Kitobxonlikni amaldorlar kabinetidan boshlasa…

Olis bolalikka xayolan safar qilish hech birimizga begona emas. Shirin xayollaru totli xotiralar har qanday kishini ajib entiktiradi. Bolalik damlarini bezagan bepoyon dalalar, dashtu biyobonlar, otlar dupuri, qo'y-qo'zilar podasi, chang qishloq ko'chalari kino tasmasidek birma-bir ko'z o'ngingdan o'tadi.

Ana shu manzaralar ichida paykal orasida yarq etib bo'y ko'rsatib turgan, ilkis o'ziga imlayotgan qovun-tarvuzlarning totli hidi, pomidor, bodringlarning mazali bo'yi hali-hamon dimog'imni qitiqlaydi.

Eh-he, hammasidan ham onam yopgan nonlarning taftini aytmaysizmi! Bug'i chiqib turgan qaynoq kulcha labi oqarib, ko'cha changitib qorni ochgan bolakaylarning eng tansiq taomi edi. Ayniqsa, shirmoy nonlarning o'tkir hidi dimog'ingizga urilganda butun olam charog'on bo'lib ketadi. Dilingiz yayraydi.

Bularni nega eslayapman? Chunki mana shu aytganlarim orasida yana bir unutilmas, duch kelganda yurakni orziqtiradigan, ilm olishga tashna, betizgin va asov o'smirlikni yodga soladigan yana bir mo''tabar bo'y bor! Bu olamni munavvar aylagan ma'naviy xazina javohiri, qalb gavhari bo'lgan Kitobning betimsol hidi edi…

Bolaligimda uyimizdan bir ko'cha naridagi tuman kutubxonasiga qadam qo'yishim bilan birinchi bo'lib turli kitoblarning ajib hidi dimog'imga urilardi. Mana shu yoqimli bo'y men uchun ma'naviyat olamining muqaddas mushki anbariga aylandi, bir umrga hamroh bo'ldi.

Ochig'i kunda-kunora bu kitob saroyiga borar ekanman alohida jiddiy hozirlik ko'rar edim. Kimdir muzey yoki teatrga borishga hozir qanday yasan-tusan qilsa, men kutubxonaga shunday otlanar edim.

Chunki, bolalik tasavvurimda jahondagi eng chiroyli inshootlar faqat kutubxonalar bo'lsa kerak, deb o'ylardim. Shinamligi, toza-ozodaligi, keng va yorug'ligi nazarimda muazzam saroylardan qolishmas edi.

…Ming bir hayajon bilan kutubxona ostonasini xatlayman. Dunyodagi jamiki kitob­larning “mehribon” do'sti, shirinsuxan, istarasi issiq Irina Sergeevna tabassum bilan iliq kutib oladi. Nihoyatda odob va tavoze bilan kitob javonlarining yoniga boraman. Dunyo mo''jizasi mendek sodda qishloq bolasi oldida viqor bilan yal-yal tovlanib turibdi. Navoiy, Bobur, Lev Tolstoy, Pushkin, Lermontov, Aleksandr Dyuma, Fenimor Kuper, Viktor Gyugo, Mopassan, Abdulla Qodiriy, G'afur G'ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov…

Jahon adabiyoti afsungarlariga birma-bir ko'z tashlayman. Men bu ulug'lar davrasini qiziquvchanlik bilan kuzataman. Qalbimda o'zgacha g'urur paydo bo'ladi. Chiroyli qilib taxlangan bejirim muqovali kitoblar noyob xazinaning asl injulariga o'xshaydi go'yo. Xuddi kitoblarning joni bordek, hozir tilga kiradigandek. Men oddiy maktab o'quvchisi bo'laturib, mana shunday ulug'vor ganjinaga bemalol qo'l uzatishim, undan bahramand bo'lishim mumkin edi. Olamni lol qilgan allomalar yonida turibman. Ular bilan suhbat qurishim, ularga savol berishim, ulardan maslahat olishim mumkin edi. Mana shu tasavvur kutubxonaning ulug'vorligini, cho'ngligini yanada oshirganday bo'ladi.

Kitoblarni qo'lga olarkanman behad quvonaman. Bag'rimga mahkam bosaman. Ma'rifat xazinasi qo'limda tovlanadi. Dunyoda mendan baxtli odam yo'q. Uyga kelib mukka tushib mutolaaga kirishaman. Muhtasham saroyga, ulug'lar davrasiga yana tezroq qaytib borish, go'zallikdan bahra olish uchun mijja qoqmayman.

…Bugun bir necha yillik tarixga ega, otaxon nashriyotining rahbari sifatida faoliyat yuritarkanman, bolalikdagi mitti qalbimning buyuk orzulari bugun oddiy turmush tashvishlarim hisoblanishidan naqadar baxtiyor ekanligimni his qilaman. Yoshligingda nimalar haqida ko'p o'ylasang kelajakda xuddi shunday insonga aylanasan, deganlari bejizga aytilmaganligini o'z hayotiy yo'lim misolida ko'rib turibman.

Bunday e'tibor va e'tiroflarga munosib bo'lish uchun birinchi navbatda, kitob yaratilishiga mas'ul bo'lgan barcha korxona va ularning rahbaru ishchi-xodimlarining o'zlari faol kitobxon bo'lmog'i zarur degan qat'iy fikrdaman. Shundagina yoshlarimizga, aholimizning har bir qatlamiga mos bo'lgan va zamon talablariga javob beradigan sifatli kitoblar yarata oladi deb o'ylayman. Zero, kitobsiz ilm bo'lmas, ilmsiz esa rivojlanish. Kitobxonlikda esa ustoz Ibrohim G'afurov aytganlaridek, avvalo, katta-katta amaldorlarning o'zlari namuna bo'lishlari kerak. Kitobxonlik va kitob to'la javonlar ularning kabinetlaridan boshlanishi lozim…

Bugun davr talabi, Yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatlarning hammasi azaliy orzularimning rivoji, timsolidek. Bunga davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ'ib qilish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to'g'risida”gi qarori hamda kitobxonlik bo'­yicha olib borilayotgan keng ko'lamli ishlar, jumladan, “Eng yaxshi kitobxon”,“Eng yaxshi kitobxon oila” kabi nufuzli tanlovlar o'tkazilishi va g'oliblarning munosib taqdirlanishlari, kutubxona, kitob, kitobxonlik degan muqaddas tushunchalar davlat siyosati darajasiga ko'tarilayotgani shubhasiz yurtimizda kitobga, ma'naviyatga haykal qo'yilayotganidan dalolatdir.

Laziz TANGRIYEV,

G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa

ijodiy uyi direktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + 4 =