“Shapkang qani?” yoki xurmoning mayizi

Har bir latifa borki, uning zamirida ochiqcha aytilmaydigan gapning boshqa ma'nosi, ya'ni ikkinchi mazmuni yotadi.

Shuning uchun bir latifa: Bo'ri quyonga spirtli ichimlik olib kel, — deb buyuribdi. Quyon aroq olib kelsa, nega qizilidan olib kelmading deb, bir shapaloq uribdi. Ikkinchi safar konyak olib kelgan ekan, bo'ri nega oqidan emas, debdi va quyon yana shapaloq yebdi. Quyon uchinchi safar xulosa chiqarib ham oqidan, ham qizilidan olib kelibdi. Bo'rivoyning so'raganini chiqarib beraveribdi.

Bosh qashlab qolgan bo'ri e'tirozga vaj topolmay “Shapkang qani”, — deb bir shapaloq tushirgan ekan.

Albatta, bu holatning ikkinchi ma'nosini har kim o'zicha talqin qilib topib oldi. Aytaylik, ayollar bo'rini yomon qaynonaga o'xshatishgan bo'lsa, davlat ishida ishlaydiganlar boshliqning yoqtirmaydigan xodimiga qilgan munosabatini tasavvur qilayotgan bo'lsa ajab emas. Xullas, buning ikkinchi ma'nosini bu holda tushunganlar har ikkala holatdayam ket, yo'qol degan ma'noni anglashgani ayon.

Biroq bu latifaning uch, to'rt, besh deganday boshqa-boshqa ma'nolari ham borki ularni albatta har kim har xil talqin qilaveradi. Biz ham o'z o'rnida quyidagi misollarni keltirish barobarida, kishilarni har doim aqlga ishora qilib ish tutishga undamoqchimiz.

Keyingi paytda so'zlar mazmun-mohiyatini yaxshi anglamaslik natijasida ularni o'z o'rnida qo'llamaslik yoki takror ishlatish hollari sezilarli darajada ko'zga tashlanib qoldi.

Keling sal oddiyrog'idan boshlay qolaylik. O'zaro so'rashuvimizda “Bola chag'alar qanday?”, — degan gapni ko'p ishlatamiz. Lekin ko'pchiligimiz ikkinchi so'z chag'ani chaqa deb tushunamiz. Chag'a aslida chaqa emas, turkman tilida u bola ma'nosini beradi. Shuning ortidan biz bola bolalar yaxshimi degan bo'lamiz va bir mazmundagi so'zni ikki shaklda ishlataveramiz.

Xuddi shunga o'xshash. “Falonchining qudalari boshdan oyoq sarpo qilib kelibdi”, — degan gap to'ylar arafasida tez-tez eshitiladi va biz sarpo so'zini kiyim bosh ma'nosida tushunamiz.

Turkiy tilda boshdan-oyoq so'zi forsiyda sar, po bo'ladi. Ya'ni sar – bosh, po – oyoq. Demak, biz bu so'zdan o'zimizga kiyim-bosh degan ma'noni beruvchi yangi so'z yasab oldik. Fors tilidagi sarpo biz uchun kiyim-boshga aylandi.

Daryo.uz saytining shu yil 18 mart sonida “Bayden Putinni “qo'nxo'r diktator va haqiqiy kallakesar” deb atadi, nomli sarlavhali maqola e'lon qilindi.

Albatta o'quvchilar bu yerda qonxo'r so'zini qo'nxo'r deb noto'g'ri yozibdi deyishlari turgan gap. Lekin bu xatolikning ikkinchi tarafiyam bor-da. Bizda fors tilidan kirib kelgan xun – qon, xunxo'r – qonxo'r, qon ichuvchi zolim ma'nosini beruvchi so'zlar ham qo'llaniladi. Shuning uchun muallif xunxo'r demoqchi bo'lgan bo'lishi ham mumkin. Agar bunday bo'lgan taqdirdayam u qo'nxo'r emas, xunxo'r bo'ladi va bu holdayam so'z noto'g'ri qo'llanilgan hisoblanadi.

Ochig'i, bu kabi misollar yaqqol e'tiborsizlik tufayli. Bir harfning noto'g'ri qo'llanishi shunday xatoni keltirib chiqaradi. Agar e'tiborsizlik davom etsa, “Ko'ksulton- Ko'rsulton”ga, “Orifxo'ja – Orifjo'ja”ga, “jussador – g'ussador”ga, “odam – otam”ga, “xolam – bolam”ga aylanib so'z ma'nosi buzilib ketishi hech gap emas. Shuning uchun ahli qalam so'zlarni qo'llashda nafaqat lug'atlarga nazar solishi, balki juda diqqat-e'tiborli bo'lishiyam juda zarur.

Prezidentimiz katta yig'ilishlardan birida motivatsiya so'zini qo'llab motivatsiya beringlar dedi. Bu degani yangi g'oya beringlar degani edi. Ya'ni rus tilida motiv poemы – qissaning g'oya­­si bo'ladi. Shundan kelib chiqadigan bo'lsak, Prezidentimizning yangi g'oya beringlar deb qayta-qayta aytayotgani va buni rus tilida ham ayt­gani bejiz emas. Lekin ko'pchilik motivni g'oya ma'nosida tushunmasdan, ruhlantirish ma'nosida anglashib, yanglishib shu ma'noda qo'llashni avjiga oldirib yubordi. Motivatsiya so'zini ruhlantirish deb qabul qilishayapti. G'oya esa chetda qolib ketyapti.

Keyingi paytda chetdan yangi texnologiya va uskunalar kirib kelishi va ular tomonidan mahsulotlar qayta ishlanishi, ishlov berilishi natijasida vujudga kelgan yangi mahsulotga nom bo'luvchi so'zlar yasashga ham hojat tug'ilayapti. Mana shunday zarurat tufayli namanganlik tadbirkor yigit “Xurmo mayizi”ni yaratibdi. Bu haqda “Kun uz”da shunday sarlavha e'lon qilindi:

“5 tonna xurmo mayizini eksport qildik” — namanganlik tadbirkor yigit.

Ochig'i yoshim oltmishga yaqinlayaptiki “Xurmo mayizi” degan jumlaga birinchi duch keldim. Negaki faqat uzumning quritilgani mayiz bo'lsa kerak deb yurardim. Darrov O'zbekiston Jurnalistlari uyushmasining Surxondaryo viloyati bo'limi raisi Muhiddin Abdurahmonovga qo'ng'iroq qilib so'radim. Xurmoning makoni Surxondaryoda, xurmo mayizi qilishadimi? Yoki xurmo qoqi qiladimi?”

— Yo'q bizda xurmo mayiziyam, xurmo qoqiyam qilishmaydi. Menam bu so'zni birinchi eshitishim, — dedi u.

Biz bu so'zni qo'llaganlarni ayblash fikridan yiroqmiz. Balki jurnalist boshqa so'z topolmay shu so'zni qo'llagandir. Yangi texnologik jarayon mahsuloti yaratilgan ekan, uni nimadir deb atash kerak-ku. Faqat olma, olxo'ri, shaftoli va qovunning quritilganini olma qoqi, olxo'ri qoqi, shaftoli qoqi, qovun qoqi deb ataganimiz kabi xurmo qoqi desak o'rinli bo'lmaydimi degan fikrdamiz.

Chunki, o'rikning quritilganini   turshak, uzum­nikini esa mayiz deymiz. O'rikning turshagi, uzumning mayizi demaymiz-ku. Qolganlarini olmaqoq, shaftoliqoq, qovunqoq deb bir so'zda ifodalaymiz.

Shunday ekan xurmo mayizi demasdan, xurmoqoqi desak bo'lmaydimi?

Maqolaga sarlavhani bejiz shapkang qani, deb qo'ymadik. Boisi, birovdan bir narsani so'rash juda oson, ammo toki o'z shapkamizga, ya'ni boshimizga, aqlimizga qarab ish tutmas ekanmiz, so'zlar ma'nosini tushunishimiz qiyin bo'ladi. Shuning uchun bo'ri kabi shapkang qani, deyishdan oldin, shapkam qani, — deb ish tutsak va boshimizga, aqlimizga ishora qilsak, so'zlar ma'nosini anglagan va ularni to'g'ri qo'llagan bo'lardik. Shunday emasmi?

Shuhrat RO'ZIYEV,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi mas'ul kotibi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 4 =