Komillik sari yo'l yoxud “Majburiy obuna” deb ixtiyoriy obunani qanday yo'qotdik?

Kitobxonlik, kitob mutolaasiga e'tibor nega muhim? Nega bu davlat siyosati darajasigacha ko'tarilyapti? Chunki ezgulik, yaxshi amal borki, ma'rifat bilan, ma'naviyat bilan tatiydi. Jamiki yaxshiliklarning poydevori ta'lim-tarbiya bilandir. Ta'lim-tar­biyani esa kitobsiz, mutolaasiz amalga oshirib bo'lmaydi.

Xo'sh, bugungi kitobxonlik darajasi qanday? Yashirishga ne hojat, bugun kitob o'qiydiganlar ko'pdir, ammo o'qimaydiganlar ham kam emas. Gazeta-jurnalni qo'liga hatto ushlab ko'rmaganlar millionlarni tashkil etadi. Bugun bu millionlarning qo'lida telefon, qulog'ida – quloqchin, fikru xayoli esa oson pul topishda!

Bunday avlodni yetishtirgan o'zimiz. Uzoq yillar ma'rifatni siyqa, biryoqlama talqin qilgan ham o'zimiz.

Achinarlisi, “Bizga gazeta-jurnal nimaga kerak, uning umri tugadi”, deguvchilar paydo bo'ldi.

“Majburiy obuna” deb yoshu qarini chalg'itgan, yurtimizdagi 10 mingdan ziyod maktablarni ma'rifat nuri – matbuot nashrlarisiz qoldirgan, obuna uyushtirgan xalq ta'limi bo'limi mudirlarini ishdan haydagan ba'zi bir amaldorlar o'zlaricha haqlar: innovatsiya, zamonaviy texnologiyalar…

E, kosmosga uchsang ham matbuotdan xabardor bo'lishning ne ziyoni bor, janob!, — deydigan mard bor ekan, hayriyat!

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev ana shu masalaga ham qat'iy fikrini, munosabatini bildirdi: “Majburiy obuna”, deb biz ixtiyo­riy obunani ham yo'qotdik”.

Ilk qadam…

Esimda… O'shanda boshlang'ich sinfda o'qir edim. Sinfimizga “G'uncha” jurnali kelgan. Sinfdoshlar uni navbatma-navbat o'qir edik. Jurnalni ilk bor qo'limga olganim hech yodimdan chiqmaydi. Bir-ikki yil o'tgach, “Gulxan” jurnalini o'qiydigan bo'ldik. Bu jurnalni ham birinchi ushlaganimda avvalgisidan ham kuchliroq ta'sirlangandim. Abadiy xotirimga muhrlandi. Dilimdagi jo'shqinlikni ta'riflay olmayman. Jurnalni varaqlar ekanman, shunaqa berilib o'qirdimki, tasavvurimda bir olam gavdalanardi. Bu olam badiiylikka hamohang edi. Buning ta'siri ostida badiiy kitobga berildim. Darsdan keyin yo maktab, yo mahallamizdagi mo''jaz kutubxonadan olgan kitobni qo'ltiqlab qaytadigan bo'ldim. Mutolaa eng sevimli mashg'ulotimga aylandi. Uning ta'siri ostida oq qog'ozni qoralay boshladim. O'qituvchimiz har bir o'quvchidan katta bo'lgach, qaysi kasb egasi bo'lishini so'rab, sinf jurnalining eng oxirgi sahifasiga yozib qo'yardi. O'shanda “jurnalist bo'laman” deganimda barcha sinfdoshlarim ajablanganday, “yarq” etib menga qarashdi. O'zim ham biror nojo'ya so'z aytib qo'ydimmi, deb o'ng'aysizlandim…

Buning sababini o'shanda tushunmagan ekanman. Endi o'ylasam, bu kasbning naqadar ulug' va mashaqqatli ekanligi bois sinfdoshlarim menga boshqacha qarashgan ekan chog'i.

Yaxshi niyat va ezgu amal, albatta, o'z samarasini berar ekan. Bugun bolaligimda sirli va g'aroyib ko'ringan ijod olamidaman. Shu o'rinda, oxirgi paytlarda o'zim hayotda ko'p bora duch kelayotgan ayrim mulohazalarni bo'lishmoqchiman. Jumladan, internet saytlarda ko'zim tushgan quyidagi murojaatga e'tibor qaratsak:

“Besh yashar o'g'lim “O'rgimchak odam”, “Kapitan amerika”, “Uch bahodir”, “Betmen” bo'lib yuguradi, sakraydi, shularning kiyimini kiyadi, rasmlarini chizadi. Men cheklamoqchi bo'laman. Lekin ularning o'rniga nimani taklif qilishni bilmayman. Kuzatishlarimdan ayonki, shu yoshdagi boshqa bolalar ham aynan shunday holat bilan o'zlarini xursand qilib, vaqtini chog' etadi.”

Ha, bugungi avlod shunday voyaga yetmoqda. Televizorda ham, kompyuterda ham “o'sha qahramonlar”. Taajjub, nahot bizda bolalarimiz qo'liga tutqazadigan, ularni qiziqtira oluvchi kitob topilmasa, milliy ertaklarimiz bo'lmasa… Vatanparvarlik, insonparvarlik, mardlik, sadoqat kabi umuminsoniy tuyg'ular singdirilgan milliy qahramonlikni aks ettiruvchi adabiy asarlarimiz topilmasa… Shunda ko'z oldimda beixtiyor yuqorida yodga olgan bolalik davrim gavdalandi…

Bolalar bo'yicha milliy dasturimiz bormi?!

Ma'lumki, “Gulxan”, “G'uncha” jurnallari va “Tong yulduzi”, “Klass” (rus tilida) gazetalari respublika markaziy bolalar nashrlari hisoblanadi. Har qanday iste'dodni kashf etuvchi ham shu – bolalar gazeta va jurnallari bo'ladi. Ular ne-ne el ardog'idagi taniqli adiblarni kashf etmadi, deysiz. Ayni paytda ham bu nashrlarda qanchalab tajribali ijodkorlar bolalar uchun qalam tebratib kelmoqda. Qanchalab yosh iste'dodlar shu nashrlar bag'rida bo'y cho'zmoqda. Qancha yoshlar Davlat mukofotlari sohib va sohibalari bo'lishmoqda. Respublika va xalqaro tanlovlar ishtirokchisi hamda g'olibiga aylanmoqda. Bir so'z bilan aytganda, yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo'lgan barchaning qadrdon nashrlaridir. To'g'ri, ular qatorida bolalar uchun MChJ shaklida chop etilayotgan bir qancha nashrlarni ham sanab o'tishimiz mumkin, ammo ularning mezoni, nashr etish bo'yicha mazmundorlik ko'lami ta'kidlab o'tilgan yuqoridagi to'rtta bolalar nashrlari barobarida deya olmaymiz.

Aytishim joizki, “Gulxan” yo “G'uncha” jurnali qo'limga tushib qolgudek bo'lsa, ochig'i, hozir ham o'zimda g'ayrioddiy hisni tuyaman. Bu nashrlar ulg'ayayotgan yangi avlodning yoshlariga mos bosqichma-bosqich taqsimlangan holda chop etiladi. Ular o'z o'quvchisining respublika miqyosida tengdoshlararo sirdoshi desam mubolag'a bo'lmas. Bu jurnallarda ayni davrning bolalar adabiyoti vakillarining hali oxori to'kilmagan, kitob yo boshqa nashrlarda e'lon qilinmagan qaynoq ijod namunalari berib boriladi. Bundan tashqari jahon bolalar adabiyoti namunalaridan yangi tarjima asarlari ham o'rin oladi.

Xo'sh, unda yuqoridagi masalamizga javobni qaerdan izlaymiz? Mamlakatda nechchi yillik tarixga ega shuncha bolalar nashrlari bo'lsayu, nahot ularda chop etilgan va keyinchalik shu mualliflarning ijod namunalari kitob shaklida bosmadan chiqqan bo'lsa-da, birortasi qahramonlik darajasida obraz yarata olmagan bo'lsa. Gap nimada? Hozirgi bolalar adabiyotimizda nechta milliy qahramonimiz bor? Agar bo'lsa, ularni bolalar biladimi? Bugun bolalar adabiyoti qay ahvolda? Umuman, bolalar bo'yicha aniq mafkuramiz, ideologiyamiz, milliy dasturimiz bormi? Bu bilan kimdir shug'ullanayaptimi?!

Ochiq aytganda, bolalar nashrlarida ham, bolalar adabiyoti vakillarida ham bugungi kunda muhim oqsoqlik bor. Oqsoqlik shundaki, ular nashrlardagi bolalar publitsistikasida ham, nashr etilayotgan badiiy adabiyotlarda ham bir jihat hisobga olinmaydi. Go'yoki, bolalar adabiyoti va bolalar nashrlaridagi g'oya­viy uslub o'n yoshgacha bo'lgan bolalar qarashi bilan o'lchanadi. Katta yoshdagi, ayniqsa, o'smir yoshdagi bolalarni unutib qo'yayotgandek, go'yo. Bu juda katta xatolikdir. E'tibor berib kuzatsak, nashrlardagi barcha adabiyot ham, publitsistika ham aynan shu nuqtai nazardan kelib chiqiluvchi qo'lyozmalar. Axir o'smirlik, ya'ni 14-16 yosh oralig'idagi yoshlar uchun qanday adabiy qo'llanmalar chop etilyapti. Ayni shu yoshda o'quvchi yuragi jo'shqin pallaga kelib, ota-onaga, oilaga, vatanga bo'lgan tuyg'ularini, qahramonlik hissini uyg'otuvchi manbaga ko'proq ehtiyoj sezadi. Ko'proq shu mavzudagi filmlarni tomosha qiladigan bo'ladi. Kerak bo'lsa, ularning qalbida muhabbat kurtaklana boshlaydi, ya'ni o'zi uchun qadrli bo'lgan go'shaga, qadrli bo'lgan insonlarga nisbatan ajib tuyg'ular uyg'ona boshlaydi. Shu uyg'ongan tuyg'ularni to'g'ri shakllantirish uchun manba sifatida biz ularga nimani tortiq etamiz? Demak, o'zimizdan jo'yali hech nima topa olmagach, chetdan kirib kelgan turli manbalardan foydalanib, ong ostini o'shalar bilan to'­yintiradi. Yuqoridagi kabi ajnabiy qahramonlarga taqlidan o'zini qahramon his etib, shularning ortidan ergashadi. Aytib o'tganimizdek, bola 5-6 yoshdanoq o'sha qahramonlarga taqlid qilishar ekan, o'smir paytiga kelgach, ularga nimani o'rnak qilib ko'rsatamiz? Bunda esa o'z-o'zidan internet va televidenie yoshlarimiz uchun muhim yordamchi kuch sifatida tayyor.

Bu borada bir paytlari “Maktab kutubxonasi” nomi ostida chop etilgan ko'plab adabiyotlarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Masalan, X.Andersen, A.Dyuma, A.Pushkin, N.Gogol singari ko'plab jahon adabiyotining vakillarini va A.Qodiriy, A.Qahhor, G'.G'ulom, X.To'xtaboyev, T.Adashboyev, Tohir Malik kabi ko'plab adiblarimiz nomlarini sanab o'taveramiz. Ularning ijodiy merosi hozirgi kunda ham yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo'lgan o'quvchi tomonidan sevib o'qiladi. Lekin… hozirgi bolalar adabiyoti namoyandalarining ijod mahsulini qo'lga olsangiz, faqatgina yuqorida aytganimizdek, o'n yoshgacha bo'lgan bolalargina o'qishi mumkin, undan kattalari esa mazkur adabiyotlarni o'qiyman desa o'zini shu asar mo'ljallangan yoshdan o'tgan hisoblaydi. Ular buni “hazm qilish”ni o'zlariga ep ko'rishmaydi. Bizda adiblarimiz 12 yoshdan yuqori qatlam o'quvchilarning ichki olami va dunyoqarashini ham hisobga olishsa, adabiyotimizdagi ayni shu kemtik joy to'ldirilgan bo'lardi.

Xudoyberdi To'xtaboyev, Farxod Musajonov, Anvarjon Obidjon kabi yozuvchilarning o'smir yoshdagi bolalar hayotiga oid bir qancha asarlari ma'lum. Ammo bugungi zamonaviy o'zbek adabiyoti bu borada ancha orqada, desak xato bo'lmasa kerak.

Keyingi asosiy va muhim muammo – bu, yuqorida keltirib o'tilgan bolalar nashrlarining adadi masalasi.

Statistika ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekis­tonda 4 yoshgacha bo'lgan bolalar aholining eng katta guruhi. 10 yoshgacha bo'lganlar bilan qo'shib hisoblansa, bolalarimiz 10 milliondan oshadi. Bu – bundayroq davlatning aholisidan ham ko'p, degani. Agarki, bunga o'smir yoshdagilarni ham qo'shadigan bo'lsak, 15-16 millionga yaqin degani. Endi o'ylab ko'ring, millionlab o'quvchilarimiz bo'lsa-yu, ular uchun chop etiladigan nashrlar adadi yuz ming u yoqda tursin, o'n mingga ham yetmasa, biz uchun, millat uchun – bu, isnod emasmi? Hatto chekka hududlarga borib qolsangiz, maktab o'quvchilari o'zlari uchun qanday nashrlar borligini bilishmaydi. Shunday ekan, ular o'z nashrlarining nomini bilmay turganda, milliy qahramonlarimiz haqida qanday tasavvurga ega bo'lishsin? Bu ketishda kelajakdan nima kutamiz? Axir shu avlod ko'z ochib-yumguncha hayotga kirib keladi. Ularning ongi nimadan suv ichayapti? Komillik sari yo'limiz shu darajada abgor holga kelib qolganmi? Ahvol shu darajaga kelib qolishiga kim aybdor?

* * *

Qani endi aqlini tanigan bola dastlab “G'uncha” jurnalini qo'lga olsa, so'ng “Tong yulduzi”, “Klass” kabi gazetalarning va “Gulxan” jurnalining o'quvchisiga aylansa edi. Keyingi bosqichlar esa “Yoshlik”, “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti”, “Tafakkur”, “Ma'naviy hayot”, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Hurriyat”, “XXI asr”, “Ishonch” va shu bilan birga boshqa bir qator zalvorli nashrlar o'quvchisiga aylansa. Gazetxonlik, jurnalxonlikdan so'ng, millatimiz bo'ylab haqiqiy kitobxonlik madaniyatini shakllantirib, asl badiiy kitob mutolaasiga yo'l ochgan bo'lamiz. Qani endi, har bir yoshning, har bir insonning sevimli yozuvchisi, sevimli asari, sevimli qahramoni, sevimli nashrlari bo'lsa…

Aytmoqchi bo'lganim, mamlakatimizda ta'lim muassasalari singari har bir davlat xizmat ko'rsatish muassasasi, tashkilot va idora apparati bo'lsin, o'zining maxsus kutubxonasini tashkil etsa. Shu kutubxonaga har bir xodim uchun kuniga bir soat mutolaani majburiy etib belgilab qo'yilsa. Ana shunda komillik sari dadil qadam tashlagan bo'lamiz.

Shuningdek, bunga eng avvalo, bevosita Res­publika Ma'naviyat va ma'rifat markazi ham o'zini daxldor hisoblasa, yaxshi bo'lardi.

Bekmurod BARDOSh,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three − 2 =