsa, bu ijtimoiy tarmoqlarda. Nima emish, “davlatning tashqi qarzi falon milliard bo'ldi, endi nima bo'ladi”, kabi… Albatta, bunday gaplar nihoyatda yuzaki bo'lib, iqtisodiyotdan savodi yetishmaydigan ayrim kimsalargagina tegishli. Qolaversa, o'zini dunyo mamlakatlari ichida juda boy, eng qudratli deb hisoblaydigan ba'zi mamlakatlarning tashqi qarzi haqida ma'lumotga e'tibor qilinsa, bari oydinlashgandek bo'ladi.

Yaqinda poytaxtimizning Yangi hayot tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish jarayonida Prezidentimiz shu masalada ham to'xtalib, o'z munosabatini bildirdi. Va bu borada hech qanday savolga hojat qoldirmaydigan javobni butun elimiz eshitdi. Davlatimiz erishayotgan muvaffaqiyatlar oldida, ro'yobga chiqarilayotgan bunyodkorlik, yaratuvchanlik oldida kim bo'lsa ham vahima qilmoqchilarga munosib javob bo'ldiki, bu tabiiy raqamlar. Jahonning boshqa yuzlab mamlakatlariga solishtirganda esa juda normal ko'rsatkichlar.

Darvoqe, bugun Qoraqalpog'istonda ro'yobga chiqarilayotgan ishlarni ko'rib faxrlanmasdan iloj yo'q.

Davlatimiz rahbari yaqinda nafaqat Nukusda, Beruniyda, Qoraqalpog'istonning mahallalarida bo'ldi, balki   Orol dengizining qurigan joyiga borib, bu yerdagi ekologik vaziyat bilan ham tanishdi.

Shubhasiz, Qoraqalpog'iston xalqi hayoti, umuman katta hududdagi ekologiya shu muammoga bog'liq. Bir paytlar dengiz va unga tutash daryolar, yaylovlar odamlarga rizq ulashgan, ish, daromad manbai bo'lgan. Lekin tabiat qonunlariga aralashish, Amudaryo va Sirdaryo suvini to'sish dunyodagi og'ir ekologik halokatlardan birini yuzaga keltirdi. Mintaqamizda cho'llanish va sho'rlanish darajasi keskin ortdi. O'simlik va yovvoyi hayvonlar turi kamayib ketdi.

Davlatimiz rahbari bu xususida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi sessiyalarida gapirgan edilar, xalqaro sammitlarda muhim takliflarni ilgari surmoqdalar. Shu bilan bir qatorda o'z imkoniyatlarimizga tayanib, amaliy ishlar ham olib borilmoqda.

Xususan, Orol dengizining qurigan tubidan millionlab tonna chang va zaharli tuzlar ko'tarilib, katta hududga tarqalishining oldini olish uchun 2018 yili Prezidentimiz Mo'ynoqqa tashrifi chog'ida olimlar bilan maslahatlashib, bu yerda sho'rga chidamli o'simliklar ekish vazifasining belgilagani g'oyat oqilona chora bo'ldi.

Ma'lumotlarga ko'ra, o'tgan yillarda dengizning suv qurigan qismida 1 million 524 ming gektar to'qayzor barpo etilgan. Buning uchun saksovul, qorabo'roq, qandim, cherkez kabi cho'l o'simliklaridan qariyb 6 ming tonna urug' tayyorlanib, qiyin sharoitlarda ekilgan. Bu ishlarda 4 mingdan ziyod ishchilar qatnashib, 1 ming 600 dona turli texnika, samolyotlar jalb etildi.

Bu xayrli, dolzarb harakat davom ettirilmoqda. Joriy yilda 100 ming gektar maydonda “yashil qoplama” barpo qilish rejalashtirilgan. Bugungi kunda shundan 26 ming gektarida ish boshlangan, 562 tonna urug'lar tayyorlangan. Shuningdek, 100 gektar maydonda maxsus ko'chatxona tashkil qilinmoqda.

Prezidentmiz hududda ekologlar va o'rmon xo'jaligi mutaxassilari bilan suhbatlashar ekan: — Biz shu murakkab sharoitda ekish bo'yicha katta tajriba orttirdik. Bu yerga o'zim kelishimdan maqsad — endi bu ishlarni ilmiy asos­langan tarzda davom ettiramiz, — dedi.

Orolbo'yining flora va faunasini yaxshilash bo'yicha 5 yillik milliy dastur ishlab chiqish vazifasi qo'yildi.

So'nggi yillarda Mo'ynoqdagi o'zgarishlar, Shumanaydagi istiqbolli korxonalarning rivoji, umuman bu yurtda qilingan ishlarning bari keyingi 5 yilda bajarildi desa, guvohi bo'lmagan kishining ishongisi kelmaydi. Lekin bu — haqiqat.

— Oxirgi besh yilda ko'p narsani o'rgandik, ilgari ishonilmagan narsalarga ishondik. Men birinchi kelganimda “madaniyat Mo'ynoqdan boshlanadi” degandim. Shunday bo'lyapti. Endi Toshkent-Mo'ynoq-Nukus aviaqatnovi yo'lga qo'yiladi, — dedi Prezidentimiz shu yilning 23 fevral kuni Mo'ynoqqa qilgan tashrifi chog'ida.

Ochiq aytganda yurtimizning eng chekka hududlaridan hisoblangan Qoraqalpog'iston diyoridagi bunday o'zga­rishlardan nafaqat shu yerda yashaydiganlar, balki respub­likamizning qaysi viloyat, shahar, tuman yo mahallasida istiqomat qilishidan qat'iy nazar har bir yurtdoshimiz mamnun, g'ururda. Negaki, ona O'zbekistonimizning har bir qarich joyi muqaddas va uning har bir go'shasi obod bo'lsa, chiroy ochsa, rivoj­lansa, bu hammamizning yuzimiz, yutig'imizdir.

Abdurasul PARDAYEV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + 12 =