Tarbiya ishi xatoni kechirmaydi
… Yoshlar bilan ishlash bu – ustma-ust ommaviy tadbirlar, tanlovlar, konsert tomoshalari, doshqozonlarda tonnalab taom pishirish, bachkana teleshoular o'tkazish, talabalarni zaruriy saboqlardan qoldirish, o'yin-kulgiga haddan tashqari ko'p vaqt, mablag' ajratish, sovrin tarqatish, gurras-gurras olqish olish degani emas.
Odamlar, xalqlar, millatlar o'rtasidagi do'stlik, qardoshlik aloqalari, yaxshi qo'shnichilik, quda-andalik munosabatlari yillar, asrlar davomida shakllanadi. Turli xush-noxush vaziyatlarda yuzaga keladigan sinovlardan o'tadi. Qadim zamonlardan to bugunga qadar shunday va bundan keyin ham shunday bo'ladi. Millatning imidji, dunyo xalqlari safidagi o'rni-mavqei shunday yuzaga keladi. Uni bir shovqin bilan o'zgartirish, boshqa bir o'zanga burib yuborish, do'st-qadrdonlar orasiga raxna solish mumkin emas.
O'zbek va qoraqalpoq xalqlarining dunyodagi ma'naviy-axloqiy qiyofasi haqida so'z ketganda, eng avvalo tinchliksevarlik, mehnatkashlik, bag'rikenglik, sabr-qanoat kabi fazilatlar tilga olinadi. Bu ikki xalqning o'tmish tarixda qolgan suronli izlari, bosib o'tgan shonli yo'li, dunyo tamadduni rivojiga qo'shgan hissasi haqida ko'p gapirish mumkin. Ular o'zbek xalq dostonlari, qoraqalpoq qissalarida muhrlanib qolgan.
Taloto'pli bugungi dunyoning umumlashib borayotgan ijtimoiy- iqtisodiy, ma'naviy-axloqiy, ekologik, ruhiy-tarbiyaviy va boshqa muammolari shundayki, ularni hech kim o'z holicha, bir o'zi hal qila olmaydi. Eng qudratli mamlakatlar ham ba'zan uzoq-yaqin qo'shnilar, ishonchli hamkorlar, do'st-qadrdonlarning xolis qo'llab-quvvatlashiga, dardkashligiga muhtoj bo'lib qoladi. Shunday ekan, yaqin-o'tmishning bu bebaho sabog'ini unutmasligimiz kerak.
Dunyo mamlakatlarida azaldan mavjud, bugungi murakkab sharoitda yanada muhim ahamiyat kasb etayotgan bir xulosa bor. Xalqning kelajagini o'ylagan har bir davlat yangi avlod tarbiyasiga jiddiy e'tibor berishi kerak. Bugun O'zbekiston ayni shu yo'ldan bormoqda. Ammo, yoshlar tarbiyasiga, ularning ma'naviy-axloqiy dunyoqarashi qanday qadriyatlar asosida shakllanayotganiga, hayotda o'z yo'lini topishga ulgurmagan yigit-qizlarga kimlar, qanday “ustoz”lar pand-nasihat berib, yo'l-yo'riq ko'rsatayotganiga bir zum bo'lsin e'tiborni susaytirmaslik zarur. Bir kunlik o'zibo'larchilik bir oylik muammoni yuzaga keltirishi mumkin. Dunyo mamlakatlari tarixida, yaqin-atroflarimizda bunga misollar ko'p. Nukusda bo'lib o'tgan voqealarda bu narsa yanada aniq namoyon bo'ldi.
Yana bir xulosa shuki, yoshlar bilan ishlash bu – ustma-ust ommaviy tadbirlar, tanlovlar, konsert tomoshalari, doshqozonlarda tonnalab taom pishirish, bachkana teleshoular o'tkazish, talabalarni zaruriy saboqlardan qoldirish, o'yin-kulgiga haddan tashqari ko'p vaqt, mablag' ajratish, sovrin tarqatish, gurras-gurras olqish olish degani emas. Teleshoumen qo'lini qulog'iga qo'yib, “Qani qarsaklar, eshitmayap-ma-aan” deganida chor-atrofni larzaga soladigan, quloqlarni qomatga keltiradigan yovvoyi hayqiriqlar – bu hali Vatanparvarlik, aql-idroklilik, komil tarbiya degani emas. Har bir tadbir eng avvalo yoshlarning qalbiga, imon-e'tiqodi va dunyoqarashiga ta'sir o'tkazishi zarur. Yoshlar tarbiyasi bilan shug'ullanuvchi mutasaddilar buni qanchalik tez tushunib olsalar, shuncha yaxshi bo'lar edi.
Ahmadjon MELIBOYEV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist,
“Jahon adabiyoti” jurnali Bosh muharriri