Tarozini teng tuta olamizmi?
Men tog'li Kitob tumanining chekka bir qishlog'ida yashayman. Bizning hududga ham bugun aloqa vositalari yetib kelgan. O'rta maktablarda kompyuterlashtirilgan xonalar ham mavjud. Hatto maktablar kuzatuv uskunalari bilan jihozlangan. Bir so'z bilan olganda hammasi risoladagidek muhayyo. Ammo o'quvchilarga elektron shaklda baho qo'yishni uncha maqbul ish deb o'ylamayman. Chunki bu o'quvchilarning bilimini, olgan bahosini ota-onalar tomonidan nazorat qilishni yo'qqa chiqarishi aniq.
Masalan, men o'zim o'rta maktabni 1966 yilda tamomlagan bo'lsam, o'sha paytdagi daftarlarim shu jumladan, kundalik daftarim ham uzoq vaqtlar saqlanib kelgan edi. Kundalik daftarimizga har haftada ota-onalarimiz qo'l qo'yib berishar ekan, olgan baholarimizni o'z ko'zlari bilan ko'rib, nazorat qilardilar. Maktab xotiralarini qo'msaganda esa o'sha kundaligimizni qo'lga olib, qaldirg'ochday chug'urlashib, darslarda munozara qilgan damlarimizni eslar edik.
Hamon yodimda, 8-sinfda o'qiyotgan davrimda rus tili darsida yonimda o'tirgan sinfdoshim bilan bir so'z qoidasi ustida tortishib qoldim. Shunda rus tili o'qituvchimiz Xosiyat Salomova menga tanbeh berib, darsdan chiqarib yubordi. Kelgusi darsda esa o'sha kungi o'tilgan darsni mendan so'rab qoldi. Tabiiyki, men javob berolmadim. Shunda o'qituvchimiz kundalik daftarimga “2” baho qo'yib berdi. “2” baho olganimni uydagilarga ko'rsatishga qattiq uyalganman. Shu-shu bo'ldi-yu, darslarga to'liq qatnashib, yaxshi baholar olishga harakat qildim. Kundaligimga qizil ruchka bilan faqat a'lo baholar hamda maqtovlargina yozilishi kerak deya o'z oldimga maqsad qildim.
Shundan bo'lsa kerak harbiy xizmatda 6 oylik aviatsiya maktabida rus tilida o'qib, yaxshi baholar bilan tamomladim va aviatsiya harbiy qismida katta mexanik vazifasida xizmatni davom ettirdim. Natijada komandirlarning bir necha rahmatnomalari-yu, oliy o'quv yurtiga kirish uchun yo'llanmani qo'lga kiritdim. Oliy o'quv yurtida 5 yil rus guruhida qiynalmasdan o'qidim. Shu bilan birga guruh sardori sifatida guruhdoshlarimning ham o'qishiga yordamlashardim. Men nima uchun bularni eslayapman, negaki kundalik daftarimga qo'yilgan baholarning men uchun ta'siri katta bo'lgan. O'quvchiga birdan bir ota-onaning nazorati kundalik daftarida farzandining olgan bahosini ko'rib, har hafta oxirida imzolab berishi, past baho olgan bo'lsa, tanbeh berishi ko'p o'zgarishlarni keltirib chiqarishi aniq.
To'g'ri, hozir axborot kommunikatsiya texnologiyalari jadallik bilan rivojlanib borayotgan asrda yashayapmiz. O'quvchini elektron tarzda baholab borish bilan birga, kundalik daftariga ham parallel ravishda baho qo'yilib, ota-onalar tomonidan nazorat etilsa, yaxshi bo'lardi, deb o'ylayman.
Maktablarga zamonaviy texnikalar o'rnatilgan bo'lsa-da, ayrim joylarda bular bir kun ishlasa, bir kun ishlamaydi-ku!
Bir nabiram kundalik daftarini olib kelib olgan baholarini ko'rsatganida men xursand bo'lib “yaxshi o'qib, a'lo baholarni ko'proq olsang, badiiy kitob olib kelib beraman” deganimda u biram xursand bo'ldiki, keyingi haftalarda kundaligini ko'proq a'lo baholar bilan to'ldirishga harakat qildi.
Xullas, fikri ojizimcha, “Elektron kundalik” bilan “Kundalik daftari” birga qo'shib yuritilsa, avvalgidek o'quvchilarning a'lo baholar olishga bo'lgan qiziqishi kuchayadi hamda hozirgi texnik rivojlanish jarayonidan ham orqada qolmasliklari aniq. Xo'sh, shunday qilib, tarozining ikki pallasini ham teng tuta olamizmi yoki zamonaviylik deb ertaga kitobdan ham voz kechib qo'ya qolamizmi?
Yana shuni ham alohida ta'kidlashni istardimki, har bir oilaning sharoiti har xil. Kimningdir farzandiga 2-3 millionlik “shapaloq” telefon olib berishga imkoniyati bordir, yana kimlarningdir farzandida oddiy 50-60 ming so'mlik oddiy telefon ham yo'q…
Ha, maqolada o'ta dolzarb mavzu qalamga olingan. Bu borada tegishli mutasaddilar va ota-onalar nima deyisharkin?
Sa'dulla TURDIYEV,
Kitob tumani