Ipak opa

Muyassarxon Tojiboyeva Farg'ona tumanidagi Novkent qishlog'ida tug'ilgan. Bolaligidanoq har yil bahorda boqiladigan ipak qurti parvarishiga qiziqish, bu mo''jizakor yumushga mehr uning qalbiga o't soldi. Maktabni bitirgach, bu “cho'g'” uni Namangan qishloq xo'jaligi texnikumiga boshlab keldi. Texnikumning ipakchilik yo'nalishini muvaffaqiyatli tamomlab, mehnat faoliyatini Farg'onadagi “Pilla naslchilik” MChJda agronomlikdan boshladi. 1991 yil Farg'ona tuman pillachilik shirkatiga bosh agronom bo'lib ishga o'tdi.

Qariyb qirq yildan buyon tumanda pillachilik sohasida faoliyat yuritib kelayotgan Muyassarxon opaning mehnatlari munosib baholanib, u mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida “O'zbekiston Res­publikasida xizmat ko'rsatgan pillakor” unvoni bilan taqdirlandi.

– Bu yuksak unvon zimmamga yanada ulkan mas'uliyat yuklashi tabiiy, – deydi pillakor opa. – Prezidentimiz pillachilikni rivojlantirishga katta e'tibor qaratmoqda. Sekin-as­ta bir yilda ikki hatto uch marta ipak qurti parvarishlash yo'lga qo'yilmoqda. Quvonarlisi, pillakorlarimizga o'z vaqtida haq to'lanyapti. Bu keyingi yillarda yanada g'ayrat bilan mehnat qilishimizga zamin yaratadi, albatta.

Hozirgi kunda 17 nafar agronomga boshchilik qilayotgan Muyassarxon Tojiboyeva tumanda 91,7 gektar tut plantatsiyasi tashkil etish, ularga o'z vaqtida agrotexnik ishlov berish harakatida. Bu yil 2837 ta xonadonda ipak qurti parvarishlanib, 161 tonna (bir mavsumda) “kumush tola” yetishtirildi.

– Aslida pillachilikda yil-o'n ikki oy tinim bo'lmaydi. Tut plantatsiyalari parvarishi, ipak qurti boqish uchun shart-sharoit yaratish, pillachilik klasteri bilan ishlash, hosilni yig'ib olish va boshqa yumushlar bir dam bo'lsin, tin olishga yo'l bermaydi. Mehnatkash xalqimiz bor bo'lsin, – deydi opa. – Barcha mashaqqatlar kumushdek tovlangan pillani hovuchingga olganingda unut bo'ladi. Ayniqsa, qizlarimiz egnida tovlanib turgan atlasni ko'rganda yanada faxrlanib ketasan.

Farg'onada ipakchilik tarmog'i yildan-yil rivojlanib boryapti. Mahsulotga talab esa oshib boryapti.

Darvoqe, uzoq yillardan buyon sohada mehnat qilib kelayotgani uchunmi, muloyim, xushmuomalalik­lari boismi, Muyassarxon opani hamkasblari “Ipak opa” deb chaqirishadi.

Sherzod QORABOYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 9 =