Etuk yoshdagi Kumush izhorlari

Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi nishonlanayotgan kunlari (aprel 2020 y.) adib yaratgan Kumush siymosini ilk bor ekranda namoyon etib, shuhrat qozongan, el mehriga erishgan O'zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilovani yo'qladim. Kamolot yoshiga yetgan, ko'rkamligini yo'qotmagan, yillar davomida charxlangan aql-zakovati, nur sochib turgan chehraga yana bir sayqal berganini ko'rib ta'sirlandim. Ma'naviy yetuk yoshdagi Kumushni ko'rgandek bo'ldim. Dastlabki daqiqalar unsiz hayratomuz bir holatda o'tdi. Fursat o'tmay “O'tgan kunlar” sahifalaridan chiqib, uni ko'rki, fazilatlarini eslatib turgan xush kayfiyatli mezbon yuragidagi gaplarini to'kib sochdi. Mushohada damlariga suqilib kirmadim. Savolga, izohga ehtiyoj bo'lmadi. Suhbatning o'zi Kumushga ham uning ichki dunyosiga kirgan bugungi Gulchehraxonga muxtasar ta'rif bergandek bo'ldi. Yetuk yoshdagi Kumush — Gulchehra Jamilovaning bugungi o'ylarini tasdiqladi.

— Abdulla Qodiriy bilan uning “O'tgan kunlar”i ila tanishganman, unga maslakdosh bo'lganman. Yosh bo'lganim uchundir Kumushning holatini, hissiyotini, iffati, bokiraligi ifodasidan ta'sirlanib, uning dardiga oshno bo'lganman.   Unga dugona bo'la olmaganman. Qodiriy ta'rifida o'zga davr, muhitda o'sgan chin o'zbek qizi tasvirlangan. Uni zamonaviylashtirishga ham urinmaganman. Uzr so'rab aytaman, “O'tgan kunlar”ning ikkinchi talqinida ekranda Kumush siymosi biroz zamonaviylashtirilgandek ko'rindi menga. Unga kitobda naql etilgandek, bosiqlik, vazminlik yetishmagandek. U Marg'ilondan Toshkentga kelganida yugurib Yusufbek Hoji xonadoniga, O'zbek­oyim quchog'iga otilib boradi. Men ham Oftoboyim qiyofasi va holatida suratga olishda ishtirok etayotgan edim. Taajjublanib turgandim yonimdagi To'ychi Oripov (Hasanali rolida) hayron bo'lib “Qaerdan yugurib kelyapti bu!?” deb menga qaragan edi.

O'ylashimcha, zo'r va mo'l yozilgan rollar borki, uni ijro etishda aktyorda qandaydir ruhiy yaqinlik bo'lishi kerak. Anna Kareninani necha qayta sahnaga, ekranga olib chiqishdi. Barchaning yodida Tatyana Samoylova qoldi. Aktrisada Anna Kareninaning murakkab xarakteridan nimadir bor edi, ruhiyati yaqin edi. Gap Samoylova turmush o'rtog'i Vasiliy Lana­voydan ajrashgan kezlari Kareninani o'ynaganidagina emas. Lanavoy Vronskiy roliga – Anna Karenina sevib qolgan shaxs roliga – taklif etishganida, u ikkilanib: “Samoylova men bilan sevishganlar rolini o'ynashga rozimi?” –deb so'ragan ekan. Rozi bo'lganini bilib rolga kirishgan. Filmning biror o'rnida ajrashgan, bir-biridan ko'ngli qolganlarning sovuq munosabati sezilmaydi. Bu o'rinda Lola El­toyeva Zaynab (film­ning ikkinchi, 1992 yilgi ko'rinishida) roli ustida ishlashida mutlaqo boshqa yo'ldan borganini qiyos qilish mumkin. Lolada Zaynabning tar­biyasi, u o'sgan muhitning ta'siri, yovuz niyatning nishonasi ham yo'q, albatta. U o'ziga o'xshamagan sevikli yor, ardoqli kelin bo'lish orzusi ushalmaganidan qahr g'azabga kelgan shaxsning dramasi haqida o'ylagan. Lola o'z qahramonining dramasini emas, fojiasini ko'rsatgan. Murakkab ruhiy holatning mohiyatini ochishda o'zining tabiatiga zid bo'lgan xususiyatlarni ko'rsata olgan. Ofarin unga!

Mening Kumushim haqida o'zgalar so'zlasin. Shunday bo'layapti ham. Jumladan, bugungi mehmonim Abdulla Qodiriyga bag'ishlangan yangi kitobni tayyorlayotgan professor ham katta minbarlardan samimiy so'zlarni aytib keladilar. O'sha tayyorgarlik, suratga olish, ovoz yozish kunlarini bajonidil eslayman. Ayniqsa, yonimda bo'lgan O'lmas akani, Maryam opani, Razzoq akani… Abbos Bakirov O'lmas Alixo'jayevga qarab: “Yoshlar yoshi ulug'roq kishi xonaga kirib kelganida chordona qurib o'tirmaydi. Darhol turadi o'rnidan, salomlashganidan so'ng cho'kka tushib o'tiradi” deganlar. O'lmas aka shunday qilgan… Biz ham saboq olganmiz. Qodiriy qahramonlarining ma'naviy dunyosi bilan birga tashqi qiyofasi, husni jamoli tasvirlanishidan o'rnak olsa arziydi. Otabek, Kumush, Ra'no, Saodat kabilar faqat muomalasi, yurish-turishi, voqealarga munosabat bildirishi emas, kitobxonning tasavvurida darhol paydo bo'ladigan o'ziga xos chiroyi bilan ham o'ziga tortib turadi.   Birida o'zicha yoqimtoylik va joziba, ikkinchisida latofat, issiq istara, uchinchisida yoshlik g'ururi, chin muhab­bat kitobxonga yetib keladi. Film suratga olinadigan kun pardozxona xizmatiga muhtoj bo'lmaganman. Tayyorgarlikni uyda qilganman. Albatta holat, Qodiriy matnini o'zlashtirish roldagi aktyorning ko'rinishi, holati, nigohi, ovozi ham aktyorning diqqat markazida bo'lishi kerak birinchi galda. Men xoreografiyaning oliy bilim yurtida tahsil ko'rganman. U yerdagi katta mashq xonasining atrofi uzluksiz oyna, ko'zgu bilan o'ralgan edi. Har bir harakatimizni shu aylanma ko'zguda ko'rib turardik. O'zimizni tuzatib, toliqqanimizni bildirmaslikka harakat qilardik. “O'tgan kunlar”da shu odatimni saqlab qoldim. Pardozni grim ustasi emas, o'zim qilardim. Kitobdagidek bo'lsin deb. Adib ham o'zining barcha qahramonlarini ko'rib turadi-ku. Batafsil yozadi-ku har bir qarash, nozik imo-ishorasini shu hol odat bo'lib qoldi. Ahamiyat bering: u kunlari sochim kesilgani uchun Kumushning sochiga o'xshatib o'zim ulama soch qilganman. Libosimni ham uyda tanlab, kiyib, suratga olish maydoniga ravona bo'lganman. Aslida kiyim-kechak ham qahramon holatiga kirishning muhim bir bosqichi-da! Hatto Hindistonda suratga olingan “Sevgi afsonasi” filmida ham shunday qilganman. Grim ustalari hayron bo'lishgan. Rejissyor Latif Fayziyev rolga tayyor bo'lib kelganimdan mamnun bo'lgan. Mana, ertaga ko'p fasldan iborat “Buvijonim”ning navbatdagi qismi suratga olinadi. Televidenie uchun libosni tanlab qo'ydim. Grimni erta tongda qilaman. To'g'ri pavilonga yoxud tabiat qo'ynida tayyorlangan maydonga yo'l olaman. “O'tgan kunlar”dan qolgan bu odat, taraddud.

Hamidulla AKBAROV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 12 =