Haqiqat bahslarda tug'iladi, yaxshi maqola esa tahlilda

Matbuothayot ko'zgusi. Mamlakat miqyosidagi yangilik­lar, ijtimoiyiqtisodiy hayotdagi o'zgarishlar, odamlar turmushidagi yaxshiyomon voqea, hodisalar jurnalistlar sa'yharakati bilan ommaga etadi. Binobarin, ko'pchilikka daxldor masala borki, matbuot xodimidan sinchkovlikni talab etadi. To'g'ri, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda “shov-shuv”ga asos­langan turli maqomdagi   yolg'on-yashiq xabarlarga qiziquvchilar ko'p. Ammo jurnalistikada muammoga sabab bo'lgan holatlarni aniqlashda bir tomonlama xulosa o'zini oqlamaydi. Shu o'rinda kamtarona tajribamdan kelib chiqib aytamanki, tahliliy maqolalarning ta'siri ko'proq. Chunonchi, sovuq tushishi bilan tahririyatga kelib: “Gaz yo'q, chiroq tez-tez o'chayapti, nimaga bu muammolarni yoritmaysizlar”, deya iddao qiluvchilar ko'payib qoladi. Bundaylarni gazeta emas, gazetaning kuchidan foydalanish qiziqtiradi.

Yangi barpo bo'lgan bir ko'chada yashovchilar simyog'ochlar o'rniga xodalardan foydalanishayotgani, elektr simlari tomorqalar aro hamda daraxtlar orasidan   o'tkazilgani, simlar osilib qolgani, bunga elektr ta'minoti korxonasi xodimlari e'tiborsizlik qilayotganidan shikoyat xati yozishgan. Ayrim kasbdoshlar, bop­lab yozadigan mavzu ekan, deyishdi. Xo'p,   “boplab yozdik” deylik. Javob so'rab yana o'sha aholining arziga quloq solmayotgan   elektr tarmoqlari idorasiga murojaat qilamizmi? Shikoyat yuzasidan voqea joyida bo'ldik. Odamlar bilan suhbatlashildi. Ko'p kishilar uylarining kadastr hujjatlarini qilib ulgurishmagan. Yangisiga almashtirilgan simyog'ochlar yonida hali eskilari olinmay turibdi.

Eski sim­yog'ochlar sanab chiqildi. Ko'pchilik   yetishmayotgan yangi simyog'ochlar o'rniga eskilaridan foydalanib turish kerakligini aytishdi.

Ammo elektr ta'minoti mas'­ullari, bu simyog'ochlar yaroqsizligi uchun hisobdan chiqarilgan, deb turib oldilar. Tomonlar o'zaro kelishib viloyat hokimligigacha murojaat xati yozishga kelishdilar. Nihoyat, tegishli tashkilot rahbarlari, mahalla faollari, aholi birdamligida muammo hal bo'ldi — yetishmayotgan yangi simyog'ochlar keltirildi. Shu jarayon tahlil qilingan maqola gazeta yuzini ko'rgach, ish yanada jonlandi. Odamlar elektr energiyasidan bemalol foydalanadigan bo'ldilar.

Tahririyatimizda bir maktab direktorining vazifasiga o'ta sovuqqonlik bilan qarashi, o'qituvchilar faoliyati tamomila nazoratsiz qolgani, o'sha rahbar yuqoridagilar ta'sirida tayinlanganligi xususida shikoyat xati oldik. Shunga asosan masala atroflicha o'rganildi. Avvalo, maktab ko'rsatkichlari tahlil qilindi. Barcha o'qituvchilarni yig'ib munosabatlarini eshitdik. Masalaga tuman hokimligidagi soha mutasaddilari ham jalb etildi. Natijada “Hamma biladi, hamma jim” nomli maqola e'lon qilindi va noloyiq rahbar faoliyatiga chek qo'yildi. To'g'ri, shikoyat xati o'z isbotini top­­di. Ammo aksi ham bo'lishi mumkin edi. Aytmoqchimanki, faqat jiddiy tekshiruv, surishtiruv natijasidagina tahliliy, tanqidiy maqola yuzaga keladi.

Oilaviy mojarolar barcha zamonda ham muhim mavzu bo'lgan. Faol gazetxonlarimizdan biri jiyanining oilasi buzilish arafasida ekanligidan tashvishdaligini aytdi, hatto aybdorga: “Gazetaga yozib sharmandangni chiqaraman” deganini ham qistirib o'tdi. Voqea bunday: Halima qo'shnisi Gulbegim bilan juda inoq ekan. Gulbegimning turmush o'rtog'i vafot etgani uchun Halimaning eri Vahobjon og'ir yumushlarni bajarishda doim unga qarasharkan. Vahob Halimaga bir necha bor, endi Gulbegimnikiga chiqmayman, u anaqaroqqa o'xshaydi deganida, xotini: “Bechora bir ayolni haqorat qilmang”, deb turmush o'rtog'ini koyigan ham ekan. Vaqt o'tib Gulbegim ularnikiga o'z uyiga kirgandek kirib-chiqadigan, endi xotin bunga e'tiroz bildirsa, er qo'shnisining yonini oladigan bo'libdi. Bir kuni Halima ko'rpalik paxtalarni tituv sexiga olib bormoqchi bo'lib tursa, Gulbegim bir quchoq paxta olib chiqib, shu uchun ovora bo'lmay, shuni ham chiqarib keling, debdi. Halima paxtalarni aravaga ortib sexga jo'nabdi. Qaytganida uyida eri Gulbegim bilan dasturxon atrofida gurunglashib o'tirganmish. Halima qo'shni ayolning qandaydir kulgili gapdan “xo-xo”lab kulib, yonboshlab qolganligini ko'rib hayron qolibdi. Yana u hech narsa bo'lmagandek, Halimaga: “Qaynonangiz yaxshi ko'rmas ekan, ovqat tugaganda keldingiz” deya hazillashibdi ham. Shu-shu Halimaning tinchi buzilibdi. Eri bilan o'rtalaridagi mojarolardan tushkunlikka tushganidan hatto o'z joniga qasd qilmoqchi ham bo'lgan ekan. Halima bilan suhbatlashib masala mohiyatiga yetdik. Oqibatda   gazetada “Chegalangan ko'ngil” nomli maqola e'lon qilindi. Unga bergan maslahatlarimiz natijasi o'laroq maqolada ifodalanganidek, o'zini faqat uy yumushlariga ko'mish bilan cheklanmay, ayol sifatida o'ziga qaraydigan, oro beradigan, eriga munosabatda shubha-gumonlarga o'rin bermaydigan, qo'shnisi Gulbegimday birovning uyida o'zini befarosatlarcha tutadiganlardan uzoqlashadigan bo'libdi. Yaxshigina hunari tikuvchilik bilan shug'ullanib, qishloq kasanachilariga qo'shilibdi. Undagi bu o'zgarishlarni qaerdan bildingiz, dersiz. Ayolning eri tahririyatga keldi, bir maqola sharofati bilan oilasi saqlanib qolganidan mamnun bo'lib gapirdi.

Umuman, “Guliston hayoti” gazetasi muxlislari barcha sohada borligidan faxrlanamiz, ular oldida mas'ulligimizni doimo his qilgan holda ishlaymiz.

Bahriniso NORJIGITOVA,

“Guliston hayoti” gazetasi bosh muharriri,

“El-yurt hurmati” ordeni sohibasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 12 =