Faoliyat odami

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Aliqul Xonimqulovning

Boyovutda barpo etgan “Jonon bog'i” va o'ziga xos ijodiga chizgilar

 

Aliqul Xonimqulovni yurtdoshlarimiz mohir jurnalist va publitsist sifatida yaxshi taniydi. U uzoq yillar “Xalq so'zi” gazetasining Sirdaryo viloyati bo'yicha muxbiri sifatida samarali faoliyat yuritib, qator tanqidiy-tahliliy maqolalari, ocherklari, o'qishli esselari bilan mushtariylar tiliga tushgan.

Taniqli jurnalist nafaqaga chiqqach, unda “ikkinchi nafas” ochildi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Uchta kitobi dunyo yuzini ko'rdi. Boz ustiga, tadbirkorlikda ham ustasi farang ekanligini isbotladi. Bog'dorchilik va g'allachilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo'jaligini mohirona boshqarib, aholi das­turxonini shirin-shakar mevalar bilan to'ldirmoqda. Bir so'z bilan aytganda, u faoliyat odami ekanligini isbotladi.

Hamal quyoshi beozorgina nur sochadi. Biz tushgan “Neksiya” dala yo'lining tanobini tortib olg'a intiladi. Kechagina yog'ib o'tgan yomg'ir o't-o'lan, yam-­yashil bug'doyzorlardagi durkun maysalarning barglaridagi gard-g'uborni yuvib yuboribdi. Mashinamiz tup­roq yo'ldan sekinlab, o'ngga burildi. Bir chaqirimcha yiroqda qorayib bir bog' ko'rindi.

— Qarshimizdagi mana shu bog' Aliqulning bog'i, — deydi hamrohim, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo'limining raisi Boyjigit Abdullayev. — Hozir ko'rasiz. Bog'misan bog' qilganda, o'ziyam.

Bog' yonidagi dala yo'lida dehqoncha kiyingan Aliqul Xonimqulov xarakteriga xos dangalcha so'zamollik bilan kutib oldi. Uzoq yillar viloyat va respublika gazetalarida samarali faoliyat olib borgan, benazir iqtidori bois O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist unvoniga musharraf bo'lgan birodarimiz sohibkorlikni ham qoyillatayotgani shundoq xatti-harakatidan sezilib turardi.

— Mana, mening olmazor bog'im, — deya 10 gektarlik boqqa boshladi Aliqul. — Bu yerda 900 tupga yaqin golden, simirenko va oq janoqi navli olmalar o'stirganman. “Golden”ning o'zbekcha ma'nosi “tilla” degani. O'ziyam pishib yetilganda naq tilladek tovlanadi-da. Mevasini aytmaysizmi, nihoyatda shirin bo'ladi. Xushbo'y. Ta'mi og'izda qoladi. “Simirenko” kechpishar olma. Qishda saqlashga bopda.

Olmazor qiyg'os gulga kirgan palla ekan. Bog' tashkil bo'lgan paytda ekilgan beda ancha siy­raklashib qolibdi. Bedazor orasidan bodrab chiqqan qoqigullar oftob nurlariga mengzab ketadigan sap-sariq chehralarini ko'z-ko'z qiladi. “Chuqurroq nafas oling­lar. Nimani sezayapsizlar?” — deydi Aliqul. “Ha, bu joyda havo yengil. O't-o'lan, dov-daraxtdan taralayotgan ifordan simirib maza qilasan, kishi”.

A.Xonimqulov go'yo havaskor bog'bonlarga dars o'tayotgan mirishkordek so'zida davom etadi: “Olmalarga shakl berishda gap ko'p. Daraxtni kosasimon qilib o'stirsangiz, bag'ridan hur-hur shamollar o'tib turadi. Dorilash oson ko'chadi. Hosili shig'il bo'ladi”. Undan bog'dorchilik haqida nima so'ramaylik, javobi tayyor. Suhbatimiz daraxtlarni payvandlash haqida ketdi. Iskana va kurtak payvand haqida bizga chorak soat leksiya o'qidi. Hatto amaliy tomondan ko'rsatib ham berdi. A.Xonimqulovning fe'li shunaqa: bir ishga kirishdimi, qo'ytikandek qattiq yopishadi, tagiga yetmay qo'ymaydi.

— Bog'imni Shukur akaning nomi bilan atamoqchiman, — deydi Xonimqulov. — Xolmirzayevni bilasizlar, xalq yozuvchisi! Adabiyotimiz uchun ul zotday sodiq xizmat qilgan yozuvchilar kamdan-kam topiladi. Biroq hayotda ro'shnolik ko'rmadi. Endi aziz bo'ladi. Ko'rasiz. Qizi Sayyoraxonga rahmat! Adib adabiy merosini ko'z qorachig'idek saqlab jild-jild kitoblarini chiqarmoqda. Niyatim — O'zbekis­tonning taniqli adiblari va Shukur akaning zurriyodlarini chorlab, bog'im bilan tanishtirish.

Shu joyda gap adiblaru shoirlar atrofida aylanib qoldi.

— Sirdaryodan ikkita buyuk so'z ustasi yetishib chiqqan. To'ra Sulaymon va Halima Xudoyberdiyeva. Halima opaning hurmati joyiga qo'­yildi. Gulistonda uning nomida ijod maktabi ochildi. To'ra akaning siymosini ham shu darajaga yetkazishimiz kerak. Ishonchim komil, oradan yuz yil o'tsa ham u kishining she'rlari ohorini yo'qotmaydi.

Darvoqe, A.Xonimqulov ijod tabiatini bir adabiyotshunosdek tushunadi. Buni adabiyot, ijod ahli haqida aytgan tesha tegmagan gaplaridan ham ang­lash mumkin.

Bog' oralab kichkinagina shiyponga ro'baro' keldik. Aliqul ko'rpachalar to'shalgan so'riga taklif qildi. Hur-hur shamol esib turibdi. “Suhbat u yoq-bu yoqdan, goh boshdan, goh tuyoqdan” (Abdulla Orif iborasi. M.A.) deganlaridek, gurungimiz qizigandan qizib borardi. Bog' bo'ylab sayohatimiz davom etdi. Olmazorning kunchiqar tarafida bir necha qator mirzateraklar falakka do'q urgandek bo'y cho'zgan.

— Men ular bilan har kuni gaplashaman. Azamatlarim, deya erkalab suyaman. Aniq bilaman — ular ham meni taniydi, suyadi, — deydi A.Xonimqulov oqbadan terakning tanasini quchoqlagan ko'yi.

Bog' chetidagi ixotazorda terakning 10 ming tup Mirzacho'l navi, ko'kterak, qoratol qulf urib o'sib yotibdi. Uning aytishicha, bu daraxtlar voyaga yetib, imoratbop yog'ochga aylanarkan va sohibiga mo'maygina daromad keltirarkan. Qolaversa, terakzor, olmazor bog'ni Bekobodning kuchli shamoli, chang-to'zon, gard-g'ubordan himoya qilarkan. Atrofi erganak­lar (yog'och to'siq) bilan o'ralgan mo''jazgina plantatsiyada ming tup terak qalamchalari kurtak­lay boshlabdi. Hafsalali bog'bon o'tgan yili dala shiyponi yoniga bir necha tup yapon saforasini o'tqazibdi. Aliqul bu daraxtning benazir go'zalligi, gullaganda yangi tushgan kelinchakdek chiroyli bo'lib ketishini obdan ta'rifladi. Biz ham suhbatdoshimizning mohir aktyordek nutq irod etishiga mahliyo bo'lib, yapon saforasiga shaydo bo'lib qoldik.

Terakzorning kunchiqar tarafida 2,5 gektarlik yangi yong'oqzor barpo etilibdi. O'tgan yili bu boqqa 400 tup yosh nihol qadalibdi. Ko'chatlarning qariyb bari amal olibdi. Yong'oq ko'chatlari bahor quyoshini emib, kurtaklay boshlabdi.

Darvoqe, “Taraqqiyot” (avvalgi Karl Marks) xo'jaligida yaqin o'tmishda shovullagan bog'-rog'lar bisyor edi. Ayniqsa, xushbo'yi dimoqni yoradigan olmalar butun mamlakatga mashhur edi. Mazkur xo'jalikda tug'ilib, voyaga yetgan O'zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva mana bu misralarni o'sha so'lim bog'lardan ilhomlanib bitgandir:

Qachondir bog'larda g'arq pishgan

Qip-qizil olmalarni eslayman.

Oh, bizning bog'larga bahor kelgan kez,

Go'dakday tez,

Toshqinib gulladi olmalarimiz.

Quyoshning nurini boricha ichib,

Shu quyosh nuricha lazzatin kuchi

Bo'lgandir ehtimol, sezmagandik biz…

 

So'nggi to'rt-besh yil orasida yana yurtimizga “tosh­qinib gullaydigan” bog'larimiz qaytmoqda.

Terakzor oralab ortga qaytayotganimizda bellari bog'langan shox-shabbalarga ko'zimiz tushdi.

— Bularni o'tin qilasizmi? — deya qiziqib so'radi Boyjigit Abdullayev.

A.Xonimqulov cho'plardan birini oldi-da, olma daraxtlariga suv yuradigan ariqchalardan birining “labi”ga suqib qo'ydi.

— Yer tobga kelsa, mana shu ariqlarga pomidor ko'chatlari ekamiz. Yoniga loviya urug'lari tashlaymiz. Ko'chatlar o'zini tutib olgach, cho'paklarni tiqib qo'yamiz. Pomidor va loviya poyalari cho'pakka tirmashib, quyoshga intiladi. Bir-biriga xalaqit bermaydi. Shox-shabbaning ortib qolganini o'tin qilamiz. Bog'imizdan chiqit chiqmaydi, — deydi u.

Bu gaplardan bog'bonlik hadisini olgan usta tadbirkorning hidi kelardi. Bog' oralab mashinamiz tomon borarkanmiz har-har joyda pushti ko'ylagini ko'z-ko'z qilayotgan shaftolilar diqqatimizni tortdi. Aliqulning shahodat berishicha, olmazorning bo'sh joylariga o'rik, olxo'ri, ko'ksulton kabi mevali daraxtlar ham ekilgan ekan.

— O'riklarimizni bu yilgi qattiq sovuq urdi, — deydi A.Xonimqulov. —Yaratganga shukr, qolgan mevalarimiz yaxshi.

Bog' sayrimiz bir soatdan ortiqroq cho'zildi-yov. Kislorodning mo'lligidan nafas olishimiz yengillashib qoldi. Yo'l bo'yiga chiqqanimizda Aliqul Xonimqulovni bog'da rasmga tushishga taklif qildik.

— Juda yaxshi-da! — deya egnidagi korjomasini bilagiga ilgancha biz tomonga yuzlandi.

— Ish kiyimingizni bir chetga olib qo'ysangiz bo'larmidi? — taklif qildi Boyjigit aka.

— Yo'q! — dedi u. — Hamma narsaning tabiiy bo'lgani yaxshi. Sun'iylikni jinim suymaydi.

Kun choshgohdan oqqanda bog'dan qaytadigan bo'ldik. A.Xonimqulov:

— Mashinani hovliga haydanglar. Bir kelib qolibsizlar. Gurung qilamiz. Men velosipedda yaqin yo'ldan oldilaringdan kesib chiqaman.

Va men sizlarga yana bir mo''jizani ko'rsataman. Hovlimga 300 tup pavlovniya qalamchalari qadaganman. Bu daraxtning yog'ochi benihoya qimmat turadi. Tez o'sadi. Gullaganda “oh-oh” jannatiy go'zallik yaraladi, — deya Aliqul Xonimqulov qarichga kelgan bedazorga qo'llarini yoyib, nish ura boshlagan qalamchalarni siypaladi.

Shu palla beixtiyor xayolimga yozuvchi Said Ahmadning “O'rik domla” hikoyasi qahramoni keldi. O'rik desa o'zini tomdan tashlaydigan domla ushbu daraxtni ayoliday, farzandlariday sevganligi rost. A.Xonimqulov ham o'zining olmalari, te­raklari, pavlovniyalari, yong'oqlarini O'rik domladan kam sevmaydi. Shu bois bog'dorchilik va g'allachilikka ixtisoslashgan “O'rol o'zbek” fermer xo'jaligi bog'idan har yili million-million so'm mo'may daromad olmoqda.

Suhbatimiz Xonimqulovning hovlisidagi so'rida davom etdi. Gap royishi baribir dov-da­raxtlarga borib taqalaverdi.

— Mana bu daraxt — sada, — deya so'ri yonida ko'kka bo'y cho'zgan azim daraxtga ishora qildi Aliqul. — Uni ota yurtim Pastki Chaqirdan olib kelib o'tqazganman. Ba'zilar hovlida bu daraxtni o'stirishdan ne naf, yerning umrini bekor o'tkazadi, deya tanbeh berishadi. Ular saraton payti sadadan jannat epkinlari esishini qaerdan bilsin?! Hovliga tangadek quyosh nuri tushirmaydi.

Inchinun, konditsionerlar bo'lmagan zamonlarda odamlar sada, qoratol soyasida dam olib, huzur qilishgan. Kasal bo'lishmagan. Qushday yengil bo'lib yurishgan.

— Ijod qanday bo'layapti? Shundan gapiring! — deydi gap royishini boshqa yoqqa burishga chog'lanib Boyjigit Abdullayev.

— Yaqinda to'rtinchi kitobim chiqadi. “Oq pista”, “Yomg'irni sog'ingan odamlar” deb nomlangan qissalar, qator ocherk va esselar bitdim. Qishloqning iymonli, ma'naviyati to'kis odamlari obrazlarini yaratishga urinib yotibman, — deydi A.Xonimqulov.

Qahramonimizning adabiyotga qo'shgan hissasi hisobga olinib, o'tgan yili O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zoligiga qabul qilindi. Jurnalistika uning yozuvchi bo'lib shakllanishiga pillapoya vazifasini bajardi. Biroq A.Xonimqulov qalamiga mansub ocherk va esselar o'qishliligi jihatdan har qanday badiiy asar bilan tillasha oladi. Bunga o'tgan yili O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti talabalari bilan bo'lgan ijodiy uchrashuvda yana bir karra amin bo'lganman. Uchrashuvda qatnashgan taniqli yozuvchi Xurshid Do'stmuhammad Aliqul Xonimqulovning o'tkir pub­litsist sifatidagi mahoratini misollar yordamida ochiqlagan edi. Hatto “Xalq so'zi”da e'lon qilingan bir maqolasini o'qib, qoyil qolganidan to'n yopganini ham yashirmagandi.

Ha, Aliqul Xonimqulov shunaqa fenomen. Bir ishning boshini tutsa, san'at darajasiga yetkazmaguncha tinib-tinchimaydi.

Muhammadali AHMAD

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − 5 =