Mehnatdan shuhrat topib…

Vaqt shamoldek   o'tib boradi. Mana   bahor, yoz, kuz   o'tib, qishning ayozli   kunlari ham boshlandi. Tog'larga qor tushdi. Lekin Toshkent-Termiz avtomagistralidan   kelaverishda Kallamazor qishlog'idan   toki Sherobod shahrigacha   yo'lning chap tomonida turnaqator tizilib, noqulay ob-havo sharoitiga qaramasdan har biri   handalakday keladigan qop-qop   anorlarni sotayotgan qizlarga, ayollarga ko'zingiz   tushmasligiga ilojingiz yo'q.  

Safarga chiqqan har bir kishi   shu yerda to'xtab,   cho'g'dek tovlanib turgan   Sher­obod anoridan   xarid   qilmay o'tmaydi. Eng avvalo,   narxi cho'ntakbop,   kilosi sifatiga qarab besh,   o'n ming so'm arzon. Sababi, ular olib sotar emas, haqiqiy   dehqon-da!

Shu yil kuzning birinchi   oyida Qozog'istondagi   “TL Nika   Kegen” korxonasi vakillari vohaga   kelib “Sherobod anor   impex”   va Denovdagi   “Rossion   Vark” MChJlar   bilan 50 million   AQSh dollariga teng bo'lgan   shartnoma imzolashgandi. Bunga   ko'ra   Surxon diyorida   yetishtirilgan sarxil   anor, uzum,   xurmo, limon, pomidor   va ko'katlar eksport   qilinishi lozim. Bugungacha   22 ming tonnadan ziyod   meva va sabzavot mahsulotlari hamkorlarga yetkazib berilgan   bo'lib, buning eksport qiymati   o'n million AQSh dollaridan ortiqdir.

Quvonarlisi, hosil yetishtirish   taj­ribasi va saqlash   imkoniyati bo'lgan bugungi   dehqon yilning istalgan faslida   mahsulotini eksport qila   oladi. Bu borada Sherobod   tumanining tadbirkor dehqonlari   katta   tajribaga ega.   Buni quyidagi raqamlar   ham isbotlaydi. Tumanda 48 ta   mahalla fuqarolar yig'ini   bo'lib, shundan 33 tasida   istiqomat qilayotgan aholi   anorchilik bilan shug'ullanib keladi. Bosh­qacha qilib aytganda,   tumandagi tomorqador aholining   60 foizi anor   mevasi va ko'chatini yetishtirish hisobidan daromad ko'rishadi.   Oldinroq aholi tomorqasi hisobidan   ming gektarda anor   daraxti parvarish qilingan bo'lsa, endilikda bu raqam   3 ming gektardan ortiq. Tumandagi   dehqonlar salohiyatini va bu   yerdagi mavjud imkoniyatni   to'g'ri baholay olgan “Sherobod anor impex” MChJ   jamoasi korxonasini eng so'ng­gi   rusumdagi zamonaviy texnologiya   bilan jihozlagan. Bu   yerda 6 ming tonna anorni   qadoqlash, 2 ming   tonnasini esa   sharbatga   aylantirish imkoniyati mavjud.   Bu esa dehqonlarga ham, MChJ jamoasiga   ham mo'maygina daromad   keltiradi   degani.

Mutaxassislarning aytishicha, Sher­­obodning tuproq unumdorligi, iqlim sharoiti aynan anor yetishtirishga juda mos. Birgina misol, sherobodlik otaxon Abdurahmon Karimov nafaqada bo'lishiga qaramasdan o'g'illari, nabiralari bilan tomorqasida ming tup anorni parvarishlaydi. O'tgan yili 12 tonna anor olgan bo'lsa, bu yil usta bog'bon 15 tonna   sifatli hosil yig'ishtiribdi. Bundan   tashqari, qo'shni tuman   va viloyatlarni anor ko'chati bilan ta'minlaydi. Ha, otaxon bog'dorchilikning hadisini olganlardan.

— Bog'imizga eng   sara nav anor ko'chatlarini ekkanmiz. Faqat mehnatdan qochmasangiz, agrotexnikasini bilsangiz bo'lgani,   daromaddan bebahra qolmaysiz, — deydi Abdurahmon bobo Karimov. — Kelgusi yilning may oyi­gacha anor   mevasini saqlay olamiz. Bu yil, ayniqsa, men uchun juda omadli keldi. Oilasi, nabiralari uchun umrguzaronlik qilayotgan mendek bir mo'ysafidga Prezidentimiz farmoniga ko'ra “Mehnat shuhrati” ordeni   berishganini eshitib, boshim ko'kka yetdi. Bu birgina menga   emas, butun boshli Surxon   vohasi tomorqadorlariga, qolaversa, Sherobod anorchilik maktabi zahmatkashlariga berilgan yuksak   mukofotdir, — deydi u.

Safar OMON,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × two =