Bizni qanday “qo'lga olishdi?”

Yoxud xalqparvar militsiya xodimlari oddiy odamlar bilan qanday gaplashadi?

 

Bugungi kunda chekka hududlarni qo'ying, poytaxtimizda ham xizmat vazifasini o'tayotgan militsiya xodimlarining ham tibbiy niqoblarsiz faoliyat olib borayotganiga ancha bo'ldi. Metrolarda, ko'chayu, odamlar gavjum bo'lgan xiyobonlarda, bozorlarda tibbiy niqobsiz yurgan fuqarolardan niqob taqish­lari so'ralmay qo'yildi hisob. Mana shunday vaziyatda odamlarda, demak, niqob taqish yoki taqmaslik “ixtiyoriy” bo'lib qolibdi-da degan xulosa kelib chiqishi tabiiy. Ammo hamon bu tartibga amal qilish qat'iy talab etilayotgan hududlar ham yo'q emas. Masalan, Farg'ona viloyatining Yozyovon tumani.

Ochig'ini aytsam, shu tumanda tug'ilib o'sganligim bois bu yerga ko'p boraman. Axir aziz ota-onam, barcha yaqinlarim shu makonda. Bir oy bormasam sog'inib qolaman. Ammo har gal borganimda tushunarsiz holatlarga duch kelaveraman. Gapni ochiqroq davom ettiradigan bo'lsam, Yozyovonning markaziy ko'chalarida goh-gohida paydo bo'lib qoladigan militsiya xodimlari odamlarni tibbiy niqobsiz harakatlanayotganligi uchun jarimaga tortayotganliklari hamyurtlarimning noroziliklariga sabab bo'lmoqda. Norozilikning asosiy sababi nimada deysizmi?

Karantin qoidalariga amal qilish so'ralayotgan ekan, nega bozorlarga kirishda antiseptik vositalar qo'yilmagan? Sotuvchilardan nega tibbiy niqob va qo'lqopda bo'lish­lari doimiy ravishda talab etilmayapti? Hokimlik tomonidan o'tkazilayotgan tadbirlarda nega hammaning niqobda bo'lishi hamda oraliq masofani saqlashlari so'ralmayapti? Lekin ko'chada niqobsiz odamlarni “ov” qilish to'xtamayapti. Aslida militsiya xodimlarining asosiy maqsadi nima? Chindan ham birinchilardan bo'lib koronavirus qayd etilgan bu tumanda kasallik yana keng tarqalishining oldini olishmi yoki asosan mavsumiy ishda ishlaydigan va ishsizlik soni yuqori bo'lgan yozyovonliklardan ko'proq jarima undirishmi?

—Vaziyat biroz yaxshilandi deb beparvo bo'lish yaramaydi. Buyoqda yangi shtamplar paydo bo'lyapti degan gaplar bor. Mayli, buni tushunamiz. Biroq jarima yozayotgan xodimlarning o'zi nega karantin qoidalariga amal qilishmaydi? Nima uchun ularning o'zlari fuqaro bilan oraliq masofani saqlab gaplashmaydi? Intizom nizomi bo'­yicha o'zini tanishtirishini-ku aytmay ham qo'yaveraylik. Ashaddiy jinoyatchi bilan muomala qilayotgandek jerkib gapirishadi. Bunday holatlar qaytarilavergach bosiqlik bilan tushuntirish olib borib, fuqaroni to'g'ri yo'lga targ'ib qiladigan, chinakamiga xalq suyanchig'i bo'ladigan militsiyalar faqat televizorda bo'lar ekan degan fikrning kelib chiqishi aniq, – deyishmoqda bugun ko'p­lab yozyovonliklar.

Yashirmayman, niqob taqmaganligim uchun bundan bir ikki oy burun tuman markazida, Yozyovon shaharchasi uchastka noziri meni ham “qo'lga oldi”. Birinchi so'zidanoq “sen” deb gap boshlashi asabimni buzgan bo'lsa, burni-burnimga tegar darajada yaqin kelib, yelkamni turtib gapirishi ortiqcha edi. “Sal muomala bilan gaplashaylik o'rtoq leytenant, intizom bo'yicha avval o'zingizni tanishtirib, qaysi qoidani buzganligimiz haqida madaniyatli odamga o'xshab tushuntirsangiz, Xudoga shukur, tushunadigan odammiz” deyishimni bilaman, qo'li peshonasiga yetar yetmas “chest” berib, avvalgidan ham balandroq ovozda do'q urib “Otim Hayotbek, familiyam Xayitov, sentr uchastkavoyi desang hamma taniydi. Shunday gaplashish kerakmi sen bilan”, deya o'dag'aylab ketdi. Rasmiylashtirilgan jarima qog'oziga esa yuqorida keltirilganidek, tibbiy qo'lqopsiz foydalanib kelayotgan o'zining ruchkasida imzo chekishga majbur qildi. Mayli, bu bo'yicha hech qaerga davo qilmadim. Katta ko'chada yoqamdan tortqilab, xizmat xonasiga olib kirganini ham bosiqlik bilan hazm qildim. Rasmiylashtirilgan jarima summasini o'sha vaqtning o'zida uchastka noziriga berdim. U ham jarima qog'ozining orqasiga “jarima shu vaqtning o'zida undirildi”, deb yozib qo'ydi. Ammo bu bo'yicha militsiya xodimining madaniyatsizlarcha munosabati xususida tuman ichki ishlar bo'limi yoki viloyat IIB rahbariyatining munosabati qanday bo'lishiga juda qiziqyapman…

Shu o'rinda yana bir gap: bir necha oy avval Toshkent shahri, Bektemir tumanidagi ijarada turadigan uyimizning darvozasi oldiga o'zini bilmas darajada aroq ichgan bir ayolni tashlab ketishibdi. Yoki uning o'zi shu yerga kelib qolgan. U ayolning yuziga suv sepib o'ziga keltirmoqchi bo'ldik. Natija bermadi. Noiloj, militsiyaga xabar berdik. Yetib kelgan ikki xodim, bu ayolning shaxsiga aniqlik kirita olmagach, o'zaro tortishib ketishdi. Biri xizmat xonamizga olib boraylik desa, boshqasi abgor holatdagi (mastlikdan qayd qilgan va kiyimiga peshob qilgan) bu hushi o'zida bo'lmagan ayolni mashinasiga chiqargisi kelmasdi. Militsiya xodimlarining uzoq tortishuvi uni tez tibbiy yordam xodimlari olib ketishi bilan yakunlandi, ya'ni xalq posbonlari baribir bu “alkashka”ni mashinalariga chiqarmaslik yo'lini topishdi.

Yana bir voqea: kaminaga o'tayotgan yil davlat byudjetiga jarimalar bilan ko'o'o'p foydam tegadigan yil bo'ldi-da o'ziyam. Qish bo'lganligi uchun grippning boshlanish alomatlari sezila boshlagan, men bilan Mir­obod tumani, Furqat mahallasi, Eski sarakul ko'chasi, 111-uyda ijarada turadigan o'rtog'im ikkimiz tunov kuni yarim tunda dori izlab ko'chaga chiqdik. Qarangki, 24 soat ishlaydigan dorixonalarning ko'pi soat 22:00 dan o'tar-o'tmas allaqachon yopilgandi. Uzoqroq joydan bo'lsa ham baribir dori topib qaytamiz deb piyoda yo'l oldik. Faqat… o'zimizcha ermak uchun oziq-ovqat do'konidan “semichka” sotib oldik va aynan mana shu boshimizga balo bo'ldi. “Semichka”ni qirsillatib, 10-15 qadam yurganimizni bilamiz, osmondan tushgandek paydo bo'lgan militsiya xodimi “Sizlar ekologiya qoidalarini buzdinglar” deb, u bilan borishimizni aytdi. Biz 1-sonli profilaktika inspektori bo'lmish, katta serjant Fozilbek Boynazarov bilan yo'l-yo'lakay qaerda o'qishimiz, yashashimiz haqida suhbatlashib, ularning xizmat xonasiga borib qolganimizni ham sezmay qolibmiz. Nazorat o'tkazish punktiga yaqinlashar ekanmiz, eshik oldida sigaret chekib turgan, boshqa militsiya xodimlarining bizga boshqacha nigoh bilan qaraganini sezdik. O'zimizni o'qimishli deb yurib, madaniyatsizlik qilib qo'yganimizdan rosti juda xijolat bo'ldik. Ayb o'zimizda edi, ko'chada pista chaqqanimiz rost.

Ichkariga kirgach, bir og'iz ham savol bermadik. Ular tomonidan so'ralgan ism-familiyamiz, tug'ilgan kun, oy, yilimiz hamda doimiy yashash joyimizni ma'lum qildik. Ular ham bizga sizlab muomala qilishdi va O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MA'MURIY JAVOBGARLIK TO'G'RISIDAGI KODEKSIning 161-moddasi ya'ni “Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzishda” aybli deb topib, “chiroyli” qilib, jarima yozib berishdi. Bir tomondan biroz ko'nglimiz og'rigan bo'lsa, bir tomondan xursand bo'ldik. Boisi, shahrimiz ozodaligi hammamizning ishimiz, tushunamiz.

Ha, aytgancha o'sha kungi ichki ishlar xodimlarining savodxonligi ham ancha “yuqori” ekan. O'z ism-sharifimni harflab ikki marta aytib turgandim, lekin   yozishda rosa xato qilishgan ekan. Hatto menga yozilgan dalolatnoma o'rtog'imga, uniki esa mening telefonimga yuborilibdi. Kasalligi ham yodidan chiqib ketgan o'rtog'im “semichka chaqqanga ham jarima yozadimi, axir biz ko'chaga bir uyum chiqindini tashlab ketganimiz yo'q-ku”, deb xunob bo'ladi. Biroq qoida­buzarlikning katta-kichigi bo'lmaydi. Buni muhokama qilish ham bizga emas. Bularni o'qib boshqalar o'zlari uchun yetarli bo'lgan xulosani chiqarsa bo'lgani.

Qolaversa, maqsad Yangi yil ostonasida yuqoridagi mulohazalarni gazetxonlar e'tiboriga shunchaki havola qilish ham emas. Elu yurt osoyishtaligi uchun fidoyilarcha xizmat qilib yurgan militsiya xodimlari orasida hamon zo'ravon fe'l-atvorli, o'z yurtdoshlariga bepisand muomala qiladiganlar kam emas ekan. Axir, farg'onalik aniqrog'i, yozyovonlik militsiya xodimi haqida bejiz to'xtalmadik. “Kim bo'lsang ham avvalo odam bo'l, muomala otangning qulimi” deb aytishadi keksalar. Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga buyam bir murojaatda. Ulardan tegishli munosabat kutib qolishga haqlimiz.

Kamoliddin RO'ZIMATOV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 − 1 =