Tushimga kirgan vazir
yoki yana obuna haqida
Meni tinch qo'ymayotgan bu masala negadir tushlarimga kirib qoldi. Tush ko'ribman: Unda hurmatli bir vazir qizidan so'rayotganmish: Qizim seni “Gulxan” jurnaligami yoki “Tong yulduzi” gami obuna qilib qo'ysam, o'qiysanmi? Qizi: “Adajon, hozir gazeta o'qiydigan bolalar qolmadi-ku, nima qilaman, ularni o'qib, hamma dugonalarim ustimdan kulishini xohlaysizmi?” deb javob qilardi. Shu yerda uyg'onib ketib, essiz otasi nima dediykan, degancha o'rnimdan turib kompyuterga o'tirdim.
“Yana obuna haqida” degan sarlavhani qo'ydimu nimadan boshlashni bilolmay ancha vaqt sukutda bo'ldim. Keyin eski gap bo'lsa ham shu haqda to'xtalishga jazm qildim.
Agar vazir o'z qiziga yoki o'g'liga shu bolalar gazeta va jurnaliga obuna qilaymi deb so'ragan ekan (qizi garchi xohlamayotgan, yo'q degan bo'lsa ham) demak, vazirda yaxshilik alomatlari paydo bo'lgan. Qizim gazeta va jurnal o'qisin degan niyat paydo bo'lgan, deb o'sha tushimga kirgan vazirni xushlab qoldim. Qaniydi shunga o'xshagan vazirlar eng avvalo, o'z farzandlariga balki savob bo'ladi deb qo'ni-qo'shnisidagi bolalarga ham obuna qilib bersa, buning savobi katta-ku!
Respublikamizda vazirlar, katta amaldorlar oz emas, o'sha vazirga o'xshab ular ham, eng avvalo, o'z farzandlariga keyin kambag'al oila bolalariga bolalar matbuotiga obuna qilishsa (esimdan ko'tarilibdi, uzr iymonli tadbirkorlarimiz bular ichida eng saxovatli ekanliklarini ko'rsatishsa, ishonaman ko'rsatishadi) bolalar va yoshlar matbuoti mustahkam oyoqqa turadi, o'zini-o'zi boqadi.
Hatto o'z muassislariga qanchadir foiz mablag' ham ajratishi mumkin bo'ladi. Aziz ota-ona bo'lganlar, bu savobli ishga kech bo'lmasdan o'z hissangizni qo'shing! Obuna vaqti tugab qolmasin!
Bolalarimizning har biri uyiga shu matbuot yetsin, ular albatta o'qishni boshlashadi, qo'llaridagi mobil telefonlar eslaridan chiqa boshlaydi. Bunga aminman. Bolalarimiz gazeta va jurnaldan keyin albatta o'sha ota-onalariga menga kitob olib bering deb xarhasha qiladigan bo'lishadi. Bolalarimizning kelajagi biz ota-onalar qo'lida ekanini esdan chiqarmaylik. Menga uzoq yillar turli vazifalarda halol mehnat qilgan va gazetalarni o'qib boradigan 90 yoshga yaqinlashib qolgan akaxonim Sobit aka Qurbonov bu fikrni aytgani uchun bolalarimiz haqidagi g'amxo'rliklari uchun (hozir biroz betob ekanlar), rahmat aytib, tez orada sog'ayib ketishlarini Allohdan so'rab qolaman.
Men aminman, bolalarni sevgan odamlardan yomonlik chiqmaydi, aksincha, ular yaxshilik tarafdorlari bo'lganliklari uchun ularga murojaat qilmoqdaman. Ota-onalarga iltimosim, internetga ulangan emas ammo gaplashadigan va o'yinlar kiritilgan telefon xilidagi bolalar telefonlari bilan almashtirishga tayyor bo'lib turinglar, zarur va mas'ul vazirlik tezlik bilan oddiy telefonlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yadi va ota-onalar farzandlari bilan o'sha telefonlar orqali bir-birilarini surishtirib turishadi degan orzu ham yo'q emas. Bu ishlar olimlarimiz, injenerlarimiz qo'lidan keladi.
Bu savobli ishlarimizga kamarbasta bo'ladigan O'zbekiston Respublikasi xalq ta'limi hamda Maktabgacha ta'lim vazirliklarini, hamda Yoshlar agentligining shijoati bilan boshqa vazirlik va jamoat tashkilotlari bu tashabbusga qo'shilishadi deb umid qilamiz.
Ishoning, 82 yoshni orqada qoldirayotgan bir qariya, ko'p yillar respublika nashrlariga ustozlik qilgan bir inson sifatida ishonch bilan ayta olaman: biz o'tgan 30 yil davomida bolalarimizni gazeta-jurnal o'qishdan mosuvo qildik. Shuning uchun ular gazeta-jurnaldek ulug' ma'rifatdan mosuvo bo'lib voyaga yetishdi. Ehtimol shu sabab, qo'lidan telefon tushmaydigan, butun hayotni, bor axborot manbaini faqatgina internet va ijtimoiy tarmoqlardan deb biladigan avlodni paydo qildik.
Ha, albatta. Internet kerak. Chunki u tezkor. Uning imkoniyatlari ham katta. Ammo… kitob, gazeta-jurnal-chi? U eskilik sarqitimi? Endi keraksizga aylandimi? Bilsak edi, anglasak edi, har qanday zamonaviy qurilmalar ana shu gazeta-jurnallarning, kitoblarning o'rnini hech qachon bosa olmaydi. Buni bilish uchun, anglash uchun bolalarimiz yoshligidan, maktab partasidan ular bilan oshno bo'lishi kerak.
2023 yilda hamma maktablar kutubxonalaridagina emas, balki har bir o'quvchi qo'liga bolalar nashri uyiga boradigan bo'lsaydi.
Darvoqe, farzandini bolalar nashrlariga obuna qilayotgan birorta vazir bormikan? Agar shunday vazir bo'lsa, uning bolalari chindan baxtli ekan! Tushimga kirgan vazir esa shunchaki to'qima gap emas, chippa-chin haqiqat. Ishqilib, tushim o'ngidan kelgan bo'lsin-da.
To'lqin MUHIDDIN,
faxriy jurnalist