El odami
Surxondaryoda Toştemir akani bilmagan odam kam topiladi.
U kişi haqida kimdan sörasangiz ham “Ee, özimizning Toştemir akami…” deya samimiyat bilan gapiradi. El orasida bahsli-munozarali, boringki, maslahatlar, masalalar çiqib qolsa, “Toştemir aka nima der ekan …” degan mulohazaga boradilar.
Bu odamni oddiygina odamlar ham, şoirlaru olimlar ham, baxşilaru sanʼatkorlar ham, mulkdorlaru amaldorlar ham birday qadrlaydi. Nega şunday? Çunki Toştemir aka özi hammaga el bölişni istaydi va hammaning bir-biriga el bölişini xohlaydi.
Bu dunyoda kirari el, çiqari yov böladigan odamlar köp. Bu odam esa, hatto şundaylardan ham oqibat kutadi, bir kun kelib Xudo insofini berar, deb umid qiladi.
U içi keng odam… Surxondaryo daştlariday keng. Osonlikça toriqmaydi. Har bölar-bölmasga, har “yerdan baland-butadan past” narsalarga teng bölib, yurak hovuçlab selkillab yurişni öziga ep körmaydi. Or qiladi. Çunki, u “Alpomiş”ni zör biladi-da.
Denovda bölgan bir gurungimizda Toştemir aka aytgandi: “Odam degani katta kuç. Istasak, u daryo böladi. Men el orasida oqib yurgan katta-katta daryolarni körganman”.
Darhaqiqat, xalq qalbining ovozini tilida va dilida olib yurgan ulkan baxşilarning ijodini erinmay örgangan, ularning suyar döstiga aylangan. El orasida oralab yurib momolarimizning yurak tafti bilan tirik qolgan qançadan-qança qöşiqlaru ertaklarni töplagan.
U, ayniqsa, yoş ijodkorlarni körganda, yayrab ketadi. Ularga öz farzandlariga qaraganday umid bilan, mehr bilan qaraydi. Qölidan kelganiça qöllab-quvvatlaydi, izzatlaydi. “Elning jon tomiri şular-da” deydi.
Esimda, bizlar yoş talabalar edik, hali na pastni, na balandni bilar edik. Toştemir aka bu paytda Denovda işlardi. Şu yillari u kişi yöli adaşib, Toşkentga keldi. Filologiya kulliyotida öqiyotgan bir neça isteʼdodli talabalarni şahar markazidagi “Döstlik” mehmonxonasiga mehmonga çaqirdi. U bizlarni ayamay mehmon qildi. Uzoq gurunglaşdik. Gapning boşi ham, oxiri ham adabiyot böldi. Qaytar çoğimizda Toştemir aka har birimizga pul berdi. Ming bir istiholamizga qaramasdan, qöyarda-qöymay. Aytdiki: “Bu sizlar uçun çoy puli. Bilamanki, sizlar uçun çoy ham, ovqat ham bitta narsa — bu kitob. Men bergan pulga eng yaxşi kitoblarni sotib olinglar”.
Bu odam nimaga şunday qildi ekan? Albatta, uning davlati oşib-toşib yotgani yöq edi. Öşanda u bor pullarini talabalarga noyob kitoblar uçun bölib berib, özi poyezdga arang ilaşib, Surxondaryoga ketgandi. Keyin esa biz talabalar unga nodir kitoblarning qimmatligi haqida vaʼz öqiganimizdan xijolat çekkandik.
U bizni Odam bölsin deb çin yurakdan umid qilgan.
Bilaman, u kişi bu tafsilotlarni eslab ötirmaydi, lekin bizning xotiramizga ular muhrlanib qolgan. Yaqinda Yaponlarning “Dzenning 101 tarixi” kitobida yozilgan bir voqeani öqib qoldim. Bu rivoyatni roviylar şunday tartib qiladilar: Bir taqvodor bilan bir şoir yölda ketayotganida, şarqirab oqayotgan ariqdan ötolmay ötirgan bir ayolni körib qoladilar. Şoir heç narsani öylab ötirmay, ayolni dast kötaradi-yu, ariqdan ötkazib qöyadi va işidan köp zavqlanadi, ayolning gözalligidan ilhomlanadi. Söng taqvodor bilan yölida davom etadi. Qiziği şundaki, to ibodatxonaga yetib borgunça, taqvodor faqat bir narsa haqida — şoirning gunohi haqida öylab boradi. Çunki, şoir ayolni qöllarida kötardi, u bundan şavqlandi, Yaratganning oldida gunohkor böldi. Ikkovlarining qöllari-qöllariga tegdi. Ular to ibodatxonaga yetib borgunlariga qadar taqvodor şular haqida öylab bordi, şoir esa bu paytda atrofdagi tabiat gözalligidan zavqda edi. Ular mehrobga yaqinlaşganlarida taqvodor şoirga aytdiki: “Sen bugun gunohkor bölding, ayolni ariqdan ötkazib qöyiş bahonasida uning qöllaridan uşlading, uni kötarib olding, badaning ayol badaniga tekkanday böldi, sen gunohkorsan”. Şoir esa bunga javoban aytdi: “Sen haliyam şuni eslab ötiribsanmi?”
Men Toştemir akaning talabalarga körsatgan bir himmati haqida yozganimda, göyo u kişi menga “Sen haliyam şuni eslab yuribsanmi?” deganday böldi. Men özimni öşa taqvodor örnida, Toştemir akani esa, öşa şoir örnida körganday böldim…
Ha, Toştemir aka körgan daryolarni unça-munça odamlar körmagan. U qirq beş yildan oşiq vaqt mobaynida elning yuragida oqayotgan daryolar tilini örgandi. Uning tabiatidagi kenglik şundan bölsa kerak, deb öylayman. Keyingi yuz yillikda Surxon tomonlarda qança baxşi ötgan bölsa, ularning tarixini Toştemir akadan sörang, aytib beradi.
Darhaqiqat, bu yurtdan qança-qança uluğ baxşilar ötdi. Ularning qabri qayerdaligini ham aksariyat odamlar bilmaydi. Mayli, yuraklar ularning sözlarini topsin, çunki, sözlar qabrlardan köra muhimroq va azizroq.
Eşitganim bor, Toştemir aka universitetni bitirib borişi bilan Surxondaryoda yaşagan şoirlar va baxşilarning hayoti, ijodini örganiş uçun xizmat safariga öz yonidan xarajat qilib, Surxondaryo, Qaşqadaryo, Samarqand böylab tinmay el oralab yurgan ekan. Illo, bu biror-bir taşkilot yo idoraning xizmat safari emas edi. Bu zahmatkaş bir qalbning öz-öziga buyurgan xizmati safari edi. Bu – içu toşi öz xalqining ijodiyotiga muhabbat bilan yöğrilgan bir yurakning xizmat safari edi.
Ustoz haqida yana köp va xöp yoziş mumkin. Qançadan-qança yoruğ voqealar, bir umr qalbda muhrlangan holatlar bor. Ularning barini qoğozga tuşiriş uçun haftalar yetmas. Ammo yuqoridagilarni yozib uqtirar ekanman, şunday degim keldi: “Toştemir aka siz hamon yurakning xizmat safaridasiz”.
Eşqobil Şukur.
