Ikki ming olti yuz hayrat vodiyiga bir qadam…
Odam fikrlaydigan, so'zlaydigan xilqat. Bu hech kimga yangilik emas. Lekin bori yangilik Tangrining jami maxluqlari orasida afzalligimiz shu mo''jizaning qatida. Shu sarvarlik darajasi bashar ahli ichra maqomimizni belgilaydi. Axir so'zlashda ham so'zlash, tafakkurda ham tafakkur bor-da. Daho bilan aqli qosir kishining o'ylari, til qaldiratishida yeru osmoncha masofa, shamsi qamar qiyosidek farq ustuvor. Lekin bu hamisha ham ko'zga tashlanavermaydi…
Qolaversa, inson tabiati xo'b g'aroyib. U hamisha teran fikrga tashna. Mehrli so'zga ilhaq. Go'zal tasvirga o'ch. Har lahza Haq va haqiqat xayoli insonni bezovta qiladi. Hal qiluvchi zarba esa uni topmoq, his qilmoq orasida bo'ladi.
Qatordan kam emasmiz. Hazrat Navoiyni o'ylasak, manglayimiz yorishadi. Bu faqat iftixor tuyg'usidan emas. Dunyoni anglashning yagona yo'li bor: sut bilan kirgan, jon bilan chiqar ona tili. Ona tilidagi so'zning joni bor. Tahayyul, tafakkur, tasavvur, tasvir dunyolariga faqat o'z alfozimiz kalit bo'la oladi. O'nta tilni jahd qilib o'rganing, ajnabiy lisondagi so'zlar o'z tilingizda o'ylanib olinmasa, tasavvur bermasa, jonsiz, ma'nosiz so'zlar uyumi bo'lib qolaveradi. Dunyoni chuqur anglashni istar ekanmiz, shu darajada avvalo, qondosh-tildosh so'z san'atkorlariga qayta-qayta yukunib borishga to'g'ri keladi.
Hazrat Navoiy o'tganidan keyin ham besh asr o'tdi. Ko'p narsalardan g'ubor ham qolmadi, talay narsalardan xabar ham topib bo'lmaydi. Zamonlar evrilishda, qarashlar o'zgarishda. Kecha hikmatday eshitilgan gaplar bugunning tarozisini bosolmaydi: o'tmas, eskirgan, xato, keraksiz…
Biroq Navoiy so'ziga talab vaqt o'tgan sari ortyapti. Bu jarayonni izohlab berish dushvor. Uning ko'lami Navoiy so'zi kabi mahobatli, bardavom, barhayot. Ayni shu talab adabiyotga o'lmaslik suvini ichirgani chin. Bu mohiyat ruhiyatga nihoyatda zarur. O'z qo'li bilan tartib bergan birinchi devon “Badoyi' ul-bidoya”ning debochasida Navoiy tilga olgan ijoddan maqsad – butun muslim bashariyatning yuragidagi javhardir. U qanday qalamkashni shoir deb atasa bo'ladigan mezon hamdir.
Hazrat Navoiyning birgina g'azaliyot dunyosidan chinakam bahramand bo'lishni istagan kishi, har g'azali anglovi, zavqu huzuriga bir kunini bag'ishlasa arziydi. Shunda birgina “Xazoyin ul-maoniy” – “Ma'nolar xazinasi” ummonida 2600 kun, ya'ni 6 yilu 7 oy g'avvoslik qilishga to'g'ri kelar va hech ham bir-biriga o'xshamagan 2600 duri-javohir topishi begumon. Hech qachon yo'qolmaydigan, bir umr sarf qilsa, qiymati kamaymaydigan ko'ngil javohirlari bular. Mutolaa quvvati va shavqida buyuk shoirning shu durdona g'azallaridan birini sharhlashga jur'at etdik. Deganlarimiz kamchiligu xatodan xoli bo'lmasligi mumkin. Lekin Navoiyning har bir g'azali mukammal asar sifatida jahon adabiyotining eng yorqin mo''jizalari, falsafiy-ruhiy dunyoning go'zal kashfiyoti bo'lib hayratga soladi.
Ana shu hayrat sizning ham hamrohingiz bo'lsin!
Hazrat Navoiyning “Do'st” radifli g'azali bor. Ushbu g'azalga hech kimsa e'tiborsiz qarolmaydi. Hatto adabiyotga, mumtoz she'riyatga befarq ko'ngil ham beixtiyor o'ylanib qoladi. U matla'idan o'ziga tortadi.
Qildi dushman rahm baskim,
qildi javr izhor do'st,
Ey ko'ngul, dushman top emdi,
tutmag'il zinhor do'st.
Do'stlik juda qadimiy tushuncha, allaqachon ta'rif-tavsifi qotib ulgurgan munosabat. Navoiy esa his va aql kuchi ila bu tushuncha ma'nosining botini – hayotda evrilishini tasvir markaziga qo'yadi. Shunda qotgan qarashlarga darz ketadi.
G'alati dunyo bu… ehtimol shuning uchun ham dahri dun deyilar.
Istakka qarshi, harakatning aksi, zohiriy munosabatning teskarisini botiniy ish, amalda guvohi bo'lamiz. Dunyoi qadimda o'ziga do'sti-habib izlamagan, yoru-rafiq ko'zlamagan biron-bir kimsa bormikan? Ammo hazrat Navoiyning niyati bunga chorlov emas, usiz ham bu nasihatni istagan odamdan eshitish mumkin. Balki go'l, sodda ko'ngillarni o'zgargan ma'naviy odatlardan ogoh etmoqchi bo'ladi.
Qildi dushman rahm baskim…
Dushman ham bizni tushunishi, hatto qismatimizga rahm qilishi mumkin ekan… Bu fikrning muhimligini, manzarani zohirida ko'rish qiyinligini ayting. Keyingi fikr esa sodda qalbni battar gangitib qo'yadi:
…qildi javr izhor do'st.
Qarangki, g'animning shafqati bilan, olam guliston bo'lib ketadi, deb masrur xayollarga berilib o'tirganimizda, balo o'zimizdan chiqajagidan voqif bo'lamiz. Qutulishning hech iloji yo'q fojia esimizga solinadi. Do'stning jabridan qayga qochib qutulish mumkin? Undan qanday himoyalanish mumkin? Do'st qabilidagi yovning xatti-harakati, muomala-madorasi qanaqa bo'ladi? Bilmaymiz, bilolmaymiz. Shunda… shoirning uncha-muncha aql egasining xayoliga kelmaydigan da'vati bu muhitdagi yagona chora kabi yangraydi:
Ey ko'ngul dushman top emdi…
Tutmag'il zinhor do'st.
U faqat maslahat emas, da'vatgina emas… unda yana allaqancha kinoya, kutilmagan hikmat, falsafa… insonning zohiriy-botiniy lahzada muhrlagan real fojia ham jonlanadi.
Bu bilan shoir yov izla demaydi, insonni insondan ajratib, kimning kimligini bilmoqqa ishora qiladi. Dushman dushmanligini yashirolmaydi. Xavf ochiq, xatar ayon. Shu bois ham g'animni tushunsa, u bilan mardlarcha olisha turib, uni kechirsa bo'ladi. Hatto dushmanning mardi unga nisbatan do'stlik, birodarlik tuyg'usini ham uyg'otishi mumkin. Go'yo Navoiy “dushman top emdi” deganda shu yaqinlik, hissiy aloqadorlik uyg'onishini satri aro yashirib ketgandek. Lekin botini yov, zohiri habib do'stdan alhazar. Shuning uchun ham shubhaga o'rin qoldirmaydigan qilib, Navoiy bu xavfdan ogoh etadi. Bunaqa “do'stlar”dan umidini uzib, bizning ham umidimizni kesadi…
Tutmag'il zinhor do'st!
Har zamon dushmanlarim ozurdadur,
ey do'stlar,
Baske, har dam yetkurur men zorg'a
ozor do'st.
Bu baytda noayon fikrning o'zi yo'q. Biroq kechajak jarayon, orzuga teskari odamning nodonligidan lavha, fe'l-atvoridan bir manzara – haqiqiy hayotning bir parchasi ko'zimizni yoshlaydi.
Ruhoniy taraqqiyot yuksalgan sari kurashlar botinga ko'chadi. Shu bilan oshkora ko'rilgan chora yaroqsiz bo'lib chiqadi. Ko'p sodda maslahatlarning umri tugagani, ta'siri qolmagani ham shundan.
Navoiy satrlarining hikmatga aylanib borayotgani esa unda ruhning ham yashirincha kurashlari manzarasi tilsim haqiqatlar sifatida jamuljam etilgan. Shu bois ham bu baytning ikkala satri ham nihoyatda zamonaviy topilma, dardimizni esga solar ogohlantirish.
G'animlarning bir-biridan ozurda bo'lishi tabiiy hol. Lekin shu joyda ikkinchi bir ma'no yashiringanga o'xshaydi. Badfe'lligi, nohaqligini anglab qolgan dushman ham qilmishlaridan ozurda, o'z harakatlaridan xafa, shundan ozorlanib, dard chekib turibdi, lekin do'st qabilidagilarda shu sifat ham, shu fazilat ham yo'q, shunday bo'lgani uchun ham…
Baske, har dam yetkurur men zorg'a ozor do'st.
Bu doimiy, qutulish imkonsiz ozordan yonib o'rtaniladi. Lekin mard dushman sifatini aytarkan, qismati yaqin, yonma-yon yashayotgan “do'stlar” ham tushunsa, qilmishini anglab, bu yo'ldan qaytsa demoqchi bo'ladi. Demak, Navoiy so'zini o'qib bilamizki, dushman yetkazgan uqubat kulfat emas, chinakam musibat do'st ozori…
Dushman ar jonimni afgor aylasa,
qildi bihil,
Javr tig'idan chu ko'nglum aylamish
afgor do'st.
Shoir ikki kulfatni bir-biriga solishtiradi va mutafakkirligi o'laroq ularning qay biri dahshatliroq ekanligini ko'rsatadi.
Dushmandan dushmanlik kutmay, nima kutasiz? Shoir u jismimni yaralasa ham mayli, roziman, bunga tayyorman, deydi. Birinchi misradagi jon so'zi ko'proq moddiyatga qaratilgan. Hozirgi lisonda kam uchraydigan “bihil” so'zi esa “rozi” degan ma'noni anglatadi.
Baytdagi favqulodda ma'no: tashqi dushman zohirimizga, tanimizga majruhlik yetkazishi mumkin, u kun kelib bitib ketadi, falokatning bosh manbai esa…
Ehtimol, kimdir shoir faqat do'stidan kuygan, g'azal shunga bag'ishlangan ekan, deb o'ylasa xato qiladi. Shoir hammamiz his qilmagan murakkab jarayonni yorqin, o'ziga xos tasvirlab bergani bois ham shoir, anglatgani sabab mutafakkir. Aslida Navoiy asl do'stlik yo'li qayoqdaligi g'amini ko'proq yeydi. Ushbu bayt shundan bir darakdir:
Kulsa dushman ayb emaskim,
ko'rmadim oz ham vafo,
Garchi qozg'ondim qilib jonim
fido bisyor do'st.
Dushman masxarasini ayb, jinoyat deb bo'ladimi? Shukrki, vafoni do'stdan oz ko'rmadim, ammo buning uchun jonim fido bo'ldi.
O'tgan zamonlarga qaraganda kunlarimizda xushmuomalalikni ko'proq uchratamiz. Shuni vafo, mehr o'rnida ham ko'ramiz, holbuki bu harakatlarning ko'pi shunchaki, yasama. Ko'nglimiz qotib ketgan, diydalarimiz zarang, ko'zimiz bulog'i mehr uchun, vafo uchun qurib qolgandek… Chinakam mehr, vafo esa fidoyilik.
Shoirning bu lutfi mubolag'a emas. Shoirning bu so'zi haqiqat. Shoirning bu san'ati insonlik ibrati. Atrofdagilarga biz ham vafo ko'rsataylik, mehr ulashaylik. Jonimiz fido, kunlarimiz qurbon bo'lsin ularga. Shundagina do'stlar ko'payadi.
Soqiyo, qil do'stluq, tut bodakim,
yo'qtur g'ami,
Bo'lsa olam dushmani har kimga
mendek bor do'st.
“Soqiyo” deyilganda, birinchi navbatda, Yaratgan nazarda tutilganini unutmaylik. Shundagina baytni to'g'ri tushunish, undan shunga yarasha ruhiy ozuqa olish mumkin. Ha, har birimizga Yaratgan do'stlik, mehribonlik qilsagina, bu huzur-halovat, vafodorlikning chek-chegarasi bo'lmaydi… Ikkinchi, uchinchi – bir talay ust va tag ma'nolarda esa tevarakdagi har turli do'stlar siymosini tanib olaverish mumkin.
Bu yerdagi “boda” so'zi mehr ma'nosida keladi. Mehr bor joyda g'am chekinadi, jami olam dushmaningiz bo'lgani bilan sizni tushunadigan bir do'st bor ekan, sizga bu olamda kurashish, sevish huquqini beribgina qolmasdan, sizni tushunish saodatini hadya etadi. Bu olamda odam odamni tushunish baxti bor ekan, kishilik jamiyati, mehr-muhabbat silsilasi bardavom.
Hazrat Navoiy esa oxirigacha munosabatdagi noqislikni kishilar komilligiga soya solayotganidan qayg'uradi, do'st suratidagi dushmanlardan asranish, asrash payida bo'ladi. So'nggi bayt ham ana shu yasamalikni, nomardlikni fosh etadi, tirigini o'lik deb xulosa chiqaradi. Bu g'avg'olardan voqif ko'ngil esa o'ldim deganda ham tiriklardan-da tirik deb biladi.
Itlaring g'avg'o qilur go'yo Navoiy o'ldikim,
Boshi uzra jam' o'lub afg'on
qilurlar yoru-do'st.
Vafo FAYZULLOH