Poklik uyi

Toqqa ovga chiqqan edim, ilon izi so'qmoqlardan aylanib yurib, kichkina tog' qish­log'i oldidan chiqib qoldim. O'n yoshlardagi yosh bola oq ohak toshlardan   bo'yi baravar uycha ko'tarib, bilakdek archa yog'ochlari bilan ustini yopayotgan edi. Qiziqqancha yoniga borgan edim, esli bola ekan: “Assalom alaykum, amaki!” deya salom berdi. Salomiga alik olgach: “Bu qanaqa uy? Yomg'irdan, oftobdan himoyalanish yoki it va biror jonivorni saqlash uchunmi?!” deb so'radim qiziqish bilan. “Bu poklik uyi, amaki!” deb jaovb qildi u hayratimni oshirib. “Poklik uyi?”, “Ha, poklik uyi?” deya javob qildi u xuddi kattalardek jiddiy ohangda. “Bu uyingga kimlar kirishi mumkin?” deb so'radim yana. “Amaldorlar!” deb javob qildi u. “Nima uchun amaldorlar?”, “Otam mana shu tog' qorovuli! Ilgari kakliklar, tovushqonlar, ki­yiklar shundoqqina uyimiz yonida gala-gala, to'da-to'da bo'lib yurishardi, har oyda tuman amaldorlari shaharlik mehmonlarini ovga olib kelishadi, barisini otib bo'lishdi: na kaklik qoldi, na tovushqon, na kiyik. Hatto bo'rilar ham kelmay qo'yishdi, tog' o'rmoni ichi o'laksalarga to'lib, sasib ketyapti, bo'rilar ularni yeb, tozalab turishardi!”— dedi u yana xuddi kattalardek. Eshitganim borki yo baland tog'da yasha, yo azim shaharda. Yana eshitganim borki, tog' xalqi qonunchi va juda ziyrak bo'lishadi. Tumanda yashayotgan amaldor Amerikada nima bo'layotganini kechroq bilishi mumkin, ammo tog'lik allaqachon yangilikdan xabar topib, keraklisini ajratib olgan bo'ladi. Bu bola ham o'shalardan biri. Tasanno, deb yuborishimga oz qoldi. “Nima, sen o'ylaysanki, amaldorlar shu ­uyingga kirishadimi?!” dedim uni sinash uchun. “Kirolmaganini toqqa qo'ymayman!” deb javob qildi bola biyronlik bilan. “Senga quloq solisharmikin?!” dedim yana sinash uchun. “Agar quloq solishmasa, telegram yoki feysbugim orqali kerak bo'lsa, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga yozaman, ana o'shanda amaldor degani men bilan hazillashmaydigan bo'ladi!” dedi u qizishib.

Na kulgim keldi, na yig'lagim.

— Barakalla, bolam! – dedim uning yelkasiga urib qo'yib.

Narigi toqqa yetgach, ortimga qaradim: bolaning oq uychasi qoramtir archali tog'lar orasidan oppoq pokiza olamdek ko'zga tashlandi. “Poklik uyi!” – allaqanday g'alati bo'ldim: bolaning poklik uychasiga kirishga bizdagi qancha amaldorning yuragi dov berarkin?!

To'lqin HAYIT.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 5 =