Mantiq ilmining vatani

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan buyuk ajdodlarimiz bor”, deb bejiz aytmagan edi. Ana shu ulug'vor so'zlardan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, bugungi askarlarimizga ta'lim berayotgan muhtaram ustozlar hamda o'sha oliyjanob askarlarimizning o'zlari ham “Qay yo'sinda bu muhtaram zotlar ulug'lik darajasiga yetdilar va qanday qilib, ular o'tgan ming yillikda bir emas, ikkita Uyg'onish davrini bunyod eta oldilar?” degan savollarga javob izlashlari tayin. G'arbda, albatta, bu davrlar Temuriylar Uyg'onish davri, Renessansi, degan nom sharaf qozongani biz uchun katta g'urur va iftixordir.

Yuqoridagi fikrlar shuni anglatadiki, garchi Amir Temur harbiy ustunlik uchun zamonaviy qurollar zarurligini his etib, bu yo'lda juda katta ijobiy o'zgarishlar yasagan bo'lsa-da, uning uchun dunyo­dagi eng noyob qurol – INSONning o'zi edi. Allohning buyuk mo''jizasi bo'lmish jonli quroldan foydalanishda undan o'tari yo'q, desak, xato qilmagan bo'lamiz. Uning odam qiyofasidagi qurollari turli soha vakillari bo'lib, ular turli ki­yimlarda, turli ko'rinishlarda faoliyat yuritar, bir paytning o'zida ularni dunyoning turli burchaklarida uchratish mumkin bo'lar va lekin hech qachon ularning bari Sohibqiron Amir Temurning olamning eng kichik nuqtalaridagi ko'zi ekanligi xayoliga ham kelmas edi. Bir paytning o'zida ular mohir savdogar, hotamtoy inson, islom dini vakili, oddiy darbon yoxud sartarosh va yoxud meshkob, farrosh, novvoy ham bo'lishi mumkin edi. Ayni paytda ular turli davlatlarda faoliyat yuritayotgan noyob qobiliyatli siyo­satchi va o'sha davlatning ishonchli kishisi ham bo'lishi mumkin edi. Va o'ylab ko'ring, “Birgina to'g'ri qaror va adolatli siyosat bilan ulkan maqsadga erishish mumkin bo'lgan joyda tig', quroldan foydalanish bem'anilikdir, deb hisoblagan Amir Temur yana ikkinchi jihati, Alloh taolo yaratgan begunoh odamlarning qonini to'kishni, ularni urushlar tufayli qirilib ketishlarini ortiqcha deb hisoblar hamda buni xiyonat o'rnida ko'rardi. Shu bois ham, u to'qqiz marta kengashib, faqat zo'r kelganda, qilich kuchidan foydalanishni majburiy hodisa, deb ang­lardi.

Ijodkor,ayni paytda boy tariximiz haqida ilmiy izlanishlar olib borayotgan To'lqin Hayitning “Mahmud Chjen kim edi?” maqolasi diqqatimizni tortmasdan qolmaydi. Unda aytilishicha, kelib chiqishiga ko'ra, yurtimizdan bo'lgan Mahmud Chjen degan shaxs 1404 yilda Xitoy harbiy dengiz flotining qo'mondoni edi. Min sulolasining shakllanishidagi juda katta xizmatlari evaziga unga “chjen”, ya'ni saroyning muhtaram kishisi unvoni berilgan va boysunlik bu shaxs tarixda shu nom bilan shuhrat qozongan edi. Biz esa tariximizdagi ana shu sulola vakillari haqida hech qanday ma'lumotga ega emasmiz.

Ammo shu narsa aniqki, 1404 yilda Xitoy yurishiga hozirlik ko'rayotgan Sohibqiron Amir Temur aynan shu qo'mondon haqida to'la ma'lumotga ega edi, chunki hukmdor g'alabaga omil bo'luvchi birorta narsani ham, hatto bitta xasni ham nazardan qochirmagan. Mahmud Chjen u zotga yordam berishi mumkin emas, degan savolga unchalik ishongingiz kelmaydi. O'ylashimizcha, bu inson haqida kengroq tadqiqotlar kerak.

Gapning qisqasini aytganda, ikkinchi Uyg'onish davri o'z-o'zidan yuzaga chiqqan emas, unda Amir Temur va Temuriylar hissasi juda ham katta.

Haqli savol tug'iladi: endi o'zimiz-chi?! O'zimiz Uchinchi Renessansning poydevorini barpo etish yo'lida qanday muhim ishlarni amalga oshirishimiz kerak?

Harbiy talabalarimizga saboq berayotgan muhtaram o'qituvchi, ustozlarimiz ularning oldilariga ana shunday mantiqiy savolni ko'ndalang qo'yib, har birlarini fikrlashga, chuqurroq o'ylashga va mantiqiy javoblar topishga undaydilar.

Sulton ul-orifin, hazrat Ahmad Yassaviy shogirdlariga umri poyoniga yetayotganini aytganda, ular xomush tortishib:

– Pirim, endi   sizning bilimlaringizni kimdan o'rganamiz? – deb so'rashdi.

Pir javob qilibdilar:

– O'zingizdan   izlang!

Hayot   sabog'i bu: saodatni ham, g'amni ham o'zingizdan izlang, chunki kim ulug'likka erishgan bo'lsa, avvalo, o'zi sababchi, kim g'am botqog'iga tushgan bo'lsa, o'zining kaltabinligi oqibatidir.

Dunyodagi zo'ravon va tajovuzkor kuchlar qaysi xalqni bo'ysundirmoqchi bo'lsalar, uning yana bitta zo'r quroli –   mantiq ilmidan ayro etishga, askarlarining qalbidan milliy qadriyat va an'analarini, tarixi va ma'naviyatidan tamoman bebahra etish uchun tish-tirnog'i bilan qattiq va ayovsiz harakat boshlaydilar.

“Temur tuzuklari”da mashhur so'z bor: “Tajribamda ko'rilganikim, azmi qat'iy, tadbirkor, hushyor, mard, shijooatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir. Chunki tajribali kishi minglab kishiga ish buyuradi”.

Diqqatingizni “Temur tuzuklari”dagi yana bir ahamiyatli bo'lim – “Askarni eng quyi martabadan oliy martabagacha tarbiyalab ko'tarish tuzugi”dagi:   “Sipohning aslu nasabiga ham qarash kerak”, degan fikrga ham jalb etmoqchimizki, bu ham nazarimizda behuda emas. Naslu nasabi toza deganda, kimlarni tushunamiz. Alabatta, birinchi galda ilmni qadrlab, o'zi ham olim va yetuk inson darajasiga ko'tarilib, bolalarini ham komil inson sifatida shakllantirgan oilani, ota-onani tushunamiz.

Shu bois ham, Amir Temur mamlakatda mantiq ilmini rivojlantiish uchun 1380 yilda yirik olimlardan biri Sa'duddin Taftazoniyni va 1387 yilda mashhur olim Mir Sayyid Sharif Jurjoniyni o'zining go'zal va betakror poytaxti bo'lmish Samarqandga taklif etib, ularning ilmidan, faylasuf qarashlaridan, mamlakatni rivojlantirish, xalqni adolat bilan boshqarish yo'lidagi ilmiy asarlaridan o'rinli foydalanishga erishdi.

Gap shundaki, o'tgan XX asrning   boshlarida turmushning barcha sohalarida boshlangan texnokratik jarayonlar hozirgi vaqtga kelib, jadal rivoj­lanib bormoqdaki, bu narsa askarlarimizni ham ogohlikka chaqiradi, chunonchi inson bajarishi kerak bo'lgan   aqliy va jismoniy yumushlarning avtomat-robot va kompyuterlar tomonidan bajarilayotgani, albatta, ijobiy holat, bu yangi taraqqiyot, yangi olam, inson mehnatining yengillashuvi va omilligi demakdir, ammo nishonning orqa tomoni bo'lgani singari, har bir yangilikning muammoli jihatlari ham mavjud: texnikaga mukkasidan ketgan kishida o'z ustida ishlash tizimiga putur yetishi mumkin, bizning qo'lida qurol tutgan pahlavon askarlar ham fikrlovchi aqlli bahodirlar bo'lib, bu muammoni nazardan qochirmaydilar va tushunadilarki, inson tanasidagi asosiy tizimda “dangasalik”, ya'ni “bu mening ishim emas, buni kompyuter bajaradi”, degan iddao paydo bo'lsa, barkamollikka intilish­lari ham faqat biryoqlama bo'lib qoladi. Bunday tahlikali   vaziyatlarda qo'lida qurol tutgan askarlarimiz mantiq ilmi bilan ko'pdan-ko'p texnokratik jarayonlar tufayli o'z xotiralarida to'planib qolayotgan ortiqcha xabarlardan paydo bo'ladigan zo'riqishlarni, ruhiy qiyinchiliklarni bartaraf eta oladilar. Demak, darslik, qo'llanma yozayotgan hurmatli olimlarimiz, professor-o'qituvchilarimiz muammoning ana shu jihatiga e'tibor berib, bu dardning ertaga gazak olib ketmasligi uchun bugun unga malham bo'ladigan chora-tadbirlarni topa bilishlari ham zarur. Bizning oldimizda ham shunday masala ko'ndalang turgan ekan, demak, Vatan himoyasini muqaddas bilgan askarlarimiz ongida insoniyatga mehr-muhabbat, barcha muqaddas tushunchalarga nisbatan xushkayfiyat, ongli munosabat o'yg'otadigan holatni vujudga keltirmog'imiz lozim.

N.Kamalov,

O'zbekiston Respublikasi

Qurolli Kuchlari akademiyasi o'qituvchisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × five =