Kitob sakkizinchi mo''jizami?

Bundan ancha yillar ilgari zabardast yozuvchi Shukur Xolmirzayev (Oxirati obod bo'lsin) Yozuvchilar uyushmasida o'tkazilgan bir anjumanda aynan “Adabiyot o'ladimi?” degan mavzuda ma'ruza qilgan va “Adabiyot hech qachon o'lmaydi” deb xulosa chiqargan edi.

Tasodifni qarangki, bir necha yil oldin Gvatemala yozuvchisi, Nobel mukofoti sovrindori Migel Anxel Asturiasning “Adabiyot qachon o'ladi?” maqolasini o'qigan edim. Bu buyuk yozuvchi 1975 yilda vafot etgan. Birgina “Senor prezident” romani yuzlab tillarga tarjima qilingan. Ulug' adib “Lotin Amerikasi romani” deb atalayotgan yangi yo'nalishni boshlab berganlardan biri. Yozuvchi bizni endigina tashvishga, hayajonga solayotgan muammolar haqida o'z qarashlari, hukm-xulosalarini bundan yarim asr oldin ochiq-oydin aytgan, avliyolarcha fikr bildirgan ekan: “Aniq bilaman, kun kelib avlodlar kommunizm va shu kabi tuzumlar haqida yozilgan kitoblarni unutadilar. Xalqlarning botiniy qiyofasi ming martalab o'zgaradi, lekin u insonligicha qolaveradi. Aynan shu – insonlikning qaymog'ini o'zida olib chiqa olgan kitoblargina mangu qoladi”. Asturias bu so'zlarni dangal, mardona aytgan paytda biz yangi, porloq kommunistik jamiyat quramiz deb ko'kragimizga urib yurar, hamma birdek baxtiyor, farovon turmush kechiradi deb ishonar edik. Kamchiliklar, yetishmovchiliklar, qiyinchiliklarga o'tkinchi narsalar deb qarar edik. Hayotning o'zi ko'zimizni moshdek ochib qo'ydi. O'z yurtidan quvilib, g'urbatda yashagan Asturias va uning maslakdoshlari haq bo'lib chiqdi. Biz chuv tushdik. Qattiq aldandik. Bu achchiq saboqni unutmasligimiz kerak.

Bugungi kunda yuqoridagiga o'xshash savollarga ehtiyoj yo'q. Aksincha, Yangi O'zbekistonda ma'naviy boyliklar – adabiyot, san'at, ilmga ehtiyoj tobora kuchayib bormoqda.

Buni faqat xalqimizgina emas, butun dunyo ahli ko'rib turibdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev amaliy ishlarni, tadbirkorlikni, ijodiy bunyodkorlikni keng qo'lamda butun mamlakatimiz bo'ylab avj oldirib yubordi. Qisqa muddat ichida qilingan va qilinayotgan ishlar, qurilishlarni ko'rib, aqlingiz shoshib qoladi. Xorijiy investatsiyalarni yurtimizga keng miqyosda jalb qilish, tinch-totuvlik, yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, hamma sohalarda adolat ustuvorligini o'rnatish… Ma'naviyat sohasiga kelsak, kitobxonlik madaniyatini oshirish, kitob nashr etish tizimini takomillashtirish, ijodkorlarni moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash, ularga yaratilayotgan imtiyozlar… Ammo, endi noz-ne'matlarni osongina o'zlashtirib, tekin yeb yotish davri o'tdi. Kuni kechagina amaldorning mushugini “pisht” deyishga qo'rqar edik. Hozir esa xalqning nasibasini o'marishga o'rgangan poraxo'r rahbarlardan qanchadan-qanchasi jazosini tortib yotibdi. Yaqin yigirma besh yil ichida ayovsiz yo'q qilingan kutubxonalar, buzib tashlangan madaniyat saroylari tiklanyapti. Xudoga shukur, odamlar kitob o'qiy boshladi. Joylarga kitoblarni olib borib tarqatishdek ezgu ishlar yo'lga qo'yildi. Xullas, adabiyot, madaniyat sohasidagi ishlardan tobora ko'nglimiz to'lib borayapti. Albatta, guruch kurmaksiz bo'lmaydi deganlaridek, kamchiliklarimiz hali ko'p. Masalan, qo'liga kitob ushlamasa ham o'zini kitobxon qilib ko'rsatayotgan chalamulla rahbarlarimiz kam deysizmi? Ana shulardan ko'proq qo'rqish kerak. Yangi hokimlarimizdan biri: “Ozod Sharafiddinov kitobni sakkizinchi mo''jiza deb atagan” deb yozdi. Axir hammamiz bilamiz-ku, domlaning kitob haqidagi salmoqli maqolasi “Birinchi mo''jiza” deb ataladi. “Olamda yana bir mo''jiza borki, – deb yozadi u. – Uning buyukligi, muqaddasligi yetti mo''jizaning jamiki ulug'vorligi, go'zalligidan kamlik qilmaydi… Bu mo''jiza kitob. Kitobning mo''jiza, mo''jiza bo'lganda ham birinchi mo''jiza (!) ekanini ko'pgina buyuk odamlar qayd qilgan”. (O.Sharafiddinov. Birinchi mo''jiza. G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti, T., – 1979, 11-bet). Domla aynan shunday yozgan. Nega endi bilimdonlik qilib, kitobni “sakkizinchi mo''jiza»ga aylantirib, uni eng oxirgi o'ringa (!) surib qo'yishimiz kerak? Ustozimiz aytganidek, kitob, adabiyot har doim birinchi mo''jiza bo'lib qolaveradi. Shunday ekan, unga zarurat hech qachon, hech qaerda kamaymaydi. Ammo, tabiiyki zaif, g'o'r asarlarning umri hamisha qisqa bo'lgan. Bundan keyin ham shunday bo'ladi. Demak, chinakam yaxshi asar o'lmaydi. Shu o'rinda birgina misol keltirib o'tay. Hazrat Alisher Navoiy va sulton Husayn Boyqaro davrida ilm-fan, adabiyot va san'at gullab-yashnagani ma'lum. Ayniqsa, g'azalxonlik yuksak maqomda turgan. Hatto bozorda g'azalfurushlik qiluvchilar ham bo'lgan. Xo'sh, endi aytingchi, ana shu g'azalfurushlardan qanchasining nomi-yu devoni bizgacha yetib keldi? Uzoqqa bormay qo'yaqolaylik. 20-30-yillarda ham ko'plab adabiy-badiiy kitoblar nashr etilgani ma'lum. Ularni hozir sanoqli mutaxassislardan boshqa kim biladi?

Vaqtning o'zi adolatli hakam. Uning shafqatsiz sinovidan o'ta olgan asarlargina mangulikka daxldor bo'lib yashab qoladi. Demak, haqiqiy asarlarga zarurat hech qachon, hech qaerda yo'qolmaydi. Unga bankrotlikning daxli yo'q. Hozirgi ziyrak kitobxon yaxshi asar bilan bemaza qovunning urug'ini adashmay ajrata boshlagani adabiyotimizning katta baxti. Xullas, kitobga munosabat hamisha jiddiy o'rinda turganki, bu xususda batafsilroq to'xtalishga to'g'ri keladi. Birgina yigirmanchi asrning o'zida, kitoblar bir necha marta qatliomga uchraganini eslang. Bundan 25 yillar ilgari yuz bergan sovuq bir hodisa yuragimga toshdek botgan. Eski konservatoriyaning ro'parasidagi katta kitob do'koni bor edi. Ana shu antiqa do'kon bir kun ichida yo'q qilindi. Ikki kun muhlat, magazinni bo'shatasanlar deb buyruq qilingan. Aytilgan vaqtda yollangan ishchilar magazinda bitta ham kitob qoldirmasdan hammasini ko'chaga uloqtirishgan. Kitobga – ilm xazinasiga munosabatni ko'ring! Zamon zo'rniki bo'lgandan keyin ahvol shu-da! Hech kim kitob sotuvchilarning dod-faryodiga quloq solmagan ekan!

Prezident Shavkat Mirziyoyev bir deganda aynan ana shu kitob magazinini avvalgidan ko'ra salabotli qilib joyiga tiklab qo'ydi. Qoyil qoldik. Ming rahmat!

Yozuvchilar uyushmasining Pushkin ko'chasidagi kutubxonasini ko'pchilik yaxshi biladi. Bu yerda necha yillar zahmat chekib yig'ilgan yozuvchi, shoirlar-mualliflarning dastxati bitilgan nodir kitoblar to'plangan edi. Hozir ular qaerga ketdi? Ularni yo'qotishga kim buyruq bergan? Yoki Do'rmondagi Yozuvchilar bog'ida kitob kam edimi? G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida, “Sharq”, “O'qituvchi”, “O'zbekiston” nashriyotlarida, shaharlar, tuman markazlari, qishloq sovetlari, maktab kutubxonalarida ozmuncha kitob yig'ilgan edimi? Tarixiy ahamiyatga molik mashhur “Turon” kutubxonasi qani? O'zim tug'ilib o'sgan qadrdon qishlog'im Xumsondagi kutubxonaga kirganimizda kitoblar ko'pligidan boshimiz aylanib ketardi.

Hozir shu kutubxonadan hamda qishloqdagi muxtasham masjid­lardan (qariyalar to'qqizta, birovi o'n bitta (!) masjid bo'lgan deyishadi), qishloq markazidagi toshkentlik Orif hoji bobo qurdirgan ulkan, salobotli masjid, Olim qozi bobomiz qurdirgan, xonalari ko'rkam naqshlar bilan bezatilgan ajoyib binolardan nom-nishon qolgan emas. Rahmatli bobom Mahmud oqsoqol Dodimov (xalq dushmani sifatida Chimkentda 1933 yil 21 mart — Navro'z kunida otilgan) qurdirgan ulkan, salobatli masjid ham 50-yillarning oxirlarida vahshiylarcha buzib tashlangan. Bizning ko'z o'ngimizda qurib bitkazilgan katta klub, ulkan choyxona nima uchun buzib tashlanganini hech kim bilmaydi! O'ttizinchi yillarda arab yozuvida bitilgan kitoblarga kelgan qora kunlar to'qsoninchi va undan keyingi yillarda krill yozuvidagi kitoblarning boshiga tushdi. Bularning barini aytaman desak, bir emas, o'nlab suhbatlar kamlik qiladi. Xudoga shukur, nihoyat, boshqacha zamon keldi. Hozir muhtaram Prezidentimizning shaxsan o'zi kitobxonlik madaniyatini oshirishga bosh-qosh bo'lib turganini ko'rib, ko'nglimiz yayrab ketadi. Hamma yerlarda masjidlar, madaniyat saroylari, kutubxonalar qayta qurilmoqda. “Turon” kutubxonasi ham qayta tiklandi. Ular matbuot, radio va televidenieda keng targ'ib qilinmoqda.

Bizning xalqimiz ham, adabiyot va san'atimiz ham o'tgan asrda boshi berk ko'chaga kirib qoldi. Undan chiqib ketishning hech qanday iloji yo'q edi. Yolg'on, zo'ravonlik asosiga qurilgan, har qanday adolatni poymol qilishga tayyor turgan vahshiy, qattol xukmdorlar o'zining soxta g'oyalaridan boshqa hech narsaga yo'l bermadi. Adabiyotda yangi izlanishlar, yangi tamoyillarga zarracha o'rin yo'q edi. Oqibatda xalqning chinakam hayoti, boshidan kechirayotgan og'ir kunlari adabiyotdan tashqarida qoldi. Ijod erkinligi bo'g'ib tashlangan bunday sharoitda xorijdagi chinakam adabiy jarayon haqida to'g'ri tasavvurning o'zi yo'q edi. Shu yillarda chiqadigan har bir kitob Moskvaning tasdig'idan-chig'irig'idan o'tkazilganini yozuvchilarimiz yaxshi biladi.

Hozir ahvol butunlay o'zgardi. Chet el adabiyotini asliyatda o'qiydigan va tarjima qila oladigan yangi avlod shakllanib bo'ldi. Baxtimizga “Jahon adabiyoti” jurnali muntazam chiqib turibdi. Bu ijobiy jarayon yanada rivojlanishiga shubha yo'q. Hozirgi yosh ijodkorlarimiz ana shu hayotbaxsh omillardan bahramand bo'lmoqdalar. Shu kunlarda katta yozuvchilarimiz Xurshid Do'stmuhammad, Erkin A'zam, Usmon Azim, Luqmon Bo'rixon, Isajon Sulton, Abduqayum Yo'ldoshev, Shoyim Bo'tayev, Shohida Isaxonova va boshqa ko'plab ijodkorlarning nasriy asarlari xorijdagi asarlar bilan bemalol bellasha oladi. Ulug'bek Hamdamning “Muvozanat” romani chet elda chop etildi. Isajon Sultonovning qissa va hikoyalari xorijiy kitobxonlarga manzur bo'layotganidan xabarimiz bor. Shoira qizlarimiz, singillarimiz ham orqada qolayotgani yo'q. Zulfiya Mo'minovaning “Ayolni yengib bo'lmaydi” she'riy to'plami Amerika Qo'shma Shtatlarida chop etilib, ingliz tilli muxlislarga ma'qul bo'layotganini eshitganimizda boshimiz osmonga yetdi. Sharifa Salimovaning she'rlari nemislarni maftun etganidan quvonchga to'ldik. Xosiyat Rustamova ham anchadan beri jahon she'riyati minbariga dadil chiqib, muxlislarni quvontirmoqda.

Bugungi o'zbek nasri G'arbu Sharq adabiyotining soyasida qolib ketmasmikin deb tashvishlanishga o'rin yo'q. Aksincha, dunyo adabiyotining sara namunalari qancha ko'p tarjima qilinsa va ko'p o'qilsa,ulardan bir umr saboq olinsa – bu ayniqsa, yosh ijodkorlarimiz uchun shuncha ko'p foydalidir. Ular mahorat, o'qib-o'rganish maktabidir. G'arbda bulvar (ko'cha) adabiyoti, bizda esa bozor adabiyoti deb “shuhrat” qozonayotgan xashaki asarlar boshqa narsa. Ular vaqt sinoviga bardosh berolmayotganini hayotning o'zi ko'rsatib turibdi. Bunday asarlarning saviyasini bugungi kitobxonlarimiz adashmay ajratadigan bo'lib borayapti. Shuning uchun bu muammolarga batafsil to'xtalmay qo'ya qolaylik.

Keyingi yillarda men ko'proq badiiy tarjima bilan shug'ullanyapman. Badiiy tarjimaga faqat ma'naviy ehtiyoj tufayli botinib-botinmay qo'l urganman. Qirim-tatar yozuvchisi Ayder Osman “Olishuv” qissasini jurnalga havola qilgan ekan. Nasr bo'limida ishlayotgan qadrdon ukalarimdan biri – taniqli shoir, tarjimon va olim Tohir Qahhor shu qissani tarjima qilib bering deb taklif qildi. Men dastlab rad etdim. Ammo Tohir: “Quvg'inda yurgan ana shu xalqqa ma'naviy yordamimiz tegsin, muallifning o'zi ham yordam beradi”, – deb qo'ymadi. Shu gap dalda bo'ldi. Ayder Osmanning “Olishuv” qissasi va “Sulaymon” hikoyasini tarjima qildim. Ular “Sharq yulduzi”da bosildi. Sal keyin bu ikki asar “Tanish ko'zlar” to'plamiga kirdi. O'quvchilar yaxshi qabul qilishdi. Keyin ancha yillargacha tarjimaga qo'l urmadim.

“Jahon adabiyoti” jurnalida ishlagan paytimda ingliz adibasi Uaydaning “Nello va Patrash” hikoyasini Dildora Aliyeva bilan birga tarjima qilgan edik. Ustoz Ozod Sharafiddinov ma'qullab, “Qo'lingizdan kelar ekan-ku” deb maqtadi. So'ng domlaning da'vati qiyin-qis­tovi bilan mashhur arab yozuvchisi, Nobel mukofoti laureati Najib Mahfuzning “Rodopis” tarixiy romanini tarjima qildim. U “Raqqosa Rodopis” hamda “Malika va raqqosa” nomi bilan ikki marta nashr etildi. Keyingi tarjimalar ham ana shunday – jurnal da'vati bilan qilingan. Sergey Davlatovning “Chemodan” qissasini ham ustozning taklifi bilan qilganman. Qissa ustida zavq bilan qattiq ishlaganim esimda. Keyin ham jurnalda bir qator tarjimalarim bosildi. O'zimga yoqadiganlari: Korney Chukovskiyning “Chexov”, amerika adibasi Lilion Rossning “Xeminguey portreti” badialari, Karlos Fuentosning “Quvnoq jamoa”, yapon adibi Tesuo Miuraning “Adashgan shu'lalar”, Nobel mukofoti laureati Ivan Buninning hikoyalari, Vasiliy Yanning buyuk ajdodimiz Spitamen haqidagi “Qo'rg'on uzra gulxanlar” romani, Lev Tolstoyning “Jahon adabiyoti” jurnalida “Asosiy qahramonlarim – haqiqat” nomi bilan e'lon qilingan xotiralar va maktublari, Migel Anxel Asturiasning “Senor prezident” romani… Uni ham Tohir Qahhorning da'vati bilan tarjima qilganman.

Bunin hikoyalari tarjimasi uchun ham uzoq vaqt botinolmay yurdim. Bu yozuvchi nomini birinchi marta to'rtinchi kursdaligimizda Ozod domla ma'ruzasida eshitganman. (Yozuvchining to'qqiz jildlik asarlar to'plamini qo'lga kiritishimning o'zi bir tarix.) Ayniqsa, hikoyalarini sevib o'qidim. Tarjima qilish sira xayolimda yo'q edi. Ammo Bunin asarlariga asir, oshiqu shaydo bo'lib qolgan edim. Ko'p ikkilanishlardan keyin tavakkal deb ishga kirishganman. Benazir tarjimon va xassos adabiyotshunos, ilm yo'lidagi ustozlarimdan biri Ibrohim G'afurov bir uchrashganimizda mazkur tarjima haqida ko'ngilga yoqadigan iliq gap­larni ayt­­di va “faqat sal-pal qalam tekkizsa bo'ladigan joylari bor, umuman yaxshi”, deb baho berdi. Eshitib, rosa sevinganman. Ammo ana shu “sal-pal” qalam tekkiziladigan joylar qaerda ekan? Bu muammo ustida bosh qotirib, tarjimani qayta-qayta o'qidim, har gal nimanidir tuzatgan bo'ldim. Nihoyat, ko'nglim to'lib, ularni buyuk adib asarlarini nashrga tayyorlashga mas'ul bo'lgan shoir ukamiz G'ulom Mirzoga eltib berdim.

Asturiasning “Senor prezident” romani badiiy jihatdan juda baquvvat, shiddatli kurash-konfliktlar asosiga qurilgan. Zolim, mustabid hukmdor – “senor prezident”ning ikki yuzlamachiligi, munofiqligini ko'rsatish asosiy o'rinda turadi. Bu hokimi mutlakda zarracha shafqat, insoniylik yo'q, o'z qabih rejalarini amalga oshirish yo'lida yaqin, sadoqatli mulozimlarini qurbon qilish uning uchun qo'g'irchoq o'ynatishdek oddiy narsa… Xullas, yovuzlik, makkorlik asosiy kasbiga aylanib bo'lgan. Asarning ichiga kirib borganingiz sari hayratingiz oshib boraveradi. Tarjima jarayonida qanchalik qiynalganimni aytib o'tdim. Aksincha, Lev Tols­toyning xotiralari, kundaliklarini ancha osonlik bilan rohatlanib tarjima qilgan edim…

Tolstoy, Chexov, Bunin asarlari men uchun har doim o'qib o'rganish maktabi bo'lib qolaveradi. Bu daholarning asarlarini qandaydir majburiyat, tirikchilik dardida emas, yuqorida aytganimdek, qalb amri bilan tarjima qildim. Xalqimiz ma'naviyati boyisin, ruhan yuksalsin degan umid va ishonch menga madad berayotganini doim his qilib, ilhomlanib turdim. Ana shu yaxshi niyat qo'limga qalam tutqazdi. Ko'ryapsizki, tarjima masalasida hech kim majbur qilib, zo'rlab qalam tutqazgani yo'q. Faqat didi va saviyasi baland o'quvchiga manzur qila olamanmi degan andisha doim ko'ng­limni bir chekkasida turadi.

Suratda: Ortiqboy Abdullayev (o'ngda) taniqli adabiyotshunos olimlar G'ulom Karimov va Ozod Sharafiddinov bilan. 1993 yil.

Endi yana bir muhim masala — tanqidchilik haqida to'xtalaylik. Ma'lumki, badiiy adabiyotni adabiy tanqidsiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Ular et bilan tirnoqday gap. XX asrdagi adabiy jarayonga bir nazar soling. Ayniqsa, 20-30-yillarni, urushdan keyingi “konfliktsizlik” nazariyasi hukm surgan davrlarni eslang. Afsuski, bu yillarda endigina shakllana boshlagan adabiy tanqid bir yumalab, hukmron mafkuraning sadoqatli malayiga aylanib qoldi. 30-yillardan 50-yillarning o'rtalarigacha adabiy tanqid o'zining asosiy vazifasi – adabiy asarni xolis tahlil qilish orqali adabiyotni rivojlantirish, olg'a yetaklash o'rniga asosan “fosh qilish”, quruq ofarinchilik, madhiyabozlik bilan shug'ullandi va ming afsuski, bu illatni yo'qotish deyarli mumkin bo'lmadi. Tanqidchilik salgina o'zini tiklay deganda, afsuski, yana madhiyabozlik, urra-urrachilik boshlanib ketdi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin yigirma besh yil ichida bironta bo'sh, zaif asarni chinakamiga tanqid tarozisiga solib, xolis bahosini bergan adibiy-tanqidiy maqolani xolisanillo tilga olib o'ting-chi! Faqat marxum Ozod domlagina shoir Barot Boyqobilov she'riyati haqida keskin fikr bildira oldi. Kamina yozgan “Spitamenning achchiq qismati” maqolasi esa haddan tashqari qisqartirib chiqarilgani uchun kutilgan samarani bermadi. (Uni yaqinda dadil muharrirlarimizdan biri Norto'xta Qilich “Farovon yurt” gazetasida hech qanday o'zgartirmasdan chiqargani uchun minnatdorchilik bildiraman). Xullas, “emas oson bu maydon ichra turmoq!” Bizda yo'qotib bo'lmayotgan yomon bir illat bor. Undan hamon qutula olmayapmiz. Hamon yov o'tib ketgandan keyin qilich ko'tarib “urxo-ur”ga qo'shilib yuguramiz… Shunday, hammamizda ham shiddat, mardlik, shijoat yetishmaydi. Men bu gaplarni iztirob, alam bilan aytayapman. To'g'ri, bir vaqt ancha-muncha keskin fikrlar bilan chiqqan paytlarim bo'ldi. O'zim ham bugun u davrlarni sog'inib qo'msayman… Xullas, ochig'ini aytganda, hozirgi tanqidchilikda shijoat yo'q. Gazeta-jurnallarni to'ldirib madhiya aytishdan charchamayotgan katta yozuvchilar, shoirlarni tanqid qila olamizmi? Boringki, keskin bir tanqidiy maqola yozdingiz ham deylik. Uni bosib chiqaradigan dadil muharrir bor deb kimni ko'rsata olasiz?   Xullas, ayb o'zimizda. Muammolarni bir chekkadan sanay boshlasak, kaltakning boshi eng avval o'zimizga tegadi. Mashoyixlar: “Pichoqni avval o'zingga ur, og'rimasa birovga ur!” deyishadi-ku!

Men bu gaplarni, muammolarni chetlab o'tish uchun aytayotganim yo'q. Adabiyot olamida paydo bo'layotgan yangi asarlarni ular yaxshi yoki yomonligidan qat'iy nazar, hammasini tahlil qilib bahosini berish faqat adabiy tanqidchining vazifasi emas. Mana, bugun to'la-to'kis ishlab turgan Akademiyamizga qarashli ilmiy-tadqiqot institutlaridagi o'nlab yetuk tadqiqotchi olimlar, ilmiy xodimlar birinchi navbatda bevosita adabiy jarayonni tahlil qilish, yangi asarlarni baholash bilan shug'ullanadi. Bu masalaning jiddiy tomonlaridan biri. Xo'sh, qaysi olim yoki tadqiqotchining “Matbuot menga o'rin bermaydi, yozgan maqolam yoki ilmiy ishimni yuzaga chiqarmaydi” deb shikoyat qilib yurgani yoki biron nufuzli anjumanda gapirganini eslaysizmi? Endi muammoning boshqa tomoniga ham nazar solaylik. Nega davriy matbuotda mavjud muammolar keskin tanqid qilingan o'tkir, dolzarb maqolalar – tanqidiy chiqishga yetarli e'tibor berilmaydi. Nega to'rtinchi hokimiyatning tashabbusi bilan ko'plab nashr etilayotgan zaif, nochor asarlarga baho berilmaydi? Endi xolis fikr ayting. Bu o'rinda kim ko'proq aybdor? Beg'am tanqidchimi yoki davriy nashriyotlardagi qo'lini sovuq suvga urgisi kelmaydigan tepsa tebranmas, faqat yuqorining qosh-qovog'iga qarab ish qiladigan mutasaddi o'rtoqlarmi? Nega matbuot to'rtinchi xokimiyat – Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, Ozod Sharafiddinovga o'xshagan murosasiz, jur'atli mualliflarni izlab topishmaydi?.. Ularning o'tkir qalami vositasida muammolarni dadil ko'rsatib, bong urilmaydi. Ko'ramizki, muammolar bugun tug'ilgan o'tkinchi narsalar emas va ularning yechimini topish xamirdan qil sug'urgandek oson bo'lmaydi.

Endi bevosita bugungi adabiy jarayon haqidagi ayrim kuzatishlarim bilan o'rtoqlashsam. Bugungi kunda faol ijod etayotgan Xurshid Do'stmuhammad, Usmon Azim, Erkin A'zam, Abduqayum Yo'ldoshev, Norto'xta Qilich, Isajon Sulton, Sobir O'nar, Shoyim Bo'tayev, Shodiqul Hamro, Jo'ra Fozil, Salomat Vafo, Shahodat Isaxonova va yana ko'p keyingi davr ijodkorlarining asarlarini o'qganimda ko'nglim yayrab ketadi. Keksa yozuvchimiz Muhammad Salom ham orqada qolayotgani yo'q. Uning izlanishlari, ayniqsa, “Zindondan sado”, “Katta xonadon” romani, “Kaprolaktam” publitsistik maqolasi iztirob, dard bilan yozilgan. Men keyingi bir-ikki hafta ichida Abduqayum Yo'ldoshevning “Jadid” qissasi, Ikrom Otamurod, Muhiddin Omonning yangi kitobi va Aziz Saidning “Vaqt manzili” she'riy manzumasini katta hayajon bilan o'qib chiqdim. Ayniqsa, “Jadid” qissasida tasvirlangan zo'ravonlik, makkorlik, yolg'on va'dalar bilan amalga oshirilgan inqilobiy voqealar 1917-1921 yillardagi xunrezliklar, xalqimiz boshiga yog'dirilgan son-sanoqsiz musibatlar, qatli-om manzaralarini o'qib qattiq ta'sirlandim. Ularda kuchli dard, hayajon bor. O'quvchi yuqoridagi asarlarni loqayd o'qiy olmaydi.

Men mazkur maqolada tarjimachilik borasidagi jiddiy og'riqli muammolarga ham to'xtalib o'tishni xohlar edim. Xudoga shukurki, ular ijobiy yechimini topib bormoqda. Tarjima kengashining tashabbusi bilan hazrat Alisher Navoiy asarlari va bir qator shoirlarning she'rlari taglamalar orqali jahondagi katta tillarga o'girilmoqda va ijobiy natijalarga   erishilmoqda. Ammo bu yerda ham jiddiy muammolar bor. Ana shu taglama-tarjimalarda asliyatdagi teran ma'nolar, san'atkorlik, majoziy timsollar to'la saqlab qolinganmi? Ular xorijdagi she'riyat, san'at muxlislarining qalbini larzaga solib, o'ziga asir qila oladimi? Hamma gap shunda. Loaqal Alisher Navoiy asarlarining ruscha tarjimalariga bir qo'r nazar solib ko'raylik. Taniqli shoir va yozuvchimiz Muhammad Alining guvohlik berishicha, “juda mashhur tarjimon Lev Penkovskiy (biz uni boshimizda ko'tarib siylaganmiz, ardoqlaganmiz. O.A.) Alisher Navoiyning asarlarini ruschaga tarjima qilayotganda, masalan “Layli va Majnun» dostoni tarjimasi jarayonida istamagan bobini tashlab, istagan bobini qo'shib, o'z holicha tarjima qilgan… Masalan, Majnunning Layliga, Laylining Majnunga yozgan maktublari (dostonning eng hayajonli, dramatik nuqtalari! – O.A.) tashlab ketilgan edi. Hayronman, bu holat “Evgeniy Onegin”da Tatyananing Oneginga, Oneginning Tatyanaga yozgan maktublari borligidanmi yoki bu maktublar shoirning mashhurligiga soya tashlashidan hayiqqanmi, (oddiy ichi qoralik, xasadgo'ylik tufayli! – O.A.) ishqilib “Layli va Majnun”dagi go'zal maktublar ruscha tarjimada yo'q. Shunda bizlarga nisbatan nopisand qarashlarni sezdim (“Yulduzning besh qirrasi” to'plami. Cho'lpon nomidagi NMIU” T., 2017 y., 37-bet.).

Hatto tarjimonlarning hasadgo'yligi, mas'uliyatsizligi tufayli mumtoz adibimiz Oybekning “Navoiy” romani tarjimasi ham juda qattiq qisqartirilgan ekan (bu haqda ulug' sharqshunos olim Ye.Bertels afsuslanib yozadi: “Russkiy, silno sokrashennqy perevod Aybeka, “Navoi”, M., 1946, str. 316 i sl. Izb.trudы: “Navai i Djami” izd. “Nauka”, GVL. M., 1965) Mazkur ma'lumotni o'qib, fig'onim falakka chiqdi. O'z vaqtida eng yuksak Davlat mukofoti bilan taqdirlangan buyuk yozuvchiga, buyuk asarga qardosh tarjimonlarimiz shu darajada mas'uliyatsizlik bilan qaragandan keyin boshqalariga nima deysiz?!

Yana bir misol keltiraman. Buyuk yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning “O'tgan kunlar” romani “Toshkentlik oshiqlar” nomi bilan o'tgan asrning 80-yillarida Berlinda chop etilgan edi. Turkiston muammolari bilan shug'ullanadigan ayrim mutaxassislarni hisobga olmaganda roman ko'p sonli nemiszabon o'quvchilar orasida shuhrat qozonmadi. Nega? Sababi oddiy: nemischa tarjima romanning Moskvada bosilgan chala nashridan yoki Toshkentda 1958 yilda asosiy joylari qisqartirilib, mayib-majruh holda chiqqan nusxasi orqali qilingan edi. Har ikki nashrda ham romanning shoh tomirlari qirqib tashlangani ma'lum. Asarning asosiy qahramonlaridan biri Yusufbek hojining ahil bo'lish o'rniga bir-birimizni qirpichoq qilib qirib yashasak erta-indin rus bo'yinturug'ini bo'ynimizga ilishga majbur bo'lamiz degan alamli xitoblari kitobda bemalol chiqishiga bolshevik sallotlar xotirjam qarashi mumkin edimi? Adibning cheksiz iztiroblari oddiy, jo'n melodramaga aylantirilgan mayib-majruh asar qaerda-yu, Abdulla Qodiriy yonib, dard bilan, ehtiros bilan yozgan ulug'vor roman qaerda?

Tarjima muammolari borasida aytiladigan dardli nuqtalar to'lib yotibdi. Bizda ulug' rus shoirlari A.Pushkin va M.Lermontovning asarlari 30-yillardagi qatag'onlardan oldin tarjima qilina boshlangan edi. A.Pushkin tavalludining 100 yilligi nishonlangan 1949 yilda to'rt jildlik sara kitoblari nashr etildi. Bu davrda buyuk shoirning ilk tarjimonlari Cho'lpon, Elbek, Usmon Nosirlar qatag'on qurboniga aylangan edilar. Shunda insof bilan yo'l tutildi. Usmon Nosir tarjima qilgan “Bog'chasaroy fontani” dostoni Hamid G'ulom tahririda bosildi. Tarjimoni ko'rsatilmagan holda Cho'lpon tarjimasidagi “Boris Godunov” dramasi Zulfiya tahriri ostida chop etildi (Elbek tarjima qilgan bolalarga bag'ish­langan asarlar nisbatan ancha bo'sh edi – ayrimlarini Mirtemir qayta tarjima qilgan. O.A.) 1954 yilda A.Pushkin asarlarining ana shu to'rt jildligi qayta bosildi. Bu gal taz­yiqlar kuchli bo'lgan shekilli, “Bog'chasaroy fontani” Usmon Nosir emas, H.G'ulom tarjimasida (!) e'lon qilindi. Shunda faqat Zulfiya opa mardona tura olganiga qoyil qolish kerak: U “Boris Godunov”   dramasiga faqat muharrir sifatida imzo chekkan! Asl tarjimon – Cho'lponning nomi ko'rsatilmagan, ammo Cho'lpon matni to'la saqlab qolingan. Bu ardoqli shoirimizning o'ziga xos katta jasorati edi.

Ustozlarimizning nodir tarjimalarga ana shunday katta ehtirom, sadoqat bilan qaray olgani hammamizga ibrat bo'lmog'i lozim. Endi dangal savol bersak bo'ladi: biz doimo e'zozlagan, hamisha boshimizda ko'targan hurmatli rus tarjimonlarida nega mas'uliyat hissi yetishmagan? Nega ular buyuk ijod namunalariga (!) loqaydlik, sovuqqonlik bilan qaraganlar? Bu savollar bizni og'ir o'ylarga toldiradi…

Men Hazrat Navoiy asarlarining hammasi shunday ag'darilgan demoqchi emasman. Rus tarjimonlari orasida hayriyatki Sergey Ivanovga o'xshagan jumard, halol ijodkorlar ko'p. Ularni har doim e'zozlash, izzat-hurmatini joyiga qo'yish, yaxshi an'analarini munosib davom ettirish muqaddas burchimizdir.

Xullas, bugungi taglama tarjimalarning hammasi yuksak darajada ekanligiga kim kafolat bera oladi? Menimcha, vaqt oliy hakam — o'zi ularni sinovdan o'tkazadi, o'zi saralab olib, avaylab asraydi. Chala tarjimalar qolib ketaveradi.

Tarjimaga qo'l uradigan kishi o'ta insofli, halol, vij­donli bo'lishi kerak. Bu hammaga ma'lum haqiqat. Aytaylik, Lev Tolstoy, Chexov asarlarini o'qib, asl mazmuni, mohiyatini chuqur anglab yetmay turib ularning san'atkorlik qud­ratini teran his qilmay turib bu ishga qo'l urish… yumshoq qilib aytsak, o'ta soddalik bo'ladi. Bundan tashqari siz tarjima qilmoqchi bo'lgan asaringiz avval tarjima qilingan emasmi, agar tarjima qilingan bo'lsa, bu ish qay darajada amalga oshirilgan? Siz undan o'tkaza olishga qodirmisiz? Bu jiddiy savollarni yaxshilab o'ylash lozim. Ma'lumki, tarjima og'ir mehnat va mas'uliyat talab qiladigan soha — oddiy kosibchilik emas, mashaqqatli san'at. Keyingi paytlarda ayrim havaskorlar tarjima san'atini o'ta jo'nlashtirib, g'arib ahvolga solib qo'yayotganini ko'rib, nima deyishni bilmay qolasiz. Masalan, “Ijod olami”   jurnalida (2017 yil, 1-son) buyuk Chexovning “Belolobыy” hikoyasi “Oq qanshar” nomi bilan e'lon qilindi. Hikoya ilk marta o'zbek tilida yozuvchining 1953 yilda nashr etilgan uch jildlik to'p­lamida (2-jild) bosilgan edi. Tarjimon E.Jabborov. Hozir bu ikki tarjimani muqoyasa qilishga imkon yo'q. Faqat aytishim mumkinki, avvalgi tarjima ancha ravon, silliq. Keyingisida sarlavhadan boshlab, har qadamda g'aliz jumlalarga qoqila boshlaysiz. Mayli, yosh tarjimon, asta-sekin o'rganib ketadi deyishingiz mumkin. Ammo hikoya oxiridagi “Ingliz tilidan Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi” yozuvini o'qiganingizdan keyin butunlay hafsalangiz pir bo'ladi. Qarang-a, butun olamga mashhur buyuk rus yozuvchisining nodir hikoyasi o'zbek tiliga asliyat tilidan emas, ing­liz tilidan “Afandi pishirgan sho'rvaning sho'rvasi” bo'lib tarjima etilganiga nima deysiz? Yosh tarjimon jahon tillarini qay darajada bilishini ko'z-ko'z qilmoqchi bo'lganmi? Yoki asar muallifi ingliz emas, rus yozuvchisi ekanini, hikoya rus tilida yozilganini bilmaydimi? Bunday pala-partishlik, mas'uliyatsizlikni oqlash mumkinmi? Boringki, havaskor tarjimon, o'zi bilib-bilmay xato qilgandir deyish mumkin. Unda butun mas'uliyat jurnal jamoasi zimmasiga tushmaydimi? Achinarlisi shuki, bunday pala-partishlik birinchi marta bo'layotgani yo'q. Avval ham gazetalarimizdan biri fransuz yozuvchisi Mopassan hikoyalarini ingliz tilidan ag'darilgan tarjimasini e'lon qilgan edi. Afsuski, bu illat tez bolalay bosh­ladi. Nufuzli jurnallarimizdan biri fransuz tilida yozilgan “Mansur Xalloj” romanini… fors tilidan ag'darib bemalol e'lon qildi. Afsuski, bu ajoyib “kashfiyot”ga ham hech kim munosabat bildirmadi. Tarjimadek noyob, nodir sohada ko'rinib qolayotgan bunday pala-partish ishlarni hech qanaqasiga oqlab bo'lmaydi.

Shu kunlarda kitob do'konlarida sotilayotgan Lev Tols­toy qalamiga mansub “Ilyos” va “Insonga qancha yer kerak?” hikoyalari ham ancha yillar oldin taniqli tarjimonlarimiz tomonidan o'zbekchalashtirilgan edi. Bugungi kunda ularni g'aliz bir alfozda qayta ag'darib, nashr etilishini hech qanaqasiga oqlab bo'lmaydi. Bu yuksak maqomga ko'tarilib borayotgan o'zbek tiliga, o'zbek tarjimashunosligiga, adabiyo­timizga hurmatsizlikdan boshqa narsa emas.

Xullas, tarjimachilik sohasida ham do'ppini olib qo'yib, ochiqchasiga gaplashadigan, bahslashadigan gaplarimiz ko'p. Sog'lik-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik bo'lsa ularga ham navbat keladi.

Ortiqboy ABDULLAYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi,

filologiya fanlari nomzodi, yozuvchi, tarjimon

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + eleven =